Friday 23 January 2015

Puankare va men.


Bu qissa haqida yozmoqchi emasdim toki bugun fakultetga borib bir ustozimni xonalariga kirib uning ko‘zlaridagi yoshni ko‘rmagunimcha. Yozish men uchun ehtiyoj ekanligini ana shunda anglab qoldim.
Vaqt oqimi bo‘ylab shiddat bilan suzib ketayotgan bir vaqtimda  "Puankare" qissasini o‘qishni tavsiya qilib qolishdi. Bu qissani ikkinchi marta tavsiya qilishgandi. O‘qidim. Va bu asar meni Voynichni “So‘na”sidek xayolparast qilib qo‘ydi, xuddi "So‘na"dek anduhga botirdi. 
Men ana shu sochlari to‘kilgan, portfeli eskirib ketgan, bir umr moddiyatdan qochib yashagan odamni yaxshi ko‘rib qoldim. Uning shijoatida o‘zimni ko‘rdim: butun dunyo olimlari “isbotsiz gipoteza” deb tan bergan bir vaqtda  uning  rudalar uyilib yotgan tog’dan oltin kukunini izlashga kuch topa olganini o‘qib men ham xuddi ana shu Quvvatni his qilardim tanamda, yuragimda…Xuddi shijoatim abadiydek, xuddi bir umr navqiron bo‘lib qoladigandek o‘ylardim o‘zimni. Men uchun maqsad ZO‘R bo‘lish emas, duolarda yashash,odamlarni, bashariyatni rozi qilish edi, xolos. Ishonasizmi men xayollarimda, orzularimda OITSga qarshi tomchi vaksinalar o‘ylab topardim, Gepatit C ning qondan ketmaydigan xilini qonga Gepatit C virusini o‘ziga yopishtirib olib ingibirlaydigan(faoliyatini cheklaydigan) turli sun’iy oqsillar olar  edim. Orzularimda bu dardlardan xalos bo‘lgan insonlarning minnatdorona nigohlarini tasavvur qilib metroyu avtobuslarda jilmayib ketardim.
Keyin esa, xuddi shu olimdek xafsalam pir bo‘ldi.  Yana unda  o‘zimni ayni holatimni ko‘rdim. To‘g’ri mening portfelim eskirmagan, to‘g’ri sochlarim to‘kilmagan, to‘g’ri telba emasman, to‘g’ri odamlar mendan kulmaydilar ammo mana shu navqiron holatimdayoq tan berdim-ilmning sermashaqqat yo‘lidan kechdim?! Bunga also moddiyatning aloqasi yo‘q. Farqimiz shunda.
Farq vaziyatlarda. Ba’zi bir domlalarning oldiga soatlab bosh egib mana shuni o‘rgating deyishdan emas, “Programmada yo‘q savol bilan boshimni qotirmang” deyishlaridan charchadim, biror bir ishga ruxsat olganimda esa yana birovlarning hasadona nigohlaridan bezidim, bu tirmizak o‘zidan katta ishlarga bosh qo‘shadi degan g’iybatlar jon jonimdan o‘tdi.  Bilasizmi qanday davrda yashayabmiz? Bilasizmi hozir kim ilm yo‘lida jadallayabdi?!  