Monday 4 July 2016

Biologik dogma

      Muborak Ramazoni sharif…  Bu kunlarning saodatiga, bu tunlarning nurlariga to‘ymaydi odam…
Yashagim kelib ketadigan oy. Qalbimda o‘zgacha bir hislar kechmoqda hozir. Bu hislarni ta’riflashga so‘zlarim ojiz.
Men ko‘pincha hazillashib boshqa kunlar denaturatsiyaga, ramazon oyida esa renaturatsiyaga uchraydigan oqsilman deb qo‘yaman.
         Ijozatingiz bilan denaturatsiyaga ta’rif berib o‘tsam:  Oqsillar turli fizik-kimyoviy agentlar ta'sirida fazoviy konformatsiyasi o`zgarib, tabiiy, nativ holati buzilib, biologik vazifalari keskin o‘zgaradi va natijada “ishdan chiqgan oqsil”ga aylanadi, bu hodisa oqsillarning denaturatsiyasi deb ataladi. Endi dehqonchasiga tushuntirsam: ma’lumki oqsillar organizmda eng muhim vazifalarni bajaradi, ya’ni belgini yuzaga chiqaradi, strukturasini shakllantiradi, barcha almashinuvlarda ishtirok etadi, fermentlar oqsil tabiat bo‘ladi, ular ham oqsildek denturatsiyalanadi va hokazo. Aytib o‘tganimdek denaturatsiyaga turli xil omillar sabab bo‘ladi. Organizmning tiriklik belgisi muayyan oqsil yoki oqsillar kompleksi orqali namoyon bo`ladi. Jonzotlarning biologik belgilari quyidagi generatsiya asosida amalga oshadi va bu biologiyaning asosi - biologik dogma hisoblanadi:

