Monday 15 September 2014

Vatan sog'inchi...



Whatsapp'imga dugonamdan kelgan ushbu hikoya meni juda ta'sirlantirdi. Muallifini bilmayman...


"Ta’tilda edim. Universitetda ishlaydigan faylasuf do‘stimqo‘ng‘iroq qildi: “Bugun ochiq dars bo‘ladi... Vatan tuyg‘usi... Vatan mavzusida! Talabalar seni taklif qilishayapti”. (Shu yeri yolg‘on bo‘ldi, talabalar emas, o‘zi taklif qilayapti...). U desam bu dedi, ke, kelmasang
bo‘lmaydi, deb turib oldi.Kelining ishdan qaytmadi, bolalarga ta’til bo‘lgani uchun
birinchi sinfda o‘qiydigan qizimga o‘zim “enaga”likqilayapman desam ham ko‘nmadi. “Soat o‘n birda. Kech qolma! Qizingni ham ola kel. Shuncha qorako‘z seni kutib turibdi, uyat bo‘ladi...”
Ha, mayli, uyat bo‘lmasin. Mashinani o‘t oldirdim, orqa o‘rindiqda qizim, rulda o‘zim — Universitetga yo‘l oldik. Manzilga yaqin bo‘lish uchun katta aylana yo‘l orqali
yurib, Qoraqamish dahasining qoq belidan qiyibchiqdim. Chorrahaga yaqinlashgach, orqa o‘rindiqdagiqizim yelkamdan turtkilay boshladi.
— Nima deysan? Xalal berayapsan. Bir pas jim o‘tir!
— Dada... dadajon, manavi anhorga kelganmiz-a? Akam cho‘milganlar... Anavi... anavi, qarang, bog‘cha. Men shu bog‘chaga qatnaganman-a?.. Dadajon, ana, svetofor,ana-ana... “Tabassum” magazini, bu-bu, bu esa bizning uyimiz. 
Biz shu uyda yashaganmiz-a? Ana to‘rtinchi qavatdagi ochiq deraza... 
Biz shu uyda yashaganmiz. Men derazadan ko‘chalarni tomosha qilardim-a...Dadajon, to‘xtating, mashinani to‘xtating...
Qizim yig‘lab yubordi... Yo‘l chetida to‘xtadim. Oyoq-qo‘lim bo‘shashib ketdi. Ichimdan nimadir uzilganday bo‘ldi. Qizim bo‘ynimdan mahkam quchoqlab olib hiqillab yig‘layapti:
— Dadajon, jon dada, tushaylik. — U eshikni ochib tashqariga chiqdi. Uy tomon yurdi. A’zoyi-badanim titrab, noiloj ortidan ergashdim.
— Dadajon, uyimizning yoniga borib qaytamiz, xo‘pmi,dadajon...
— Mayli ena qizim, mayli enajon!
Qizim qo‘limdan ushlab meni yetaklab oldi. Yo‘l chetidagi to‘rt qavatli uyga yaqinlashayapmiz. Oyoq- qo‘lim titrayapti. Shu mitti jondagi, mushtdekkina qizaloqdagi hayajon, uning qo‘lchalaridagi taft mening tomirlarimga ham ko‘chdi. Yuragimda allanechuk sog‘inch tuyg‘ulari olovlanib, bo‘g‘zimga nimadir tiqildi...Shaharning o‘ziga xos turmush tarzi taqozosi bilan
farzandlarim tug‘ilib o‘sgan uyni sotib, uch yil muqaddam ko‘p xonali uy olgandim. Olti yoshga kirib-kirmagan qizimning yodiga bunchalar singib o‘rnashgan bu aziz go‘sha qarshisida ayni dam o‘zimni gunohkorday his qilayotgandim. Qizim yetaklayapti, noiloj uning ortidan ergashayapman. Mana, nihoyat uyning yo‘lagiga keldik, ichkari kirdik.Men beixtiyor qizimning ortidan ergashayapman, zinapoyalardan yuqori ko‘tarilayapmiz, yuragim entikib ketayapti, ko‘ksimga og‘irlik qilayapti. To‘rtinchi qavatga chiqdik, so‘l tomondagi o‘sha eshik, 60 raqami ham o‘sha-o‘sha shaklda, almashtirishmabdi. Samodil jajji barmoqlari bilan sarg‘ish dub eshikni siypalay boshladi. Ohista qayrilib munchoqday yoshli ko‘zlarini menga
qadadi:
