Friday 26 June 2015

Organizmning sirli sandig'i

Inson yaralibdiki, o‘zining tuzilishiga, qanday yaratilganidan tortib barmoqlarining sonining nega aynan o‘ntaligigacha qiziqadi. Qiziq, nega odam ajdodlariga o‘xshaydi? Odamning xarakteri ham, hattoki e’tiqodi ham ota-onaga o‘xshaydi ba’zan. Bu qanday ro‘y beradi? Axir ajdodlardan shu belgilarni olib o‘tadigan “nimadir” bo‘lishi kerakku. Ota-ona bilan bolaning qon gruppasi har xilu sochlarining rangi bir xil bo‘lgan holatlar ham mavjud.O’sha bizning irsiy axborotlarimiz saqlanadadigan “nimadir” qamday tuzilgan? Bu qanday jarayon o‘zi?
 Bugun litseyni bitirganimizdan buyon na meni, va na boshqa sinfdoshlarni yo’qlaydigan, sinfdoshlar bilan yig’ilsak ham kelmaydigan bir sinfdoshimiz yo’qlab kelibdi mani, Universitetga, yuqoridagi savollarga javob izlab. Shu sabab ham shu blogpostni yozishga azm qildim. Menimcha  shu sinfdoshimni qiziqtirgan ushbu savollar sizni ham qiziqtirgan. Aslida, meni Biokimyo yo‘nalishini tanlashimga turtki bo‘lgan narsa  mana shu savollar, mo‘jizalar,  O‘Zni ilmiy o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqdir.
Bilaman, meni o‘qiyotganlar ichida biologlar kam. Shu boisdan ham ajdodlardan bizga irsiy axborotlarni olib o‘tadigan o‘sha “nimadir”  haqida  ilmiy emas dehqonchasiga tushuntirishga harakat qilaman.
Har soniya sayin kashfiyotlar qilinmoqda. Shunday buyuk kashfiyotlardan biri fan olamida DNK(dezoksiribonuklein kislota ) ning tuzilishini kashf etilishi bo‘ldi desak adashmaymiz.
Avvalombor shuni e’tirof etish kerakki, DNK jamiki tirik mavjudotda va bir qancha viruslarda topilgan.  DNK –irsiyatning moddiy asosi hisoblanadi. Irsiyatning moddiy asosi deganda shuni tushunish kerakki, DNK da irsiy axborot saqlanadi, va mana shu irsiy axborot nasldan naslga beriladi. Ota – onada uchraydigan xislatlarning, o‘xshashliklarning farzandda ham takrorlanishi mana shu  DNKda saqlangan axborotga bog‘liqdir. Farzandlarga tashqi tuzilish, intellect, xarakter kabi hislatlar bilan bir qatorda hatto organizmda kechadigan  qon aylanish, ovqat hazm qilish kabi  fiziolgik jarayonlarda uchraydigan kasallik yoki holatlarning o‘tishi ham mana shu irsiy axborotning tashilishiga bog‘liq.  DNKda yozilgan axborotlar sig‘imi olimlarni , butun insoniyatni hayratda qoldiradigan darajada kattadir. Ma’lum bo‘lishicha, insonning bitta DNK molekulasida yozilgan axborot million jildli ensiklopediyani to‘ldirishga yetarkan. Tasavvur qilyabsizmi atigi qondagi yadroda joylashgan mittigina “ipchalar” da shuuuncha ma’lumotni saqlanishini?! Organizm va hujayra haqidagi barcha informatsiyalar hujayra yadrosidagi DNKda yozilgan bo‘ladi.  Shu sabab ham , DNKni majoziy ma’noda “Organizmning sirli sandig‘i” deb ataladi.  Men “ip”ga o‘xshatayotgan DNK qo‘sh spiralga o‘xshaydi. Buni tasavvur qilish uchun xayolingizga ikkita ilonning bir biriga zanjirsimon chirmashib yotganini tasavvur qiling.
DNKning qo‘sh spiral ekanligi ma’lum bo‘lishidan oldin  DNKning tuzilishi haqida juda ko‘p muammoli savollar bor edi, jumladan irsiy axborot DNKni qayerida joylashadi? Yadro shikastlanganda irsiy axborotlar ham buzilib ketmaydimi  va hokazo.
DNKning qo‘sh spiral tuzilishini insoniyatga tushuntirish ham juda murakkab hodisa bo‘ldi. Shuning uchun Uotson va Krik (DNKning qo’sh spiral tuzilishini kashf etgan ushbu kashfiyotlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan olimlar) o‘sha kezlari yangi qurilayotgan uylarning quruvchilari bilan uchrashib, ularga uy zinlarini aylana spiral shaklda qurishini iltimos qilishadi. Va olimlarga ana shu zinalar yordamida DNK zanjirining qaysi qismida azot asoslari, qaysi qismida uglevod,fosfor qoldiqlariyu irsiy axborot joylashganini ko‘rsatib tushuntirib berishadi. Bunga ko’ra zinani qo’l bilan ushlanadigan tutqichlari borku shu joy DNKning tashqi qismi bo’lib uyerda DNKning uglevod, fosfor qoldiqlari joylashadi. Zinani yuradigan joylarida nuklein kislotalar bor deb tasavvur qilvorsa bo’ladi. Aytganimdek , zinani spiral holini aynan tasavvur qilish uchun quyidagi rasmga qarang:.
                                      