DNK     →   RNK    →  OQSIL     →  BELGI

Demak oqsil muayyan belgini yuzaga chiqarishda mas’ul. Ammo agar mana shu oqsillar bir qancha ta’sirlar sababli denaturatsiyaga uchrasa u o‘z vazifasini bajara olmay qoladi yoki aksincha biror bir mutant belgini yuzaga chiqaradi.
         Masalan, sochimiz va terimizning rangi melonin degan pigmentga bog`liq bo‘lib, albinoz insonlarda u bo‘lmaydi. Melonin sintezi oqsil - ferment tirozinazaga bog‘liq. Mazkur oqsilning denaturatsiyasi, mutatsiyasi yoki inaktivatsiyasi albinozlarning paydo bo`lishiga sababchi bo’ladi. Oqsillarga bog’liq bunday jarayonlarni organizmda juda ko`plab kuzatish mumkin.
 Demak bu yerda oqsil o‘z vazifasidan chetlashib qoladi, strukturasi buziladi. Keraksiz, hattoki zararli oqsilga aylanadi. Ammo ayrim shunday oqsillar borki ular renturatsiya(qayta tiklanish)ga uchraydi va o’z vazifasini qayta bajara oladi. Masalan, 70 gradus Selsiyda o‘z vazifasini bajara olmay qolgan ayrim oqsil-fermentlar temperature 45-50 gradusga tushishi bilan yana o‘z holatini tiklaydi va vazifasini bajarishda davom etadi.
Bu dunyoda har bir  narsaning hatto atomning, hujayraning ham o‘z vazifalari mavjud. Ular vazifalarini bajarmasa umuman boshqa narsaga aylanadi ya’ni hujayra hujayra bo‘lmay qoladi.
Inson ham shunday. Dunyoga kelib o‘z vazifasini, yaratilishidagi ma’noni unutsa, asosiy maqsadidan chetlashsa denaturatsiyaga uchrab qoladi.
11 oy da’vomida sekin sekin denaturatsiya belgilari sezila boradi qalbimda, ruhimda, jismimda. Qalbim dunyo va dunyoviy masalalar bilan ovvora bo‘lib qoladi ba’zan, ruhim ziyoga mushtoq bo‘lib ketadi ayrim holatlarda, jismim-a’zolarim… quloqlarim g’iybatlarni tinglab lablarim jilmayib qo‘ya olib vazifasini unutadi, tillarim ishga kechiksa ba’zan bahonani g’uldirashga shaylanadi… o‘z vazifasini unutayozgan qalb, ruh, jism mushtoq bo‘lib ketadi vazifalarini bajarishga…
Denaturatsiyadan degradatsiyaga o‘tish boshlanay deganda, buyuk Alloh taoloning inoyati o‘laroq Ramazoni sharif tashrif buyuradi. Qalbimda buyuk bir silkinish bo‘ladiki, hamma dunyoviy og’riqlar, dunyoga bog’liklar sirg’alib chiqib ketadi. O‘ZIga mushtoq qalb O‘ZIning rahmati ila tirik qoladi, keraksiz bo‘lmay vazifasini bajara boshlaydi. Bunda xuddi qurib qolayotgan gulga suv berganingizda barglari qayta yashillanib, gullari gurkiragandagi holatni his qiladi qalb. Ba’zan nolib og’riqlar berib turadigan qalbda shukronalik to‘lib toshadi. Nolish so‘ziga ajablanib qaray boshlaydi kishi. Chunki, noliganlari naqadar arzimas, mayda narsalar ekanligini sog’lom aql anglaydi. Shukr qilish uchun sabablarni sanab sanog’iga yeta olmay qoladi.
Ruh. Osmonlarga uchib yuradigan oy, uyg’onganda farishtalar uyg’otib qo‘ygandek, kitoblarni o‘qib ziyolanib nurlanib bora boshlaydi ruh. Ruh osmonga tegishli ekanligini anglay borgan sari, vazifasini bajara brogan sari yuksalaveradi yuksalaver adi… Bu xuddi sahroda qolib yashashdan umidini uzgan odam suv topvolib uni sipqorgan va hayotini qaytadan boshlagandek jarayon…
Jism… Ooo, quloqlar g’iybatni eshitmaydi, hamma bir biriga muloyim, bir-birini ayagan, jilmayib sadaqalar ulashgan oy… Hattoki oyoqlar yernida avaylab bosadi. Quloqlar azon ovozini eshitadi har tong… Ko‘zlar kitoblar o‘qib, rahmat-u shavqatlar so‘rab ravshanlashib boradi, burunlarga Rayyon nomli darvozadan keyingi vatanning iforlari kirgandek bo‘ladi go‘yo, tillarda faqat zikr aylanajak, yolg’onlardan hazar qilgandek bahona qilsada uyalib rostini aytadigan oy… Tillar butun olamga tinchlik, mo‘minlarga ikki dunyo saodatini tilash ila qalb tarbiyasi mukammalasha boradi. Yoki aksincha qalbning duolari tillarga ko‘chib osmonlarga ko‘tarilganini yurak yuragidan his qiladi kishi… Yelkalariga qarab jilmayib to‘ymaydigan oy, noma-yu amallarining oltin sahifalari yoziladigan oy… Oooh, qaniydi 11 oy ham mana shunday e’tiqod tursa, vazifalarini unutmasdan, murvatlari buzilmay ishlay boshlasa dillarning, ruhning, jismning. Shaytonlar 12 oy ham zanjirband tursa yoxud zanjiridan uzilsada taqvosining mukammaligidan qo’rqib qochsa shayton ham… Denaturasiya bo‘lmasa renaturatsiyaga hojat qolmas edi…  Umidimiz shu.
Rahmat oyi tashrifing qanchalik quvontirgan bo‘lsa  ketmasingdan sog’inyabman… Foydalana oldimmikinman?!
Xayolimda esa shu misralar tinmay aylanadi:

“Bilmam ko‘ngillardan ketdimi g’ubor
Sening poyoningda ming nadomat bor
Oylarning sultoni moxi Ramazon
Yana kel, biz seni kutamiz nochor…

Kutdig-u da’volar chiqmadi tetik
Bizni g’olib etdi yuz minglab hadik
Afsusda turibmiz har doimgidek
Yana kel, biz seni kutamiz nochor…

Faqat Rob taolodan so‘rabon najot
Bizni manzil sari yo‘llar chin qanot
O‘n bir oy ichida topmaylik vafot,
Yana kel, biz seni kutamiz nochor…

Men ham saodatga yetarman bir kun
Qalbimda yemilar ilohiy tugun
Shaytonni  zanjirband etmaklik uchun
Yana kel, biz seni kutamiz nochor…

P.S. She’r muallifini bilmayman. Bir qancha yillar oldin yodlavolgandim…

 .

