Friday, 27 June 2014

Hujayraning dasturlashtirilgan o'limi: yosharamiz, qarimaymiz... Marhabo Ramazon



Bu dunyoda mo’jiza bo’lmagan holatni o’zi yo’q. Ayniqsa, inson organizmi sinoatu sirlarga to’la. Har safar sohamga oid nimadir o’qisam ham u oqsil bo’ladimi yoxud OITSning da’vosi, har biri meni hayrat ummoniga olib ketadi.
Yaqin kunlarda ikkita mavzu bo’yicha ko’proq o’qiyabman. Sabab – qiziqishlarim. Birinchisi Apoptoz bo’lsa, ikkinchisi Alsgeymer sindromi haqida.
Apoptoz jarayoni xususida to’xtalar ekanman, avvalo apoptoz o’zi nima degan savolga javob berib o’tsam. Apoptoz yunoncha apoptosis so’zidan olingan bo’lib, “bargning uzilib tushishi” degan ma’noni anglatadi. Apoptoz bu hujayraning genetic dasturlashtirilgan o’limi. Dehqonchasiga tushuntirsam, qari hujayralar o’z vazifasini o’tagandan keyin u “eski” hujayra  nobud bo’la bo’la boshlaydi  va uning o’rniga “yosh” o’z vazifalarini to’la ado etiladigan hujayralar hosil bo’la boshlaydi. Bu jarayon apoptoz deyiladi. Demak bu ma’lum mexanizm asosida va tartibda kechadi. Shu sabab ham hujayraning dasturlashtirilgan o’limi deyiladi. Voyaga yetgan organizmda apoptoz jarayoni vositasida jarohatlangan va o’z vazifasini bajarib bo’lgan va qari hujayralar yo’qotiladi. Lekin meyoridan ortiq apoptoz organizmda o’lgan hujayralarni ko’payib ketishiga sabab bo’ladi. Demak apoptoz normal holatda bo’lgandagina inson organizmi uchun foydali.
Apoptoz mexanizmi o’rganilishi jarayonida Amerikalik olimlar musulmonlar ro’zasini naqadar foydali ekanligini tasdiqladilar Ular inson va boshqa sut emizuvchilar umrining davomiyligi va ochlik o’rtasidagi  bog’liklini tushuntirib hujayra mexanizmini tushuntirib berishga muvaffaq bo’ldilar. Islom dini Ramazon oyida kunduz kuni yemoq va ichmoqchdan tiyilmoqni buyuradi. Olim David Sinclair  aniqlashicha ochlik vaqtida hujayra hayotini uzaytiruvchi SIRT3 va SIRT4 genlari aktivlashadi. Bu ma’lumotdan hozirgi kunda hujayra umrini, inson umrini uzaytirish bo’yicha dorilar yaratsa bo’lar degan nazariylar mavjud. Ma’lumki hujayraning energenti almashinuvi uchun mitoxondryalar javob beradi, shu boisdan mitoxondryani hujayra akkumlyatori deb ataladi.  Mitoxondryalar kamayganda hujayra zaiflashib qoladi. Apoptoz boshlanganinibg belgisi ham mitoxondryalarda, hujayra yadrosida va sitoplazmada NAD+ soni kamayibshi signal bo’lib xizmat qiladi.
         48 davomida och qoldirilgan labarator hayvonlar ustida o’tkazilgan  tajriba davomida shu narsa aniqlandiki, kemiruvchilar organizmida  bu vaqt davomida sitoplazma(hujayra suyuqligi)da NAD+ sitezini ishga tushiruvchi Nampl oqsili aktivlashadi, bu esa o’z navbatida SIRT3 va SIRT4 genlari bilan kodlanadigan fermentlar sintezini oshishiga olib keladi. Bu fermentlar esa mitoxondryalar ishiga va hujayra energetic almashinuviga  ijobiy ta’sir qiladi ya’ni hujayra qarishini oldini oladi va meyoridan ortiq apoptoz yuzaga kelishining oldini oladi. Doktor Kristian Lyuvenburg boshchiligidagi Florida Universiteti olimlarining ta’kidlashicha  , oziq moddalarning organizmga yetarlicha tushib turmasligi va davomiy holda hujayralarga cheklangan miqdorda ozuqa bilan ta’minlanishi o’z navbatida organizmning yosharishiga va erta qarilikdan saqlanishda yordam beradi. Bu holat hujayrani autofagiyasi faollashishi . ya’ni jarohatlangan mitoxondryalar  va boshqa hujayra strukturalarining strukturasi buzilishi  va qayta  ishlanishi orqali yuz beradi. Keyinchalik ular hayot faoliyatini ta’minlash uchun  yangi hosil qiluvchi hujayra materiali sifatida ishlatish mumkin. Yosh hujayralar o’z navbatida eski hujayralardan  qolgan jarohatlangan strukturalarni tez qayta ishlash, energetic zaxirani qayta tiklash qobiliyatiga ega.
Apoptoz jarayoni tufayli organizmda yosh, yangi hujayralar faoliyat yuritadi va   albatta erta qarilikni oldini oladi va organizmning yosharishiga sabab bo’ladi.
Meni eng hayratlantirgan narsa , yil davomida tinimsiz, davomida ovqatlanmaslik labarator hayvonlar organizmida aks ta’sir etgani ya’ni apoptoz jarayoiga emas qarilikning tezlashishiga, to’qimalarning yemirilishiga olib kelgan. Bir yilda 30 kunda och qoldirilgan hayvonlarda esa bu jarayon normal ketganligini kerakli fermentlar faollashganligini guvohi bo'lingan. Mana qarang   Ramazon oyi nega aynan 30 KUN?! Buning hikmati , mo’jizasi bir biolog sifatida nafaqat meni, balki butun olimlarni hayratlantirmoqda.

