Friday, 23 January 2015

Puankare va men.


Bu qissa haqida yozmoqchi emasdim toki bugun fakultetga borib bir ustozimni xonalariga kirib uning ko‘zlaridagi yoshni ko‘rmagunimcha. Yozish men uchun ehtiyoj ekanligini ana shunda anglab qoldim.
Vaqt oqimi bo‘ylab shiddat bilan suzib ketayotgan bir vaqtimda  "Puankare" qissasini o‘qishni tavsiya qilib qolishdi. Bu qissani ikkinchi marta tavsiya qilishgandi. O‘qidim. Va bu asar meni Voynichni “So‘na”sidek xayolparast qilib qo‘ydi, xuddi "So‘na"dek anduhga botirdi. 
Men ana shu sochlari to‘kilgan, portfeli eskirib ketgan, bir umr moddiyatdan qochib yashagan odamni yaxshi ko‘rib qoldim. Uning shijoatida o‘zimni ko‘rdim: butun dunyo olimlari “isbotsiz gipoteza” deb tan bergan bir vaqtda  uning  rudalar uyilib yotgan tog’dan oltin kukunini izlashga kuch topa olganini o‘qib men ham xuddi ana shu Quvvatni his qilardim tanamda, yuragimda…Xuddi shijoatim abadiydek, xuddi bir umr navqiron bo‘lib qoladigandek o‘ylardim o‘zimni. Men uchun maqsad ZO‘R bo‘lish emas, duolarda yashash,odamlarni, bashariyatni rozi qilish edi, xolos. Ishonasizmi men xayollarimda, orzularimda OITSga qarshi tomchi vaksinalar o‘ylab topardim, Gepatit C ning qondan ketmaydigan xilini qonga Gepatit C virusini o‘ziga yopishtirib olib ingibirlaydigan(faoliyatini cheklaydigan) turli sun’iy oqsillar olar  edim. Orzularimda bu dardlardan xalos bo‘lgan insonlarning minnatdorona nigohlarini tasavvur qilib metroyu avtobuslarda jilmayib ketardim.
Keyin esa, xuddi shu olimdek xafsalam pir bo‘ldi.  Yana unda  o‘zimni ayni holatimni ko‘rdim. To‘g’ri mening portfelim eskirmagan, to‘g’ri sochlarim to‘kilmagan, to‘g’ri telba emasman, to‘g’ri odamlar mendan kulmaydilar ammo mana shu navqiron holatimdayoq tan berdim-ilmning sermashaqqat yo‘lidan kechdim?! Bunga also moddiyatning aloqasi yo‘q. Farqimiz shunda.
Farq vaziyatlarda. Ba’zi bir domlalarning oldiga soatlab bosh egib mana shuni o‘rgating deyishdan emas, “Programmada yo‘q savol bilan boshimni qotirmang” deyishlaridan charchadim, biror bir ishga ruxsat olganimda esa yana birovlarning hasadona nigohlaridan bezidim, bu tirmizak o‘zidan katta ishlarga bosh qo‘shadi degan g’iybatlar jon jonimdan o‘tdi.  Bilasizmi qanday davrda yashayabmiz? Bilasizmi hozir kim ilm yo‘lida jadallayabdi?!  Men anglab yetdim! Birinchi o‘rinda hamelionlik ilmini o‘rganish kerak ekan, tilyog‘lamalik qilib maqtabgina ilm yo‘lida bardavom bo‘la olar ekansiz. Yodlab olgan ikkita so‘zingizni qiymati yuqoriroq sizning fikrlaringizdan ko‘ra. Ikkita yangi gap aytsangiz tamom, mavzuga qayting deb bug‘ishadi. Ba‘zan-ba‘zan o‘zimdan qoidachi deb kulaman, chunki ayrim narsalarni xuddi ona tilidan qoida yodlagandek sharillatib yodlab beraman. Ishonasizmi, oqsil bilan aminokislotani farqini bilmaydigan dotsentlarning borligi ilmni saviyasini tushurgandek yuragimni ezadi. Hali tezis yozishni bilmaydigan talabaning ilmbozlik vasvasasiga chalinib maqolalar yozdirib o‘z nomi bilan chop ettirayotgani hayratimni oshiradi. O‘ylaab qolaman,  bizni ilm emas xuddi ilmbozlik vasvasi chulg’ab olayotgandek. Maqsadlar ilm olish emas diplom olishdek tuyuladi goho menga. Ajabo, bu pessimistlik qayerdan… Yo‘q, deydi ichimda meni boshqaradigan yuragim, sen ilmni o‘rganishdan to‘xtama, ko‘zlaringni yumib yashashga o‘rganib qolma deydi u… Xop, hozir to‘xtadim deylik bu yo‘ldan, ertaga kim bo‘laman, mana shu bitta leksiyani yodlab olib qayta qayta o‘qib beramanmi men ham? Men ham 50 yil avvalgi bilimlarni o‘rgatamanmi talabalarga?! Maqsadim shumi? Dod deb yuboradi ichimda nimadir. O'zimni hanuz o'z kuyini topa olmayotgan MTJmizga o'xshataman. Ko‘zlarim oldiga esa ustozim Valixonov domlamning nurli chexralari keladi, “Biokimyoning kelajagini sizda ko‘raman” degan edilar Xudo rahmat qilgur ustozim.
Men kelajak bo‘la olamanmi? Meni kurashlarga kuchim yetadimi? Ilmim yetadimi? Qobilyatim,shijoatim yetadimi? Biotexnologiya jadal rivojlanib ketayotgani sabab yaxshi ustozlarim biotexnologiya yo‘nalishini tanlashni taklif etishdi. Yo‘q, men tanlay olmadim. Hattoki qiziqishim kuchli bo‘lishiga, hattoki ishim biotexnologiya bo‘lishiga qaramasdan biokimyoni tanladim. Bunga faqat va faqat mana shu so‘z sabab: “Biokimyoni kelajagini sizda ko‘raman”.  Yo‘q,yo‘q ilm olishdan to‘xtash nafas olmaslik bilan barobarku axir.
         Ikki yo‘l orasidagidek his qilaman o‘zimni. Ilmdan ketdim ham deylik, ertaga men ham Puankare gepotezasini isbotlamoqni jon jaxdi bilan izlagan odam kabi “Meni orqaga qaytar Xudoyim” deb afsuslanmasmikinman. Yo‘q to‘xtamaslik kerak. Intilish, olg‘a yurish lozim. To‘g’ri, meni qarashlarimni tushunmaydigan, intilishlarimga ensa qotiradiganlar bor! Ammoo Dilnavoz, o‘ylab ko‘r axir ularning soni bitta bo‘lsa sening ilm olishing uchun mashaqqat chekkan odamlar mingta,ilm o‘rgatayotganlar,  seni quvvatlaydiganlar,yaxshi ko‘radiganlar ulardan ko‘pku?! Mana shu so‘zlarni takrorlar ekanman, ko‘z oldimga Poulo Coelhoning “Alkimyogar” asaridan olgan motivatsiyamni bu asardan ham ola olgandek bo‘laman. Axir butun olami qarshi bo‘lganda ham O‘sha olim isbotlaydiku Puankare gipotezasini…  Ha U daho edi, faqat daholargina jinnixonada bo‘lsada yangi izlanishlarni olib boradi, yangi gepotezalar haqida bosh qotiradi. Ha, umidlar aslida intixoda ham o'lmaydi.