Wednesday 22 June 2016

Do'stimga

U shunday qizki, uning kulgusida bahor yomg’irining ifori taraladi.
U shunday qizki, uning ko‘z yoshlarida quyoshning zarrin nurlari ko‘rinadi .
U shunday irodaliki, darddan ham baxt topa oladi
Muhabbatini yo‘qotib jannatda diydordan umid ila hamd aytgan umidvorim u.
Jigari otgan tuxmat toshiga, boshini egib, shunda ham akasini kechira olgan qalbi ummonim u.
Orzu-umidlarini tinglamagan padariga qarab “siz rizo bo‘lsangiz bas” deya umrini otasining rizoligiga sarf etgan munisam u.
Farzandini tuproqqa qo‘yib, “Yo‘q nega yig’lay axir Soliham mendan ko‘ra mehribonroq ZOTni oldiga ketdi” deya taqvo qila olgan mushtiparim u.
Yolg’iz, odamlardan uzoqda bo‘lgan o‘z olamiga yolg’iz meni kiritgan do‘stim u.
“Faqat siz o‘lmasligingizni so‘rayman” deya mening yo‘qligimdan qo‘rqadiganim Madinam u.
Butun olami dard bilan to‘la bo‘lganda ham do‘stining ko‘zlarida quvonch ko‘ray deb baxt haqida yolg’on gapira olgan, lablari kulib yuragi yig’lagan, yelkasidagi dardlarni buyuk bir iroda, kuchli bir sabr, ulkan bir muhabbat bilan ko‘tara olgan muslimam mening.
Duolarida o’zidan oldin meni eslaydigan, Alloh yo’lida do’stlashgan,  samimiyim, birodarim mening.
Qadrliligim Madinam! Tavallud ayyom muborak bo‘lsin. Sizga aytar so‘zlarim, duolarim ko‘p. Judayam ko‘p. Sizga dunyoning jamiki yaxshi tilaklarini tilayman.
Ilohim, baxtingizdan munavvar bo‘lsin bu olam.
Ilohim, siz qoldiradigan nasllardan olamlarga ibrat bo‘ladigan olimlar yetishsin.
Ilohim, ko‘zlaringizdagi quvonch abadiy va haqiqiy bo‘lsin.
Ilohim, umidlaringiz, orzularingizning komil ro‘yobini ko‘ring.
Ilohim, kam bo‘lmang, g’am bilmang. Men sizni ikki dunyoda ham soadatmand ko‘rishni xohlayman.
Umringizni ilm, taqvo, iymon nurlari  hamisha yoritib tursin.
Ha, doimgidek, yoningizdaman va in shaa Allah hali o’lmayman.
Hali hayot butunligicha oldinda. Ishonamanki, baxt oldinda. Shiorimiz yodingizdami?! Allohga suyangan insonni kim ham, nima ham muvozanatdan chiqara olardi. :)

