Thursday 12 November 2015

Biletga bakovul kim?

Aytsam tilim kuyar, aytmasam dilim.

Yozsammikin, yozmasammikin deb uzoq o‘ylab baribir yozishga qaror qildim.

Avvalambor, hammani O‘zbekiston terma jamoasining g’alabasi bilan tabriklayman. Juda sevindim. Chiroyli gollar va chiroyli g’alaba.

Bugun soat 17:00 lar atrofida bilet topishganini aytishganda sevinchim ichimga sig’may ketdi. Darsim soat 18:30 da tugardi ammo bir soat oldin 17:30 da ruxsat olib ketdim. O‘zimcha xursandman, yo‘lma yo‘l “essizgina bayrog’imizni olib kelmabmanda, unaqa qilmabmanda bunaqa qilmabmanda” deb ketdim.
Futbol boshlanishiga 10 daqiqa qolganda yetib bordim. Kirdik stadionga aniqrog’I stadionni atrofiga. Hamma to‘planib turibdi ammo kiritishmayabdi, “nega” desak joylar to‘la bo‘ldi kirmaysizlar deyishdi. Alamimdan yig’lavoray dedim.
Bundoq qarasam, faqat bizda emas atrofimizdagi deyarli hammada bilet bor edi, ammo joy yo‘q. Ajabo, shunaqasiyam bo‘larkanmi? Biletga bakovul kim, kim tarqatadi bu haqida qiziqmagandim shu paytgacha, hatto qo'ldan qimmatga olsam ham. Ammo endi savollarim ko'p.
Ikkita taxminim bor.
1.   Joy sonidan ko‘p bilet chiqarilgan. Futbol biznesining zigomorf yo‘li. Agar shunday bo‘lsa, bilet chiqarishga mas’ul odamlar shuncha odamni qarg’ishiga qoldi bu bir. Birovning haqqini yeb baraka topgan odamni ko‘rgan emasman bu ikki. Agar shu taxmin to‘g’ri bo‘lsa,shunday xalqni ko‘z oldida PORAXO‘RLIK qilishayotganini ko‘ra to‘rib ko‘rmaslikka olayotganlarga uyat bu uch!
2.   Ikkinchi taxminim esa, tanish bilishchilik qilib ketishgan. Unda kimni tanishi? Kirdirishga kimni nima haqqi bor? Koshki aniq bilsam.
Bu savollarimga hech kim javob bermaydi, atrofdagi odamlar “80 000 ga bilet olganmiz, kirdirvoring” deb yig’lagudek bo‘lar, kimdur esa stadion tashqarisidan bo‘ynini cho‘zib futbol ko‘rishga harakat qilar edi. Biz ketdik. Asosiy kirish darvozasini oldida ham haqiqiy OLOMON yig’ilgandi. Bittasini gapi yodimda qoldi: “Kapitan kirdirvoring, mayli stadiondan emas chetidan ko‘raman Odil Axmedovni bir ko‘rib ketay”… U odamniyam qo‘lida bilet bor.
Nimaga hech kim bunga javob bermaydi? Nega bileti borlar ko‘chada qolib ketadi? Kim javobgar bu holatga?

Avval ham futbolga ko‘p kirganman, ammo bunaqa holatni birinchi marta kuzatishim.
Uyga kirib kelishim bilanoq Genrixni golini ko’rib yuzim yorishdi.
Gap stadiondan ko’rmaganimda emas, vaziyat juda achinarli, jumboqli, xalqni sarson qilayotganlar kimligini bilishga qiziqish. Yoki biletlarimiz soxtamikin J






6-Talabalar online forumi

Bugun 12-noyabr  Toshkent vaqti bilan soat 11:00 da 6-O‘zbekiston - Yaponiya akademik forumi online tarzda O‘zbekiston Milliy Universitetida  O‘zMU rectori professor  Sh.S.Sirojiddinov hamda Xalqaro bo‘lim boshlig‘i  Rasul Rahmonov boshchiliklarida o‘tkazildi. Ushbu forumda Yaponiyaning eng nufuzli Nagoya va Taxayashi Universitetlaridan talabalar, doktorantlar, professorlar ishtirok etishgan bo‘lsa Toshkentning 11 ta nufuzli Universitetlaridan talabalar va magistrlar ishtirok etishdi.

