Friday 29 June 2018

Boburim



Bugun ukam tug’ilgan kun.
Boburim… Mendan bir ozgina kichik ammo qalbi osmonim…
Jannatni ota onasini poyidan izlagan chin mo’minim…
Esingdami, qornim ochib maktabdan kelsam muzlatgichdan qatiqni olib puflab ichirib qo’yarding… Xuddi isib qoladigandek…
Esingdami, ruxsatsiz daryoga cho’milishga majburlab seni olib ketgan edim, aybni sen bo’yningga olib onamdan tarsaki yeganding?
Esingdami, hazillashib oq toshlarni bir biriga urganimizda chiqadigan uchqunni ko’rib yana uchqun chiqargan edik, somonlarimiz yonib ketgan edi.. Sen bo’yningga olganding…
Ko’p shamollardim. Uydan ovqat tanlab yeydigan yagona odam men edim. Onam quymoq pishirib bersalar sen yemasdan o’tirardingda, choyga nonni botirib yer eding… Onam quymoq ye desalar “Opam non bilan choy ichmaydilar quymog’imni opamga beraman” derding, bolaligim seni quymog’ingni yeb o’tdi…
Onam kasal bo’lganlarida mitti 5 yoshligida onamni oldidan ketmay Allohga duo qilishni bilgan mehribonim…
Maktabga chiqdik. Uyda mollarimiz bor edi. Katta 15 minutlik tanaffusda maktabdan uyga yugurib kelib mollarga qarab ketarding, 15 minutda ovqatlanib olay degan g’oya yo’q edi senda… sen chumchuqdan tortib mollarga ham mehribon eding…
Ertalab 4 dan turib uydagi chelaklarni to’ldirardi… Onam og’ir ko’tarmasinlar deb…

Qaysi o’qishga kirishni xohlaysan deyishdi, otam onam rozi bo’ladiganini tanlading birinchi yiliyoq o’qishga kirding. Chunki sening maqsading yagona bu hayotda Allohni rozi qilish. Allohni rozi qilishga ota onamni rozi qilib yetishmoq uchun intilasan doim…
Deyarli har oy Toshkentdan  Yakkabog’ga qatnading. “Onamni sog’indim”…
O’qishni tugatding, ustozlaring “Toshkentda qol, kelajaging buyuk” deyishdi. Sen esa qishloqqa qaytding “onamsiz jannat yo’q” deya… Senga dunyolar taklif qilishdi ‘Onamning poyidan pastdir bu dunyo” deb uyga qaytding…
Bugun sen erishganlarga hamma havas qiladi…
Men senchalik solih farzandni ko’rmaganman…
Senchalik mehribon ukani ko’rmaganman…
Senchalik mehribon akani ko’rmaganman…
Allohning rahmon sifati bilan bezanganim, baxtimga sog’ bo’l… Baxtimizga sog’ bo’l, ukajonim… Borliging uchun rahmat. Ota onamga xizmating uchun rahmat… Alloh sendan rozi bo’lsin…

Thursday 31 May 2018

Yur, tibbiy ko'rikdan o'tamiz!


