Friday 30 October 2015

Supurgi

-1-noyabr tezroq kelsin- dedi Nigora dugonam.
-Nega? - dedim men.
-Kecha bozorga borgan edim. Bozor supuruvchi ayol shu bozorda ishlaydigan, boshqaradigan odamga "Mana qarang, supurgi bitta cho'p bo'lib qoldi, qo'llarim shilinib ketdi. Iltimos, boshqa supurgi bering". Shunda o'sha nazoratchi baqirib ketdi: "1-noyabr kelsin dedimku"...
Supurgi necha sum hozir o'zi?
Ish quroling soz bo'lsa mashaqqating oz bo'lur.

1-noyabr tezroq kelsin...

Friday 16 October 2015

Istasangiz yetarli nur

Istasangiz yetarli nur... Istamasangiz qorong‘ulik ko‘rinaveradi.

Madinadan xabar ololmadim. Ahvoli juda og’ir uni. “Yordam bera olmayman” deb ich etimni yeyman. Yana ko‘nglimda umid miltillaydi, yorug’lik ko‘rinadi: “Duodan ortiq katta yordam bormi?!”

Qo‘rqaman, “Men kasal bo‘ldim, xabar olmading” degan savolga UL kunda beradigan javobim yo‘q. Masofalar olis. Yana yorug’lik ko‘rinadi: “Duolarda uchrashgan qalblar bor”. Koshkiydi hamma insonni kaftlarini juft qilib bir mo‘mina - Madina uchun, uning farzandi uchun umr so‘rattira olsam… Umid ko‘rinadi: Shu blogpostni o‘qiyotganlar do‘stim uchun duoga qo‘l ocharlar… Axir, mo‘minning mo‘min uchun duosi ijobat.

***


Oxirgi vaqtlarda ko‘p noliydigan bo‘ldim. Vaqt bo‘lsa xafsala yo‘q, xafsala bo‘lsa vaqt yo‘q, qiyin ish, dissertatsiya muammolari, abituriyentlarim o‘qimaydi, o‘qishga ishtiyoqi yo‘q, ularni darsga mehr qo‘ydirolmayabman. Hamma norizo boqayotgandek tuyuladi. Hamma bir xil savol beradi. Shu odamlarni man bilan nima ishi bor a?! Jaxlim chiqadi. O‘z holimga qo‘yishlarini istayman. “Seni foydangni ko‘zlayabman” deb olam olam gaplar gapirishadi, yurakni tirnaydigan, hayotdan ko‘ngilni sovuttiradigan.Odamlarning ta’siri kuchli bo‘lyabdi. Atrofimdagilardan noliy boshladim o‘zimga o‘zim. Shunda o‘ylab qoldim. “Atrofimdagilar hamon o‘sha o‘sha odamlar, yaxshi insonlar. Demak muammo o‘zimda. Hammani noto‘g’ri tushunayabman shekilli. Chunki bitta gapni ma’nosini 180 gradusga o‘zgartirib tushunvolish insonni xarakteriga xos. Yaxshisi, yaxshiliklarni ko‘rishga, yaxshiroq bo‘lishga, hamma yaxshiyu yomonga mehrli bo‘lishga harakat qilaman. Ko‘nglim yorishadi. Ayam haqlar: “O‘zing yaxshi – olam yaxshi”.


***


Zilziladan juda qo‘rqaman, ayniqsa Toshkentda, ko‘pqavatli uyda.  Lift har safar chiqib tushganda uy zirillagandek tuyuladi. Yuragim hapriqib qo‘rqaman. Birdan hayot yo‘limga qarayman. Hali hech bir ko‘zga ko‘rinarli ish qilmabman deb o‘ylayman. Qorong’ulikka, zulmatga burkanib ketadi qalbim…
Shunda xayolimga kelgan so‘z yuzimni, qalbimni, umrimni yoritgandek quvonaman: “Axir kamida 5 mahal yuzimni ikki dunyoda munavvar qilgin” deb umidlanamanku, umidlar esa albatta ushaladi J