Marhabo ey umidim yo’lchisi Shahrul Ramazon…



Muhabbat "iliq suv" ichishga arziydi!




O’ylab ko’rsam  ko’p blogpostlarimni “bugun” deb boshlagan ekanman. Chindan ham Bu yer kundalik bo’lgandan keyin, ertaga deb boshlashdan ko’ra bugun deb boshlash osonroq…Xullas bugun..

Bugun kun Juma edi. Ertaladan Labaratoriyaga borishim kerak edi, lekin Jahon Chimpionatini ko’rib tongda ko’zim ilingani bois , kech uyg’onib qoldim. Uyg’ondimu anglaganim “kech qolaman”… Tezda ishlarimni qilib,yo’lga otlandim. Metroda kamida 1 soatda borishimni bilib, taksida ketishga qaror qildim. Taksi to’xtatdim, aytgan narximga “xop, o’tiring qizim” deb javob berdilar taksichi… Va mashinaga o’tirishim bilan, mashina oynasini tepaga qaratib qo’ydilar. Birinchi negaligini anglamadim. Keyin birdan angladim: nigohlari menga tushib ketmasligi, begona qizga qaramaslik uchun hayo  qilib oynani boshqa yoqqa qaratib qo’ygandilar. Bilasizmi, mana shu lahzada erkak kishining hayosi ayollarning hayosidanda go’zal bo’lishini his qildim. Ichimda duolar qildim…  Ba’zan  taksichilarning behayolarcha gapirishi, tikilishi, gapga tutishi kabi holatlarni asabimni buzishiga duch kelganman.. ammo bunday hayoni birinchi marta ko’rishim, birinchi marta hayoni boshqadan o’rganishim. Hayoli odamlar eng ko’p yaxshi ko’rishga arziydi… Hayo insonni qadr qimmatini oshiradi… Hayoli odamlarni Quyoshga talpingan, yorug’likka intilgan odamlar sifatida ko’raman…Yaxshiyam yaxshilar, yaxshi odamlar bor. Yaxshiliklar nasib qilsin doimo yaxshilarga…
Labaratoriyadan endi chiqarkanman, ukam kelganliklarini  aytdilar , ukam bilan birga Kardiologiya markaziga pochchamni ko’rgani bordik. O’zi shifo bersin…
Keyin ukam Qashqadaryoga ketishlarini aytdilar. Men Universitetga ketdim. Universitetdan chiqib opam(tog’amni qizlariniki)ga bordim. Sog’ingandim.
Uyga kelsam, ukam ertaga ro’zaligini bilganidan MEN UCHUN iftorlik va saharlik uchun men yaxshi ko’rgan narsalarni olib kelib qo’yibdilar… Yo Xudoyim shunday yaxshi insonni mani ukam qilib yaratganing uchun behisob shukrlar bo’lsin…
*********
Bugun opam aytib bergan bir hikoyacha meni judayam ta’sirlantirdi. Sizgada ilindim.
Bir boy odam qizini cho’ponga beribdi. Cho’pon bilan qiz ko’ngil qo’yishgan ekanda. Bir kuni jazirama issiqda qizning ota onalari qizini ko’rgani kelibdi. Qiz ota onalarini uyga kiritibdi. Mehmon qilibdi. Muzdek suvlar tutqizibdiyu o’zi negadir shunday muzdek suvlar turganda “yoqimsiz bo’lgan” iliq suv ichayotgan ekan. Otasi:
-         Qizim . nega ilimiliq suv ichyabsan , chanqog’ing qonmaydiku ; debdi .
Shunda qizi:
-         Otajon, shunday issiqda turmush o’rtog’im dalada meni boqish uchunmuzdek suvga zor bo’lib ishlab  yurganini his qilib men qanday holatda nafsim uchun muzdek suv ichayin, Mehr "iliq suv" ichishga arziydi...deb javob beribdi…
Muhabbat bu inoyat… Muhabbat bu nusrat…