— Dadajon, ichkariga kirmaymizmi? — dedi ohista, xuddi birov eshitib qolmasin, deganday pichirlab.
— Endi ichkarida boshqalar yashayapti, qizim, — dedim. Samodil uf tortdi. So‘ng:
— Mayli, dadajon! Mayliga, faqat mana shu yerda,zinapoyada ozgina o‘tiraylik.
O‘tirdik. Sukunat. Biroq bu sukut botinidagi “chinqiriq”mening yurak-bag‘rimni ezib yuborayapti. Qizim sekingina qo‘limdan tortdi, o‘rnidan turdi:
— Dada, Siz boravering, men hozir yetib olaman.
— Noiloj, zinapoyalardan pastlay boshladim. Yelkamdan nimadir ezib turganday edi. Uchinchi qavatda to‘xtab uni kuzatdim, jajji barmoqlar eshikka tutash devorlarni siladi, so‘ng qizim eshikni o‘pib qo‘ydi... va ortga burilib zinadan pastlay boshladi. Men shaxdam qadamlar bilan
pastga, birinchi qavatga yetib, tashqariga otilib chiqdim...Mashinaga o‘tirdik. Ko‘zim jimirlashdi. Biroz o‘zimga kelgach, yo‘lga tushdik. Qizim o‘girilib mashinaning orqa oynasidan uyga qo‘l silkib xayrlashayapti. Mashina muyulishga kelganda qo‘l telefonim jiringladi. Faylasuf
do‘stim qo‘ng‘iroq qilayotgan ekan.
— Qayerlarda yuribsan?! Butun boshli auditoriya seni kutayapti... Hech shu bemalolchiliging qolmadi-da...
— Men o‘zi qayerga bormoqchiman? — dedim tutaqib.
— Hoy, esing joyidami? Universitetga, Vatan tuyg‘usi,Vatan haqida...
— Yo‘q, men borolmayman... Biz bu mavzuda gapirishga tayyor bo‘lishimiz, ma’nan tayyor bo‘lishimiz kerak ekan... Men borolmayman...Mashinani boshqa ko‘chaga burdim. Yana telefon
jiringladi. Tag‘in faylasuf:
— Hoy, sen qip-qizil shoir ekansan-ku, xayoling joyidami, hozir qayerdasan, o‘zi?
— Qaytib ketayapman.
— Nega?
— Vatan haqida yuzaki gapirmaslik uchun?
— Bu nima deganing?
— Tushunib ol o‘zing! Ulkan Vatan haqida gapirishdan avval kichik ostona — kindik qoning tomgan uyni ziyorat qilishing, o‘sha uyni yuraging¬ga joylashing kerak ekan...
— Ol-a, gaplaring buncha havoyi bo‘lmasa.
— Bu havoyi gap emas... Buni hozir o‘rgandim.
— Hozir o‘rgandim deysanmi?.. Kimdan o‘rganding? —
dedi faylasuf kesatib.
— Qizim! Birinchi sinfdan o‘qiydigan qizimdan!
— O‘lay agar, jinni bo‘p qopsan. Shu turishda boradigan joying ham tayinga o‘xshaydi.
— Ha, tayin. Hozir vokzalga boraman. Bilet olaman.
Kechqurun poyezdga chiqaman. O‘zimning Mo‘min¬qul qishlog‘imga boraman, ota uyim, ena ostonamga bosh egib ta’zim qilaman, hovlimiz devorlariga yuzimni bosaman... Bilasanmi, ko‘nglimda nimadir uyg‘onganga o‘xshayapti...
Qo‘l telefonimdan ovoz keldi:
— Ovozingni o‘chir! Masxaraboz ekansan! Men seni odam deb hurmat qilib o‘tiribman-a! Ah...
Telefon tugmasini bosib qo‘ydim. So‘ng ukamga, Tali polvonga qo‘ng‘iroq qilib, kechqurun yo‘lga chiqishimni aytdim.
— Yaxshi o‘ylabsiz, aka! Samodil qizingiz toy-toy qilib endi-endi yura boshlaganda keluvdingizlar! Hozir katta qiz bo‘lib qolgandir.
— Xudoga shukr, katta qiz bo‘lib qolibdi, bugun bildim. Mana, gaplash o‘zi bilan...
Ortimga o‘girildim. Samodil orqa o‘rindiqda oynaga
boshini qo‘yib, go‘yoki uxlayotgan kabi ko‘zlarini yumib olgandi... U ko‘z yoshlarini ko‘rsatmay ich-ichidan yig‘lardi."