         “Ayollardan daholar chiqmaydi. Ular daholarni dunyoga keltiradi” mazmunida gap o‘qigan edim. Kamida, Alloh inoyat qilib bersa farzandlarim daho bo‘ladi degan gap yuragimni orziqtiradi. Ha, Naqadar haq gap! Naqadar Ishonchli gap! Naqadar umidbaxsh gap! Naqadar ovuntiradigan gap! Naqadar niyatbaxsh gap! In shaa Allah deb orzu qiladigan gap!

P.S: Blogpostda keltirilgan linklarga kirib ko'rasiz va ular haqida fikrlaringiz bilan o'rtoqlashasiz degan umiddaman.

Dilnavoz Berdiyeva Toshkan qizi.

Thursday, 15 January 2015

Haydalish kuyi yoxud Musiqasini topolmayotgan MTJ...

       Ichimga dunyolar sig`mayapti. Men o`zimga o`zim dedim, futboldan kechdim. MTJimizni o’yini hech qachon qayta ko’rmayman. Keyin yig`lagim keldi. O`zimni ovutdim, birinchisimasuuu. Eng kuchli mag’lubiyatga Qatarni 5:1 ga yutganimizda uchraganmizku, g’olib mag’lub bo’lgandik o’shanda. Hozirgi holat o’shandan durust, har holda umid borku deya o’z o’zimga o’zimcha dalda berdim. Ammooo qachongacha?! Tomog`im qurshadi. Suv ichgim keldi. Asta sovuq suv jumragini buradim.  Sovuq suv ketipti. Sekin gaz plita ustida turgan  suv qaynatadigan idishni oldim. Unda iliq suv bor ekan. MTJmizni shu ilimsiq suvga o`xshatdim undan na choy damlab chanqoq qondira olasan va na  muzdek suvni ichganing kabi ichingdagi tashnalik qonadi. Gap bitta mag’lubiyatda emas, odamlar. Shunchaki, keyingi safar, keyingi safar yutamiz deb o’zimni aldashdan charchadim. Xuddi keyingi safar aslo bo’lmaydigandek. Xuddi, manam buvamga o’xshab MTJimizni JCHlarda ishtirokini ko’rmay o’lib ketadigandek.