Mohi Ramazon muborak...

Wednesday, 28 May 2014

Sochingning oqlari hasratim mening...



Madinabonu Xonnazarova Abduqahhor qizi



Ota , sizni juda sog‘indim bugun
Bir og‘iz so‘zingiz dardimga darmon
Sizsiz yo‘llarimda chigallik tugun
Duolarla asrab yurganim har on.

Dunyoning oqini ko‘rsatib menga
Qorasin berkitding qaro ko‘zinga
Topganing ilinding  menga-  qizinga
Aytchi nima qoldi sening o‘zinga.

Sochingning oqlari hasratim mening
Ota seni juda sog‘indim bugun.

Umringni umrimga sarf etding borin
Ko‘zing ziyosini tutding yo‘limga
Baxtiyor kunlaring qildimmi korin
Yuraging hovuchlab berding qo‘limga.

Men yana istayman, sen bilan o‘sha
Tuproq ko‘chalarni kezishni otda
Bilganim shu qishloq, shu so‘lim go‘sha
Mehrigiyoligim o‘zing hayotda.

Yuksak tog‘lararo opichib olib,
Sen bilan chiqqanim baland ko‘k qani
Bir olam dardlaring, tashvishing qolib
Menga deb yasagan arg‘imchoq qani.

Uzun tunlar boshim tizzanga qo‘yib,
Eshitardim sendan hikmat , rivoyat
“Ona qizim” deya erkalab suyib
Og‘risam o‘qirding ming bitta oyat.

Sen shunchaki inson emassan illo,
Poyingda bir umr qilaman ta’zim
Mening baxtim sensan, sen menga tillo
Koni davlatimdan bir umr qarzim.

Ota seni juda sog‘indim bugun,
Bir og‘iz duoing dardimga darmon……

Tuesday, 20 May 2014

Ey Dahr... Qo'llaring olgin ko'zimdan...



Ona haqidagi she'rlarni juda ko'p o'qiganman.. Yod olgan she'rlarimni ham aksariyat qismi Onalar haqida..
Bugun dugonam Madinaning Ona haqida yozgan she'rlarini o'qib yig'lagim keldi... Ming yillar bo'lgandi she'r o'qib yig'lamaganimga... 
      Onamga...
Madinabonu Xonnazarova Abduqahhor qizi.
EY DAHR,
Qo’llaring olgin ko'zimdan 
Hamda yo’llarimga qo’ymagin tuzoq
O’kinchim sendandur balki o’zimdan
Qalbim bu isyonni kutgandi uzoq.

Mening ko’zlarimla onamga bir boq…


Tim qora sochlarin oqqa bo’yab kim
Kim chizdi ro’yiga armonlar saslar
Titroq vujudini quchganimcha jim
O’ylayman, belini bukdi qay kaslar.

Yo’q, yo’q o’zga emas, u kas mendurman
Bahorin xazonga aylagan inom
Qaro tunlararo qaro tundirman
Zam zam deb og’uga to’ldirilgan jom…

Xo’sh nechun men uchun oqshoming bedor
Tonglarni bemajol kutding kutding onajon
Iqbolim deb kezding, poying to’la xor
Joningdan parchadir tanamdagi jon…

Dunyo qaydan bo’ldim oshiq vaslinga
Butkul unitbman iymonni o’zni
Adashdim , aldandim sening kasringa
Nafsimga alishdim, jannati yuzni.