Hikoyani o'qib turib, hayolimdan o'tgan so'z: "Har bir odam o'z Vatanida chin baxtlidir
"..

Sunday 14 September 2014

Qalbim ardog'ida yashaysan litsey...


Qashqadaryo viloyati Yakkabog’ tumani 2-ixtisoslashgan maktab internatda o‘qiganman. Biz litsey deb aytishga odatlanib qolganmiz. Shunga litsey deb yoza qolaman. Oddiy litsey edi. Lekin biz uchun u litsey VATAN va QAMOQXONA nomiga ega bo‘lgan qadrdon  joy. Balki eshitgandursiz, biz tomonda Sharq Yulduzi jamoa xo‘jaligida 2-ixtisoslashgan maktab internati haqida. To‘g‘ri, bu litsey Nuriston yoki boshqa litseylar kabi judaa mashhur emas, lekin bu litseyni bitirgan o‘quvchilarni 80-85 foizi hozirgi kunda talaba degan nomga sazovor bo‘lishgan.
         Litseydagi mavjud qonun qoidalarni hech boshqa  joyda uchratmaganman. Taxminimcha, siz ham uchratmagansiz. Litseyimiz qonun qoidalarini eng DAHSHATlarini keltirib o‘taman:
1.     Qiz bolalar to‘pig‘ini yopadigan enliii yubka va ichiga yana bitta odam sig‘adigan darajada enlii kofta kiyib yurishlari shart edi. Darvoqe, noskini oppoq bo‘lishi ham talab qilinar edi. O‘g‘il bolalani formasi esa o‘sha o‘sha oq ko’ylagu qora shim.
2.     Litseyda dushanba kuni soat 8:00 da kelib, Shanba kuni 13:00 da ketish shart edi. Xaftani o‘rtalarida ketish man qilingandi. Atroflari panjara bilan o‘ralgan litsey ichida bir xaftalik hayotni tasavvur qiluvring endi.
3.     O‘g‘il bola va qiz bolalar sinfdosh bo‘lishlariga qaramasdan hattoki SALOMLASHISHI ham mumkin emasdi.
Umuman yozaversam bular tugamaydi. Aslida Litseydagi qonunlarni buzib tashlaganlarimiz, erkaligu sho‘xliklarimiz haqida yozmoqchi edim. Butun litsey qoidalarga amal qilardi, lekin bizning sinf hamma qoidani buzib chiqishardi.

METALLOM  izlaganlarimiz…
Sizla tarafda bilmadimku, ammo o‘sha vaqtlarda bizni litseyda har bir o‘quvchi  yiliga nechadur kilogrammdan metallom topshirishi kerak bo‘lardi. Shanba kuni sinf rahbarimiz “Dushanba kuni uylaringdan metal olib kelila” dedi. Biz itoatkorlik bilan “xop” dedik. Lekin metal obkelmaslikka kelishvoldik. Keyingi xafta yana eslatdilar. Ammo bu safar ham olib kelmadik. Uchinchi martasiga bizni “Qamoqxona”dan chiqarib yubordilar “Qishloqma qishloq yurib metal izlaysila” deb. Ooo Ozodlikni qanchalik ne’matligini shunda his qilganmiz. Tuproq ko’chalarda mazza qilib aylanganmiz. Bir sinfdoshimiznikiga borib osh ham yeganmiz. Qaytib kelganimizda hammamizga “haydalish kuyi” chalingandi:). Lekin baribir butun sinfni haydasholmasligini bilardik.

