Wednesday 11 May 2016

Tilimdan kofir qilmang

Bemorimning onasi telefon qildilar. “Iltimos bir kelib keting”. Oyog’imni qo‘limga olib yugurdim.  Shifokorlar uyiga ruxsat berishibdi, “odatiy hol, dorilarini davomiy iste’mol qilsin” deya…  Shundoq uyiga kirishim bilan qorinchasi shishgan, qovoqlari osilgan ammo yuzlarida beg’uborlik, issiq istara mavjud bo‘lgan 7 yoshli qizaloq “Ana opajonim keldilar, ana” deya quvonib ketdi. O‘rnidan turishga harakat qilar, madori yetmasdi. Boriboq qo‘llarini ushladim… Yuzlarimni silab “opajon  katta bo‘lsam  manam sizga o‘xshab mehribon, chiroylii qiz bo‘laman ” deydi…  “Sen mendan ham yaxshi bo‘lasan” deyman ko‘zlaridan o‘pib.
 Ikki xafta oldin shifokorlar “qizingizga psixolog yollang” deyishganda moddiy ahvoli sabab yollay olmagan o‘ychan ona bilan tanishib qoldim.  Hali shogirdman. Shu sabab eplolmayman deb o‘yladim ammo O‘ZI yordamchim bo‘lishiga qattiq ishonib qizaloq bilan ishlay boshlagan edim.
Sentyabrda kiygan maktab formachasi aprelda kalta bo‘lib qolgani, moddiy yetishmovchilik tufayli uzunrog’idan olib berolmaganda tizzalarini quchoqlab “tizzalarim ochilib qoldi, uyalib ketayabman onajon” deb yig’lagan qizaloq, umidlari osmoncha bo‘lgan, tabiatni, qushlarni, gullarni yaxshi ko‘rgan, umrining ko‘p qismini shifoxononaning devorlariga qarab o‘tkazgan bolakay, onasining doriga puli yetmay qolganini bilib joni og’risida sezdirmaslikka uringan go‘dak, bu hayotni tark etishga ko‘zi qiymayotgan tirik jon…
O‘zidan, umridan norozi,  “Nega ammamni o‘g’liga turmushga chiqdim-a?” deb so‘lib borayotgan bolasiga qarab ko‘z yoshlarini tiya olmayotgan mushtipar ona…
Kuniga ming azobda 40 000 sumlik dori topib kelib ham farzandining yuzlaridan uning xastaligini arita olmayotgan, o‘shanda jur’atli bo‘lib “Tog’amni qiziga uylanmayman” deya olmabman deya ich etini yeyayotgan ota…
Salgina ovqat yesa, non tishlasa qorni shishib hansirab qolayotgan,umrining so‘nggi soniyalari yuzlarida zohir bo‘lgan farzandiga qarab ado bo‘layotgan ota-onalar…
O‘ylayman men ikki xafta  shuncha mehr qo‘yib ulgurganim bu qizaloqning holi yurak bag’rimni o‘rtayabdiku, ota-onalarining ahvollarini yoritishga mening qalamim ojiz…
Tashxis: Mukovitsidoz.
Sabab: Ota-onasi qarindosh.
Bu kasallikning 7 ta asosiy tipi bo‘lib, kasallik juda og’ir kechadi. Uglevodlar almashinuvi faoliyatining buzilishi bilan bog’liq kasallik bu. Har qaysi TIPIning oxiri o‘lim bilan yakunladi. Statistik ma’lumotlar va ilmiy izlanishlar natijasiga ko‘ra  maksimal yashash vaqti 20 yosh.
Bu kasallikka asosan qarindoshlar orasidagi nikoh sabab bo‘ladi.
Har doim aytganman, va yana takror aytaman naslingiz haqida qayg’urishingizning birinchi qadami genetic jihatdan uzoq bo‘lgan insonlar bilan turmush qurishingizdir. Shu gapni qayerda aytmay xoh ijtimoiy tarmoqlar, xoh auditoriya bo‘lsin bir xil tipda savol beriladi. “Nima siz Payg’ambarimiz s.a.v ga qarshi chiqmoqchimisiz, ular qizlarini amakilarini o‘g’illariga turmushga berganlarku”.  Eng jaxlimni chiqaradigan joyi, ular men dinimdagi pozitsiyamni bila turib, agar sahih ma’lumotlar keltirilsa har qanday bahsda “men yengildim” deya olishimni bilib shunday savol beradilar. Boisi, hali hech ko‘rmadim dini musulmon bo‘lmagan shifokorga yuqoridagi savol bilan murojaat etilganini.
Avvalo shuni bilingki, hozir ham, bundan oldin ham bundan keyinham Payg’ambarimiz s.a.v hazratlarining nasllaridek toza nasl bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Toza nasldan toza nasl kelib chiqadi. Tenglashishga urinmang. Bundan tashqari, Payg’ambarimiz s.a.v davrlarida genetic modifikatsiyaga olib keluvchi mutagenlar hozirgi vaqtdachalik bo‘lmagan. Hozirgi texnika, ekologik buzilishlar u davrda bo‘lmagan. Hozir mutagenlar sabab turli irsiy kasalliklar yuzaga chiqmoqda. Qarindoshlar orasida nikoh tuzilganda esa yashirinib yotgan  (geterozigot holatdagi ) xastalikka mutagen ta’sir etadi va kasallik avlodda o‘zini nomoyon qiladi.
Endi qarang, bizga dinimiz nimani buyuradi: Muhammad s.a.v ummatlarini ko‘paytirishni. Shunday emasmi? Biz Muhammad s.a.v ummatlarini sog’lom, ilmli qilib tarbiyalashimiz kerak emasmi? Buning uchun biz naslimiz haqida qayg’urishimiz, bo‘lish ehtimoli yuqori xastaliklarni oldini olishimiz kerak emasmi?
Keyin, men sizga Payg’ambarim s.a.v xato qilganlar demayabman, demayman ham. Buni mani tilimdan eshitishga ishtiyoqmand bo‘lmang. Va, azizim, bilingki, Payg’ambarimiz s.a.v qilgan hech bir ish Allohning iznisiz bo‘lmagan, hech bir ishlari behikmat bo‘lmagan, hamma amallarida Allohning xohishi bo‘lgan. Sizda shunday  xabar bormi?! 
Va yana, hatto oddiy amallarida sunnatga amal qilmaydiganlar, dinimni pesh qilib manga shu savolni bermang. Tilimdan kofir qilishga urinmang iltimos. Bu o‘zingiz uchun foyda bo‘lmaydi.
Odamlar, bolalarni faqat urushlar qurbon qilmaydi! Ularni kasallik ham nobud qiladi va qilmoqda.
Har kimni sog’lom nasl bilan rizqlantirsin.