Men anglab yetdim! Birinchi o‘rinda hamelionlik ilmini o‘rganish kerak ekan, tilyog‘lamalik qilib maqtabgina ilm yo‘lida bardavom bo‘la olar ekansiz. Yodlab olgan ikkita so‘zingizni qiymati yuqoriroq sizning fikrlaringizdan ko‘ra. Ikkita yangi gap aytsangiz tamom, mavzuga qayting deb bug‘ishadi. Ba‘zan-ba‘zan o‘zimdan qoidachi deb kulaman, chunki ayrim narsalarni xuddi ona tilidan qoida yodlagandek sharillatib yodlab beraman. Ishonasizmi, oqsil bilan aminokislotani farqini bilmaydigan dotsentlarning borligi ilmni saviyasini tushurgandek yuragimni ezadi. Hali tezis yozishni bilmaydigan talabaning ilmbozlik vasvasasiga chalinib maqolalar yozdirib o‘z nomi bilan chop ettirayotgani hayratimni oshiradi. O‘ylaab qolaman,  bizni ilm emas xuddi ilmbozlik vasvasi chulg’ab olayotgandek. Maqsadlar ilm olish emas diplom olishdek tuyuladi goho menga. Ajabo, bu pessimistlik qayerdan… Yo‘q, deydi ichimda meni boshqaradigan yuragim, sen ilmni o‘rganishdan to‘xtama, ko‘zlaringni yumib yashashga o‘rganib qolma deydi u… Xop, hozir to‘xtadim deylik bu yo‘ldan, ertaga kim bo‘laman, mana shu bitta leksiyani yodlab olib qayta qayta o‘qib beramanmi men ham? Men ham 50 yil avvalgi bilimlarni o‘rgatamanmi talabalarga?! Maqsadim shumi? Dod deb yuboradi ichimda nimadir. O'zimni hanuz o'z kuyini topa olmayotgan MTJmizga o'xshataman. Ko‘zlarim oldiga esa ustozim Valixonov domlamning nurli chexralari keladi, “Biokimyoning kelajagini sizda ko‘raman” degan edilar Xudo rahmat qilgur ustozim.
Men kelajak bo‘la olamanmi? Meni kurashlarga kuchim yetadimi? Ilmim yetadimi? Qobilyatim,shijoatim yetadimi? Biotexnologiya jadal rivojlanib ketayotgani sabab yaxshi ustozlarim biotexnologiya yo‘nalishini tanlashni taklif etishdi. Yo‘q, men tanlay olmadim. Hattoki qiziqishim kuchli bo‘lishiga, hattoki ishim biotexnologiya bo‘lishiga qaramasdan biokimyoni tanladim. Bunga faqat va faqat mana shu so‘z sabab: “Biokimyoni kelajagini sizda ko‘raman”.  Yo‘q,yo‘q ilm olishdan to‘xtash nafas olmaslik bilan barobarku axir.
         Ikki yo‘l orasidagidek his qilaman o‘zimni. Ilmdan ketdim ham deylik, ertaga men ham Puankare gepotezasini isbotlamoqni jon jaxdi bilan izlagan odam kabi “Meni orqaga qaytar Xudoyim” deb afsuslanmasmikinman. Yo‘q to‘xtamaslik kerak. Intilish, olg‘a yurish lozim. To‘g’ri, meni qarashlarimni tushunmaydigan, intilishlarimga ensa qotiradiganlar bor! Ammoo Dilnavoz, o‘ylab ko‘r axir ularning soni bitta bo‘lsa sening ilm olishing uchun mashaqqat chekkan odamlar mingta,ilm o‘rgatayotganlar,  seni quvvatlaydiganlar,yaxshi ko‘radiganlar ulardan ko‘pku?! Mana shu so‘zlarni takrorlar ekanman, ko‘z oldimga Poulo Coelhoning “Alkimyogar” asaridan olgan motivatsiyamni bu asardan ham ola olgandek bo‘laman. Axir butun olami qarshi bo‘lganda ham O‘sha olim isbotlaydiku Puankare gipotezasini…  Ha U daho edi, faqat daholargina jinnixonada bo‘lsada yangi izlanishlarni olib boradi, yangi gepotezalar haqida bosh qotiradi. Ha, umidlar aslida intixoda ham o'lmaydi.