Pozzining muhabbati…
Bir kuni sinfga kirsak Fazilat degan sinfdoshim yig‘layotgan ekan.
-         Nega yig‘layabsiz Fazilat tinchlikmi? deb so‘radik.
Shunda Kamola degan sinfdoshim Ajdar(ismini shart emas. Har holda uni ismini unutvorgan bizani sinfdoshla, o‘ziyam xafa bo‘lmaydi)ni ko’rsatib :
  “ -  Pozzi Ajdar yaxshi gapirgani uchun yig‘ladi; “
  “ -  Nima dedi?”
  “ -  “Pozzi yaxshimisiz” deb mehribonlik bilan so’radi, shunga ko’bgli bo’shab ketdi”
Yaxshi  gapirsayam yig‘laydigan qizga qarab rosa kulganmiz, Muhabbatni tushunmas ekanmizda o‘sha vaqtlada. Hozir Pozzi bola chaqali bo‘lib ketgandur…

Arvoh bo’lib quvlanganlarimiz…
Hammasini Madina boshladi.:
-         Dilnavoz, 11-sinfmiz nahot indamay ketuvramiz?
-         Indab keting unda:)
Reja tuzdik va svet o‘chish vaqtini kutdik. Oq choyshablani yopinvoldik. Yopinishga yopinibmiz ko‘z quloq qirqqanimiz ham mayli, ko‘zni atrofiga qop qora qilib plamastrdan kipriq chizganimizga jaxlim chiqadi. Essiz, chooyshab. Qo‘limizda sham! Soat 22:00 lar atrofi. Svet o‘chdi. Umuman litsey paytimda svet Shov qishlog‘i(litsey joylashgan qishloq)da ikki soatga yaqin yonardi xolos.  Litseyda navbatchi domla  Bobomurodovani oldiga borib , bemalol uxlayverishlarini, kichik sinflarga o‘zimiz “ko‘z quloq” bo’lib turishimizni aytdik. Domla ishondila. Sababi, biz eng og‘ir bosiq, aqlli 11-sinfmizda).
         Eng avval o‘zimizni sinfdoshladan boshladik qo‘rqitishni. Madina sinfdosh qizlarimizni xonasiga choyshabni yopinib kirib, har xil ovozlar chiqardi. Shunda, Xoliqova degan kursdoshimiz bechora Madinaginamni bir tepsala bo’ladimi?! Ular qo’rqishini o’rniga biz qochib qolishga majbur bo‘ldik. Tayoq ostiga qolmaylik dedikda.
Keyin 10-sinf qizlani dars qiladigan xonasiga bordik, borsak bittagina qiz, kitobga boshini qo‘yib uxlayotibdi, sham ham yo‘q. Biz shamimizni o‘chirdikda. d sekin kirib derazalani taqillatib, ovozla berdik. Shunda u qiz uyg’onib
“-Kimsanla? Hozir ustal(stol,) bilan bir solaman”
deb stolni qo’liga olib quvlab ketsa bo’ladimi?! Ularga ham nomerimiz o’tmagandan so’ng 6-sinflani oldiga bordik. Ularni hammasi jo‘jachalarga o‘xshab sham yorug‘ida qunishibgina dars qilib o‘tirishardi. Choyshabga o‘ralgan Manga sezdirmasdan yugurib borib shamni o‘chirish vazifasini yuklatildi.  Qayda?! Yo’lda oyoq kiyimga qoqilib yiqilib urdim, shunaqangi yiqildimki… Qizchachala: “Opajon, nima qildi, suv beraymi” deb yongan yuragimizni yondirishdida.

14-fevral. Direktorning qo’lida so’lib qolgan gullar.
Bizning litseyda, sevgi qattiq taqiqlangan edi. Yaxshi ko‘rdim degan odam “xayr litsey” deb haydalish kuyini tinglashga majbur bo’lardi. Lekin ko‘ngil ekanda, baribir kimlardir kimgadir mehr qo‘yardi. Yashirincha. Yodimda, 14-fevral Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan kunlariga atab kecha tashkil qilish bizni sinfimizni chekiga tushgandi. G’azallar yodlab tursak, Xudoyberdi degan kursdoshim yugurib kelib: “Murodilla bilan G‘iyos qo‘lga tushib qoldi. 14-fevralga sovg‘a olishgandi qizlarga” dedi. Bizni shu tobda qo‘lga tushgan sinfdoshlarimiz emas, ularni kimga sovg‘a olgani qiziqtirib, sinf sardorini savollarga ko‘mib tashladik.  Sinf sardorimiz:
-         Murod Guloyimga olgan
dedi. Shunda Umida : “G’iyoschi” deb so’radi. Xudayberdi ko‘zlarini mo‘ltiratib, jaxli chiqmasa aytaman dedi. Hamma birdan manga qaradi. Chunki, bu mavzuda hech kim faqat manga hazil ham chin ham gapirolmasdi (maqtandim, rostiyamda.). Bu boradagi hazillarni ham tinglamasdim. Bu ham mayli. Direktorimiz “kimga oluvding sovg’ani” degan savoliga “Dilnavozga” degani uchun ham rosa jaxlim chiqqandi. Bechora G‘iyos o‘shandan keyin hecham ko‘zimga qarolmay yurdi. Qo‘rqibmi, uyalibmi qaydam. Shundan buyon har direktorni xonasiga kirib chiqsak, “Essiz, xazon bo‘lgan muhabbatu xazon bo‘lgan gullar” deb kulardik…