        Devorda osiqliq soatga qarayman. o`n ikki.  Nima soat millari to`xtab qolganmi. Sira yurgani bilinmaydi. Nimadir qilib vaqt o`tkazishim kerak bo`lmasa vaqt oralig`idagi vaqtda o`zligimni yo`qotaman. Kundaligimni qo`lga olaman.  Qachondir yozilganu ammo hattoki o`zim ham o`qimagan yozuvlar ustida ko`z yugirtiraman. Nimadir qo`shmoqchi bo`laman.  Birinchi kallamga kelgan yozuvni yozaman: Hali hammasi yaxshi bo’ladi, hali muvaffaqqiyatlar oldinda. Hali Jahon chimpionatiga chiqamiz. Biz shuncha mablag‘, shuncha kuch sarflanayotgan VATANIMIZ O’G’LONLARI hali ko’p narsalarga erishadi. Ularga , MTJmizga ishonamiz. Kundalikni yopaman ikki yuzlamachilik qilib yozgan gaplarimdan uyalaman. O`sha yozilgan varoqni yirtib tashlash uchun qaytib kundalikni ochaman. Unda oldin ham yirtib olingan varoqni ko`rib shashtimdan qaytaman. Nima bo`lganda ham bu umid, nim, yolg’on umid . Hamma yolg`onlarni yulib tashlasam unda bor yo`g`i muqova qoladi.
                   Doim jaxlim chiqqanda yaxshi xaloskorim bo`lgan kitoblar saqlanadigan javon oldiga boraman. Bir odatim bor istalgan kitobni olib xoxlagan betini ochaman. Unda qanday so`z uchrasa tushkin holatdan manashu so`z orqali chiqib ketishga harakat qilaman. ,,O`tgan kunlar,, romanini bu gal qo`limga olaman. Asta varoqlamayman. Ko`zim shu jumlaga tushadi: ,, Menga haydalish kuyini chalib bering… ,,
                   Buni qarang Hatto Otabek ham o`ziga kerakli kuyni bilgan. Haydalish kuyi…  MTJmizdagilar ham o’zlariga loyiq kuyni topvolishsa qanday yaxshi bo’lardi. Ammo biz muxlislar o’zimizga munosib kuyni bilib bo’ldik. Alam kuyi, mag’lubiyat kuyi, toshoynalarning sharaq sharug‘i. Balki umuman olganda bu kuymasdir noilojlikdan bo`g`izdan chiqqan yoqimsiz xirgoyidir.
                 Hayolimga quyidagi misralar quyilib kela boshladi:
“Nomus uchun nomni emas, ruhni o’stir
Og’ir kunda yovdan qochgan yovga do’stdir
Yurt chorlasa suvlarni kech, o’tlarga kir
Fidoyilar kerak bizga , fidoyilar.”

Siz nima deysiz bilmadimu, ammo men Odil Axmedov, Vitaliy Denesov, Jeparov, Nesterov, Kapadzelarni Jahon Chimpionatiga borishga arziydigan futbolchilar orasida ko’rganman doim. Ammo 4 yildan keyin…
Hay, mayli u boshqa masala, man tushunmayman shekilli futbolni. Darvoqe, tarkib borasida... Kim bilsin balki ukamga o’xshagani uchun  Sardor Rashidovni asosiy tarkibda tushishini xohlagandirman. Kim bilsin balki Jamshid Iskandarov termamizga nimadir qilib bera oladi degan fikrim sabab uni o’yinni birinchi daqiqalaridanoq ko’raman deb o’ylagandurman. Jasur Xasanovni ham ilk daqiqalardanoq kutgandurman.
Yutqizish alamli emas, agar futbolchilarimizni ko’zida o’t ko’rsak, oxirgi daqiqalargacha yonib o’ynaganini, ishtiyoq bilan olg'a intilganini his qila olsak, bunday mag'lubiyatlarni ko'tarish qiyin emas, O'zimizni "Futbolchilarimiz jon jaxdi bilan harakat qilishdi yutishga" deb ovuntirsak bo'lardida har holda.. Yo’q men ulardan domangir emasman, xafsalasiz o’ynaganliklari sababini o’zimcha mushoxada qilib ko’raman. Muhit deb qo’yaman o’zimga o’zim. Hayolan, MTJmiz murabbiyi o’rniga o’zimni qo’yib ko’raman. Haliyam Murabbiyimiz KUCHLI odam ekan. Men bu kabi mag’lubiyatlarni ko’tara olmasdim. Abiturientlar tayyorlardim. Har yili abiturientlarimni 80-90 foizi kirardi, ammo bu yil 7 ta o’quvchimdan 3 tasi o’qishga kira olmadi. Ularni bilmadimkuya, ammo men 10 kun yig’ladim, o’zimni aybdor deb bildim kira olmaganliklarida. Mayli, taqdirda deb o’zimni yupatdim. Lekin boshqa abiturient tayyorlay olmadim. Bu ulkan mas’uliyat, shaxs oldidagi, shaxsning bir yili, umri oldidagi mas’uliyat ekanligini birdan anglab qolganim bunga sababdir ehtimol. Yaxshi qildim. Har qanday odam o’z o’rnini yaxshi bilishi kerak.  Obro’yi borida ketgan yaxshida menimcha xuddi Puyoldek. Puyol qancha kuchli o’yinchi edi, lekin klubni tark etdi, u yana o’ynashi mumkin edi, lekin xohlamadi futbol, muxlislar  uni uloqtirib, chetlashtirib tashlashini. Chunki baribir yo o’zi ketardi, yoki 2-3 yilda Barca’da obrusizlana boshlardi. Kuch, yosh chegaralangan xohlaymizmi yo’qmi.  Yaxshi qildi. Mana qarang, uni sog’inamiz, “shu joyda Puyol bo’lganda gol bo’lmasdi” deb o’ylaymiz. TV’larda ko’rinsa, Puyol molodes, rahmat senga deb qo’yamiz, o’yinlarini sog’inamiz. Bezmaymiz. Xullasda.
 Baribir,MTJni o’yinini boshqa ko’rmayman deb yana ko’raveraman… Jabr, jabr muxlislarga jabr.
“Yurt chorlasa suvlarni kech, o’tlarga kir
Fidoyilar kerak bizga , fidoyilar.”

