Monday, 8 June 2015

O'zligimizni asraylik...

Hayosizlikni demokratiya deydiganlar o‘qimasin.

“Manim mezonim vijdonim bo‘lib keldi, bundan so‘ng ham jilovim uning qo‘lida” degan edilar ustoz Abdulla Qodiriy.

Fikrimcha har bir odamning yashash prinsipi, amal qiladigan mezonlari mavjud. Bu mezonlar etiqoddan, tarbiyadan, dunyoqarashdan, bilimdan kelib chiqqan holda shakllanadi. Erk oliy tushunchaki unga ko‘ra inson ana shu mezonlar asosida harakatlanadi, bilganicha, anglaganicha yashaydi.  Bu yashash harakatlarda, imidjda, odamlar bilan munosabatlarda bo‘y ko‘rsatadi. Ha, men bugun ana shu siyqasi chiqqan mavzu haqida – madaniyatimizni dunyoga ko‘rsatishda ilg‘or vakillarimiz bo‘lgan qo‘shiqchilar haqida, aynan o‘sha mashhurlar  haqida yozmoqchiman. Yozish men uchun bugun ehtiyoj emas, majburiyat,
Yoshligimdan juda ko‘p savol berib o‘rganganman. Qiziq, O‘zbeknavo degan tashkilot nega mana shunday kiyimlarda xalq ko‘ziga ko‘rinishga ruxsat beryabdi ekan? Ajabo, qaysiduram qo‘shiqchi(nomi yodimda yo‘q, Botir Qodirovmidi..) chet elga ruxsatsiz ketgan deb litsenziyadan mahrum qilinadiyuu, axloqsiz kiyimlarda omma ko‘ziga ko‘rinishdan uyalmayotgan, ma’naviyatimizga zarar yetkazayotgan odamlardan litsenziya olib qo‘yilmaydi?! Balandparvoz gaplardek tuyular ehtimol, lekin men juda qo‘rqaman, kelajakdan juda qo‘rqaman. Avvalo, Allohim O‘zi tarbiya qilgan farzandlar bilan siylasunkuya, lekin ularni bunday hayosizliklardan qanday himoya qilarkanmiz a?! Ajab, kelajagimiz vakillarini ko‘zlari, qalblari qotib qolmasmikan? Hayosizlik oddiy holatga aylanib qolgan jamiyatda vatanini, oilasini himoya qiladigan avlod shakllanarmikan?! Milliylik deb bong urayotganimizda milliyligimizni dunyoga taratadigan  vakillarimiz yarimyolong‘och holda bizni tanitadilarmi?! Tasavvur qiling, oldingizdagi qizingiz siz bilan bemalol choy ichib Lolani kiyimini muhokama qilsa?! Dahshat emasmi bu?! Yigitlarku mayli, qizlar ham qarashga botina olmaydigan bu kiyimlarni kiyib chiqishga uyalmayotgan, vijdonlari yo‘l qo‘yayotgan MA’NAVIYATIMIZ TARANNUMCHIlarini yo‘lga solib qo‘yadigan tashkilot yo‘qmi?! Nafsoniyatimiz shu qadar pastmiki, dunyoda bizni shunaqa kiyinadigan deb o‘ylashsa, chidasak…Yoxud Abror Qodirovning ushbublogpostidek holatlar  ko‘payib ketsa ham ko‘z yumib ketaversak?! Ajab deyman.. .
Xop, uyda xohlaganicha kiyinsin, lekin xalq e’tiboridagi odam bu toifa kiyimlarni ko‘chada, sahnada kiyishdan ozgina bo‘lsada yuzi qizarsa, hech bo‘lmaganda yubkasini pastga tortib-tortib qo‘ysa bo‘lmasmikan?! Shim kiyishsa ham mayli, faqat tanalarini ozroq yopishsin…Qanday chiroyli milliy liboslarimizni zamonaviylashtirilgan fasonlari bor, shularni kiyib chiqsa yarimyolong‘ochlikdan chiroyli ko‘rinmaydimi? ! Hech bo‘lmaganda sog ‘liklarini o‘ylashsin.
Ochiq kiyimlar tanadagi pigmentatsiyani buzadi, epifiz degan bez  ishlab chiqaradigan gormon – melotonin o‘z vazifasini bajarmay qoladi. Yozda kunduzgi soat 9 dan keyingi quyosh nuri xavfli, tanada  teri o‘smalarini yuzaga chiqaradi, terini qaritadi. Mana nima uchun ayollar tez qariydi degan savollaringizga javob! Tor kiyimlar esa oshqozon ichak faoliyatini buzadi, mushaklarni erkin harakatini kamaytirishi evaziga nafas xastaliklari kelib chiqadi…