“Onkologiya” so‘zini eshitganda, onkologiya shifoxonasi  tomonga yo‘li tushganda inson bir seskanib oladigan davrda yashamoqdamiz. Bu bejizga emas. Kundan kunga ushbu xastalik butun dunyo bo‘ylab ko‘payib bormoqda.  2015-yil statistic natijalariga ko‘ra butun dunyoda 8,8 million kishi  hayotdan ko‘z yumishiga turli xil onkologik xastaliklar sabab bo‘lgan.  Ushbu o‘limlarga sabab bo‘lgan onkologik xastaliklarning ko‘rsatgichlari quyidagicha:
1.     O‘pka o‘smasi  sababli 1,68 million;
2.     Jigar o‘smasi sababli 788 000;
3.     Kolorektal o‘smalar sababli 774 000;
4.     Oshqozon o‘smasi  sababli 754 000;
5.     Ko‘krak o‘smasi sababli  571 000 nafar inson vafot etgan.
Saraton kasalligida o‘limning qariyb 70 foizi past va o‘rta daromadli mamlakatlarda kuzatiladi. Bunga ham statistika keltirib biroz boshingizni qotirmoqchiman.  Yevropa va AQSH mamlakatlarida o‘rtacha olganda onkologik kasallik bilan kasallangan insonlarning 5 nafardan 2 nafari tuzalishga erishsa, Afrika va OSiyo mamlakatlarida bu kasallikdan 1/10 nafar inson tuzalishga erishadi. Lekin kasallik tarqalishi va rak keltirib chiqaruvchi moddalarning uchrashi bo‘yicha AQSH va YEvropa Osiyodan 7 barobarga ustun turadi. Demak, qanday xulosaga kelamiz?! Shoshmang,  xulosani so‘ngida berib o‘taman.
Bakalavr va magistraturada o‘qish davrimda o‘z ilmiy tadqiqot ishimni ilmiy tadqiqot institutda o‘tadim. Laboratoriya shunday joy-ki, ilmiy tadqiqotchi uchun uyerdagi har bir apparatu preparatlar uning  tushligiga, eksperiment obyektlari quyon-u sichqonlar  ilmiy xodimning do‘stlariga aylanib qoladi. Yana laboratoriyadagi hamkasblaring jigaringga aylanadi. Chunki ular bilan maqsading, intilishing, ilming, fikr doirang odatda juda o‘xshash bo‘ladi.  Hamkasblar bilan bugun quyonning genini tekshirsangiz, ertaga unga flyurosentli gen kiritib u bu yangilik qilmoqqa intilasiz kishi. Atrofdagi insonlarni ziyrakroq tiyranroq kuzatish qon qoningizga singib ketadi. 2-kurs magistratura davrimda laboratoriyamizga bitta qiz keldi. Yaxshi chiqishib ketdik. Qizlar odatda tez sirdoshga aylanadilar. Ular menga onalari ko‘krak saratonidan vafot etganlarini aytib berganda, uni  bag‘rimga bosib “umrlarini sizga bersin” deb ko‘ksim to‘lib ketgani hamon yodimda. Shundan keyin 6 oy o‘tib qarasam uning sochlari nisbatan ko‘p to‘kiladi, tirnoqlarida, tanalarida kuzatilayotgan o‘zgarishlarga qarab, og‘riq belgilarini sekin so‘rab havotirga tushdim. IShqilib saraton bo‘lmasin! Men jinsiy xromasoma anomaliyalarini o‘rganardim. Shu sabab doim menga doim eksperiment uchun  namuna (sog‘lom qon) kerak bo‘ladi. Undan menga qon berishini so‘radim. Tabiiyki rad etmadi. O‘zim o‘sma analizini qilib ko‘rdim. DNKda rak