Wednesday 28 May 2014

Sochingning oqlari hasratim mening...



Madinabonu Xonnazarova Abduqahhor qizi



Ota , sizni juda sog‘indim bugun
Bir og‘iz so‘zingiz dardimga darmon
Sizsiz yo‘llarimda chigallik tugun
Duolarla asrab yurganim har on.

Dunyoning oqini ko‘rsatib menga
Qorasin berkitding qaro ko‘zinga
Topganing ilinding  menga-  qizinga
Aytchi nima qoldi sening o‘zinga.

Sochingning oqlari hasratim mening
Ota seni juda sog‘indim bugun.

Umringni umrimga sarf etding borin
Ko‘zing ziyosini tutding yo‘limga
Baxtiyor kunlaring qildimmi korin
Yuraging hovuchlab berding qo‘limga.

Men yana istayman, sen bilan o‘sha
Tuproq ko‘chalarni kezishni otda
Bilganim shu qishloq, shu so‘lim go‘sha
Mehrigiyoligim o‘zing hayotda.

Yuksak tog‘lararo opichib olib,
Sen bilan chiqqanim baland ko‘k qani
Bir olam dardlaring, tashvishing qolib
Menga deb yasagan arg‘imchoq qani.

Uzun tunlar boshim tizzanga qo‘yib,
Eshitardim sendan hikmat , rivoyat
“Ona qizim” deya erkalab suyib
Og‘risam o‘qirding ming bitta oyat.

Sen shunchaki inson emassan illo,
Poyingda bir umr qilaman ta’zim
Mening baxtim sensan, sen menga tillo
Koni davlatimdan bir umr qarzim.

Ota seni juda sog‘indim bugun,
Bir og‘iz duoing dardimga darmon……

Tuesday 20 May 2014

Ey Dahr... Qo'llaring olgin ko'zimdan...



Ona haqidagi she'rlarni juda ko'p o'qiganman.. Yod olgan she'rlarimni ham aksariyat qismi Onalar haqida..
Bugun dugonam Madinaning Ona haqida yozgan she'rlarini o'qib yig'lagim keldi... Ming yillar bo'lgandi she'r o'qib yig'lamaganimga... 
      Onamga...
Madinabonu Xonnazarova Abduqahhor qizi.
EY DAHR,
Qo’llaring olgin ko'zimdan 
Hamda yo’llarimga qo’ymagin tuzoq
O’kinchim sendandur balki o’zimdan
Qalbim bu isyonni kutgandi uzoq.

Mening ko’zlarimla onamga bir boq…


Tim qora sochlarin oqqa bo’yab kim
Kim chizdi ro’yiga armonlar saslar
Titroq vujudini quchganimcha jim
O’ylayman, belini bukdi qay kaslar.

Yo’q, yo’q o’zga emas, u kas mendurman
Bahorin xazonga aylagan inom
Qaro tunlararo qaro tundirman
Zam zam deb og’uga to’ldirilgan jom…

Xo’sh nechun men uchun oqshoming bedor
Tonglarni bemajol kutding kutding onajon
Iqbolim deb kezding, poying to’la xor
Joningdan parchadir tanamdagi jon…

Dunyo qaydan bo’ldim oshiq vaslinga
Butkul unitbman iymonni o’zni
Adashdim , aldandim sening kasringa
Nafsimga alishdim, jannati yuzni.

Nimangni sevdim-a axir bu qadar
Bisoting ro’yoyu sarob aslida
Barcha ko’chalaring kezdim darbadar
Balki nihoyamni topmoq qasdida

Qaydan..bilolmadim, bilolmasman ham
Axir bilolmayin o’tdi Suqrotlar
Topolmayin o’tdi Sino, Luqmon ham
Seni mayga qo’shib ichgan Hayyomlar.

Mag’rur bo’l, zafar yana seniki
Garchi ro’yolarda g’olibsan bugun
Yo’qotilgan oylar, yillar meniki
Lek bag’rim ezadi yolg’iz bir tugun
Onamni ro’yoga alishdimmi men?!