Bir tanishim bor, ko‘zining zreniyasi -8 va -9.  Ishdan juda kech qaytadi, ko‘p ko‘rib qolaman ochkisiz yuradi, yo‘lni xira ko‘radi…  Doim unga,: “ochki taqishdan uyalma? Joningda qasding bormi, bunaqa yurma” deyman.. Oxiyri bir kuni yorildi: “Dilnavoz, hech kim menchalik shukrona qila olmasa kerak ko‘zining ko‘rmasligiga, ishda ochki taqaman, ammo ko‘chada taqmayman, sababi ko‘chadagi yarimyalong‘och qizlarni ko‘ra olmayman, ularga tikilishdan bebahraman. Nigohlarim pok qoladi, kechqurun vijdonim bilan bemalol gaplashib yotaman, oriyatim tinch” deydi… Jiiim qolaman, kiyimimga qarayman…
2010-yil Ispaniyada edim. Biz turli davlat vakillari vatanimiz haqida taqdimot qildik, urf-odatlarimiz to‘g‘risida gapirdik. Ularning ko‘pchiligi uchun O‘zbekiston degan davlat, o‘zbek degan millat notanish edi. Bizni taqdimotimizdan keyin ularda biz haqimizda tushuncha paydo bo‘ladi. Ispaniyada qo‘l berishib, o‘pishib ko‘rishish oddiy holat, do‘stona holat. Biz bu haqida, bizda unaqa ko‘rishish uyatligi xususida gapirganimizdan so‘ng ular bizni odamovi degan xayoldan kechishgan. Juda yaxshi kirishib ketganmiz. Hattoki qo‘l berishmasdan “Que tal?” deb ko‘rishadigan, millatimni, urf-odatimni hurmat qilgan ana shu do‘stlarimni qalbimda cheksiz hurmat bilan eslayman hanuz…
 Bir kuni ispan tili darsidan hamma o‘z davlatidagi mashhur odamlar va qo‘shiqlar haqida gapirdi. Jumladan men ham gapirdim va “ Do‘ppi tikdim” qo‘shig‘ini aytib berdim. Videosini ham ko‘rishni xohlashdi, youtube’dan shu ashulani izlarkanman, ichimda “Ey Xudoyim sharmanda qilma, ishqilib yarimyolong‘och kiyingan birortasi chiqib qolmasinda” deb o‘tirdim, harqalay sharmanda qilmadi… Youtube ushbu ashulani videosini ko‘rishib havas qilishgani shundoq yuzlaridan bilinib turardi.. Savollar tagida qoldim “Sizlarda shunaqa kiyinishadimi? Hamma qizlar ham yuzga tik qaramay gapiradimi? Sizlarda erkaklar kosa yuvmaydimi? Ovqat qilmaydimi?” kabi… G‘ururlaniiib gapirib ketdim, biz haqimizda, millatimiz haqida… havas qilishdi, yashagilari keldi O‘zbekistonda, hatto Andrew degan bir kursdoshim muhabbat izhor qilib qoldi:). U menga emas, go‘zal odatlarimizga, inja kiyimlarimizga, beg‘ubor, chiroyli hayotimizga oshiq bo‘lib qolgandi aslida… Rosti, o‘sha darsdaa vijdonim simillab qo‘ygandi, axir hamma ham aytganimdek emas, hammamiz ham unday emasmiz…
Mana shunday chiroyli odatlarimizni ko‘rsataylik dunyoga, “uzbek girl” deganda googledan ochiq oyoqlar emas atlas kiygan qizlar chiqib kelsin. Yoqimli ovoz Yaratganning ne’mati, shunday chiroyli qo‘shiqlar aytayotgan qo‘shiqchilarimiz ozgina liboslariga ham e’tibor berishsin. Ochiq aytaman, men Lola Yo‘ldoshevaning muxlisasi edim, “Qolaymi aytgin”, “Sog‘indim” degan ashulalari playlistimda o‘chirilmaydigan ashulalardan… Oxirgi vaqtlardagi kiyimlari…Ammo, lekin, biroq, ustoz Tohir Malik aytganlaridek “Biz hayosizlikni san’at deb bilmaymiz”… Ko‘nglimiz qoladi hayosizlik targ‘ibotchilaridan… O‘zlariga kelishsin, o‘zlarini anglashsin…

Nigohlar zinosi og’ir gunohdir
Behayo qizlardan yuragim “oh” der
Razolat degani balki shundoqdir
O‘zligingiz asrang o ‘zbek qizlari…

Siz bo‘lajak ona, Sharqning ayoli
Siz O‘zbek qizisiz bo’ling hayoli,
Axir yomon bo‘lgan behayo holi
O‘zligingiz asrang, o‘zbek qizlari…

Ibola sindiring shayton qo‘lini
Tutingiz siz mahkam iymon yo‘lini
Mag‘rur ayting O‘zbek so‘zini
O‘zligingiz asrang, o‘zbek qizlari…

Dilnavoz B.T.



No comments:

Post a Comment