Yuqoridagi rasmga qaraydigan bo‘lsak, qo‘sh zanjirning ichida A(Adenin)ning qarshisida T(timin), G(Guanin)ning to‘g‘risida esa C(sitozin) joylashgan. DNKda saqlanadigan axborot aynan mana shu azot asoslarida yozilgan bo‘ladi. Azot asoslari spiralning ichida turli ta’sirlardan holi qilib joylashtirilishi hali fan yecha olmagan sinoatlardan biridir. Mo‘jizani qarangki irsiy axborot aynan DNKning ichki qismida saqlanadi. Vaholanki, dezoksiriboza(uglevod) va Fosfor qoldiqlari zanjirning chetida joylashib turli ta’sirlarga uchrashi ma’lum. Irsiyatning yuqoridagi holatda saqlanib avlodlarga turli o‘zgarishlarsiz,mutatsiyalarsiz o‘tishi bu ham olam yaratilishining mo‘jizlaridan biri desak yanglishmagan bo‘lamiz.
 Ushbu saqlangan axborotning naslga naslga berilishida, shakllanishida biologic dogma(replikatsiya-transkripsiya-translatsiya) bosqichlari bosilib o’tiladi. Bu haqida batafsil yozish niyatim bor albatta.
         Ha yana ko’pchilikni qiziqtiradigan savol: “DNKni qo’l bilan ushlab, ko’z bilan ko’rib bo’ladimi?”. Ha, albatta. DNKni turli organizmlardan:o’simlikdan, hayvon(qoni)dan, odam(qoni)dan ajratib olinganda bemalol ko’rishimiz mumkin. J

DNK tahlili tufayli irsiy kasalliklarning aniqlanishi, da’volash chora tadbirlarining yo‘lga qo‘yilishi jamiyatda sog‘lom muhitning shakklanishiga olib kelmoqda. Hattoki zamonaviy texnologiyalar asosida homila xorionidan ajratib olingan suyuqlikni DNKsi o‘rganilishi natijasida tug‘ilajak bolaning irsiy kasal yoki sog‘lom tug‘ilishi aniqlanmoqda.