       Online muloqotni dastlab O‘zbekiston Universitetlari nomidan moderator Aida Bumatova ochib berdi. Xususan, forumdan ko‘zlangan maqsad haqida so‘zlab o‘tdi. So‘ngra Yaponiya nomidan moderator, Nagoya Universiteti professori Umida Ashurova bu online forumdan ko‘zlangan maqsad yaxshiligiga va Xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashga, talabalar orasida tajriba almashishda katta omil bo‘lishiga umid bildirdi.
         So‘ngra magistrlar, doktarantlar so‘zga chiqib prezentatsiya shaklida o‘z Universitetlari, erishgan yutuqlari, bajarayotgan ilmiy ishlari haqida so‘zlab berishdi. Jumladan O‘zbekiston Milliy Universiteti iqtisod fakulteti 2-bosqich magistranti Xamrayeva Aziza O‘zMU haqida ma;lumot berib, o‘zining yutuqlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi, U Xitoy davlatida bir o‘quv yili mobaynida bo‘lib tajriba almashgani haqida aytib o‘tgan bo‘lsa, Toshkent Davlat Agrar Universitetidan Nazar Rustam o‘zining biotexnolgiya sohasida erishgan yutuqlari, gen enjenerligi asosida olinayotgan o‘simliklar haqida to‘xtalib, O‘zbekistonda tuproq strukturasini yaxshilashga doir olib borilayotgan islohotlarni so‘zlab  o‘tdi. Bundan tashqari Irrigatsiya va Melioratsiya Instituti magistr va professorlari ham o‘z ilmiy ishlari haqida, Institut hamda Xalqaro aloqalari xususida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Xurshid Maxmudov so‘zga chiqib, o‘zining 7 yil mobaynida chet elda o‘qigani va O‘zbekiston rivojiga hissa qo‘shish uchun qaytaganini so‘zlab, Yaponiyadagi o‘zbek professor va doktorlari O‘zbekistonga qaytib, O‘zbekistonda ilm rivoji yo‘lida hizmat qilishiga ishonch bildirdi.

         Yaponiyaning Nagoya Universitetida o‘qiydigan o‘zbek magistrlaridan Madina Xusanova, Abror Yo‘ldoshev,  Doston Maxmudovlar Universitet bilan batafsil tarzda tanishtirib, ta’lim tizimi haqida to‘xtalib o‘tdilar, bajarayotgan ilmiy ishlari va faoliyatlari to‘g‘risida so‘zlab berishdi. Nagoya Universiteti magistranti Yui Batanami esa o‘zbeklar bilan tuzilayotgan grantlardan xursand ekanligini, bu onlayn forumning oldiga qo‘yilgan vazifalar ikki davlat talabalari orasidagi aloqalarni mustahkamlaydi deb fikr bildirdi. Shu jumladan, O‘zbek olimi, professori hozirgi kunda Nagoya Universiteti professori Umida Ashurova haqida iliq fikrlar bildirib o‘tdi.

Taxayashi Universiteti doktaranti o‘zbek qizi Ozoda Hamid esa Taxayashi Universiteti ta’lim tizimi to‘g‘risida so‘zlab o‘tib, o‘zining ilmiy ishi bo‘lgan Energiya iqtisodiyoti haqida so‘zlab berdi. Shaxsan men uchun Ozoda Hamidning energiyani iqtisod qilish uchun olib borayotgan ishlari yangilik bo’ldi. Va u bajarayotgan ishlarini albatta O‘z
bekistonga qaytib davom ettirishiga va bu iqtisodiyotimiz uchun foydalali bo‘ladi degan niyatdamiz.


Forum do‘stona tarzda savol javoblar shaklida o‘tkazildi. Talaba va magistrlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Ushbu forum O’zbekiston Yaponiya davlatlari talabalari, magistrlari orasida tajriba almashish uchun mustahkam bir qadam bo’ldi deb ayta olamiz.