Wednesday 11 May 2016

Tilimdan kofir qilmang

Bemorimning onasi telefon qildilar. “Iltimos bir kelib keting”. Oyog’imni qo‘limga olib yugurdim.  Shifokorlar uyiga ruxsat berishibdi, “odatiy hol, dorilarini davomiy iste’mol qilsin” deya…  Shundoq uyiga kirishim bilan qorinchasi shishgan, qovoqlari osilgan ammo yuzlarida beg’uborlik, issiq istara mavjud bo‘lgan 7 yoshli qizaloq “Ana opajonim keldilar, ana” deya quvonib ketdi. O‘rnidan turishga harakat qilar, madori yetmasdi. Boriboq qo‘llarini ushladim… Yuzlarimni silab “opajon  katta bo‘lsam  manam sizga o‘xshab mehribon, chiroylii qiz bo‘laman ” deydi…  “Sen mendan ham yaxshi bo‘lasan” deyman ko‘zlaridan o‘pib.
 Ikki xafta oldin shifokorlar “qizingizga psixolog yollang” deyishganda moddiy ahvoli sabab yollay olmagan o‘ychan ona bilan tanishib qoldim.  Hali shogirdman. Shu sabab eplolmayman deb o‘yladim ammo O‘ZI yordamchim bo‘lishiga qattiq ishonib qizaloq bilan ishlay boshlagan edim.
Sentyabrda kiygan maktab formachasi aprelda kalta bo‘lib qolgani, moddiy yetishmovchilik tufayli uzunrog’idan olib berolmaganda tizzalarini quchoqlab “tizzalarim ochilib qoldi, uyalib ketayabman onajon” deb yig’lagan qizaloq, umidlari osmoncha bo‘lgan, tabiatni, qushlarni, gullarni yaxshi ko‘rgan, umrining ko‘p qismini shifoxononaning devorlariga qarab o‘tkazgan bolakay, onasining doriga puli yetmay qolganini bilib joni og’risida sezdirmaslikka uringan go‘dak, bu hayotni tark etishga ko‘zi qiymayotgan tirik jon…
O‘zidan, umridan norozi,  “Nega ammamni o‘g’liga turmushga chiqdim-a?” deb so‘lib borayotgan bolasiga qarab ko‘z yoshlarini tiya olmayotgan mushtipar ona…
Kuniga ming azobda 40 000 sumlik dori topib kelib ham farzandining yuzlaridan uning xastaligini arita olmayotgan, o‘shanda jur’atli bo‘lib “Tog’amni qiziga uylanmayman” deya olmabman deya ich etini yeyayotgan ota…
Salgina ovqat yesa, non tishlasa qorni shishib hansirab qolayotgan,umrining so‘nggi soniyalari yuzlarida zohir bo‘lgan farzandiga qarab ado bo‘layotgan ota-onalar…
O‘ylayman men ikki xafta  shuncha mehr qo‘yib ulgurganim bu qizaloqning holi yurak bag’rimni o‘rtayabdiku, ota-onalarining ahvollarini yoritishga mening qalamim ojiz…
Tashxis: Mukovitsidoz.
Sabab: Ota-onasi qarindosh.
Bu kasallikning 7 ta asosiy tipi bo‘lib, kasallik juda og’ir kechadi. Uglevodlar almashinuvi faoliyatining buzilishi bilan bog’liq kasallik bu. Har qaysi TIPIning oxiri o‘lim bilan yakunladi. Statistik ma’lumotlar va ilmiy izlanishlar natijasiga ko‘ra  maksimal yashash vaqti 20 yosh.
Bu kasallikka asosan qarindoshlar orasidagi nikoh sabab bo‘ladi.
Har doim aytganman, va yana takror aytaman naslingiz haqida qayg’urishingizning birinchi qadami genetic jihatdan uzoq bo‘lgan insonlar bilan turmush qurishingizdir. Shu gapni qayerda aytmay xoh ijtimoiy tarmoqlar, xoh auditoriya bo‘lsin bir xil tipda savol beriladi. “Nima siz Payg’ambarimiz s.a.v ga qarshi chiqmoqchimisiz, ular qizlarini amakilarini o‘g’illariga turmushga berganlarku”.  Eng jaxlimni chiqaradigan joyi, ular men dinimdagi pozitsiyamni bila turib, agar sahih ma’lumotlar keltirilsa har qanday bahsda “men yengildim” deya olishimni bilib shunday savol beradilar. Boisi, hali hech ko‘rmadim dini musulmon bo‘lmagan shifokorga yuqoridagi savol bilan murojaat etilganini.
Avvalo shuni bilingki, hozir ham, bundan oldin ham bundan keyinham Payg’ambarimiz s.a.v hazratlarining nasllaridek toza nasl bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Toza nasldan toza nasl kelib chiqadi. Tenglashishga urinmang. Bundan tashqari, Payg’ambarimiz s.a.v davrlarida genetic modifikatsiyaga olib keluvchi mutagenlar hozirgi vaqtdachalik bo‘lmagan. Hozirgi texnika, ekologik buzilishlar u davrda bo‘lmagan. Hozir mutagenlar sabab turli irsiy kasalliklar yuzaga chiqmoqda. Qarindoshlar orasida nikoh tuzilganda esa yashirinib yotgan  (geterozigot holatdagi ) xastalikka mutagen ta’sir etadi va kasallik avlodda o‘zini nomoyon qiladi.
Endi qarang, bizga dinimiz nimani buyuradi: Muhammad s.a.v ummatlarini ko‘paytirishni. Shunday emasmi? Biz Muhammad s.a.v ummatlarini sog’lom, ilmli qilib tarbiyalashimiz kerak emasmi? Buning uchun biz naslimiz haqida qayg’urishimiz, bo‘lish ehtimoli yuqori xastaliklarni oldini olishimiz kerak emasmi?
Keyin, men sizga Payg’ambarim s.a.v xato qilganlar demayabman, demayman ham. Buni mani tilimdan eshitishga ishtiyoqmand bo‘lmang. Va, azizim, bilingki, Payg’ambarimiz s.a.v qilgan hech bir ish Allohning iznisiz bo‘lmagan, hech bir ishlari behikmat bo‘lmagan, hamma amallarida Allohning xohishi bo‘lgan. Sizda shunday  xabar bormi?! 
Va yana, hatto oddiy amallarida sunnatga amal qilmaydiganlar, dinimni pesh qilib manga shu savolni bermang. Tilimdan kofir qilishga urinmang iltimos. Bu o‘zingiz uchun foyda bo‘lmaydi.
Odamlar, bolalarni faqat urushlar qurbon qilmaydi! Ularni kasallik ham nobud qiladi va qilmoqda.
Har kimni sog’lom nasl bilan rizqlantirsin.