         DNK to‘g‘risida qiziqarli faktlar:
1.     DNK har bir tirik hujayradan topilgan.
2.     Har bir hujayra ichidagi DNK spirali tekislansa uzunligi 2 metrga yetadi.
3.     Genetik o‘xshashlik: Odamning DNKsi tarkibidagi nukleotidlar ketma ketligi Ichak tayoqchasi bakteriyasi bilan 7 %, chuvalchang bilan 21 %, Sichqon bilan 90 %, Shimpanza bilan 94-98% o‘xshash bo‘ladi.
4.     DNK hujayra yadrosidan tashqari mitoxondrya va plastidalarda ham mavjud bo‘lib , lekin irsiy axborotni o‘zida saqlamaydi.

5.     Butun odamzotning DNKsi 99% bir biriga o‘xshash bo‘ladi. Faqat 1 %gina bir biridan farq qiladi. Ota-onalarga esa bolaning DNKsi 99,8 foizgacha o’xshaydi.

  P.S: DNK haqida ko'p va xo'p yozish mumkin, maqolaga o'xshab qolmasin deb qisqartirdim.
  P.S.S: DNK haqida batafsilroq yozilgan maqolam "Ma'rifat" gazetasida chop etilgan edi.

Monday 8 June 2015

O'zligimizni asraylik...

Hayosizlikni demokratiya deydiganlar o‘qimasin.

“Manim mezonim vijdonim bo‘lib keldi, bundan so‘ng ham jilovim uning qo‘lida” degan edilar ustoz Abdulla Qodiriy.