Nimangni sevdim-a axir bu qadar
Bisoting ro’yoyu sarob aslida
Barcha ko’chalaring kezdim darbadar
Balki nihoyamni topmoq qasdida

Qaydan..bilolmadim, bilolmasman ham
Axir bilolmayin o’tdi Suqrotlar
Topolmayin o’tdi Sino, Luqmon ham
Seni mayga qo’shib ichgan Hayyomlar.

Mag’rur bo’l, zafar yana seniki
Garchi ro’yolarda g’olibsan bugun
Yo’qotilgan oylar, yillar meniki
Lek bag’rim ezadi yolg’iz bir tugun
Onamni ro’yoga alishdimmi men?!

Kelgin qo’llaringdan tutay onajon
Quvonchdan quyoshdek porlasin ko’zing
Kunlari hamrohing bo’lay mehribon
Kuzatay tunlari to’lin oy yuzing…

Ista qolgan umrim baxsh etay senga
Hok bo’lay poyingda qiblamsan arzir
Bir baxtiyor kluging yetadi menga
Xizmatingda bo’lay, bu Haqdan farzdir…


Wednesday, 14 May 2014

Yuragim qo'rini olgin onajon....


Yozgim kelyabdi onam haqida… bugun har kungidan boshqacharoq sog’inganim uchundir balki… Balki ulg’aya brogan sari odam insonlarni qadriga ko’p va xo’p yetib borarmikin, bilmadim. Dunyoda hamma onalar yaxshi… hamma hammasi… Qiziq , onalarni hayot bardoshli qilib qo’yarmikan yoki fitratan onalar sabrga haykalmikinlar a?!
Onam men bilgan onalarning ichida eng ko’p yaxshisi..Albatta har bir farzand shunday o’ylaydi, jumladan men ham…  Onam – birinchi o’qituvchim: o’qishda, oshxonada, etikada, estikada; do’stim, maslahatgo’yim, tanqidchim, sirdoshim… Hayotimda mavjud bo’lgan hamma statuslarda ayam borlar…
Jonkuyar ona, munisa rafiqa, soliha farzand, ilmli boshliq, QARINDOSH…
Jonkuyar ona. Ayam juda mehribonliklari bilan bir qatorda juda qattiqqo’l ustozlar har sohada, ayniqsa menga. Ovqat qilishimdan tortib , kiyinishim, salomlashishimgacha hamma hammasini ayam o’rgatganlar. Yozishni, o’qishni ham. Doim kulib: “sanga “2”ni va ‘I” ni yozishni o’rgatguncha tushgan sochimga oq” deydilar. Juda sabrsiz qiz edimmi bilmayman, har holda soatlab gazxonada zuvala olishga ichim qizib ketardi. Ayam oshxonani qulflab o’rgatardilar)) Doim, “Odamlarni qizlari nonlani yopib  tashlaydi, san non mushlasang qo’ling xamirga botmaydi” deb tanbeh berganlari bergan, haligacha qo’lim xamirga botmaydi))… Ovqat qilgunimcha , bor istedodimni ishga solib, qozonni ovozini chiqarmaslikka harakat qilaman, lekin, kapkir ham , qozon ham temir bo’lgandan keyin –ula bir biriga urilsa ovoz chiqadida baribir. Ayam shunday paytlarda: “Qiz bolaning nazokati, didi, haqiqiy oshpazligi qozonni ovozini chiqarmay ovqat qilganda bilinadi” deydilar… haqiqatda ayam ovqat qilsalar hech qachon eshitmaganman qozonning ovozini…
Har kuni ko’chaga chiqishdan avval jonkuyarimni: “Dilnavoz, soliha bo’lgin, senga qarab bizga baho beradilar, senga qarab ikki dunyoda obro’ga ega bo’lamiz yoki obro’sizlanamiz,2 yoki 3 ta qizimiz yo’qki  bittasi yaxshi bo’lmasa, ikkinchisi yaxshi bo’lar desak, Maksimal darajada yaxshi bo’l” degan so’zlari quloqlarim ostida yangraydi…
Esimni tanibmanki, uyimizga mehmon kelmagan kun yo’q, ba’zan hazillashib “Aya darvozamizga HOTEL deb yozib qo’yishimiz kerak” deyman… Bir kun kech soat 23 ladan oshgandi, Dadam telefon qildilar: “tayyorgarlik ko’rila, mehmon oboraman”. Rosti kun bo’yi charchagandim, malollandim. Bu yuzimda ham aks etdi shekilli, ayam :” Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo’lsang, Mehmoningni izzat ikrom qil, hadis o’qi qizim ” dedilar… Necha yillar bo’ldi shu voqeaga. Shundan buyon hech qachon ichimda ham malollanmadim… Mehmonjonlardan aylanay.