         “Ayollardan daholar chiqmaydi. Ular daholarni dunyoga keltiradi” mazmunida gap o‘qigan edim. Kamida, Alloh inoyat qilib bersa farzandlarim daho bo‘ladi degan gap yuragimni orziqtiradi. Ha, Naqadar haq gap! Naqadar Ishonchli gap! Naqadar umidbaxsh gap! Naqadar ovuntiradigan gap! Naqadar niyatbaxsh gap! In shaa Allah deb orzu qiladigan gap!

P.S: Blogpostda keltirilgan linklarga kirib ko'rasiz va ular haqida fikrlaringiz bilan o'rtoqlashasiz degan umiddaman.

Dilnavoz Berdiyeva Toshkan qizi.

Thursday 15 January 2015

Haydalish kuyi yoxud Musiqasini topolmayotgan MTJ...

       Ichimga dunyolar sig`mayapti. Men o`zimga o`zim dedim, futboldan kechdim. MTJimizni o’yini hech qachon qayta ko’rmayman. Keyin yig`lagim keldi. O`zimni ovutdim, birinchisimasuuu. Eng kuchli mag’lubiyatga Qatarni 5:1 ga yutganimizda uchraganmizku, g’olib mag’lub bo’lgandik o’shanda. Hozirgi holat o’shandan durust, har holda umid borku deya o’z o’zimga o’zimcha dalda berdim. Ammooo qachongacha?! Tomog`im qurshadi. Suv ichgim keldi. Asta sovuq suv jumragini buradim.  Sovuq suv ketipti. Sekin gaz plita ustida turgan  suv qaynatadigan idishni oldim. Unda iliq suv bor ekan. MTJmizni shu ilimsiq suvga o`xshatdim undan na choy damlab chanqoq qondira olasan va na  muzdek suvni ichganing kabi ichingdagi tashnalik qonadi. Gap bitta mag’lubiyatda emas, odamlar. Shunchaki, keyingi safar, keyingi safar yutamiz deb o’zimni aldashdan charchadim. Xuddi keyingi safar aslo bo’lmaydigandek. Xuddi, manam buvamga o’xshab MTJimizni JCHlarda ishtirokini ko’rmay o’lib ketadigandek.

        Devorda osiqliq soatga qarayman. o`n ikki.  Nima soat millari to`xtab qolganmi. Sira yurgani bilinmaydi. Nimadir qilib vaqt o`tkazishim kerak bo`lmasa vaqt oralig`idagi vaqtda o`zligimni yo`qotaman. Kundaligimni qo`lga olaman.  Qachondir yozilganu ammo hattoki o`zim ham o`qimagan yozuvlar ustida ko`z yugirtiraman. Nimadir qo`shmoqchi bo`laman.  Birinchi kallamga kelgan yozuvni yozaman: Hali hammasi yaxshi bo’ladi, hali muvaffaqqiyatlar oldinda. Hali Jahon chimpionatiga chiqamiz. Biz shuncha mablag‘, shuncha kuch sarflanayotgan VATANIMIZ O’G’LONLARI hali ko’p narsalarga erishadi. Ularga , MTJmizga ishonamiz. Kundalikni yopaman ikki yuzlamachilik qilib yozgan gaplarimdan uyalaman. O`sha yozilgan varoqni yirtib tashlash uchun qaytib kundalikni ochaman. Unda oldin ham yirtib olingan varoqni ko`rib shashtimdan qaytaman. Nima bo`lganda ham bu umid, nim, yolg’on umid . Hamma yolg`onlarni yulib tashlasam unda bor yo`g`i muqova qoladi.
                   Doim jaxlim chiqqanda yaxshi xaloskorim bo`lgan kitoblar saqlanadigan javon oldiga boraman. Bir odatim bor istalgan kitobni olib xoxlagan betini ochaman. Unda qanday so`z uchrasa tushkin holatdan manashu so`z orqali chiqib ketishga harakat qilaman. ,,O`tgan kunlar,, romanini bu gal qo`limga olaman. Asta varoqlamayman. Ko`zim shu jumlaga tushadi: ,, Menga haydalish kuyini chalib bering… ,,
                   Buni qarang Hatto Otabek ham o`ziga kerakli kuyni bilgan. Haydalish kuyi…  MTJmizdagilar ham o’zlariga loyiq kuyni topvolishsa qanday yaxshi bo’lardi. Ammo biz muxlislar o’zimizga munosib kuyni bilib bo’ldik. Alam kuyi, mag’lubiyat kuyi, toshoynalarning sharaq sharug‘i. Balki umuman olganda bu kuymasdir noilojlikdan bo`g`izdan chiqqan yoqimsiz xirgoyidir.
                 Hayolimga quyidagi misralar quyilib kela boshladi:
“Nomus uchun nomni emas, ruhni o’stir
Og’ir kunda yovdan qochgan yovga do’stdir
Yurt chorlasa suvlarni kech, o’tlarga kir
Fidoyilar kerak bizga , fidoyilar.”

