Friday, 23 January 2015

Puankare va men.


Bu qissa haqida yozmoqchi emasdim toki bugun fakultetga borib bir ustozimni xonalariga kirib uning ko‘zlaridagi yoshni ko‘rmagunimcha. Yozish men uchun ehtiyoj ekanligini ana shunda anglab qoldim.
Vaqt oqimi bo‘ylab shiddat bilan suzib ketayotgan bir vaqtimda  "Puankare" qissasini o‘qishni tavsiya qilib qolishdi. Bu qissani ikkinchi marta tavsiya qilishgandi. O‘qidim. Va bu asar meni Voynichni “So‘na”sidek xayolparast qilib qo‘ydi, xuddi "So‘na"dek anduhga botirdi. 
Men ana shu sochlari to‘kilgan, portfeli eskirib ketgan, bir umr moddiyatdan qochib yashagan odamni yaxshi ko‘rib qoldim. Uning shijoatida o‘zimni ko‘rdim: butun dunyo olimlari “isbotsiz gipoteza” deb tan bergan bir vaqtda  uning  rudalar uyilib yotgan tog’dan oltin kukunini izlashga kuch topa olganini o‘qib men ham xuddi ana shu Quvvatni his qilardim tanamda, yuragimda…Xuddi shijoatim abadiydek, xuddi bir umr navqiron bo‘lib qoladigandek o‘ylardim o‘zimni. Men uchun maqsad ZO‘R bo‘lish emas, duolarda yashash,odamlarni, bashariyatni rozi qilish edi, xolos. Ishonasizmi men xayollarimda, orzularimda OITSga qarshi tomchi vaksinalar o‘ylab topardim, Gepatit C ning qondan ketmaydigan xilini qonga Gepatit C virusini o‘ziga yopishtirib olib ingibirlaydigan(faoliyatini cheklaydigan) turli sun’iy oqsillar olar  edim. Orzularimda bu dardlardan xalos bo‘lgan insonlarning minnatdorona nigohlarini tasavvur qilib metroyu avtobuslarda jilmayib ketardim.
Keyin esa, xuddi shu olimdek xafsalam pir bo‘ldi.  Yana unda  o‘zimni ayni holatimni ko‘rdim. To‘g’ri mening portfelim eskirmagan, to‘g’ri sochlarim to‘kilmagan, to‘g’ri telba emasman, to‘g’ri odamlar mendan kulmaydilar ammo mana shu navqiron holatimdayoq tan berdim-ilmning sermashaqqat yo‘lidan kechdim?! Bunga also moddiyatning aloqasi yo‘q. Farqimiz shunda.
Farq vaziyatlarda. Ba’zi bir domlalarning oldiga soatlab bosh egib mana shuni o‘rgating deyishdan emas, “Programmada yo‘q savol bilan boshimni qotirmang” deyishlaridan charchadim, biror bir ishga ruxsat olganimda esa yana birovlarning hasadona nigohlaridan bezidim, bu tirmizak o‘zidan katta ishlarga bosh qo‘shadi degan g’iybatlar jon jonimdan o‘tdi.  Bilasizmi qanday davrda yashayabmiz? Bilasizmi hozir kim ilm yo‘lida jadallayabdi?!  Men anglab yetdim! Birinchi o‘rinda hamelionlik ilmini o‘rganish kerak ekan, tilyog‘lamalik qilib maqtabgina ilm yo‘lida bardavom bo‘la olar ekansiz. Yodlab olgan ikkita so‘zingizni qiymati yuqoriroq sizning fikrlaringizdan ko‘ra. Ikkita yangi gap aytsangiz tamom, mavzuga qayting deb bug‘ishadi. Ba‘zan-ba‘zan o‘zimdan qoidachi deb kulaman, chunki ayrim narsalarni xuddi ona tilidan qoida yodlagandek sharillatib yodlab beraman. Ishonasizmi, oqsil bilan aminokislotani farqini bilmaydigan dotsentlarning borligi ilmni saviyasini tushurgandek yuragimni ezadi. Hali tezis yozishni bilmaydigan talabaning ilmbozlik vasvasasiga chalinib maqolalar yozdirib o‘z nomi bilan chop ettirayotgani hayratimni oshiradi. O‘ylaab qolaman,  bizni ilm emas xuddi ilmbozlik vasvasi chulg’ab olayotgandek. Maqsadlar ilm olish