14-yanvar.
Osiyo Kubogi 2015.
Xitoy -Uzbekistan:
2        :   1

Monday, 15 December 2014

Antropometrik ko'rsatkichlar.

 Men bilgan yagona go’zallik
– bu “salomatlik”dir. 
  G.Geyne

Normal holatdagi odammizmi?
Ajoyib savol a?
Ya’ni o’sish va rivojlanish ko’rsatkichlarimiz normal hisoblanadimi? Bo’yimiz? Vaznimiz? Tana kuchimiz? Oyoqlarimiz uzunligi?
Normal holatdagi o’sish va rivojlanish organism uchun juda muhim hisoblanadi. Tezda charchash, pessimistlik, metabolizmdagi kamchiliklar ham mana shu o’sish va rivojlanishni normal holatda emasligi tufayli vujudga keladi.
Biz o’z tana ko’rsatkichlarimizni shifokor nazoratisiz ham o’zimiz bajara olamiz. Quyida shu bo’yicha bir qancha ko’rsatkichlarni keltirib o’taman. Bu ko’rsatkichlarni o’lchaydigan yo’nalish ANTROPOMETRIYA deb ataladi.
Antropometriya  -  (yunoncha anthrōpos – inson,  + metreō – o’lchash) — ya’ni insondai asosiy ko’rsatkichlarni o’lchashni nazarda tutadi.

1.     Oyoqlarning nisbiy uzunligini aniqlash.
(A-B)*100/B
A-  Bo’y uzunligi - tik turganda o’lchaysiz
B-   Bo’y uzunligi – o’tirganda o’lchaysiz. (Bunda stulda qomatni tik tutib o’tirgan holatda o’lchash tavsiya qilinadi)
O’lchangandan keyin yuqoridagi formulaga qo’yib hisoblaysiz.
Me’yorlar:
86-92 foiz- o’rtacha oyoqlar
86 foizdan past- kalta oyoqlar
92 foizdan yuqori natija esa uzun oyoqlarni bildiradi.



2.     Tana massa ko’rsatkichini aniqlash.
P/H2 *1000
 P- Tana massasi (kilogrammda)
H- Tana uzunligi
  Va yuqoridagi formulaga qo’yib hisoblanadi, agar natijalar:
18,5 dan kam bo’lsa- tana massasi me’yordan oz.
18,5-24,9 bo’lsa me’yoriy tana massasi;
25-29,9 bo’lsa I darajali semirish;
30,0-34,9 bo’lsa II darajali semirish;
35,0-39,9 bo’lsa III darajali semirish;
40 dan ortiq bo’lsa IV darajali semirish.(Gormonal kasalliklar sababli bo’lishi mumkin. Bu semirish xavfli. Buqoq tekshirish va da’volanish, parhez tavsiya qilinadi)

3.     Tana kuchini aniqlash. Pinye indeksi deb ham ataladi.
A-(B+C)
A-  Bo’y uzunligi
B-   Tana massasi(kg)
C-   Nafas chiqarilayotganda ko’krak qafasining aylanasi(sm)
Baholash:
10 dan kam – Baquvvat tana tuzilishi;
10-20 –Y axshi tana tuzilishi;
21-25 –O’rtacha kuchli tana tuzilishi;
26-35 –Kuchsiz tana tuzilishi;
36 dan ortiq –Juda kuchsiz tana tuzilishi.
 

Yuqoridagi ko’rsatkichlarini dangasalik qilmasdan tekshirib ko’ring, Agar qiziqarli va foydali bo’lsa keyingi blogpostlarda ham Antropometrik boshqa ko’rsatkichlar haqida yoritib boraman.


Friday, 28 November 2014

Ота ким?!

"    
     

Профессор ўзи лекция қилаётган магистрларга
“Ота ким!?”,~ деган саволни ташлади.
Жавоблар турлича бўлди. Ҳар кимнинг жавобидан ўз отасига бўлган муомаласи билиб олинар эди. Жавобларнинг ичида жуда чиройлилари ҳам,
жуда оддийлари ҳам бор эди...

