Bugun ukam tug’ilgan kun.
Boburim… Mendan bir ozgina kichik ammo qalbi osmonim…
Jannatni ota onasini poyidan izlagan chin mo’minim…
Esingdami, qornim ochib maktabdan kelsam muzlatgichdan
qatiqni olib puflab ichirib qo’yarding… Xuddi isib qoladigandek…
Esingdami, ruxsatsiz daryoga cho’milishga majburlab
seni olib ketgan edim, aybni sen bo’yningga olib onamdan tarsaki yeganding?
Esingdami, hazillashib oq toshlarni bir biriga
urganimizda chiqadigan uchqunni ko’rib yana uchqun chiqargan edik, somonlarimiz
yonib ketgan edi.. Sen bo’yningga olganding…
Ko’p shamollardim. Uydan ovqat tanlab yeydigan yagona
odam men edim. Onam quymoq pishirib bersalar sen yemasdan o’tirardingda, choyga
nonni botirib yer eding… Onam quymoq ye desalar “Opam non bilan choy
ichmaydilar quymog’imni opamga beraman” derding, bolaligim seni quymog’ingni
yeb o’tdi…
Onam kasal bo’lganlarida mitti 5 yoshligida onamni
oldidan ketmay Allohga duo qilishni bilgan mehribonim…
Maktabga chiqdik. Uyda mollarimiz bor edi. Katta 15
minutlik tanaffusda maktabdan uyga yugurib kelib mollarga qarab ketarding, 15
minutda ovqatlanib olay degan g’oya yo’q edi senda… sen chumchuqdan tortib
mollarga ham mehribon eding…
Ertalab 4 dan turib uydagi chelaklarni to’ldirardi… Onam
og’ir ko’tarmasinlar deb…
Qaysi o’qishga kirishni xohlaysan deyishdi, otam onam
rozi bo’ladiganini tanlading birinchi yiliyoq o’qishga kirding. Chunki sening
maqsading yagona bu hayotda Allohni rozi qilish. Allohni rozi qilishga ota
onamni rozi qilib yetishmoq uchun intilasan doim…
Deyarli har oy Toshkentdan Yakkabog’ga qatnading. “Onamni sog’indim”…
O’qishni tugatding, ustozlaring “Toshkentda qol,
kelajaging buyuk” deyishdi. Sen esa qishloqqa qaytding “onamsiz jannat yo’q”
deya… Senga dunyolar taklif qilishdi ‘Onamning poyidan pastdir bu dunyo” deb
uyga qaytding…
Bugun sen erishganlarga hamma havas qiladi…
Men senchalik solih farzandni ko’rmaganman…
Senchalik mehribon ukani ko’rmaganman…
Senchalik mehribon akani ko’rmaganman…
Allohning rahmon sifati bilan bezanganim, baxtimga sog’
bo’l… Baxtimizga sog’ bo’l, ukajonim… Borliging uchun rahmat. Ota onamga
xizmating uchun rahmat… Alloh sendan rozi bo’lsin…