P.S: Rasmlarning sifati uchun uzr:)
Berdiyeva D.T

Monday 9 November 2015

Nafratga aylanmaydi chin muhabbat

Muhabbatni ko’rdim…

Ha, ishonmayabsizmi… Bugun men uni ko’rdim. Muhabbatni rangini, tuzilishini, qanaqaligini ham ko’rdim hatto…

Ha, men muhabbat haqida eshitgandim, o’qigandim, hatto gapirgandim ham… Ammo ko’rmagan edim.. Bugun uning munis nigohlarida mo’ltirab turgan muhabbatni ko’rdim…



“Shifoxonamizda bir kasal bor, yoshi 35 lar atrofida. O’lolmayabdi. Kimdandir umidvor shekilli. Narkoman bo’lgan ekan”, bilasanmi Dilnavoz, yurakni muzlab qolishini his qildim shunda. Qotib qoldim. Bo’g’zimda bir gap aylandi: “Yo, Rabbiy faqat U bo’lmasin”.

Yosh edim, o’zimni faqat kelajakdagi inson uchun asrardim. Kursdosh yigitlarni ham tanimas edim, hatto. Sen ta’riflagan  “manaman degan qorilar orzu qiladigan insonsiz” degan ta’rifingga o’shanda juda mos edim. Ota-onam aytgan har so’zni jon qulog’im bilan tinglar, ilm olish uchun tunu kun harakatdagi inson edim. Aspiranturaga kirgan yilim, turmushga uzatishdi. Men otamning tanloviga ishonardim. Men eng yaxshi, ezgu niyatlar bilan yangi xonadon ostonasiga qadam qo’ydim. Muhabbat tushunchasini angladim. Alloh yo’lida taqdirim bitilgan insonga ko’ngil qo’ydim. U narkoman edi… Buni bilganimda dunyo torlik qilib qoldi. 4-etajda yashardik. Birinchi farzandim qornimda edi, balkonga chiqib o’sha yerdan o’zimni tashlagim keldi. Ammo men dunyoda yagona qo’rqadiganim Allohning qahridan qo’rqdim. Norasidamni dunyo yuzini ko’rmasdan nobud bo’lishidan qo’rqdim. O’lsam, o’lsam…Uni qamab  qo’yishlaridan qo’rqdim. Yaxshi odam edi, narkotik iste’mol qilmagan vaqtlarda faqat mendan kechirim so’rar, oyoqlarimga tiz cho’kardi. Hadsiz sevardi. Ammo o’sha og’udan kecholmasdi, da’volash kor qilmaydi der, narkotikka o’rgangani o’sha yillar (1990-yillar) haqida gapirib berar, yig’lar, kechirim so’rardi… Uni behad sevardim. Bu shunday muhabbat ediki, ota-onamga aytsam uni qamatib yuborishadi deb qo’qib urganlariyu bergan azoblari haqida aytolmasdim. Bu shunday muhabbat ediki, urib ko’kartirgan joylarining og’rig’idan emas uning cho’kib borayotganidan iztiroblanardim. Bu ilk muhabbat edi, Layli Majnunni bu qadar sevganmas deb o'ylaydigan darajada mehr qo'ygandim unga. Har shanbada qizlik uyimga borardim. Taksida uyimni oldigacha yig’lab borib, uyga kirguncha esa ko’z yoshimni artib kulib kirardim.  Farzandli bo’ldik hamki hammadan yashirardim. U og’u ta’siridan chiqolmasdi. O’sha mashum moddani qabul qilgan vaqtda hech kimni, hech nimani bilmasdi. Shu qadar urardiki, bir safar tepganida bo’g’zimga nafas yetmay qolib, shifoxonaga tushdim. Ota-onamga shunda ham aytmadim. Qaynotam otamni oldiga borib aytmaganlarida, balki tayoqlar ostida o’lib ketarmidim. “Quda qizingizni olib keting, o’g’lim uni o’ldirib qo’yadi” deb bor gapni aytib berganlar. Oilamdagilar bu gapga ishonmagan. “Unaqa bo’lishi mumkin emas, qizim doim kulib yuradiku, baxtliman deydiku, kelsinchi gaplashaylik” deydilar. Men har doimgidek kulib kirdim, gap nima haqidaligini bilmasdim. Otam menga qarayolmay ovqatga qarab so’z boshladilar, va “shu rostmi?” deb tugatdilar. “Yolg’on, unaqa emas. Baxtliman turmush o’rtog’im yaxshilar, iltimos unga tegmanglar” deb yig’lardim.  Onamni hay-haylashiga qaramay yana uni yoniga ketdim. Axir unga kerak edim. Ammo, yana tayoq yeb shifoxonagac tushgach, ota-onam vaziyatni bilgach, o’ldirib qo’yishidan qo’rqishdi.  Otam “bolam ketamiz, bolalaringni va narsalaringni olib chiq’ dedilar. Ishonasanmi, uyda igna ham olib ketmadim, tuflilarimni ham tashlab ketdim, sotsa biror kuniga yarar dedim. Qo’limda nikoh uzugim bor edi, yechib turyumoni oldiga qo’yganimda yuragim chok chokidan uzilib ketdi. Xotira sifatida olib ketgim keldiii, lekin unga kerak edi pul… Sotib biror kuniga ishlatar. Ketar vaqtimda uni aytgan so’zlari hech qachon yodimdan chiqmaydi: “ Allohga aytganim bor ekanki, Alloh qaysidir jihatimni yaxshi ko’rgan ekanki menday nopok insonga senday pok qizni uchratdi. Sendaylar bor uchun ham hali dunyo uzoq turadi. Kechir. Ketma…” Ammo ketdim… Ko’p keldi uyimizga. Ammo kech edi. So’ngra chet elga ketganini eshitdim. Onasi “uylan” deganda, “meni xotinim, bolalarim bor” deb uylanmabdi boshqa… Shundan buyon xabar yo’q… Ishqilib o’sha kasalxonadagi inson Ular  emasmikin deb bahalovatman, qayerda bo’lsa ham omon bo’lsinda, men undan ming ming roziman, O’ZI kechirsin…”