keltirib chiqaruvchi gen joylashgan telomere uchastkaning o‘zgarganini ko‘rib yuragim shuvilladi. Vahima qilmasdan, uning otasini chaqirtirdim. Va o‘ziga tushuntirdim. Hali aniq emas, ammo hamma kasallikni boshlanishini oldini olish mumkinligini tushuntirdim. Onkologiya shifoxonasiga borishdi. Ha ular ham ko‘krak saratoni kasalligi asoratini aniqlashdi. Ota bola Moskvaga borib operatsiya orqali endi o‘smoqchi bo‘lgan, hali organga tarqab ulgurmagan o‘smani oldirib tashlashdi. Organning o‘ziga ham ziyon yetmadi hatto!  Mana uch yildirki  sog‘ omon. Sog‘ bo‘lganda ham yer-u ko‘kni ilm bilan to‘ldirib yuribdi. Har har kelganda meni bag‘riga bosib, “onamni hidi sizdan keladi dugoon” deb erkalab qo‘yadi. Men esa shodlanaman. Qaniydi ularning onalari ham og‘riqlarga e’tiborli bo‘lib vaqtida doktorga borganlarida edi…
Yana bir hamkasbim, kursdoshim bor. Ismi Diyor. Onalari ko‘krak saratoni sababli vafot etgan. Uning aytishicha saraton shu darajaga yetganki tilining ostigacha UZDda ko‘ringan!!! Bungacha joni qancha og‘ridi ekan?!
Demak, statistika tahliliga qaytamiz, nega O‘zbekistonda rak xastaliklarining 5 nafaridan 4 nafari vafot etishiga!!! Bizda tibbiyot rivojlanmaganmi?! Aslo unday emas, bilish uchun Toshkentda joylashgan ikkita onkologiya shifoxonasiga ham borib ko‘ring. Jihozlari zamonaviy, rak xastaligini metostaza berishdan oldin aniqlash uchun reaktiv va kerakli asbob uskunalari yetarli darajada! Shifokorlarining ilmiy darajasi ha balki AQSH-u Yevropaniki qadar emasdir, ammo ularning ilmi aniq kasallikni aniqlashga yetadi. Buni men o‘nlab insonlarni shu shifoxonaga yuborgan bioximik mutaxassis sifatida aytmoqdaman. Unda muammo qayerda dersiz?! Muammo bizda! O‘z – o‘zimizda. Jonimiz og‘risa o‘tib ketadi deb avval “trimol”ni yana ham og‘riq qolmasa “Baralgin”ni ichib og‘rig‘imizni to‘xtatadigan o‘zimizda! Bizda tibbiy madaniyat juda oqsaydi, azizlar. Faqat saratonni men misol keltirdim xolos, minglab infeksiyalar bor organizmni xastalantirish uchun. Lekin, biznikilar jonkuyar. Vaqtini doktorga borishdan ayaydi. Og‘riqlarini aldabgina qo‘ya qoladi turli bo‘lgan bo‘lmagan dori vositalari bilan. Keyin hali eng navqiron 40 yoshida turib “qarichilikda shu joyim og‘riyabdi” deb aytib qo‘yadi. Qaniydi hamma hammaga jar solsam, “Ey Baraka topgurlar qarilik xastalik degani emas, shunchaki organizmdan yoshlikning ketishi, Sintez reaksiyalari emas parchalanish reaksiyalari ko‘proq sodir bo‘ladigan yosh. Bunda og‘riq  bo‘lishi shart emas. Sog‘lom odam sog‘lom qariydi” deb aytsam…
Jamiyatda tibbiy madaniyatni oshirish uchun quyidagi takliflarni beraman:
