Sunday 17 September 2017

Aya


Men unga juda o’xshayman.
Suv tegsa qo’ng’iroq bo’lib ketadigan sochlarim, tirnoqlarimning tuzilishi, yanoqlarim, qoshlarimning shakli, ovozim…
Men unga juda o’xshayman.
Kulganda sharaqlab kulishim, qaysarliklarim, uyg’onganimda yuzimda kitobning izi qolib ketishi, mehribonligim, haqiqatparastligim, sadoqatligim, biror narsaga erisha olmasam qayg’urmasligim, erishsam shukrim…
Yo’q, men unga o’xshamayman. O’xshay olmayman. Axir uning kabi mehribon bo’lish osonmi?!
Tunlari uxlab turib uyg’onib ketib “bolam tinchmikin” deb xavotirlanishiyu lekin qo’ng’iroq qilishga botinolmay bezovta qilmay deya o’z yuragini bezovta qilishi… Ovqat yeyish vaqtida “dangasaginam ovqat yedimikin” deb luqmani yutishga qiynalishi, “yaxshi uxlayabdimikin”, “hech kim xafa qilmayabdimikin” degan o’ylar miyasida har soniya bo’lishi… Orzularini bolasini ko’ngli uchun ko’mibgina qo’ya olishi… Dam badam uyda yo’qligini unutib “Dilnavoz” deya chaqirib yuborishi, bag’ritosh qizini rasmiga qarab “sog’indim” deb qo’yishi, bolaligini eslab kulishi, “sutchoy”ini ichmaganida jazo
uchun xonaga qulflab qo’yganini eslab “o’shanda ham qaysar eding” deb erkalashi, “o’sha paytla yaxshigina eding” deb hazillashib qo’yishlari… Ikkita odam bir bo’lsa bolasini bolaligini eslab kulib yig’lashlari…
Men unga o’xshay olmayman. Uning kabi jasoratli bo’lish juda qiyin. U men uchun islohot timsoli, bir umr o’zini ustida ishlagan inson. Uning kabi adolatli bo’lishim, uning kabi g’amxo’r bo’lishim qiyin… Uning kabi inson bo’lishim qiyin… Ammo, unga o’xshagan, onamga o’xshagan ona bo’la olaman, in shaa Allah…
Bugun onamni juda sog’indim…

Mana shunday vaqtlarda, bor-ey deb yoningga qaytgim keladi onajon…
Meni seni o’ylayman shom-u saharda,
Ona sog’insam ham bora olmayman
Tunlari chorog’on shunday shaharda
Hech kimga dardimni ayta olmayman…