Tuesday 26 April 2016

Xavf ostidagi irsiyat

Hali o‘zligini anglamay turib telefonga tikilgan, hali o‘smirlik yoshiga yetmayoq hayosizlikka o‘rganayotgan avlod; soatlab vaqtini televizor qarshisida, kompyuterdagi bema’no o‘yinlarni o‘ynab umrini sarf etayotgan, ko‘zlarida kasallik, tanasida tuz, ongida beparvolik yig‘ilib qolgan, yelkalari tekis emas - qunushib qolgan,  kitobsiz yashashga o‘rganayotgan nasl… Xavf ostidagi irsiyat…
Ekologiya haqida ma’ruzada o‘tirar ekanman ularga qarab yuqoridagi fikrlar xayolimdan o‘tdi.  E’tibor berib turibman. Hamma o‘z ishi bilan band. Mavzu zerikarli emas, zero ma’ruzachi o‘z vazifasini ado etmoq uchun jon jahdi bilan terlab ma’ruza qilmoqda. Eshitayotgan, e’tibor berayotganlar kam. Qo‘qqisdan lektor savolim bor deya auditoriyaga murojaat etdi:
-         Kim nosog‘lom farzandli bo‘lmoqchi?
Hamma e’tiborini lektorga qaratdi va auditoriyada shunday xitoblar yangradi:
-         Hech kim, albatta.
-         O‘ylab savol beryabsizmi?
Lektor jilmaydi va ikkinchi savolini berdi:
-         Kim nasl qoldirmaslikni istaydi?
Yuqoridagi so‘zlar yana auditoriyani to‘ldirdi.
“Unda meni eshiting, zotan men ekologiya haqida emas naslingiz, kelajagingizga xavf solayotgan muammolar xususida gapirayabman. Onggi past, jismonan nosog‘lom nasl istamasangiz meni tinglang”
Auditoriya tinchlandi. Telefonlar yig‘ishtirildi, yuzlarga jiddiylik kirdi. Ha, inson uchun nasl masalasi, kelajak avlod masalasi eng birinchi o‘rinda turadi. Sog‘lom avlodni voyaga yetkazish - eng katta maqsad bo‘lib turgan vaqtda iqlim o‘zgarishlarining, ekologik havf xatarning irsiyatga ham ta’sir etishini blogpost sifatida yoritishni men ham joiz deb bildim.