 Munisa rafiqa. Har doim menga “Nega doim hozirgi tirik odamlar ichida eng yaxshi ko’rganim dadam deysan, onangni aytmaysan?” deb savol berishadi… Onani yaxshi ko’rmay bo’larkanmi?! Hadsiz mehrim bor volidamga… Dadamga bo’lgan ana shu cheksiz muhabbatni, haqlariga duo qilishni, ishdan kelganlariga kulib qarshi olishni, kuzatguncha “O’ziga omonat” deyishni o’rgatganlari, dadamni qanchalik bebaho insonliklarini anglatganliklari uchun ham onamni o’zgacha ardoqlayman. Doim: “Ota onam mendan rozi ketganiga ko’nglim to’q, lekin dadangdek odamni rozi qila olar ekanmanmi?!” deydilar… Ayam qishlog’imizdagi maktabda director bo’lib ishlaydilar.  Maktabda qo’l ostidagilarini buyrug’iga bo’ysundiradigan mehribonimning uyda , dadamning oldilaridagi hokisorliklari, mushfiqliklari, itoatkorliklari ularga bo’lgan  hurmatimni, mehrimni osmoncha o’stirgan bo’lsa ajab emas. Dadam ishdan kelgunlaricha ham ishga, ham ovqatga, ham uy yumushlariga ulgurgan onani qanday Yaratgansana Qodir Egam… Ayam hech qachon dadamning ko’ylaklarini kir mashinada yuvmaganlar, nega degan savolimga: “Dadang ko’ylaklarini kiyganlarida qo’llarimizning, bizning mehrimizni his qilib tursinlar” deydilar.. O’zi ulardan rozi bo’lsin… Umrlarini uzoq qilsin… Bizlardan xursand qilsin..
Ilmli boshliq… Ayamga bo’lgan hurmatimning, havasimning yana bir tomoni borki, ayam biz uchun orzularidan kechmaganlar. Ham uyda beka, rafiqa, ona, maktabda o’qituvchi, boshliq bo’lish ilmini , san’atini qoyillatgan onamga doim matonat timsoli sifatida qaraganman.  Ularning shukronasini tinglash shunchalar zavqlikiii…Ularning xo’rsiniqsiz ovozlarini eshitish shunchalar yoqimlikiii…  Onalarga qaraganda umridan rozi boqishlarini ko’rish, hayotdan minnatdorona nigohlariga termulish o’zgacha quvonch beradi odamga…
Ayam haqida juda ko’pgina gaplarni yozgim kelyabdi… Ona haqida yozganda odamni gaplari hecham tugamaydi… Erkalik qilib litseyni ovqatlarini yemaganimda har kuni ovqat tashigan mushfiqqinam, xarxashalarimni ko’targan sabrliligim, yutuqlarimdan ko’zlariga yosh olib sevinganim, odamlarni faqat yaxshi ko’rishga o’rgatgan osmon qalbligim, duolarida yashatgan duogo’yim, taftlari quyoshdan issig’im, ayajonim sizni osmoncha yaxshi ko’raman…
Doim takrorlaydigan gapim: “Insonni uzilmas qarzlari bo’ladi… Meni shunday qarzlarim bor : ota- onamdan”…
Qaniydi tabiat qo'lidan kelsa,
Abadiy etolsa sening umringni.
Roziydim Onajon iloji bo'lsa,
Senga qo'shib bersa mening umrimni.
Bir kechalik allang xurmati uchun,
Bir yillik umrimni bag'iwlasam kam.
Ko'chirsam qalbinga qalbimning kuchin,
Qarzim uzilmasdan qolur wunda ham.
Oralab qolibdi sochlaringda oq,
Ol mening sochimni qoralarini.
Tishlaring tushibdi xo’rsinma biroq,
Ol mening tishimni saralarini.
Xiralashib qolibdi ko'zlaringda nur,
Ko'zim nurlarini olgin mehribon.
Roziman xizmating qilsam bir umr,
Yuragim qo’rini olgin Onajon. (A.Oripov)


Berdiyeva Dilnavoz Toshkan qizi.