Otilgan supurgilar.
Navbatchilik ro‘yhatini man tuzardim. Qizlar sinfda 10 ta edik. Shu bois har kuni 2 o‘g‘il bola va bir qiz bola navbatchi bo‘lardi. Istisno tarzida, Umida bilan Nurbekni ataydan navbatchi qilib qo‘ydik. Sababi, Nurbek Umidani yaxshi ko‘rardi. O‘zining aytishicha, u bir soat soniyama soniya o‘ylab Umidani yaxshi ko‘rishga qaror qilgandi. Biz ataydan ikkalasini navbatchi qilib qo‘ydik. Bir kun sinfga kirsak ikkalasi urushishyabdi “San supur, man supur” qilib. Supurgi Nurbekni qo‘lida. Umida:
-          “Man o‘tgan  safar supurganman, endi san supur”
 Nurbek:
-         “Qachon ko‘rgansan o‘g‘il bolani supurganini?”
Umida:
-         “Mana endi ko‘raman” deyishi bilan supurgini Nurbek Umidaga qarata otdi. Umidayam qaytarib otdi.
 Axiyri yarim yarim qilib supurishdi. KeyinNurbek Umidani arazini yozaman deb bir necha marta supurishga majbur bo’ldi sinfni ).

Madhiya.
Sizlarda qanaqa bilmadimku, bizni litseyda dushanba kuni darslar hammaning sinf sinfida madhiya aytishi bilan boshlanadi. Biz  har safar madhiyani
“Olamni mahliyo aylagan diyor” degan joyidagi “diyor” so’zini shu qadar baland aytardikki, butun litseyu ko‘chalar ham eshitardi. Direktorimizni esa  jaxldan ko‘zlari katta katta bo‘lib ketardi. Direktorimizni familyasi- Diyorov edida)

Agar dozah yerda bo’lsa…
 11-sinfda Yangi yilni qiziqarli sahnalarini asosan 11-sinflar tayyorlashardi. Biz yaxshi sahnalar chiqardik. Domlalarga rahmatlar aytdik. Va quyidagi o‘zgartirish kiritilgan qo’shiq bilan kechani yakunladik.
Olisdagi mahmadana, ikkichi qochoq,
Menga qadam tashlamoqni o‘rgatmagin sen!
O‘zingga boq, keyin, mayli, nog‘orangni qoq,
Menga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin sen!

Hurlik deya yurak bag‘ri kuyik sinfdir bu,
Yaratganning qoshida eng suyuk sinfdir bu,
O‘tmishi ham, ertasi ham buyuk eldir bu,
Menga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin sen!

Tosh agarotlar o‘z-o‘zidan Eram bo‘lmagan,
Lekin sendan bir shirin so’z karam bo‘lmagan,
Bizning sinf  hech kimsaga qaram bo‘lmagan,
Menga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin sen!
Agar jannat ko‘kda bo‘lsa,
ostidadir  O’n birinchi “B”,
Agar do’zah yerda bo‘lsa,
ustidadir O‘n birinchi “B”!( Sinfimiz direktorning tepasida, ikkinchi qavatda joylashgandi)

Sinfimizda matematik daholar bordir,
Devoringda o’n bir “B”ning  izlari bordir,
Mag‘rur sinfning etu tirnoq do‘stligi bordir,
Menga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin sen!