         Ekologik muammolarni sanashga hojat yo‘q, hamma yod biladi. Ammo, tashqi bo‘layotgan ekologik muammolar genga qanday ta’sir qila oladi, naslni qanday buza oladi, qanday qilib tashqi muhit insonning irsiyati buzilishiga sabab bo‘ladi degan savollar ko‘pchilikni qiziqtiradi.
        Haqiqat shuki, bizning irsiyatimiz juda kuchli muhofazalangan.  Yaxshiyamki, irsiy belgilar tashqi muhit ta`siriga chidamli bo`ladi.  Biroq, befarq bo‘lmang, organizm yashayotgan muhit sharoitiga qarab  irsiy belgilarning sifati o`zgarishi mumkin. Ya’ni turli xil mutatsiyalarga uchragan(kasal) genotip shakllanadi.
         Avvalo,  ekologiyaning fenotip(tashqi belgilar yig‘indisi fenotip deyiladi)ga ta’siri xususida to‘xtalib o‘taman. So‘ngi 25 yil davomida havo haroratining keskin isib ketishi natijasida aholi orasida teri raki kasalliklari ortdi. Iqlimning isishi gormonologik o‘zgarishlarni keltirib chiqarayotgani holda bolalarda voyaga yetish muddatdan oldin ro‘y berayotgani ham kuzatilmoqda. Buni olimlar gormonologik faollikning oshishi va moddalar almashinuvining tezlashuvi bilan izohlashmoqda. Hali 10 yoshga kirmayoq voyaga yetib qolgan bolalarning ko‘payishi dahshatini anglayabsizmi?!  Demak ko‘rayabmizki fenotipik o‘zgarishlar ham bizning naslimizni xatarda qoldirmoqda.
Genotipik(ichki belgilar yig’indisi) mutatsiyaga  esa olib keladigan sabablar turlichadir. Har xil turdagi ionlashtiruvchi nurlar, rentgen nurlari, ba'zi kimyoviy moddalar, ultrabinafsha nurlar mutatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Xop, tabiatdagi nurlarga qarshi biz hech narsa qila olmaymiz. Biroq, e’tibor bering yaxshilar,  zararli nurlar chiqaradigan smartfonu planshetga termulayotgan bolangizga befarqligingiz nafaqat uning sog‘ligiga balki kelajagiga ham befarqligingizdur. Turli xildagi ionlovchi nurlar irsiyatga bevosita xavf soluvchi omillardir.  Axir kim naslining nosog‘lom, nuqsonli, imkoniyati cheklangan bo‘lishini xohlaydi?! Shubhasiz, hech kim!
Ammo, oxirgi yillarda  irsiy kasalliklar keng tarqalayotgani haqiqat. Hozir ularning ikki mingdan ortiqroq turi malum. Bolalar o‘limining sabablari orasida irsiy sabablarga aloqador o‘lim hollari 42 foizni tashkil etadi. Homiladorlikning birinchi uch oyi davomida ko‘riladigan bola tashlash hollarining  ko‘p qismi tashqi muhitning o‘zgarishlariga bog‘liqdir.
Iqlimni o‘zgarishi irsiyatni o‘zgarishiga sabab bo‘layotganini ko‘rib chiqdik. Ekologiyaga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘linsa, iqlim o‘zgarishlari va oqibatlari kamayadi. Ammo shunday ekologik buzilishlar borki biz  texnika asrida bu ekologik muammolarni hal qilishga ojizmiz.  Masalan, zavod va konlardan chiqayotgan turli zararli moddalar nafas yo‘llarining nasldan naslga o‘tadigan xastaliklarini(masalan allergiya, astma) , suyak raki kabi kasalliklarni keltirib chiqarayotgani kelajagimiz nechog‘lik xavotirda ekanini isbotlaydi. Bu zararlarni kamaytirish uchun ter to‘kayotgan ximik-u biologlarning ilmlariga ilm so‘rab qolamiz. Biz esa hech bo‘lmaganda nasldan-naslga o‘tadigan kasalliklarni rivojlantirmaslik uchun bolalarni jismoniy sog‘lamlashtirish, ovqat sifatini yaxshilash, chiniqtirish, yuqimli kasalliklardan saqlash, kuchli charchashni oldini olish, tabiiy muhit yaratib berish, turli nurlardan holi qilish masalalariga katta e’tibor berishimiz lozim.


Monday 25 April 2016

Niyat



Uchta odam. Uchalasi tanish, yaqin do‘stlar.
Ammo, o‘ylari turlicha. Maqsadlari farqli. Niyatlari o‘zlariga yarasha.
Uchalasi bemor qarindoshini ko‘rgani yo‘l olgan.
Birinchi kishining o‘yida: “Borib yo‘qlab kelay. Ertaga ko‘z ko‘zga tushadi, bormasam ming’irlab yotadi, gina qilib”. Niyati - qarindoshi tuzalganida uning gina qilmasligi uchun borib xabar olib kelish.
Ikkinchi insonning xayolida: “Salomat bo‘lsinda, ahvoli qanaqa ekan?! Boraychi biror yordamim tegib qolar. Tuzalib qolsin ishqilib”. Niyati - qarindoshini yo‘qlash, yordam berish.
Uchinchi insonning  fikrida: “Alloh “men kasal bo‘ldim, borib ko‘rmading” deganda nima deyman?! Birodaring yordamga muhtoj edi holidan xabar olmading  deyayotgan vijdonimga javobim bo‘lsin. Imkonim bo‘la turib uning holidan xabar olmasligim insonlikka, mo‘minligimga to‘g’ri kelmaydi”. Niyati- Allohning rizosi uchun qarindoshidan xabar olish, qodir qilgani qadar yordam berish.
Uchta odam. Uch toifa. Uch xil niyat. Hammasi vaqt sarflamoqda. Hammasi bir manzilga bormoqda.

Kim yutuqda bo‘ladi?!

Saturday 20 February 2016

Otamning yoniga chopgim keladi

*****

Tushunmay qolsam gar o‘zimni o‘zim
 Sog’inchdan sarg’ayib ketsalar yuzim
Tomchi yoshga muhtoj bo‘lganda ko‘zim
 Otamning yoniga chopgim keladi

Adolatsiz adolatlar bo‘ynimdan tutsa
Yiqilsam qo‘limdan dushmanim tutsa
Ko‘nglimdamaslar ko‘nglimni kutsa
Otamning yoniga chopgim keladi.

Anduhlarni makon qilsa gar yurak
Ijobat bo‘lishga shoshmasa tilak
O‘ylayman, qayerga borishim kerak?
Otamning yoniga chopgim keladi.

