Saturday 20 February 2016

Otamning yoniga chopgim keladi

*****

Tushunmay qolsam gar o‘zimni o‘zim
 Sog’inchdan sarg’ayib ketsalar yuzim
Tomchi yoshga muhtoj bo‘lganda ko‘zim
 Otamning yoniga chopgim keladi

Adolatsiz adolatlar bo‘ynimdan tutsa
Yiqilsam qo‘limdan dushmanim tutsa
Ko‘nglimdamaslar ko‘nglimni kutsa
Otamning yoniga chopgim keladi.

Anduhlarni makon qilsa gar yurak
Ijobat bo‘lishga shoshmasa tilak
O‘ylayman, qayerga borishim kerak?
Otamning yoniga chopgim keladi.

Dilimda hasratlar minora qursa,
Asossiz g’iybatlar qalbimni tilsa
Yig’lasam qarshimda o‘z do‘stim kulsa
Otamning yoniga chopgim keladi.

Yuragimda to‘lib ketsa alamlar
Ichimdagin yozolmasa qalamlar
Butun dunyo bo‘lolmasa malhamlar
Otamning yoniga chopgim keladi


Soxtalikni anglasam gar so‘zimda
O‘ZIga ishq ko‘rinmasa ko‘zimda
Imon nurin sezmasam gar yuzimda
Otamning yoniga chopgim keladi.





Thursday 4 February 2016

Ichimdagi "qoralovchi" va "oqlovchi"


Dunyo shunday yaralgan.
Har kimning ichida ikkita “men”I bor. Bu “men”larning biri “qoralovchi” biri “oqlovchi” vazifasini o‘taydi. Sizda qanday bilmadim, men garchi “qora” o‘zagi bo‘lsada “qoralovch”imdan baraka topaman. Garchi u qora bo'lsada o'zimdan ko'proq o'zgalarni o'ylaydi, xudbinroq "oqlovchim"ga aql o'rgatadi, mening ichimdagi vijdonimmikin shu "qoralovchim". Juda vaqtli uyg‘ondim. Har doimgidan vaqtliroq. Ko‘nglim g‘ash bo‘lib uyg‘ondim. “Nega” buni faqat mening ichimdagi advokatim va prokurorim biladi. O‘zim ham anglamay qolaman ba’zan. Garchi kayfiyatni ko‘taradigan mahsulotlardan iste’mol qilishimga qaramay mahzunlik tark etmadi… Angladimki, kitobni, ziyoni sog‘ingan ruhim… Azon ovozini qulog‘im sog‘inibdi, Qur’onning yuraklarni oppoq qiluvchi nurli tilovatiga muhtoj bo‘libdi tanam, ko‘zlarimga qancha bo‘ldi ushbu kitobni surtmaganim-mushtoq aylabman ko‘zlarimni. Ichimdagi menlarim shu zahoti bahsni to‘xtatdi. Go‘yoki anglagandek. Go‘yoki bu ikki “men”dan boshqa “men” bordek. Ikki tomchi yosh mana shu yosh bilan chiqib ketdi hamma o‘ylovlaru qayg‘ularim go‘yo, ikki tomchi yosh mana shu yosh bilan ifodalandi o‘zimga sog‘inchim go‘yo, ikki tomchi yosh mana shu yoshgina qalbimdagi hamma mahzunlikni chiqarib tashlay oldi, mana shu yoshgina “qoralovchim”ning nurli oppoq so‘zlari kabi qalbimni yoritdi, garchi yengilgan bo‘lsada “oqlovchim” jilmayib yengilganidan xursandligini to‘kilgandek bu yoshlar. Bu ikki yosh Mushaf’ning muqaddas sahifalarini tanigandek, anglagandek unga talpindi…
Axir bugun Juma…
Muborak bo‘lsin.


Yig'lamang sinovlar yog'sa paydar-pay,
Yig'lamang dard sizni qiynasa tinmay,
Yig'lang, Shahodatsiz to'xtasa zabon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.

Yig'lamang tuhmatlar boshingiz egsa,
Nomard otgan paykon nishonga tegsa,
Yig'lang, nafsni deya sotilsa vijdon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.

Yig'lamang, sevgan yor aylasa jafo,
Yig'lamang, dunyoni tark etsa vafo,
Yig'lang, o'g'il ota bag'rin qilsa qon
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.

Yig'lamang, olamni suv bossa butkul,
Yig'lamang, shaharlar yonib bo'lsa kul,
Yig'lang, qabrni cho'g' aylasa makon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.

Yig'lamang, boy berib qo'yib mansabni,
Yig'lamang ey do'stim, asrang asabni,
Yig'lang, zalolatga yuz tutsa zamon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.



Yig'lang fahshu zino bo'lsa hukmron,
Yig'lang sajda qilish bo'lganda armon,
Yig'lang har ishda bosh bo'lsa shayton,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.


P.S. She’r muallifini bilmayman, afsuski.