1.     Avvalambor, bolalarimizni katta qilguncha “ana duxtir kelyabdi, hozir ukol qiladi” deb doktordan bezillatib qo‘ymaylik. Aksincha, biror joyi lat yedimi yoki og‘ridimi uni mutaxassisga ko‘rsatish kerakligi haqida tushuncha berib, oq xalatlilardan qo‘rqmaydigan qilib tarbiyalaylik.
2.     Hamma tashkilotlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tish tizimi bor a?! Lekin qaysi biringiz har yili shu tekshiruvdan o‘tasiz? Va atrofingizdagilar qanday o‘tadi yoki necha sum beradi?! Mana shu tibbiy tekshiruvni xolisligini nazoratga olishsin. Men bilgan ko‘p tashkilotlarda bu tizimdan pullik o‘tishadi. Soxta sog‘lomlik kimga kerak?! Odamlarimiz ham ikki soat vaqtini boylikdan afzal sog‘lik uchun sarflashni o‘rganishlari uchun hammamiz ham yon atrofimizga agitatsiya qilaylik.
3.     Viloyatlar bo‘ylab turli xil she’ru qo‘shiq aytib yurgan Zulfiyachiyu san’atkorlarimizga bittadan bo‘lsada ilm ahlini qo‘shib qo‘yishsin. Toki ular tibbiy madaniyatni xalq tushunishi uchun xizmat qilsin. Hech bo‘lmaganda teatrlarimizda, ko‘rsatuvlarimizda  tibbiy madaniyatni oshirishga, tibbiy ko‘rikdan o‘tishga odamlarni undaydigan g‘oyalarni berishsin;
4.     Mana Yoshlar Ittifoqi tashkil qilingan a?! Bu tashkilotga juda katta ishonch bildirilgan. Bu ishonchni “yalla” aytib oqlab bo‘lmaydiku. Ushbu tashkilotni ishlarini bundooq kuzatsam boshi she’r aytishdan, kitobxonlikka targ‘ibdan va biznes rejadan ortmayabdi. Bular ham yuzakidek. Ya’ni, tadbirkor u bu g‘oya aytadi ammo targ‘ib, shogird chiqarish yo‘q. Biznes maslahat beriladi, amalga joriy etilib massaviy foyda keltirganini hali eshitmadim, bilmadim. Bexabar qolgan bo‘lsam uzr, ammo.  Buni ustiga sog‘ligi but bo‘lmagan, yoki yaqini bemor bo‘lgan insonga she’ru biznes g‘oya bilan yordam berib bo‘lmasa!  Ana shu uyushgan yoshlarga bir maslahat, Tibbiyot Institutlaridan, O‘zRFAdan professor o‘qituvchilarni chorlab turli xil semenarlar o‘tkazsin tibbiy madaniyatni oshirish, kasallik sabablari, O‘zbekiston hududida uchraydigan xastaliklar ularning oldini olish, kasallik belgilari haqida. She’rxonlikdan ko‘ra xalqqa shu foydaliroq, ishoning!  Mana har bir tashkilotda, Yoshlar ittifoqi bor hozir, yo‘qlariga hududiy vakillar borib tashkil qils qanday yaxshi bo‘ladi. Qo‘shimchasiga, kasb kasalliklarini ham tushuntirib ketilsa, masalan dehqonda uchrashi mumkin bo‘lgan kasallik qaysi, o‘qituvchida qaysi, veterenarda qaysi, cho‘ponda qaysi kasallikka moyilliklar bo‘lishi va uni da’volash, tibbiy ko‘rikda o‘tishga chorlov haqida. Ayniqsa ayollarga. Qishloq joylarida yillaaab ginekologga bormaydigan ayollarni bilaman, afsus…  Tibbiyot vakillari jonli semenarlarni jon deb tashkil qilib berishadi, chunki ularga ham kasallikni da’volashdan uni oldini olish osonroq.
Ilohim, kasal bo‘lmangizlar.

