Wednesday, 28 May 2014

Sochingning oqlari hasratim mening...



Madinabonu Xonnazarova Abduqahhor qizi



Ota , sizni juda sog‘indim bugun
Bir og‘iz so‘zingiz dardimga darmon
Sizsiz yo‘llarimda chigallik tugun
Duolarla asrab yurganim har on.

Dunyoning oqini ko‘rsatib menga
Qorasin berkitding qaro ko‘zinga
Topganing ilinding  menga-  qizinga
Aytchi nima qoldi sening o‘zinga.

Sochingning oqlari hasratim mening
Ota seni juda sog‘indim bugun.

Umringni umrimga sarf etding borin
Ko‘zing ziyosini tutding yo‘limga
Baxtiyor kunlaring qildimmi korin
Yuraging hovuchlab berding qo‘limga.

Men yana istayman, sen bilan o‘sha
Tuproq ko‘chalarni kezishni otda
Bilganim shu qishloq, shu so‘lim go‘sha
Mehrigiyoligim o‘zing hayotda.

Yuksak tog‘lararo opichib olib,
Sen bilan chiqqanim baland ko‘k qani
Bir olam dardlaring, tashvishing qolib
Menga deb yasagan arg‘imchoq qani.

Uzun tunlar boshim tizzanga qo‘yib,
Eshitardim sendan hikmat , rivoyat
“Ona qizim” deya erkalab suyib
Og‘risam o‘qirding ming bitta oyat.

Sen shunchaki inson emassan illo,
Poyingda bir umr qilaman ta’zim
Mening baxtim sensan, sen menga tillo
Koni davlatimdan bir umr qarzim.

Ota seni juda sog‘indim bugun,
Bir og‘iz duoing dardimga darmon……

No comments:

Post a Comment