Tuesday 4 April 2017

Yodingdami?

Bugun hayotbaxsh kunlarning eng hayotbaxshida, eng chiroylilaridan birida 14 yillik qadrdonim, do’stlarim bilan ko’rishdim. “Yodingdami” deb boshlanadigan suhbatlarni uchchalamiz ham sog’inibmiz. Bola edik, bebosh edik, energiyamiz olamlarga sig’mas vaqtlar edi.

“Yodingdami, konfet qog’ozini ustiga tosh qo’yib tosh otib konfet qog’oz yutar o’ynardik”

“Yodingdami, tomga olma yeymiz deb chiqqanimizda tomdan tushib ketganding”

“Yodingdami, o’rik daraxtiga chiqib o’rik yeyman deb qo’ling shilinib ketgandi”

“Yodingdami, sizlarnikiga borsak ayang bilan dadang  bolalar multik ko’rib dars qilmay qolmasin deya oq qora televizorlaringni buragichini olib ketardilar ishga, buraydigani buzilganidan qo’lbola olinadigan buraydigan yasab olgandila biznikiga o’xshab”

“Yodingdami, qo’shningni iti kanalni oldigacha quvlab borib oyog’ingdan tishlab olgandi. O’sha vaqtda 100 metrga o’n bir yarim sekundda yugurmasdingda))”

“Yodingdami biz hech ham “xola xola” o’ynamasdik, yo o’qituvchi o’qituvchi va yoki “militsiya militsiya”< “otishma” kabi o’yinlarni o’ynardik”

“Yodingdami, Qizil daryoga cho’milishga borishga dadangdan ruxsat olgani uchkishilashib borardik”

“Yodingdami, koptokni o’rniga noskini ichiga paxta, materiallar solib do’ppi yasab “o’rtaga kirar” o’ynardik”

“Yodingdami Qizil daryoga sel kelsa tomosho qilgani ko’prikka borardik, ko’prik selni toshqinidan qimirlardi, qo’rqsak ham ketmasdik.”

“Yodingdami buvingni ochkilarini taqib burning, ko’zing buncha xunuk deb bir birimizni masxaralardik”

“Yodingdami, biz futbol o’ynagani borsak hech ham seni qoldirib ketmasdik, tomoshoga olib ketardik”

“Yodingdami, maktabda o’qiyotganimizda katta tanaffusda sendan kelib non olib ketardik”

“Yodingdami qizil daryoni bo’yida mayiin qumdan “qaldirg’och uya” yasardik”

“Yodingdami, “Oq terak ko’k terak, bizdan sizga kim kerak” o’ynaganimizda hamma sani chaqirardi”

“Yodingdami, o’zimizcha “qishloq bo’ylab sayohat” tashkil qilardik, uydan topgan narsamizni sumkaga solib chiqardik”

“Yodingdami, hadeb tasbehlaringni uzib qo’yardim”

“Yodingdami maktabdan 4 olib kelganda dadangni oldiga borishga uyalganding”

“Yodingdami bog’ga anor yegani borib oppoq koftayu ko’ylaklarimizni qip qizilga kiritib kelardik”

“Yodingdami non pishiradigan joydan “buxanka” non olib buloqdan oqizib yer edik”

“Yodingdami, anketa daftari tutib rasm qistirib “Sevganingiz bormi” degan savolga javob yozardik 6-sinfda”

“Yodingdami, sirpanchiq uchgani borganimizda, tagimizga selofan qo’yib uchardik”

“Yodingdami qo’lqoping qolib ketsa, hamisha o’zimnikini bittasini berardim”

“Yodingdami chanada yiqilib yuzing shilinib shishib yurgandi”

“Yodingdami, yomg’irda ko’chalarda quvlashmachoq o’ynardik”

“Yodingdami, zontigingni doim tuzatib berardik, buzvurarding”

“Yodingdami, dadangni tug’ilgan kunlaridan keyin uy yig’ishtiryotganingda “futbol boshlandi” deb chaqirganlarida qo’lingdagi bir patnis qimmat piyolalni shoshib agarodga otvorib yugurganing, onang kasov bilan quvlaganlarida dadangni orqasiga bekinvolganing”

“Yodingdami, tipratikanni ushlavolib ninasini tekshirganing”

“Rossa qovun eding eslaysanmi?”

“Yodingdami?”…

 “Yodingdami, biz birga salovat aytardik, salovat aytishni bizga o’rgatganding, hamdni, shukurni, xafa bo’lmaslikni  o’rgatganding. Shu sabab ham silanikiga kelurardik”
"Sen moddiylashma, iltimos"

 “Quyosh derdik seni, hech yig’lamasding, arazlasang ham xafalik bo’lmasdi yuzingda, kel do’stim birga salovat-u hamd aytaylik. Kel, yuzingdagi xafalikni yo’qot, biz dunyolarni kulgusila to’ldirguvchi Dilnavozni taniymiz, qo’li singanida “Alhamdulillah gunohlarim yuvilyabdi, Alloh meni yaxshi ko’radi” deb og’riqdan emas hamd aytib yig’lavorgan Dilnavozni taniymiz, buvisi vafot etganida (8 yoshida) qo’rqmasdan qabristonga borib Qur’on o’qib “Buvijon  omonat gapim Rasululloh s.a.v hazratlarini ko’rsangiz mani nomimdan “assalomu alaykum yo Allohning habibi ” deb qo’ying iltimos”  deya beg’ubor jilmaygan, million marta yiqilsa million birinchisida ham turishga mador topadigan, tunlari atigi 3-4 soat uxlab ham quyoshdek porlab yuradigan, shijoati, nafosati, hayosi, taqvosi, ilmga intilishi, yaxshilikka intilishi bizni ham g’ayratlantiradigan Marvaridimizni taniymiz. Xafalik senga yarashmaydi, kul. Kulgin jigarim, kul.  Quyosh charaqlab tursin”.

Albatta quyosh chiqgay do’stlarim.

Marvaridingiz albatta o’z holiga qaytgay.

Kulgusila quyoshni uyg’otgay…

U albatta million ikkinchisida ham tura olgay…