Kelgin qo’llaringdan tutay onajon
Quvonchdan quyoshdek porlasin ko’zing
Kunlari hamrohing bo’lay mehribon
Kuzatay tunlari to’lin oy yuzing…

Ista qolgan umrim baxsh etay senga
Hok bo’lay poyingda qiblamsan arzir
Bir baxtiyor kluging yetadi menga
Xizmatingda bo’lay, bu Haqdan farzdir…


Wednesday 14 May 2014

Yuragim qo'rini olgin onajon....


Yozgim kelyabdi onam haqida… bugun har kungidan boshqacharoq sog’inganim uchundir balki… Balki ulg’aya brogan sari odam insonlarni qadriga ko’p va xo’p yetib borarmikin, bilmadim. Dunyoda hamma onalar yaxshi… hamma hammasi… Qiziq , onalarni hayot bardoshli qilib qo’yarmikan yoki fitratan onalar sabrga haykalmikinlar a?!
Onam men bilgan onalarning ichida eng ko’p yaxshisi..Albatta har bir farzand shunday o’ylaydi, jumladan men ham…  Onam – birinchi o’qituvchim: o’qishda, oshxonada, etikada, estikada; do’stim, maslahatgo’yim, tanqidchim, sirdoshim… Hayotimda mavjud bo’lgan hamma statuslarda ayam borlar…
Jonkuyar ona, munisa rafiqa, soliha farzand, ilmli boshliq, QARINDOSH…
Jonkuyar ona. Ayam juda mehribonliklari bilan bir qatorda juda qattiqqo’l ustozlar har sohada, ayniqsa menga. Ovqat qilishimdan tortib , kiyinishim, salomlashishimgacha hamma hammasini ayam o’rgatganlar. Yozishni, o’qishni ham. Doim kulib: “sanga “2”ni va ‘I” ni yozishni o’rgatguncha tushgan sochimga oq” deydilar. Juda sabrsiz qiz edimmi bilmayman, har holda soatlab gazxonada zuvala olishga ichim qizib ketardi. Ayam oshxonani qulflab o’rgatardilar)) Doim, “Odamlarni qizlari nonlani yopib  tashlaydi, san non mushlasang qo’ling xamirga botmaydi” deb tanbeh berganlari bergan, haligacha qo’lim xamirga botmaydi))… Ovqat qilgunimcha , bor istedodimni ishga solib, qozonni ovozini chiqarmaslikka harakat qilaman, lekin, kapkir ham , qozon ham temir bo’lgandan keyin –ula bir biriga urilsa ovoz chiqadida baribir. Ayam shunday paytlarda: “Qiz bolaning nazokati, didi, haqiqiy oshpazligi qozonni ovozini chiqarmay ovqat qilganda bilinadi” deydilar… haqiqatda ayam ovqat qilsalar hech qachon eshitmaganman qozonning ovozini…
Har kuni ko’chaga chiqishdan avval jonkuyarimni: “Dilnavoz, soliha bo’lgin, senga qarab bizga baho beradilar, senga qarab ikki dunyoda obro’ga ega bo’lamiz yoki obro’sizlanamiz,2 yoki 3 ta qizimiz yo’qki  bittasi yaxshi bo’lmasa, ikkinchisi yaxshi bo’lar desak, Maksimal darajada yaxshi bo’l” degan so’zlari quloqlarim ostida yangraydi…
Esimni tanibmanki, uyimizga mehmon kelmagan kun yo’q, ba’zan hazillashib “Aya darvozamizga HOTEL deb yozib qo’yishimiz kerak” deyman… Bir kun kech soat 23 ladan oshgandi, Dadam telefon qildilar: “tayyorgarlik ko’rila, mehmon oboraman”. Rosti kun bo’yi charchagandim, malollandim. Bu yuzimda ham aks etdi shekilli, ayam :” Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo’lsang, Mehmoningni izzat ikrom qil, hadis o’qi qizim ” dedilar… Necha yillar bo’ldi shu voqeaga. Shundan buyon hech qachon ichimda ham malollanmadim… Mehmonjonlardan aylanay.