P/S: Statistik ma’lumotlar http://www.cancerresearchuk.org web saytidan olindi.

Sunday 20 May 2018

Fozil OLIMlar shahri


                  Assalomu alaykum

Jamiyatda insonlarning moddiy va ma’naviy hayoti yaxshilansa u jamiyatda chin ma’noda yuksaklikka erishadi. Yolg‘on va qog‘ozbozlikka, ko‘zbo‘ymachilikka asoslangan har qaysi jamiyatning inqirozi muqarrar. Oxirgi vaqtlarda TV, radio va internet tarmoqlari orqali hokimlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojatlar, kamchiliklarini aytish boring-ki tanqidlar tut mevasidan ham ko‘p yog‘ilmoqda. Men ushbu vaziyatni ko‘rib jilmayib qo‘yaman. Nega deysizmi? !
Fozil odamlar shahri barpo bo‘lishi uchun avvalo fozil hokimlarni tarbiyalaydigan, uni tanqid qilib so‘kishga o‘rgatadigan emas, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib yechim  va taklif bera oladigan xalq manfaatini o‘ylaydigan, o‘zi ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ymaydigan  fozil olimlar kerak. Hokimlar aldasa nima bo‘pti? ! Ko‘zbo‘yamachilikka yo‘llarni tozalab oqlab qo‘ysa nima bo‘pti? Ha, ishoning men buni hazm qilaman. Chunki, men birorta ham ilmiy ish oxiriga yetmagan faqat qog‘ozlargina ilmiy grantlar yutadigan ilmiy yo‘nalishlarni ko‘rganman, Vazir keladi deb talabalarga oq xalat kiydirib laboratoriyaga kirgizib qo‘ygan professorlarni ko‘rganman, Prezident  olimlarga suyanayotgan paytda  ilm ahliga da’vogarlik qiluvchi odamlarning Prezident kelishidan bir oy oldin laboratoriyani oqlab ko‘klashini ko‘rganman. Ha hamma mehmon kelsa uyini chiroylashtiradida dersiz, ha shunday, ammo “ijaraga” olib kelingan zallarga qo‘yilgan  gullaru stol stullarning Prezident ketishi bilan ketishini aldash deb hazm qila olmayotgan insonman. “Dardingni ayt” desa dardini aytmay “Biz bu bu larga erishdik” deb qog‘ozlarda erishilgan natijalarni ko‘rsatganlarni ko‘rgan, muammoni aytmay “buni qilamiz” deb va’da bergan va’dabozlarni ko‘rgan, ilmiy ishi 80 foizi “copy paste” dan iborat olimchalarni ko‘rganman, yillab mehnat qilib ilmiy ishini yoqlay olmayotgan shimining tizzasi  oqarib yotgan chin olimlarni guvohiman. Shunday olimlar aldasayu hokim aldasa nima qilibdi?!  Istehzosiz!
Endi ikkinchi tomondan qarayman, ishoninglar bizdagi ilmiy Institutlar va ularning ta’minlanishi Yevropa mamlakatlaridan qolishmaydi. Shunchaki bizda bu apparatu reaktivlarni ishlatadigan kalla yo‘q.
Nega deysizmi? Chunki, chin olimning bunga vaqti yo‘q. U xuddi robotga o‘xshaydi belgilangan ishni qilish, kunning o‘tishi va oylikni olishiga qarab o‘tayotgan kunlari, ishdan keyin bolasiga sumka olib berish uchun taksilik qilishi kerak. Kamiga farzandini Universitetda o‘qishini  istaydi. Repetitorga berishi kerak, chunki  maktabdagi ilm Universitetga kirishga yetmaydi. Ilmiy institut xodimining qo‘liga tegadigan 1 million 300 ming sum oyligi solig‘u communal to‘lovlarni to‘lashga ketadi deyarli. Moddiy ta’minlanmasdan turib uning miyasiga qanday Nobel oladigan g‘oya kelsin?! Qanday qilib bolasi kiyimsiz bo‘lsa u xalqni o‘ylasin?! Keyin, nima qiladi, o‘n martalab ro‘yhatdan o‘tolmagandan keyin ilmiy ishini sotadida?! Olimni sotuvchidan farqi uning foydasi katta mashaqqat evaziga keladi.Endi mana bu linkka bir qarang ,  https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/oakni_epish_rejalashtirilmoqda_ilmiy_darajalar_berish_oliy_talim_muassasalariga_va_itiga_topshiriladi/ “Ilmiy darajalar berish oily ta’lim muassasalariga va ITIga topshiriladi”.  Bizning OTMning darajasi ilmi daraja berishga yetadimi?! Mahalliychilik bilan baho qo‘yadigan ayrimlarning kuni tug‘arkanda?!
Men o‘qituvchi, ilmiy izlanuvchi inson sifatida quyidagi takliflarni kiritaman:
-         OAK yopilmasin, qayta sof tarzda shakllantirilsa to‘g‘ri bo‘lardi nazdimda. Chunki korrupsiya uchun katta yo‘l ochib qo‘ymaslik kerak. Plagiat bo‘lgan, sotib olingan ilmiy ishlarga qonunda qat’iy norma belgilansin;
-         Bakalavr va magistrlar ilmiy ishlarini tegishli tashkilotlarda, ilmiy institutlarda qilishsin va bu tekshirilsin. Oylik hisobotlar emas menimcha yarim yillik hisobotning o‘zi yetarli.
-         O‘qituvchi bajarishi kerak bo‘lgan 1540 soat o‘rniga ta’lim sifati talab qilinsin. Zotan, Bu maqola buncha ball beradi, bunisi buncha deb yurgan o‘qituvchining ta’lim sifati haminqadar bo‘lishi tabiiy.
Vaqtim juda kamligi uchun takliflarimni hammasini bera olmadim, ammo shu blogpostni o‘qigan hamma jamiyat a’zosidan o‘z fikr va mulohozalarini, ilmni rivojlantirishga takliflarini  kutib qolaman.
Istagim yurtimiz fozil olimlar shahri bo‘lsin, xalqimiz moddiy va ma’naviy boy bo‘lsin! Onalar "hokim boolam allayo" deb emas, "olim bolam alla" deb alla aytsin!