Siz nima deysiz bilmadimu, ammo men Odil Axmedov, Vitaliy Denesov, Jeparov, Nesterov, Kapadzelarni Jahon Chimpionatiga borishga arziydigan futbolchilar orasida ko’rganman doim. Ammo 4 yildan keyin…
Hay, mayli u boshqa masala, man tushunmayman shekilli futbolni. Darvoqe, tarkib borasida... Kim bilsin balki ukamga o’xshagani uchun  Sardor Rashidovni asosiy tarkibda tushishini xohlagandirman. Kim bilsin balki Jamshid Iskandarov termamizga nimadir qilib bera oladi degan fikrim sabab uni o’yinni birinchi daqiqalaridanoq ko’raman deb o’ylagandurman. Jasur Xasanovni ham ilk daqiqalardanoq kutgandurman.
Yutqizish alamli emas, agar futbolchilarimizni ko’zida o’t ko’rsak, oxirgi daqiqalargacha yonib o’ynaganini, ishtiyoq bilan olg'a intilganini his qila olsak, bunday mag'lubiyatlarni ko'tarish qiyin emas, O'zimizni "Futbolchilarimiz jon jaxdi bilan harakat qilishdi yutishga" deb ovuntirsak bo'lardida har holda.. Yo’q men ulardan domangir emasman, xafsalasiz o’ynaganliklari sababini o’zimcha mushoxada qilib ko’raman. Muhit deb qo’yaman o’zimga o’zim. Hayolan, MTJmiz murabbiyi o’rniga o’zimni qo’yib ko’raman. Haliyam Murabbiyimiz KUCHLI odam ekan. Men bu kabi mag’lubiyatlarni ko’tara olmasdim. Abiturientlar tayyorlardim. Har yili abiturientlarimni 80-90 foizi kirardi, ammo bu yil 7 ta o’quvchimdan 3 tasi o’qishga kira olmadi. Ularni bilmadimkuya, ammo men 10 kun yig’ladim, o’zimni aybdor deb bildim kira olmaganliklarida. Mayli, taqdirda deb o’zimni yupatdim. Lekin boshqa abiturient tayyorlay olmadim. Bu ulkan mas’uliyat, shaxs oldidagi, shaxsning bir yili, umri oldidagi mas’uliyat ekanligini birdan anglab qolganim bunga sababdir ehtimol. Yaxshi qildim. Har qanday odam o’z o’rnini yaxshi bilishi kerak.  Obro’yi borida ketgan yaxshida menimcha xuddi Puyoldek. Puyol qancha kuchli o’yinchi edi, lekin klubni tark etdi, u yana o’ynashi mumkin edi, lekin xohlamadi futbol, muxlislar  uni uloqtirib, chetlashtirib tashlashini. Chunki baribir yo o’zi ketardi, yoki 2-3 yilda Barca’da obrusizlana boshlardi. Kuch, yosh chegaralangan xohlaymizmi yo’qmi.  Yaxshi qildi. Mana qarang, uni sog’inamiz, “shu joyda Puyol bo’lganda gol bo’lmasdi” deb o’ylaymiz. TV’larda ko’rinsa, Puyol molodes, rahmat senga deb qo’yamiz, o’yinlarini sog’inamiz. Bezmaymiz. Xullasda.
 Baribir,MTJni o’yinini boshqa ko’rmayman deb yana ko’raveraman… Jabr, jabr muxlislarga jabr.
“Yurt chorlasa suvlarni kech, o’tlarga kir
Fidoyilar kerak bizga , fidoyilar.”

14-yanvar.
Osiyo Kubogi 2015.
Xitoy -Uzbekistan:
2        :   1