        Лекин профессорнинг ёдида сақланиб қолган ва унга қаттиқ таъсир қилгани қуйидаги жавоб эди;

       "Ота... Сен унинг туфлисини киясан. Аммо туфли катта, оёғинг эса кичик бўлгани учун ўзингни эплай олмай йиқилиб тушасан. Сен унинг кўзойнагини тақасан ва кўзойнакнинг сенга анча катта эканлигини ҳис этасан. Сен ундан машинасининг калитини сўрайсан. Ўзингни отанг ўрнида тасаввур қилиб, машинани бошқармоқчи бўласан. Хаёлингга бир нарса келиб, отангга телефон қиласан. У ўз иши билан банд бўлса-да, сен билан гаплашади. Уйга қайтгач, сени бағрига босиб, меҳр билан қучиб, юз-кўзларингдан ўпади... Бироқ сен билмайсан, ўша куни раҳбари уни койиган, танбеҳ берган бўлиши ёки шериги дилини оғритган бўлиши ёхуд сизларнинг нафақангиз унга бироз оғирлик қилган бўлиши мумкин. У ишдан келган заҳоти сен астагина: “Отажон, менга пул беринг, қанд оламан” дейсан. У эса: “Қўзичоғим, эртага ишдан қайтишда ўзим олиб келаман” деб жавоб беради. Эртаси куни ишхонада тинимсиз ишлагани, иссиқда толиққани, турли одамлар билан муомала қилавериб ҳолдан тойгани учун сенинг талабингни унутиб, ишдан чарчаб келади.
Сен ундан:
“Отажон, қанд олиб келдингизми?!” деб сўрайсан. Шунда у чарчаганини ҳам унутиб,
сенга қанд олиб келиш учун қалби қўри билан кўчага отланади...

БУГУН ЭСА....

 Туфлиси эскиргани учун киймайсан. Унинг кийимларини, фикрларини, машинасини эскиргани учун, модадан қолгани учун ерга урасан. Ахир сен
ўртоқларингга зўр машина билан мақтанишинг керак-ку! Унинг машинаси эса мақтанишингга арзимайди. Унинг гаплари ҳам сенга ёқмайди. Унинг қалтироқ қўллари билан қилган ҳаракатларидан жирканасан...Агар уйингга оғайниларинг меҳмонга келса, отангнинг борлиги сенга малол келади. Ишқилиб
оғайниларимнинг кўзи отамга тушиб қолмасинда деган ҳадик билан ўтирасан. Кеч  қолсанг, хавотир олиб, сенга қўнғироқ қилади. Отангнинг бу иши сенга сени безовта қилаётгандек, халал бераётгандек, ҳоли- жонингга қўймаётгандек туюлади. Агар у сенга қайта-қайта телефон қилса, телефон гўшагини кўтармай ҳам қўяверасан. Уйга жуда кеч қайтганингда, ҳаётда масъулиятли бўлишинг учун у сени койиса (зеро, у ҳалиям сени тарбия қилишда давом этмоқда, ўз масъулиятини ҳис этмоқда, чунки, у сенга жавобгар шахсдир. Ҳар бир жавобгар шахс эса ўз қўл остидагиларга масъулдир), сен унга овозингни кўтарасан, сўзларинг билан уни қийин аҳволга солиб қўясан. У эса индамайди. Йўқ, сендан қўрққанидан эмас, сенинг муомалангдан ҳайрон бўлганидан, сендан бу оҳангдаги жавобни кутмаганидан жим бўлиб қолади. Кеча йигитлик чоғларида сени елкасига кўтариб юрар эди. Бугун эса сен ундан жуда ҳам “баланд” бўлиб кетдинг. Кеча сен зўрға-зўрға гапирар, ҳарфларда хато қилардинг...

Буган эса сени ҳеч ким жим қила олмайди, гапиришдан тўхтата олмайди. Ўша кунларни унутдингми ёки ўзингни унутганга соляпсанми?! Сенга ҳар қанча
қўполлик қилса ҳам, сени ҳар қанча ҳоли- жонингга қўймаса ҳам, сени ҳар қанча койиса ҳам, сен индамай тур! Ахир у сени отанг!!! Сени гўдаклигингда, ғўрлигингда, ҳеч нарсани билмайдиган пайтингда бағрида кўтариб юрганидек,энди сен ҳам уни касаллигида, қарилигида кўтариб юр! Унга қўлингдан келган
барча яхшилигингни қил! Сендан бошқалар ўтиб кетган оталарини қайта кўриш илинжида, отамни яна кўрармикинман деган орзуда яшамоқдалар. Мендан “Кимни яхши кўрасан?” деб сўрашди. Уларга шундай деб жавоб
бердим:

“Менинг туғилишимни тўққиз ой кутган, туғилганимда дунёларга сиғмай, мени катта ҳурсандчилик билан кутиб олган, қариб, касал бўлиб ётиб қолгунича мени тарбия қилган инсонни яхши кўраман. У шундай инсонки, унга
бўлган муҳаббатим қалбимда абадий яшайди. Барча одамлардан узр сўраб шуни
айтмоқчиманки, ҳеч ким отамга ўхшамайди”. 