 Munisa rafiqa. Har doim menga “Nega doim hozirgi tirik odamlar ichida eng yaxshi ko’rganim dadam deysan, onangni aytmaysan?” deb savol berishadi… Onani yaxshi ko’rmay bo’larkanmi?! Hadsiz mehrim bor volidamga… Dadamga bo’lgan ana shu cheksiz muhabbatni, haqlariga duo qilishni, ishdan kelganlariga kulib qarshi olishni, kuzatguncha “O’ziga omonat” deyishni o’rgatganlari, dadamni qanchalik bebaho insonliklarini anglatganliklari uchun ham onamni o’zgacha ardoqlayman. Doim: “Ota onam mendan rozi ketganiga ko’nglim to’q, lekin dadangdek odamni rozi qila olar ekanmanmi?!” deydilar… Ayam qishlog’imizdagi maktabda director bo’lib ishlaydilar.  Maktabda qo’l ostidagilarini buyrug’iga bo’ysundiradigan mehribonimning uyda , dadamning oldilaridagi hokisorliklari, mushfiqliklari, itoatkorliklari ularga bo’lgan  hurmatimni, mehrimni osmoncha o’stirgan bo’lsa ajab emas. Dadam ishdan kelgunlaricha ham ishga, ham ovqatga, ham uy yumushlariga ulgurgan onani qanday Yaratgansana Qodir Egam… Ayam hech qachon dadamning ko’ylaklarini kir mashinada yuvmaganlar, nega degan savolimga: “Dadang ko’ylaklarini kiyganlarida qo’llarimizning, bizning mehrimizni his qilib tursinlar” deydilar.. O’zi ulardan rozi bo’lsin… Umrlarini uzoq qilsin… Bizlardan xursand qilsin..
Ilmli boshliq… Ayamga bo’lgan hurmatimning, havasimning yana bir tomoni borki, ayam biz uchun orzularidan kechmaganlar. Ham uyda beka, rafiqa, ona, maktabda o’qituvchi, boshliq bo’lish ilmini , san’atini qoyillatgan onamga doim matonat timsoli sifatida qaraganman.  Ularning shukronasini tinglash shunchalar zavqlikiii…Ularning xo’rsiniqsiz ovozlarini eshitish shunchalar yoqimlikiii…  Onalarga qaraganda umridan rozi boqishlarini ko’rish, hayotdan minnatdorona nigohlariga termulish o’zgacha quvonch beradi odamga…
Ayam haqida juda ko’pgina gaplarni yozgim kelyabdi… Ona haqida yozganda odamni gaplari hecham tugamaydi… Erkalik qilib litseyni ovqatlarini yemaganimda har kuni ovqat tashigan mushfiqqinam, xarxashalarimni ko’targan sabrliligim, yutuqlarimdan ko’zlariga yosh olib sevinganim, odamlarni faqat yaxshi ko’rishga o’rgatgan osmon qalbligim, duolarida yashatgan duogo’yim, taftlari quyoshdan issig’im, ayajonim sizni osmoncha yaxshi ko’raman…
Doim takrorlaydigan gapim: “Insonni uzilmas qarzlari bo’ladi… Meni shunday qarzlarim bor : ota- onamdan”…
Qaniydi tabiat qo'lidan kelsa,
Abadiy etolsa sening umringni.
Roziydim Onajon iloji bo'lsa,
Senga qo'shib bersa mening umrimni.
Bir kechalik allang xurmati uchun,
Bir yillik umrimni bag'iwlasam kam.
Ko'chirsam qalbinga qalbimning kuchin,
Qarzim uzilmasdan qolur wunda ham.
Oralab qolibdi sochlaringda oq,
Ol mening sochimni qoralarini.
Tishlaring tushibdi xo’rsinma biroq,
Ol mening tishimni saralarini.
Xiralashib qolibdi ko'zlaringda nur,
Ko'zim nurlarini olgin mehribon.
Roziman xizmating qilsam bir umr,
Yuragim qo’rini olgin Onajon. (A.Oripov)


Berdiyeva Dilnavoz Toshkan qizi.