Fikrimcha har bir odamning yashash prinsipi, amal qiladigan mezonlari mavjud. Bu mezonlar etiqoddan, tarbiyadan, dunyoqarashdan, bilimdan kelib chiqqan holda shakllanadi. Erk oliy tushunchaki unga ko‘ra inson ana shu mezonlar asosida harakatlanadi, bilganicha, anglaganicha yashaydi.  Bu yashash harakatlarda, imidjda, odamlar bilan munosabatlarda bo‘y ko‘rsatadi. Ha, men bugun ana shu siyqasi chiqqan mavzu haqida – madaniyatimizni dunyoga ko‘rsatishda ilg‘or vakillarimiz bo‘lgan qo‘shiqchilar haqida, aynan o‘sha mashhurlar  haqida yozmoqchiman. Yozish men uchun bugun ehtiyoj emas, majburiyat,
Yoshligimdan juda ko‘p savol berib o‘rganganman. Qiziq, O‘zbeknavo degan tashkilot nega mana shunday kiyimlarda xalq ko‘ziga ko‘rinishga ruxsat beryabdi ekan? Ajabo, qaysiduram qo‘shiqchi(nomi yodimda yo‘q, Botir Qodirovmidi..) chet elga ruxsatsiz ketgan deb litsenziyadan mahrum qilinadiyuu, axloqsiz kiyimlarda omma ko‘ziga ko‘rinishdan uyalmayotgan, ma’naviyatimizga zarar yetkazayotgan odamlardan litsenziya olib qo‘yilmaydi?! Balandparvoz gaplardek tuyular ehtimol, lekin men juda qo‘rqaman, kelajakdan juda qo‘rqaman. Avvalo, Allohim O‘zi tarbiya qilgan farzandlar bilan siylasunkuya, lekin ularni bunday hayosizliklardan qanday himoya qilarkanmiz a?! Ajab, kelajagimiz vakillarini ko‘zlari, qalblari qotib qolmasmikan? Hayosizlik oddiy holatga aylanib qolgan jamiyatda vatanini, oilasini himoya qiladigan avlod shakllanarmikan?! Milliylik deb bong urayotganimizda milliyligimizni dunyoga taratadigan  vakillarimiz yarimyolong‘och holda bizni tanitadilarmi?! Tasavvur qiling, oldingizdagi qizingiz siz bilan bemalol choy ichib Lolani kiyimini muhokama qilsa?! Dahshat emasmi bu?! Yigitlarku mayli, qizlar ham qarashga botina olmaydigan bu kiyimlarni kiyib chiqishga uyalmayotgan, vijdonlari yo‘l qo‘yayotgan MA’NAVIYATIMIZ TARANNUMCHIlarini yo‘lga solib qo‘yadigan tashkilot yo‘qmi?! Nafsoniyatimiz shu qadar pastmiki, dunyoda bizni shunaqa kiyinadigan deb o‘ylashsa, chidasak…Yoxud Abror Qodirovning ushbublogpostidek holatlar  ko‘payib ketsa ham ko‘z yumib ketaversak?! Ajab deyman.. .
Xop, uyda xohlaganicha kiyinsin, lekin xalq e’tiboridagi odam bu toifa kiyimlarni ko‘chada, sahnada kiyishdan ozgina bo‘lsada yuzi qizarsa, hech bo‘lmaganda yubkasini pastga tortib-tortib qo‘ysa bo‘lmasmikan?! Shim kiyishsa ham mayli, faqat tanalarini ozroq yopishsin…Qanday chiroyli milliy liboslarimizni zamonaviylashtirilgan fasonlari bor, shularni kiyib chiqsa yarimyolong‘ochlikdan chiroyli ko‘rinmaydimi? ! Hech bo‘lmaganda sog ‘liklarini o‘ylashsin.
Ochiq kiyimlar tanadagi pigmentatsiyani buzadi, epifiz degan bez  ishlab chiqaradigan gormon – melotonin o‘z vazifasini bajarmay qoladi. Yozda kunduzgi soat 9 dan keyingi quyosh nuri xavfli, tanada  teri o‘smalarini yuzaga chiqaradi, terini qaritadi. Mana nima uchun ayollar tez qariydi degan savollaringizga javob! Tor kiyimlar esa oshqozon ichak faoliyatini buzadi, mushaklarni erkin harakatini kamaytirishi evaziga nafas xastaliklari kelib chiqadi…
Bir tanishim bor, ko‘zining zreniyasi -8 va -9.  Ishdan juda kech qaytadi, ko‘p ko‘rib qolaman ochkisiz yuradi, yo‘lni xira ko‘radi…  Doim unga,: “ochki taqishdan uyalma? Joningda qasding bormi, bunaqa yurma” deyman.. Oxiyri bir kuni yorildi: “Dilnavoz, hech kim menchalik shukrona qila olmasa kerak ko‘zining ko‘rmasligiga, ishda ochki taqaman, ammo ko‘chada taqmayman, sababi ko‘chadagi yarimyalong‘och qizlarni ko‘ra olmayman, ularga tikilishdan bebahraman. Nigohlarim pok qoladi, kechqurun vijdonim bilan bemalol gaplashib yotaman, oriyatim tinch” deydi… Jiiim qolaman, kiyimimga qarayman…
2010-yil Ispaniyada edim. Biz turli davlat vakillari vatanimiz haqida taqdimot qildik, urf-odatlarimiz to‘g‘risida gapirdik. Ularning ko‘pchiligi uchun O‘zbekiston degan davlat, o‘zbek degan millat notanish edi. Bizni taqdimotimizdan keyin ularda biz haqimizda tushuncha paydo bo‘ladi. Ispaniyada qo‘l berishib, o‘pishib ko‘rishish oddiy holat, do‘stona holat. Biz bu haqida, bizda unaqa ko‘rishish uyatligi xususida gapirganimizdan so‘ng ular bizni odamovi degan xayoldan kechishgan. Juda yaxshi kirishib ketganmiz. Hattoki qo‘l berishmasdan “Que tal?” deb ko‘rishadigan, millatimni, urf-odatimni hurmat qilgan ana shu do‘stlarimni qalbimda cheksiz hurmat bilan eslayman hanuz…
 Bir kuni ispan tili darsidan hamma o‘z davlatidagi mashhur odamlar va qo‘shiqlar haqida gapirdi. Jumladan men ham gapirdim va “ Do‘ppi tikdim” qo‘shig‘ini aytib berdim. Videosini ham ko‘rishni xohlashdi, youtube’dan shu ashulani izlarkanman, ichimda “Ey Xudoyim sharmanda qilma, ishqilib yarimyolong‘och kiyingan birortasi chiqib qolmasinda” deb o‘tirdim, harqalay sharmanda qilmadi… Youtube ushbu ashulani videosini ko‘rishib havas qilishgani shundoq yuzlaridan bilinib turardi.. Savollar tagida qoldim “Sizlarda shunaqa kiyinishadimi? Hamma qizlar ham yuzga tik qaramay gapiradimi? Sizlarda erkaklar kosa yuvmaydimi? Ovqat qilmaydimi?” kabi… G‘ururlaniiib gapirib ketdim, biz haqimizda, millatimiz haqida… havas qilishdi, yashagilari keldi O‘zbekistonda, hatto Andrew degan bir kursdoshim muhabbat izhor qilib qoldi:). U menga emas, go‘zal odatlarimizga, inja kiyimlarimizga, beg‘ubor, chiroyli hayotimizga oshiq bo‘lib qolgandi aslida… Rosti, o‘sha darsdaa vijdonim simillab qo‘ygandi, axir hamma ham aytganimdek emas, hammamiz ham unday emasmiz…
Mana shunday chiroyli odatlarimizni ko‘rsataylik dunyoga, “uzbek girl” deganda googledan ochiq oyoqlar emas atlas kiygan qizlar chiqib kelsin. Yoqimli ovoz Yaratganning ne’mati, shunday chiroyli qo‘shiqlar aytayotgan qo‘shiqchilarimiz ozgina liboslariga ham e’tibor berishsin. Ochiq aytaman, men Lola Yo‘ldoshevaning muxlisasi edim, “Qolaymi aytgin”, “Sog‘indim” degan ashulalari playlistimda o‘chirilmaydigan ashulalardan… Oxirgi vaqtlardagi kiyimlari…Ammo, lekin, biroq, ustoz Tohir Malik aytganlaridek “Biz hayosizlikni san’at deb bilmaymiz”… Ko‘nglimiz qoladi hayosizlik targ‘ibotchilaridan… O‘zlariga kelishsin, o‘zlarini anglashsin…