        P.S: Ушбу ёзилганлар кўчирилди. Афсуски муаллифини билмайман, Ўқиб таъсирландим. Сизга ҳам илиндим. 

Tuesday, 25 November 2014

Qadarimga roziman...






Aslida ushbu yozilayotganlarini tvit shaklida yozmoqchi edim. Uzilib uzilib yozilsa hozirgidek ishtiyoq bilan yoza olmasam kerak deb o’ylab blogpost yozib qo’ya qoldim.
Men umrimning har lahzasi mo’jiza ekanligini his qilganman. Kasbim tufayli esa anglaganman. Ammo bugun shunday mo’jizalardan biri ro’y berdikiiii…
Opam(amakimning qizi)ning 3 ta qizi bor. Shahrizoda, Beg’ubor, Kumushbibi… Muhammad Ibrohim ismli farzandlari esa chaqaloqligida vafot etgan. Opam judayam o’g’il farzandli bo’lishni xohlar edilar.
Bahorda Toshkentga keldilar. Homilador ekanlar. Jinsini aniqlatmoqchi ekanlar. Yakkabog’da, Shahrisabzda ham qiz deyishganini aytdilar. Agar Toshkentda apparatda ham qiz deyishsa abort qildirmoqchi ekanliklarini aytdilar.  Opamga tikilib qoldim, chunki men bilgan opamni bu ish qo’lidan kelishiga ishonmasdim.
Ertasiga opam bilan shifoxonaga bordim. Vrach qizaloq deb tashxis qo’ydi.  Opam xafa bo’lganday bo’ldilar. Opamni tanimasdim. Bira to’la abort qildirish uchun boshqa vrach oldiga kirdilar. Man kutib turadigan bo’ldim. Chamasi 15 minutlardan keyin opam ko’zlarida yosh bilan qaytib chiqdilar va:
“Men qotillik qila olmayman, yurakchasi duk duk etib turgan odamchani o’ldira olmayman. Men bu qadar yovuz emasman. Qiz bo’lsa ham mayli Taqdirimga roziman” Dedilar… Opamni tanidim! Bu mening opam edi, o’zim bilgan ko’ngilchanim!
Oylar shiddat bilan o’tdi. Opam Xudodan sog’lom farzand so’rardilar. 9-oyda ham UZI ga tushishga to’g’ri keldi. Vrach qizaloqcha debdilar yana. Opam xafa bo’ladilar deb opamning onalari ovutishga uringanlarida : “Avval ham shunaqa deyishgan xafa emasman, qadarimga roziman” debdilar. Pochcham esa, buvim(amakimning ayolini buvi deyman)ga “Qadariga rozi b’lgan ayoldan men ham roziman, siz bizdan havotir olmang” debdilar…
Bugun ertalab ayam telefon qildilar, ovozlarida titroq… Opam o’g’il farzandli bo’libdilar… Yig’lab yubordim…Lol edim yana bir mo’jizadan… Oh… Qanday mo’jiza bu a?! Qanday karomatu rahmat bo’ldi bu…
Opamga telefon qilsam xursandlikdan faqat “shukr. Shukr” deydilar.

Bunaqa hikoyalarni ko’p o’qigandim, eshitgandim. Ammo hayotimda birinchi marta guvoh bo’lyabman. Ha, Sabr va shukr iymonning ustunlari…Har nafasimiz  mo’jiza… 

Thursday, 6 November 2014

Tirik murda...