O’ylayman, shu qadar azob bergan odamni nafrat bilan emas muhabbat bilan o’ylay olgan insonning qalbi ummonmikan?

Men

Demak, muhabbatdan nafrat qadar bir qadam yo’l degan so’z yolg’on…

Men muhabbatni bunchalik oliyjanob tuyg’u ekanligini bilmagandim…

Muhabbat insonni bu qadar kuchli qilishini anglamagan edim…

Muhabbatda bu qadar mas’umlik bo’lishini his qilmagan edim…

Muhabbat bu qadar qurbonlikka arzishini tasavvur qilmagan edim…



Alloh hammaga xayrli inson bilan xayrli muhabbat ato etsin..



Xayolimda esa shu misralar muallifini topgandekman go’yo:

“Ҳар оқшом сабримга тиланиб тўзим,

Мен сенга бахтларни соғиниб,

Ўзим-

Кўнглимни музларга бериб яшадим…

Йиқилсам ортимдан суяди тақдир,

Йиғламоқ ёлғондир,

Кўникмоқ  ҳақдир!

Сенга умр тилаб,

Кўксимдан бир-бир-

Сен отган тошларни териб яшадим…

Тиканни гул атаб,

Аламни суйиб,

Армоннинг отини Муҳаббат қўйиб…

Исмингни айтганда пичирлаб,

Куйиб…

Кўнглимга бир муштлаб,

Уриб яшадим…

Ачинма!

Қошингда титрамоқ бекор,

Пойингга сочилса-

соғинчлар беор!

Сен бахтдан барқ уриб кулганингда ёр-

Мен дарддан сарғайиб,

Қуриб яшадим…

Ўкинма!

Тушингда изғисам дайдиб,

Ўксинма!

Ҳушингга келмайман қайтиб…

Исмингни минг бора такрорлаб айтиб-

Сувратинг сурмадек суриб яшадим…

Фалакни тарс ёрди лабдаги титроқ…

Дил қаттиқ. Ер қаттиқ.

Осмон ҳам йироқ…

Сочилдим.

Тўкилдим…

Билмадинг, бироқ!

Мен ишқдан юзимни буриб яшадим!

Сўз дема…

Сўрама шу ҳаста ҳолим.

Игнанинг учида турибди жоним…”