Friday 18 May 2018

Amaki


                Miiitti edim. Oilamizning eng erkasi, eng sevimlisi edim. Rahmatli Gulchehra ammajonimga o’xshaganim uchun bo’lsa kerak amakim va ammamlar boshqacha yaxshi ko’rishardi. Ayniqsa amakimni farzandlari akalarim opalarim. Akam velosipedda sayr qildirsalar, opalarim meni kuldirish quvontirish uchun sahna ko’rinishlari tayyorlab berardilar. Sochlarim uzuun edi, katta opam quritib qo’yardilar. Xurmoni uzishga bo’yim yetmasdi kichik opam uzib berardilar, Dilnora opam esa ko’ylaklar yupkachalar tikib berardilar. Qora negr bitta qo’g’irchog’im yo’qolganda meni ovutgan ham shu amakimni qizlariJ. Lekin men nimadandir xafa bo’lsam, ranjisam, kimdirni aytib bermoqchi bo’lsam amakim oldiga yugurardim. Zulfiya ammamning o’g’li ham erka edi. Ikkalamiz tortishib qoldik bir safar. U menga toshchalar otdi. Tosh boshimga tegdi. Bu hodisani ko’rib turgan amakim yugurib kelib ammamni o’g’lini juda qattiq urgandilar. Mening boshim og’rirdi buvamning(amakimni buva deyman) yuragi. Men ulg’aygach kimdir gap otsa, telefon qilsa, g’ashimga tegsa yugurib amakimga aytardim. Dadamdan uyalgan bo’lsam kerakmi, bilmadim, amakimga aytardim. Amakim menga gap otgan bolani bir safar ikki xatlab yugurib yetib tavbasiga tayantirgan edilar. Buvijonim qatiq tayyorlasalar borganimdayoq menga shirin qatiq olib kelishlarini aytardilar, eng yaxshi ovqatlarni ilinardilar. Men yaxshi ko’rgan ovqat qilishsa chaqirib olardilar. Erkatoyligimni his qilaman amakimni oldida. Kap katta bo’lib qolsam ham qishloqqa borganimda bo’yinlariga osilvolsam ko’tarib aylantiradigan zabardastim amakijonim. Litseyda ota onalar majlisiga borib, “Qizim ozib ketyabdi, ko’p vazifa bermanglar” deb yeydigan ovqatlarimgacha nazorat qilib kelgan mehribonim. Nonning har bir ushog’ini ham haloldan topgan dehqonim, olgan foydalarini hammasini ishchilariga tarqatib bayram qilib beradigan saxiyim. Makroinsultni boshidan kechirganiga qaramasdan, gapira olmasligiga qaramasdan ro’za tutgan ibodatda havasmandim…
Buvajon eslaysizmi sizga yangi yil kechasida dadam hadya qilgan moskvichni ko’rib quvonganingiz va bizni unda aylantirganingizni? Buvajon meni har azonda kelib “navosti tur” deb uyg’otishingizni eslaysizmi? Hamma sizdan gap eshitardi, ish qilishga undardin giz, faqatgina meni urishmagansiz, bilasizmi buvajon? Meni paxta dalalariga olib chiqib paxta terishni o’rgatmoqchi bo’lib men o’rgana olmasam opamni paxtalarini “mani Dilnavozim terdi” deb dadamga maqtaganingizni eslaysizmi?… Yelkangizda ko’tarib dala aylantirganingizni? Maska taqib meni qo’rqitganingizni? Sovg’alar berganingizni? Ramazon aytishni o’rgatganingizni eslaysizmi? Qattiq aksirib yuragimni yorvorishingizni eslaysizmi buvajon?…
Buvajon “ovqat ye” degan tanbehlaringizni sog’indim. Ovozingizni sog’indim. Erkalashlaringizni, meni yonimni olishlaringizni sog’indim… “Novosti” desangiz ham mayli buvajon…
 Iltimos tuzaling. Tezroq tuzaling. Axir to’yimda menga duo aytmoqchi edingizku?! O’ynamoqchi, menga muzqaymoq olib bermoqchi edingizku?!  Opamlardan ham meni ko’p yaxshi ko’rasizku… Bu so’zlarimni albatta opamlar o’qib beradilar, men sizga sizni juda yaxshi ko’rishimni aytmoqchiman buvajon… Juda qattiq yaxshi ko’raman…
Qo’llarimni duoga ochdim…