6.11.2014.
Na darsga va na laboratoriyaga bora oldim bugun.
Havo Betxovenni eshitib dodlab yig’lasa bo’ladigan havo.
Jun Sang Yujinni olib boradiyu: “Yig’lab ol, bu yerda seni hech kim eshitmaydi” deb. Xop, dardingizni hech kimga aytmasdan, yig’laganingizni hech kimga ko’rsatmasdan dodlamoqchimisiz? Maslahatim,  Chorsu tarafdan Navoiy ko’chaga o’tishda most borku, o’shani usti eng eng qulay, mashinalar shovqinidan hech kim hech narsani eshitmaydi. Ham manzara wonderful. Maftuna aytganlaridek o’sha most’dan pastlab ketgan oq betonni ustiga yurish istagi tug’ilib qolsa bu istakni darrov quving, chunki qancha g’am, qancha alam bo’lmasin hali yashash kerak: farzlar, burchlar, baxt uchun. Hali jannatni hidini hidlaydiganlar safidan bo’lmay turib o’lishni kim ham xohlaydi deysiz. Hayot sinovlardan iborat muddat! Eyyy. Nimala deyabmana?! Aslida, tiriklay ko’milganlar mavzusida yozmoqchi edimkuu…
Biz har qadamda turfa odamlarga duch kelamiz, turlicha munosabatda bo’lamiz. Qaysidir kuni, adashmasam Yakshanbada edi, “Yoshlar” telekanalida “Bir qadam” degan ko’rsatuv qo’yilayotgan ekan. Nomi yoqdi manga. Haqiqatda, bir qadamni o’ylab bosmaslik qanchalik odamlarni dillariga bitmas yaralarni soladi. Shunday qadamlar bo’ladiki bu qadam odamlarning hayotini o’zgartirib yuboradi, ruhini, orzu umidlarini sindirib qo’yadi. Irodali odamlar albatta bu ko’yga tushmaydi. Lekin ming marotaba kuchli bo’ling, irodangizni hech kim bukolmaydi deb o’ylang, ammooo bittagina dilingizga yaqin deb bilgan odamingiz sizni bir lahzada sindirib qo’yishi mumkin. Ko’zlarda quvonchini qayta yonmaydigan qilib qo’yishi mumkin. .Ana o’sha sindirganning o’rnida ham, sindirilganning o’rnida ham bo’lishingiz mumkin.   Biz esa beparvomiz, dillarni og’ritib qo’yib “Yashab ketadi, o’lmaydi” deb vijdonimizni ovutamiz. Biz o’zimizcha adolatlimiz. Kutish yoqmaydiyu soatlab kuttiramiz.  Adolat so’zini million marta aytamizu, amalimizda zig’ircha ko’rinmaydiya?! Biz o’zimizcha, haqiqatgo’ymiz, faqat bu haqiqat niqoblarning ustida xolos. Yo’lda ketayotgan gadoylarga rahmimiz keladiku, yaqinlarimizga bir og’iz shirin so’zimizni ayaymiz. Uf tortib qalblarini og’ritamiz. Kuniga , xaftasiga bir marta xabar olmaymiz?! Hay, Odamizod, bu dunyo qaytar dunyo, siz xabar olmayotganingiz kabi, bir kun kelib sizdan ham xabar olishmay qolishsa chidarmikinsiz?! Yoki dillar shu qadar qotib ketganmi?! To’g’ri, hammanii hurmatini joy joyiga qo’yib qo’yamiz, ammo, lekin biroq mana shu hurmatni orqasida mehr ham undirsak qanday go’zal bo’ladi. Qalb bilan til bir emas ekan sukut saqlang. Niqoblarni yechaylik yaxshilar. Yonimizdagilarga o’zimizdan ortiq bo’lib ko’rinmaylik. Atrofimizdagi odamlarni yaxshi ko’raylik, ishonaylik, dardlarini tinglaylik. Malham bo’laylik ularga. Hech bo’lmaganda, jim bo’lib ularga ozor yetkazmaylik. Yuzlaridagi nurni so’nib qolishiga sabab bo’lmaylik. Bu qadaaarr beparvo bo’lmaylik, bu qadar o’zimizni yaxshi ko’rmaylik… Hayotda o’zimizdan ortiq yaxshi ko’rgan odamlarimiz ham bo’lsin. Onamizni bizga qilayotgan mehribonliklari, shirin shirin ovqatlari uchun emas, shuunchakiii ta’masiz mehr bilan yaxshi ko’raylik, Otalarimiz ham biz ularni pullari, moddiy ta’minlaganliklari uchun emas, qalbimizga solingan muhabbat bilan sevishimizni his qilsinlar. Do’stijonimiz bo’lsinki, ularni manfaatlar uchun emas, shunchaki borliklari uchungina mehr qo’yaylik. Ayolingiz faqat farzandlaringizni onasi sifatida emas, Haqdan inoyat bo’lgan mehr bilan ardoqlashingizni anglasinlar. Hayotimizni osonlashtiraylik. Oddiy, samimiy yaxshi ko’raylik, Ta’masiz mehr qo’yaylik va uni bildiraylik, zotan sunnatlarda yozilgan bu.  Bizni yaqin olgan odamlarni sindirmaylik. Qalblarida qora dog’ qoldirmaylik. Beg’ubor, pok tuyg’ularini, umidlarini o’ldirmaylik.  Kelajaklariga daxl qilmaylik. Bu faqatgina bitta narsani talab qiladi, niqobsiz yashash va o’sha bir qadamni bilib tashlash. Yana, o’zingiz ishonmagan narsaga o’zgani ishontirmang. O’sha bir qadam tufayli, butun bitta umrni xarob qilib qo’yishimiz mumkin. Qaytmas balki, balki rozi bo’lib ham ketar o’sha dilini og’ritganlarimiz ammooo…uning hayotidagi quvonchlarini o’g’irlab qo’yib turib qanday qilib o’zimiz ko’zimizda quvonch ko’ra olamiz?!  Qanday qilib, bemalol uxlay olamiz, qanday vijdon bilan ularni azoblanishini tomohsa qilamiz?! Boshliqlarimizga yoki g’irt begonlarga ming tavoze bilan turlanamizkuu, atrofimizdagi bizni jonidan ortiq yaxshi ko’rganlarimizga ozor beramiz. Oddiygina, “jim tur”, “bor”, “ko’p gapirma” deb gapirganimiz ham aslida jarohatlarga sabab ekanligini, faqat boshimizga tushsagina bilamiz. Bu so’zlarni ukamizga, singlimizga aytamiz a?! Ularda og’riydigan qalb yo’qmi. Yana bemehr deb dod solamiz olamga. Avval o’zimizni isloh qilaylik. Bir qadamimiz tufayli boshqalar jarohatlanib qolmasin. O’zi kamgina yashaymizkuu. Boring ana yuz yil yashaylik, lekin yuz yill nima bo’pti tarixni oldida. Hammamiz bir birimizga omonatmiz, erta ko’ramizmi yo’qmi bir birimizni, yaralamaylik odamlarni. Hozir yonimizdagilarni avaylaylik. Odamlarni qalbidagi odamlarga ishonchni o’lishiga biz sabab bo’lib qolmaylik. Jarohatlar yetkazmasdan, malham bo’laylik... Odamlarni tirik murda qilib qo’ymaylik. Eng dahshatlisi mana shu! Yashaydi, nafas oladi, kuladi. Yashaganida halovat yo’q. Nafasida armon hidi ufuradi. Kuladi kulgusida baxt yo’q. Umidini yo’q qilib qo’ymaylik odamlarni. Tiriklay ko’milganlardan ham tirik murda bo’lib yashab qolishdan panoh so’raylik. Bir birimizni ardoqlaylik.
Gaplarim ag’dar to’ntar bo’b ketdi-ya?!
Eyy xullasda. 
Behzod Fazliddinni quyidagi she'ri kechadan buyon tilimda aylanadi:
Meni tushunmadi tushunganlarim... 
Ularni tingladim, o'zimni tiydim. 
Ishonmay qiynadi ishonganlarim, 
Mitti ozorlarini kechirdim qo'ydim... 
Har xasga berkitdim quloqlarimni, 
Haqgo'y ko'zlarimni atadim g'anim. 
Shamoli o'chirdi chiroqlarimni, 
Mendan kechib ketdi kechmaganlarim. . .