Dilimda hasratlar minora qursa,
Asossiz g’iybatlar qalbimni tilsa
Yig’lasam qarshimda o‘z do‘stim kulsa
Otamning yoniga chopgim keladi.

Yuragimda to‘lib ketsa alamlar
Ichimdagin yozolmasa qalamlar
Butun dunyo bo‘lolmasa malhamlar
Otamning yoniga chopgim keladi


Soxtalikni anglasam gar so‘zimda
O‘ZIga ishq ko‘rinmasa ko‘zimda
Imon nurin sezmasam gar yuzimda
Otamning yoniga chopgim keladi.





Thursday 4 February 2016

Ichimdagi "qoralovchi" va "oqlovchi"


Dunyo shunday yaralgan.
Har kimning ichida ikkita “men”I bor. Bu “men”larning biri “qoralovchi” biri “oqlovchi” vazifasini o‘taydi. Sizda qanday bilmadim, men garchi “qora” o‘zagi bo‘lsada “qoralovch”imdan baraka topaman. Garchi u qora bo'lsada o'zimdan ko'proq o'zgalarni o'ylaydi, xudbinroq "oqlovchim"ga aql o'rgatadi, mening ichimdagi vijdonimmikin shu "qoralovchim". Juda vaqtli uyg‘ondim. Har doimgidan vaqtliroq. Ko‘nglim g‘ash bo‘lib uyg‘ondim. “Nega” buni faqat mening ichimdagi advokatim va prokurorim biladi. O‘zim ham anglamay qolaman ba’zan. Garchi kayfiyatni ko‘taradigan mahsulotlardan iste’mol qilishimga qaramay mahzunlik tark etmadi… Angladimki, kitobni, ziyoni sog‘ingan ruhim… Azon ovozini qulog‘im sog‘inibdi, Qur’onning yuraklarni oppoq qiluvchi nurli tilovatiga muhtoj bo‘libdi tanam, ko‘zlarimga qancha bo‘ldi ushbu kitobni surtmaganim-mushtoq aylabman ko‘zlarimni. Ichimdagi menlarim shu zahoti bahsni to‘xtatdi. Go‘yoki anglagandek. Go‘yoki bu ikki “men”dan boshqa “men” bordek. Ikki tomchi yosh mana shu yosh bilan chiqib ketdi hamma o‘ylovlaru qayg‘ularim go‘yo, ikki tomchi yosh mana shu yosh bilan ifodalandi o‘zimga sog‘inchim go‘yo, ikki tomchi yosh mana shu yoshgina qalbimdagi hamma mahzunlikni chiqarib tashlay oldi, mana shu yoshgina “qoralovchim”ning nurli oppoq so‘zlari kabi qalbimni yoritdi, garchi yengilgan bo‘lsada “oqlovchim” jilmayib yengilganidan xursandligini to‘kilgandek bu yoshlar. Bu ikki yosh Mushaf’ning muqaddas sahifalarini tanigandek, anglagandek unga talpindi…
Axir bugun Juma…
Muborak bo‘lsin.


Yig'lamang sinovlar yog'sa paydar-pay,
Yig'lamang dard sizni qiynasa tinmay,
Yig'lang, Shahodatsiz to'xtasa zabon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.

Yig'lamang tuhmatlar boshingiz egsa,
Nomard otgan paykon nishonga tegsa,
Yig'lang, nafsni deya sotilsa vijdon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.

Yig'lamang, sevgan yor aylasa jafo,
Yig'lamang, dunyoni tark etsa vafo,
Yig'lang, o'g'il ota bag'rin qilsa qon
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.

Yig'lamang, olamni suv bossa butkul,
Yig'lamang, shaharlar yonib bo'lsa kul,
Yig'lang, qabrni cho'g' aylasa makon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.

Yig'lamang, boy berib qo'yib mansabni,
Yig'lamang ey do'stim, asrang asabni,
Yig'lang, zalolatga yuz tutsa zamon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.



Yig'lang fahshu zino bo'lsa hukmron,
Yig'lang sajda qilish bo'lganda armon,
Yig'lang har ishda bosh bo'lsa shayton,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.


P.S. She’r muallifini bilmayman, afsuski.



