Saturday, 1 February 2014

Ko‘zlarimiz "qorong‘u" likka o‘rganib qolmasin...



Katta bo‘lish, ulg‘ayish ma’suliyatni oshirarkan. Chunki inson ulg‘aygani sari muammolar ham ko‘payib boradi. Yo‘q, aslida o‘sha muammolarga, vaziyatlarga qarash, yondashish o‘zgaradi. Masalan, men uchun bolaligimda chana uchganimda faqat chana uchish zavqi eng muhim bo‘lgan, hozir esa chana uchsam, “yiqilib tushmasmikinman, oyog‘im lat yemasmikin” degan hayollar bo‘ladi , natijada bolaligimdagi zavqni tuya olmayman. Aslida yiqilib tushish, jismim og‘rishidan qo‘rqmayman, umuman Jism bu nima?! Oxiri tuproqqa ko‘miladi, tuproqqa aylanadi. Men Jonim og‘rishidan qo‘rqaman, Chunki mening jismim og‘risa ayam bilan dadamning jonlari og‘riydi. Mening jonim ularning ichida. Ularni ikki dunyoda ham shod qilsam deyman…
Katta bo‘lish qiyin, o‘ylar ko‘payadi… Sizni bilmadimu, men Chingiz Aytmatovning asarlarini o‘qisam, kamida bir oy xayol suraman. O‘zimcha asarlarni yakunlayman. Turli, o‘zimga yoqqan uslubda. Shu gaplarni yozib turib ham hayolimdan o‘tgani: “ “Birinchi muallim” asaridagi qahramonlar Duyshen va Oltinoy qayta ko‘risha olarmikin?!” Bolaligimda ko‘p asarlarni oxirini yaxshilik bilan tugatib qo‘yardim. Bugun esa, hammasi boshqacha… Sohib Egamovning tanlov uchun yozgan blogpostlari ( http://beksohib.blogspot.com/2014/01/dostlar-yaxshilarni-avaylab-asrang.html ) ni o‘qiganimdan buyon Chilonzor bozoriga borsam, o‘sha ta’riflangan bolakayni qidiraman - hali ulg‘aymagan kon‘glim bilan… O‘zicha aqlli aqlim esa: “Topganingdan foyda yo‘q, ishingni qil” deydi…
Katta bo‘lish qiyin, mana shu satrlar ham so‘zlarimga guvoh:    http://kamanoir.uz/tags/ish/
Bolaligimda haqiqatni aytishdan, unga tik qarashdan qo‘rqmasdim, bola edimda… Hozir esa, haqiqatni ko‘rmaslik uchun ko‘zlarimni yumaman, koshki shu bilan vijdon orom topsa?! Guruh boshlig‘i  “hamma , shu domlani shu kitobini sotib olsin, baho chiqadi” deydi, Men ham sotib olaman, o‘zimcha “pora” bermadim, kitob sotib oldimda… Kitob sotib olmasam, o‘qib ham, juda bo‘lmasa ichimdan to‘qib ham bahoni olishim mumkin, lekin baribir e’tiroz bildira olmayman, sababi o‘zimcha andisha qilaman: “boshqa kursdoshlarim baho olisholmay xafa bo‘lib yurishmasin”… O’zimcha “hisob” beramanda vijdonga. Ha, ustozim haq, yuzakilashyabmiz. Lekin baribir o‘z o‘zimga so‘z berdim – Izlanaman. Biz patokda 120 ta kishi o‘qiymiz, biz biologmiz, ammo afsuski, oqsil va aminokislotani nimaligini bilmaydigan biologlarimiz ko‘p…Ko‘zimni yumaman, “Menga nima?!”. Mayliyu, ammo, Tibbiyot akademiyasida  O‘qiyotgan ayrim, bo’lajak “qassoblar”ga qarab odamni yuragi uvushadida.
Ko‘zlarimni yumdim… Oqim bo‘ylab suzish osonroq…
Ulg‘ayganimiz sari hayotimiz moddiylashib borarkan. Ishqilib hislarimiz, o‘zimiz “moddiylashib” ketmaylik… 
Sahih hadislarda o‘qigandim, “Siz qilayotgan ishingizni bolangiz ikki marta ko‘p qiladi” degan. Shunchaki, siz ham o‘ylab ko‘ring, bu degani Siz bir shisha aroq ichsangiz, farzandingiz ikki barobar ko‘p ichadi! Dilingizdan "nasihat qilmagan siz qoluvdingiz" degan so‘z o‘tdi a?! Topdim a?! Shuning uchun ham bu so‘zlarni hayotda deyarli hech kimga aytmaymanda. Axir men ham ko‘zlarimni yumib yashashga o‘rganib qolganman…
Ko‘zlarimni yuma yuma ko‘r bo‘lib qolmasam bo‘ldiydi…
            Yosh bolalarcha qilgan orzularimni she’riy misralarga tizgandim… Bolalik – beg‘uborlik, qalbi oqlik… Katta odam bo‘lib qoldik allaqachon, lekin ilohim hech qachon qalbimizni bolalarga xos samimiylik, soflik , beg‘uborlik tark etmasin, ko‘zlarimizni ochib yashashni o’rganaylik… 

Bir lahza quyosh bo‘lib, dunyo yoritsam
Nur sochsam-u zimiston ko‘ngillar yonsa
Quvonch bo‘lib, g‘amlarning barin qaritsam
Sevishgan yuraklar ham visolga qonsa…

Bir lahza dardlarga darmon bo‘lolsam
Laylisiz qolmasdi balki Majnunlar
Har on duolarda sobit turolsam
Bizga yo‘lolmasdi balki armonlar

Bir lahza orzu bo‘lib , armonni quvsam
Umidsiz qalblargada yoqolsam chiroq
Boylikdan ustunroq bir sevgi bo‘lolsam
Balki, do‘stlar shunda chekmasdi firoq.

Shunday go‘zal bir SABR bo‘lsam
Yuraklarda o‘rnashsam mahkam
Taqvo bo‘lsam, havas qilsalar
Farishtalar yig‘lasa, o‘lsam...



7 comments:

  1. This comment has been removed by the author.

    ReplyDelete
  2. Кўпчиликда бор муаммо, туроққа эътибор беришмайди, вазнни бузишади. Бармоқ вазнида ундай қилмаслик керак.

    Bir lahza quyosh bo’lib, dunyo yoritsam
    3-4-5 = 12

    Nur sochsam zimiston ko’ngillar yonsa
    3-3-5 = 11

    Quvonch bo’lib, g’amlarning barin qaritsam
    4-3-5 = 12

    Sevishgan yuraklar ham visolga qonsa…
    3-4-5 = 12

    ReplyDelete
  3. Assalomu alaykum, Rahmat kattakon, To'g'rilab qo'yaman.

    ReplyDelete
  4. Орфографиягаям қараб қўйинг. Кейин ў ғ лардаям апострафни тескари қўйгансиз

    ReplyDelete
  5. Assalomu alaykum, xop, hozir to'g'rilab qo'yaman. E'tibor uchun tashakkur:)

    ReplyDelete
  6. Ўқиб мазза қилдим. Тошлашиб бораётган бағрим юмшаб қолгандек бўлди. Фақатгина нозик жинс вакиллари шундай майин ёза олишади. Рахмат!

    ReplyDelete
  7. Yoqqanidan judayam xursand bo'ldim. rahmat sizga e'tibor va e'tirof uchun

    ReplyDelete