emas diplom olishdek tuyuladi goho menga. Ajabo, bu pessimistlik qayerdan… Yo‘q, deydi ichimda meni boshqaradigan yuragim, sen ilmni o‘rganishdan to‘xtama, ko‘zlaringni yumib yashashga o‘rganib qolma deydi u… Xop, hozir to‘xtadim deylik bu yo‘ldan, ertaga kim bo‘laman, mana shu bitta leksiyani yodlab olib qayta qayta o‘qib beramanmi men ham? Men ham 50 yil avvalgi bilimlarni o‘rgatamanmi talabalarga?! Maqsadim shumi? Dod deb yuboradi ichimda nimadir. O'zimni hanuz o'z kuyini topa olmayotgan MTJmizga o'xshataman. Ko‘zlarim oldiga esa ustozim Valixonov domlamning nurli chexralari keladi, “Biokimyoning kelajagini sizda ko‘raman” degan edilar Xudo rahmat qilgur ustozim.
Men kelajak bo‘la olamanmi? Meni kurashlarga kuchim yetadimi? Ilmim yetadimi? Qobilyatim,shijoatim yetadimi? Biotexnologiya jadal rivojlanib ketayotgani sabab yaxshi ustozlarim biotexnologiya yo‘nalishini tanlashni taklif etishdi. Yo‘q, men tanlay olmadim. Hattoki qiziqishim kuchli bo‘lishiga, hattoki ishim biotexnologiya bo‘lishiga qaramasdan biokimyoni tanladim. Bunga faqat va faqat mana shu so‘z sabab: “Biokimyoni kelajagini sizda ko‘raman”.  Yo‘q,yo‘q ilm olishdan to‘xtash nafas olmaslik bilan barobarku axir.
         Ikki yo‘l orasidagidek his qilaman o‘zimni. Ilmdan ketdim ham deylik, ertaga men ham Puankare gepotezasini isbotlamoqni jon jaxdi bilan izlagan odam kabi “Meni orqaga qaytar Xudoyim” deb afsuslanmasmikinman. Yo‘q to‘xtamaslik kerak. Intilish, olg‘a yurish lozim. To‘g’ri, meni qarashlarimni tushunmaydigan, intilishlarimga ensa qotiradiganlar bor! Ammoo Dilnavoz, o‘ylab ko‘r axir ularning soni bitta bo‘lsa sening ilm olishing uchun mashaqqat chekkan odamlar mingta,ilm o‘rgatayotganlar,  seni quvvatlaydiganlar,yaxshi ko‘radiganlar ulardan ko‘pku?! Mana shu so‘zlarni takrorlar ekanman, ko‘z oldimga Poulo Coelhoning “Alkimyogar” asaridan olgan motivatsiyamni bu asardan ham ola olgandek bo‘laman. Axir butun olami qarshi bo‘lganda ham O‘sha olim isbotlaydiku Puankare gipotezasini…  Ha U daho edi, faqat daholargina jinnixonada bo‘lsada yangi izlanishlarni olib boradi, yangi gepotezalar haqida bosh qotiradi. Ha, umidlar aslida intixoda ham o'lmaydi.

         “Ayollardan daholar chiqmaydi. Ular daholarni dunyoga keltiradi” mazmunida gap o‘qigan edim. Kamida, Alloh inoyat qilib bersa farzandlarim daho bo‘ladi degan gap yuragimni orziqtiradi. Ha, Naqadar haq gap! Naqadar Ishonchli gap! Naqadar umidbaxsh gap! Naqadar ovuntiradigan gap! Naqadar niyatbaxsh gap! In shaa Allah deb orzu qiladigan gap!

P.S: Blogpostda keltirilgan linklarga kirib ko'rasiz va ular haqida fikrlaringiz bilan o'rtoqlashasiz degan umiddaman.

Dilnavoz Berdiyeva Toshkan qizi.

2 comments:

  1. Hali boshqattan yana bir ikki o'qib, keyin komment yozaman.

    ReplyDelete
  2. Bilasizmi, siz harakat qilishingiz kerak deb o'ylayman.Inson qachonki o'zini yengildim deb hisoblaganda yengilgan hisoblanadi. Ungacha esa u hali davom etishi mumkin. Men ham hozir bu asarni oqidim. Natijada esa ishonavering miyamga inson umr yo'ldoshini tog'ri tanlashi kerak degan fikr keldi.

    ReplyDelete