***

Kecha tug'ilgan kunim edi. Ko'p tilaklar eshitdim, o'qidim. Boshim ko'kka yetdi. Ustozlarim, qarindoshlarim, yaqinlarim ko'pchiligi: "Ilohim sizdek farzandni tarbiyalash bizga ham nasib qilsin" deb tilak bildirishdi. O'zimdan hech qachon ko'nglim to'lmagan, hech qachon farishtalikka da'vogar bo'lmaganman. Men hatto u darajadagi yaxshi inson ham emasman. Ammo bu so'zlardan o'zimni yaxshi deb o'ylagim, yanada yaxshi bo'lgim keldi.    "Menga va avlodlarimga ham sizdek inson nasib qilsin".  So'zlar insonni osmonga, ziyoga, nurga quyoshga uchirishini his qilganmisiz?! His qildim shu so'zlarni o'qib. O'zimdan emas, meni shunchalar yaxshi deb o'ylagan insonlardan xursandman hadsiz. Insonlar bizni yanada yaxshi bo'lishimiz uchun motiv beradi. Ha, aynan insonlar sabab insonda insoniylik hislari kamol topadi. Aynan insonlar sabab inson "yaxshi" yoki "yomon" degan nomga sazovor bo'ladi.  Bandalariga yuzimni issiq qilgan Robbimga cheksiz hamdlarim bo'lsin. 

Ha, inson xohlasa har doim har joydan hatto zulmat qa’ridan ham yorug‘lik topa oladi. Men shunga ishonaman.
           Ha, Istasangiz yetarli nur... Istamasangiz qorong‘ulik ko‘rinaveradi.

***

Rivoyat qilinishicha bir ayol Dovud (a.s.)ning huzurlariga kirib:

“Ey Allohning rasuli, Robbing zolimmi yoki odilmi?”-deb so‘radi.

Dovud(a.s.): “Holingga voy bo‘lgur, Robbim odil, hech kimga jabr qilmaydi, nimaga unday deyapsan”-dedi.

Ayol: “Men bir beva ayolman, bolalarim bor, o‘z qo‘l mehnatim bilan boqaman.

Kecha ip yigirib, bir bo‘lak matoga o‘rab sotishga bozorga olib ketayotgan edim, to‘satdan bir qush menga xujum qilib qoldi va mato va ipni olib qochdi. Men esa nochor ahvolda, xafa bo‘lib, bolalarimga hech narsa olib kelolmay uyimga qaytdim.

Shu suhbat bo‘lib turgan paytda Dovud (a.s.)ning eshigi taqillab qoldi. Dovud a.s. kirishga izn berdi.

Ular o‘nta tijoratchi edi. Ularning har birida yuz dinordan puli bor edi.

Ular: “Ey Allohning payg‘ambari, bu pullarni haqdorlarga bering”-dedilar.

Shunda Dovud (a.s.): “Bu pullarni berishlikka sizlarni nima majbur qildi?”-dedi.

Ular: “Biz bir kemada edik, bizga bir shamol esib, g‘arq bo‘lishimizga oz qolganida to‘satdan bir qush kelib, bir mato tashladi. Uning ichida yigirilgan ip bor edi. Biz u bilan kemamizning ayblarini to‘g‘irlagan edik, shamol bizga qiyinchilik tug‘dirmadi. Biz salomat qolganimiz uchun har birimiz yuz dinordan sadaqa qilishlikni nazr qildik, mana o‘sha pullar”-dedilar.

Dovud (a.s.) haligi ayolga qarab: “Alloh sen bilan dengizda ham, quruqlikda ham savdo qilaveradi, sen esa Uni zolim deysan. Unga yuz dinor berib, “bolalaringga sarflagin”- dedi.

Ha, Alloh taolo hech kimga zulm qilmaydi, U mehribonlarning mehribonrog‘idir.