Tuesday 19 January 2016

Uyqudagi "aqlli" genlar

Uzoq yillardan buyon bolalar intellekti ajdodlardan merosmi yoki tarbiyaning mahsulimi degan muammo ko‘tarilib keladi va bu xususda bir qancha olimlar ilmiy muzokaralar o‘tkazadilar. Queensland Universiteti ilmiy xodimlari Genetik ma’lumotlar va IQ darajasini bilish uchun 4 mamlakatdan 1000 ta bolalarni atrof muhit ta’sirlaridandan ajratib qo‘yib o‘rganishga harakat qilishdi.
Ular aniqlashichai, 20 va 40 foizli bolalar orasida IQ genetik faktorlarga bog’liq. Ilmiy izlanishlar shuni ko‘rsatadiki 40-50 foizi esa tarbiyaning mahsuli hisoblanadi.
"Queensland"  Universiteti doktori Beben Benyamin ta’kidlashicha: “ Bu DNK dagi ma’lumotlari juda qimmatli bo‘lib, buni biz aslida qobiliyat deb ataymiz, ammo bu bolalarning intellegenti meros qilib olinishi muhit bilan bevosita bog’liq” deb xulosa qiladi. U bu genlarni haqli ma’noda “smart genlar” deydi.

Doktor Benyamen va uning kasbdoshlari Oddiy DNK analizini 18 ming Avstraliyalik, Nederlandiyalik, Buyuk Britaniyalik, AQSHlik bo‘lgan bolalarda o‘tkazishdi ularning IQ darajasini bilish maqsadida. Tadqiqodlar shuni ko‘rsatdiki turli yosh toifa vakillari orasida IQ darajasi bir xil emas. Ularning ota onalari DNK tekshiruvdan o‘tkazilganda ularda IQ darajasi ota onalari orasidagi farqqa juda o‘xshashligi aniqlandi. Doktor Benyamen, faqat IQ bo‘yicha emas, organizmda ketadigan moddalar almashinuvi, fiziologik holatlarni ota onalar va ularning bolalarida o‘rgandi. Uning aniqlashicha otadagi 70 foiz fiziologik holatlar qiz farzandga o‘tar ekan, Onadagi fiziologik holatlar esa o‘g’il farzandga o‘tadi. Hatto u talabalarga bir ma’ruzasida hayajon bilan buni isboti tarzida o‘zi onasi uchragan oddiy kasalliklarni hammasiga chalinganini aytib o‘tgan.  Uning tadqiqodlari esa, IQ ko‘p hollarda otadan meros bo‘lishini, fiziologik holatlar esa onadan o‘tishini aytib o‘tdi.
Fan yana shuni isbotlaydiki, jamiki odamzotda smart genlar mavjud bo‘lib u genlar “uxlagan” holatda bo‘ladi. Chunki , har bir odamzotni 7- va hatto undan oldingi ajdodida albatta bu genlar mavjud bo‘lgan, va ularni shakllantirilmasligi sabab ular “uxlagan” holatga kelgan.  Bu smart genlarni uyg’otish uchun o‘qish va harakat kerakligini, tinimsiz intilishlar orqali har qanday qobiliyatni shakllantirishni, har qanday “qattiq uyqudadi” genni “uyg’otish” mumkinligini olimlar ta’kidlamoqda. Buning uchun kunning birinchi yarmida qaysi qobiliyatni o‘zida shakllantirmoqchi bo‘lsa  shu soha bilan shug’ullanishni tavsiya qilganlar Ular o‘z fikriga dalil sifatida sportga iqtidorim yo‘q deb hisoblaydigan qanchadan qancha sportsmenlarni mehnat orqali eng cho‘qqi darajalarini egallaganini misol keltiradilar. Bundan tashqari, otasi kuchli matematik yoki sport ustasi bo‘la turib farzandlariga bu holatlarni kuzatilmasligi ham tabiiy. Bunda boshqa bir gen uning iste’dodini nomoyon qiluvchi gendan ustunroq bo‘ladi va u istedod sifatida shakllanadi. Masalan, Buyuk futbolchi Peleni o‘g’li kuchli biznesman bo‘lib, u futbol sport turi bo‘yicha hech qanday natijaga erishmaganligini misol qilishimiz mumkin.  Sportdagi yutuqlarning, xususan, tananing energetik imkoniyatlari, mushaklar kuchi, nafas olish tizimi, yurak qon-tomir tizimi faoliyati va boshqalarning 80-90% genetik izohga egaligi qator ilmiy ishlarda o‘z tasdig‘ini topgan. 
O'zingizdagi smart genlarni uyg'oting va ularni uyg'oq holda avlodlaringizga meros qoldiring :) 

P.S: Ushbu blogpostning kengaygan shakli "Ma'rifat" gazetasida chop etilgan.