Muborak Ramazoni sharif… Bu kunlarning saodatiga, bu tunlarning
nurlariga to‘ymaydi odam…
Yashagim kelib ketadigan oy. Qalbimda o‘zgacha bir hislar kechmoqda hozir.
Bu hislarni ta’riflashga so‘zlarim ojiz.
Men ko‘pincha hazillashib boshqa kunlar denaturatsiyaga, ramazon oyida esa
renaturatsiyaga uchraydigan oqsilman deb qo‘yaman.
Ijozatingiz
bilan denaturatsiyaga ta’rif berib o‘tsam: Oqsillar turli fizik-kimyoviy
agentlar ta'sirida fazoviy konformatsiyasi o`zgarib, tabiiy, nativ holati
buzilib, biologik vazifalari keskin o‘zgaradi va natijada “ishdan chiqgan
oqsil”ga aylanadi, bu hodisa oqsillarning denaturatsiyasi deb ataladi. Endi
dehqonchasiga tushuntirsam: ma’lumki oqsillar organizmda eng muhim vazifalarni
bajaradi, ya’ni belgini yuzaga chiqaradi, strukturasini shakllantiradi, barcha
almashinuvlarda ishtirok etadi, fermentlar oqsil tabiat bo‘ladi, ular ham
oqsildek denturatsiyalanadi va hokazo. Aytib o‘tganimdek denaturatsiyaga turli
xil omillar sabab bo‘ladi. Organizmning tiriklik belgisi muayyan oqsil yoki
oqsillar kompleksi orqali namoyon bo`ladi. Jonzotlarning biologik belgilari
quyidagi generatsiya asosida amalga oshadi va bu biologiyaning asosi - biologik
dogma hisoblanadi:
DNK → RNK → OQSIL
→ BELGI
Demak oqsil muayyan belgini yuzaga chiqarishda mas’ul. Ammo agar mana shu
oqsillar bir qancha ta’sirlar sababli denaturatsiyaga uchrasa u o‘z vazifasini
bajara olmay qoladi yoki aksincha biror bir mutant belgini yuzaga chiqaradi.
Masalan, sochimiz va
terimizning rangi melonin degan pigmentga bog`liq bo‘lib, albinoz insonlarda u
bo‘lmaydi. Melonin sintezi oqsil - ferment tirozinazaga bog‘liq. Mazkur
oqsilning denaturatsiyasi, mutatsiyasi yoki inaktivatsiyasi albinozlarning
paydo bo`lishiga sababchi bo’ladi. Oqsillarga bog’liq bunday jarayonlarni
organizmda juda ko`plab kuzatish mumkin.
Demak bu yerda oqsil o‘z vazifasidan chetlashib qoladi, strukturasi
buziladi. Keraksiz, hattoki zararli oqsilga aylanadi. Ammo ayrim shunday
oqsillar borki ular renturatsiya(qayta tiklanish)ga uchraydi va o’z vazifasini
qayta bajara oladi. Masalan, 70 gradus Selsiyda o‘z vazifasini bajara olmay
qolgan ayrim oqsil-fermentlar temperature 45-50 gradusga tushishi bilan yana
o‘z holatini tiklaydi va vazifasini bajarishda davom etadi.
Bu dunyoda har bir narsaning hatto
atomning, hujayraning ham o‘z vazifalari mavjud. Ular vazifalarini bajarmasa
umuman boshqa narsaga aylanadi ya’ni hujayra hujayra bo‘lmay qoladi.
Inson ham shunday. Dunyoga kelib o‘z vazifasini, yaratilishidagi ma’noni
unutsa, asosiy maqsadidan chetlashsa denaturatsiyaga uchrab qoladi.