Nigohlar zinosi og’ir gunohdir
Behayo qizlardan yuragim “oh” der
Razolat degani balki shundoqdir
O‘zligingiz asrang o ‘zbek qizlari…

Siz bo‘lajak ona, Sharqning ayoli
Siz O‘zbek qizisiz bo’ling hayoli,
Axir yomon bo‘lgan behayo holi
O‘zligingiz asrang, o‘zbek qizlari…

Ibola sindiring shayton qo‘lini
Tutingiz siz mahkam iymon yo‘lini
Mag‘rur ayting O‘zbek so‘zini
O‘zligingiz asrang, o‘zbek qizlari…

Dilnavoz B.T.



Tuesday 2 June 2015

...



“Chiroylisan dedilar,o'tkinchi dedim.
Go'zallik umrning sog'inchi dedim.
Sen uchun jonimni beraman dedi.
Qani, bir yonimda o'lingchi dedim.

Umrimga quyoshsan deydi jilmayib
Quyoshdan zerikar odamlar dedim
Ko’zlarim sendadir deydi xo’mrayib
Qani, ko’zlaringiz sug’uring dedim…

“Sensiz baxt yolg’on” deya ertaklar aytar
Mutlaq baxt aslida yolg’onku dedim.
Kiprik qoqmay: “Hayot poyingda” deyar
Hayotingiz shunchalar arzonmi dedim.

“Dunyoyim baxshida” deydi tap  tortmay
Dunyo siznikimas deyman o’ylanib…
Berahmsan der o’zga gap topmay
Yuragim muzlagan deyman o’rtanib...

Menga dunyolarni baxsh etmang sira
Sevsangiz duo-la saodat tilang
Bag’ritosh deb qilmang o’pkayu gina
Allohdan mendanda yaxshi qiz so’rang.

Berdiyeva D.T.