Friday, 21 March 2014

 "Оппоқ саҳифа тўлади. Яна тўлади. Дардлардан бағри қора бўлади. Ёзганларимни биров ўқимайди. Уни фақат мен ўқийман. Уни фақат олов ўқийди.
Яна ўйлайман,
яна ёзаман,
яна ёқаман.
Яна эслайман.
яна ёзаман,
яна ёқаман.
Якунсиз жараён. Мантиқсиз жараён. Мақсадсиз жараён. Ёзганимни биров кўрмайди. Ёзганимни биров билмайди. Бир мен биламан. Бир Худо билади..."


Худо билсин, бир  Худо   билсин...  
Ундан не сўраб дуолар  қилганимиз  фақат Унгагина аён.
Инжа сўзларимизнинг ватани  эрка   қалбимиз   бўлсин... Есинин  тили билан айтганда шундай яшаш керакки, одамлар "гунг" экан деб  ўйлашсин. 
 Фақат  мослашишлар натижасида, масъулиятлар хисобига программалаштирилган Роботга айланиб  қолган вақтимизда айбни жамиятдан, одамлардан эмас,   ўз - ўзимиздан - фақат  қон хайдаш вазифасини бажариб  қолаётган Юрагимиздан излайлик.
Мен  ўзим босган  қадамларни хис  қилиб яшашни истаганим учун айтишим керак бўлмаган  гапни айтдим кеча. Тўгри хозир афсусдаман. Аммо, эртага, фасллар алмашиб, ортга  қараганимда афсусланмаслик учун қўлимдан  келганини  қилганимни англашни хохлайман. 


"Шафқатсизга ҳамма нарса бор,
Раҳмдилнинг насиби
– Алам.
Энди менга нима ҳам даркор,
Ачинайин энди кимга ҳам?

Раҳмим келар дайди ит кўрсам,
Раҳмим келар ўзимга бироз.
Кўнгил мени қадам-бақадам
Майхонага келтиргани рост.

Эй шайтонлар, кулманг бировга,
Шу ватанга бегонами биз?
Ё сиз шимни қўйиб гаровга,
Бир шиша май олмаганмисиз?

Деразадан қарайман бир дам,
Рўпарамда ёлғизоёқ йўл.
У ҳам мендек кимсасиз,
Пурғам,
Кўз ёшига ғарқ бўлгандек ҳўл.

Ана, ўйнаб юрар болакай,
Тош ирғитса, ўшанга хурсанд.
Унда ҳам бор ташвиш, ҳарқалай,
Тинмай бурун ковлаш билан банд.

Бу ишингни ташлама, бола,
Чуқурроқ сол бурнингга бармоқ.
Ўйнаб, зинҳор шу кир қўл билан
Ўз қалбингни кавлама бироқ.

Ўйлаб кўрсам, мен ҳам боламан,
Кўчаларда тентираб бу кун
– Тиқин пўкак териб оламан
Қалб оғзини беркитмоқ учун." (Сергей Есенин).

Айтадиган сўнг сўзим:  Йўқотганингизда афсусланмайсизми?! 

22.03.2014.

Sunday, 16 March 2014

Faqat onajonim kulib tursa bas…

Mayliga qalbimda armon ko’karsin
Roziman har ko’yga solsa bu qismat
Mayli ko’zlarimdan kulgu yo’qolsin
Faqat onajonim kulib tursa bas..

Ranjimayman tuyg’ularim toptab ketsalar
O’ksimayman dunyoyimni qoplasa zulmat
Orzularim armon bo’lgan lahzalar
Faqat onajonim kulib tursa bas…

Shodligin qizg’onsa bu hasis dunyo
Gar olam ko’p ko’rsa quvonchlarini
Ishonganim sarob bo’lsa, bo’lsa bir ro’yo
Faqat onaginam kulib tursa bas…

To’pori yoshligim bo’lsa ham o’tmish
Ajinlar qoplasa guldek yuzimni
Shunda ham yuragim bir so’zni demish
Maning onajonim kulib tursa bas…

Do’stim deganlarim ko’rsatsa jafo
Qadrdon joyimda topmasam qadr
Ming yillik kutganim qilmasa vafo
Faqat onaginam kulib tursa bas…
Kuchliman hattoki so’nsa quyoshim
Mening munisginam omon bo’lsa bas
Barcha sinovlarga yetar bardoshim
Faqat onaginam kulib tursa bas…

Dilnavoz Berdiyeva Toshkan qizi...