11 oy da’vomida sekin sekin denaturatsiya belgilari sezila boradi qalbimda,
ruhimda, jismimda. Qalbim dunyo va dunyoviy masalalar bilan ovvora bo‘lib
qoladi ba’zan, ruhim ziyoga mushtoq bo‘lib ketadi ayrim holatlarda,
jismim-a’zolarim… quloqlarim g’iybatlarni tinglab lablarim jilmayib qo‘ya olib
vazifasini unutadi, tillarim ishga kechiksa ba’zan bahonani g’uldirashga
shaylanadi… o‘z vazifasini unutayozgan qalb, ruh, jism mushtoq bo‘lib ketadi
vazifalarini bajarishga…
Denaturatsiyadan degradatsiyaga o‘tish boshlanay deganda, buyuk Alloh
taoloning inoyati o‘laroq Ramazoni sharif tashrif buyuradi. Qalbimda buyuk bir
silkinish bo‘ladiki, hamma dunyoviy og’riqlar, dunyoga bog’liklar sirg’alib
chiqib ketadi. O‘ZIga mushtoq qalb O‘ZIning rahmati ila tirik qoladi, keraksiz
bo‘lmay vazifasini bajara boshlaydi. Bunda xuddi qurib qolayotgan gulga suv
berganingizda barglari qayta yashillanib, gullari gurkiragandagi holatni his
qiladi qalb. Ba’zan nolib og’riqlar berib turadigan qalbda shukronalik to‘lib
toshadi. Nolish so‘ziga ajablanib qaray boshlaydi kishi. Chunki, noliganlari
naqadar arzimas, mayda narsalar ekanligini sog’lom aql anglaydi. Shukr qilish
uchun sabablarni sanab sanog’iga yeta olmay qoladi.
Ruh. Osmonlarga uchib yuradigan oy, uyg’onganda farishtalar uyg’otib
qo‘ygandek, kitoblarni o‘qib ziyolanib nurlanib bora boshlaydi ruh. Ruh osmonga
tegishli ekanligini anglay borgan sari, vazifasini bajara brogan sari
yuksalaveradi yuksalaver adi… Bu xuddi sahroda qolib yashashdan umidini uzgan
odam suv topvolib uni sipqorgan va hayotini qaytadan boshlagandek jarayon…
Jism… Ooo, quloqlar g’iybatni eshitmaydi, hamma bir biriga muloyim,
bir-birini ayagan, jilmayib sadaqalar ulashgan oy… Hattoki oyoqlar yernida
avaylab bosadi. Quloqlar azon ovozini eshitadi har tong… Ko‘zlar kitoblar
o‘qib, rahmat-u shavqatlar so‘rab ravshanlashib boradi, burunlarga Rayyon nomli
darvozadan keyingi vatanning iforlari kirgandek bo‘ladi go‘yo, tillarda faqat
zikr aylanajak, yolg’onlardan hazar qilgandek bahona qilsada uyalib rostini
aytadigan oy… Tillar butun olamga tinchlik, mo‘minlarga ikki dunyo saodatini
tilash ila qalb tarbiyasi mukammalasha boradi. Yoki aksincha qalbning duolari
tillarga ko‘chib osmonlarga ko‘tarilganini yurak yuragidan his qiladi kishi…
Yelkalariga qarab jilmayib to‘ymaydigan oy, noma-yu amallarining oltin
sahifalari yoziladigan oy… Oooh, qaniydi 11 oy ham mana shunday e’tiqod tursa,
vazifalarini unutmasdan, murvatlari buzilmay ishlay boshlasa dillarning,
ruhning, jismning. Shaytonlar 12 oy ham zanjirband tursa yoxud zanjiridan
uzilsada taqvosining mukammaligidan qo’rqib qochsa shayton ham… Denaturasiya
bo‘lmasa renaturatsiyaga hojat qolmas edi…
Umidimiz shu.
Rahmat oyi tashrifing qanchalik quvontirgan bo‘lsa ketmasingdan sog’inyabman… Foydalana
oldimmikinman?!
Xayolimda esa shu misralar tinmay aylanadi:
“Bilmam ko‘ngillardan ketdimi g’ubor
Sening poyoningda ming nadomat bor
Oylarning sultoni moxi Ramazon
Yana kel, biz seni kutamiz nochor…
Kutdig-u da’volar chiqmadi tetik
Bizni g’olib etdi yuz minglab hadik
Afsusda turibmiz har doimgidek
Yana kel, biz seni kutamiz nochor…
Faqat Rob taolodan so‘rabon najot
Bizni manzil sari yo‘llar chin qanot
O‘n bir oy ichida topmaylik vafot,
Yana kel, biz seni kutamiz nochor…
Men ham saodatga yetarman bir kun
Qalbimda yemilar ilohiy tugun
Shaytonni zanjirband etmaklik uchun
Yana kel, biz seni kutamiz nochor…
P.S. She’r muallifini bilmayman. Bir qancha yillar oldin yodlavolgandim…
.
Yashagim kelib ketadigan oy.
ReplyDeleteO'qigim kelib ketadigan blogpost )