P.S: Ensangiz qotsa o’qimang. O’yladim. His qildim. Yozdim.

BDT.

Wednesday, 29 October 2014

Hayot sog'inchlardan iborat tuxfa... Ba'zan yiqilganingda turishga majol yetmaydigandek tuyuladi..olamlarda qorong'u tuyuladi go'yo... shunday lahzalarda unutmaginki dilim, seni yo'llaringa intiq odamlar bor.. Ular seni kipriklari orasida avaylab o'stirishdi. Tongda turiboq Marvaridim deya yo'qlovchi padaringni, Duolarida faqat senga yaxshilik so'rovchi onang oldidagi farzlaringni bajarishni o'yla... Dilim, sen hali  hammadan rizo bo'ladigan va hammani rizo qiladigan inson bo'lishing kerak. Dilim, unutma, seni mustahkam iymonga, sabrga, muhabbatga oshno qilib tarbiyaladim... riyoni o'rgatmadim, vijdoningni oldida har lahza so'roq berishga o'rgatdim... Yana unutmaginki, sog'lom qalbu sog'lom aql bilan siylanding... olg'a yur... aslo to'xtab qolma.. Chunki ortingda Senga tuz bergan Vatan, Sochlari seni deya oqargan onang, Nomusim, g'ururim deya faxrlanuvchi Padaring bor... Yana dilingga dildosh ukalaring bor, Osmoniy hislarla suygan insonlaring bor... Odamlarni yaxshi ko'r. Odamlarni kechir va kengfe'l bo'l. Tushunmasalar tushuntir. Anglamasalar anglat. Hech biri qo'lingdan kelmasa duolarda so'ragin.., Hali orzularing osmoonchaaa va ular albatta in shaa Allah ijobat bo'ladilar. Aslida, Dilim sen baxtning yelkasidan tutmoqdasan..Bu yelkaga ishon, umid qil. Bu chinakam saodat... 


Tangrim bergan inoyatimsiz…
Qirovlar bossa ham qaynoq dilimni
Mardu nomard to'ssa yo'limni
Armonli orzular tutsa qo’limni
Mehringiz menga yupanch onajon
Borligingiz o’zi quvonch otajon…

Past baland yo’llarda qoqilsam goho
Chin do’stim tomondan sotilsam goho
Bag’ringiz taftini sog’insam goho
Mehringiz menga yupanch onajon
Borligingiz o’zi quvonch otajon

Kutishdan toliqsam diydor onlarin
Qo’msasam volidam yopgan nonlarin
Chorlasa ko’chada chopgan onlarim
Mehringiz menga yupanch onajon
Borligingiz o’zi quvonch otajon…

Doim ko’zlarimda baxt kulib turar
Borligingiz ne’mat umrim yoritar
Ishonchingiz dilda umid uyg’otar
Tangrim bergan inoyat onam
Imonga chorlovchi hidoyat otam…


Dilnavoz Berdiyeva Toshkan qizi.