Yaltiragan hamma narsa emas tilla, hey,
Hayfdir senga Naqshbanddan qolgan salla, hey,
Ey Xudoni tanimagan chalamulla, hey,
Menga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin sen!

Xali baland dovonlarga ot qo‘yadurmiz,
Kerak bo‘lsa osmonlarga ot qo‘yadurmiz,
Loqaydligu nodonlikka o‘t qo‘yadurmiz,
Bizga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin sen!

Agar jannat ko‘kda bo‘lsa,
ostidadir  O’n birinchi “B”,
Agar do’zah yerda bo‘lsa,
ustidadir O‘n birinchi “B”!


Hozir esa litsey tugatilib ketgan. Biz baribir litseyni sog‘inamiz. Paxtaga chiqib 3 kishilashib 8 kilogramm paxta terganlarimiz, direktorni “Muttaham, tekinxo‘rlar” deb urushganlari, “A”sinfimizni “VTP”, “KOM” deb atab kulganlarimiz, o’zimizni “ZAM” deb ataganlarimiz, paxtaga qora yubkada chiqqanlarimiz, SOSTAV bilan Shahrisabzni aylanganlarimiz, Yumshoq supurgining “Yangi yil kelyabdi qor ko‘rinmaydi, Hamma bor bazmdda yor ko‘rinmaydi” degan she’rini aytib uyaltirganlarimiz, qornimiz och qolganda esa devordan oshib o‘tib G‘iyos va Fazilatlarnikidan ovqat yeb kelganlarimiz, “ZAKOVAT”(litseyda har xafta oxirida tashkil qilinardi) o‘yinlarining savollarini o‘g‘irlab g‘olib bo‘lganlarimiz, “A” sinfimizni zinasini ataydan sirpanchiq qilib qo‘yganlarimiz, Futboldan sinfdoshlarimiz yutishini istab kechasi bilan sham yoqib duo qilib chiqqanlarimiz, lyustrani sindirganlarimiz, arqon tortish o‘yinlarida eng birinchi bo‘lganlarimiz va hokazo hokazolar… Litseyni yomon ko‘rib sog‘inamiz, sog‘inib sog‘inib yaxshi ko‘ramiz… Qalbim ardog‘ida yashaysan litsey…

Berdiyeva Dilnavoz Toshkan qizi.

Thursday 11 September 2014


Charchadim. Judayam. Odamlardan. Tushunmasliklaridan. Anglamasliklaridan charchadim,
Doimiy savollardan. Doimiy mas'uliyatlardan.
Yalmog'izdek g'ururning dastidan dod...
Tinimsiz so'roq qilaveradigan bu vijdonga bir dam uyquni qaydan topib beray.
Xudbin bo'lay bir lahzaga... Bir lahza tushunishsin. Bir dam bo'lsada ko'nglim bilan hisoblashishsin.
Mayda tashvishlardan katta TASHVISH yasaydigan maydagap odamlarni bir tushursamda.
Ko'ngli keng odamlar qayerdasiiiizzzzzz,,,,
Buncha noshukrman a?!
Nima bo'lsa ham O'ziga shukr.
Tiriklik uchun, hayot uchun...



Monday 8 September 2014

Qadrli qadrsizlarga…



Qadrli qadrsizlarga…

Yetar, yo’llarimga intizor bo’lma ,
Tunlar meni deya buzma oroming
Joningni jonimga poyondoz etma
Men sevging qadriga yeta olmasman…

Meni deb dunyodan kechgan eding rost
Og’uni visol deb ichgan eding rost
Meni borlig’ingla kutgan eding rost
Men sevging qadriga yeta olmasman…

Yonimda oshiqlar parvona bo’ldi
Har qadam yo’limda giryona bo’ldi
Faqat dil hammaga begona bo’ldi
Men sevging qadriga yeta olmasman…

Xullas ko’chamizga endi kelmagin
Har o’tgan kishidan meni so’rmagin
Shirin so’zlarimga mushtoq bo’lmagin
Men sevging qadriga yeta olmasman…

Bilibmi bilmaymi xatolar qildim
Ko’p bora o’zimga binolar qo’ydim
Seni senligingcha seva olmasman
Sevgingni qadriga yeta olmasman


Berdiyeva D.T.