Qashqadaryo viloyati Yakkabog’
tumani 2-ixtisoslashgan maktab internatda o‘qiganman. Biz litsey deb aytishga
odatlanib qolganmiz. Shunga litsey deb yoza qolaman. Oddiy litsey edi. Lekin
biz uchun u litsey VATAN va QAMOQXONA nomiga ega bo‘lgan qadrdon joy.
Balki eshitgandursiz, biz tomonda Sharq Yulduzi jamoa xo‘jaligida
2-ixtisoslashgan maktab internati haqida. To‘g‘ri, bu litsey Nuriston yoki
boshqa litseylar kabi judaa mashhur emas, lekin bu litseyni bitirgan
o‘quvchilarni 80-85 foizi hozirgi kunda talaba degan nomga sazovor bo‘lishgan.
Litseydagi mavjud qonun qoidalarni hech boshqa joyda uchratmaganman.
Taxminimcha, siz ham uchratmagansiz. Litseyimiz qonun qoidalarini eng
DAHSHATlarini keltirib o‘taman:
1. Qiz bolalar to‘pig‘ini yopadigan
enliii yubka va ichiga yana bitta odam sig‘adigan darajada enlii kofta kiyib
yurishlari shart edi. Darvoqe, noskini oppoq bo‘lishi ham talab qilinar edi.
O‘g‘il bolalani formasi esa o‘sha o‘sha oq ko’ylagu qora shim.
2. Litseyda dushanba kuni soat 8:00 da
kelib, Shanba kuni 13:00 da ketish shart edi. Xaftani o‘rtalarida ketish man
qilingandi. Atroflari panjara bilan o‘ralgan litsey ichida bir xaftalik hayotni
tasavvur qiluvring endi.
3. O‘g‘il bola va qiz bolalar sinfdosh
bo‘lishlariga qaramasdan hattoki SALOMLASHISHI ham mumkin emasdi.
Umuman yozaversam bular tugamaydi.
Aslida Litseydagi qonunlarni buzib tashlaganlarimiz, erkaligu sho‘xliklarimiz
haqida yozmoqchi edim. Butun litsey qoidalarga amal qilardi, lekin bizning sinf
hamma qoidani buzib chiqishardi.
METALLOM
izlaganlarimiz…
Sizla tarafda bilmadimku, ammo
o‘sha vaqtlarda bizni litseyda har bir o‘quvchi yiliga nechadur
kilogrammdan metallom topshirishi kerak bo‘lardi. Shanba kuni sinf rahbarimiz
“Dushanba kuni uylaringdan metal olib kelila” dedi. Biz itoatkorlik bilan “xop”
dedik. Lekin metal obkelmaslikka kelishvoldik. Keyingi xafta yana eslatdilar.
Ammo bu safar ham olib kelmadik. Uchinchi martasiga bizni “Qamoqxona”dan
chiqarib yubordilar “Qishloqma qishloq yurib metal izlaysila” deb. Ooo
Ozodlikni qanchalik ne’matligini shunda his qilganmiz. Tuproq ko’chalarda mazza
qilib aylanganmiz. Bir sinfdoshimiznikiga borib osh ham yeganmiz. Qaytib
kelganimizda hammamizga “haydalish kuyi” chalingandi:). Lekin baribir butun
sinfni haydasholmasligini bilardik.
Pozzining
muhabbati…
Bir kuni sinfga kirsak Fazilat
degan sinfdoshim yig‘layotgan ekan.
- Nega yig‘layabsiz Fazilat tinchlikmi?
deb so‘radik.
Shunda Kamola degan sinfdoshim
Ajdar(ismini shart emas. Har holda uni ismini unutvorgan bizani sinfdoshla, o‘ziyam
xafa bo‘lmaydi)ni ko’rsatib :
“ - Pozzi Ajdar yaxshi
gapirgani uchun yig‘ladi; “
“ - Nima dedi?”
“ - “Pozzi
yaxshimisiz” deb mehribonlik bilan so’radi, shunga ko’bgli bo’shab ketdi”
Yaxshi gapirsayam yig‘laydigan
qizga qarab rosa kulganmiz, Muhabbatni tushunmas ekanmizda o‘sha vaqtlada.
Hozir Pozzi bola chaqali bo‘lib ketgandur…
Arvoh bo’lib
quvlanganlarimiz…
Hammasini Madina boshladi.:
- Dilnavoz, 11-sinfmiz nahot indamay
ketuvramiz?
- Indab keting unda:)
Reja tuzdik va svet o‘chish vaqtini
kutdik. Oq choyshablani yopinvoldik. Yopinishga yopinibmiz ko‘z quloq
qirqqanimiz ham mayli, ko‘zni
atrofiga qop qora qilib plamastrdan kipriq chizganimizga jaxlim chiqadi. Essiz,
chooyshab. Qo‘limizda sham! Soat 22:00 lar atrofi. Svet o‘chdi. Umuman litsey
paytimda svet Shov qishlog‘i(litsey joylashgan qishloq)da ikki soatga yaqin
yonardi xolos. Litseyda
navbatchi domla Bobomurodovani oldiga borib , bemalol uxlayverishlarini,
kichik sinflarga o‘zimiz “ko‘z quloq” bo’lib turishimizni aytdik. Domla
ishondila. Sababi, biz eng og‘ir bosiq, aqlli 11-sinfmizda).
Eng avval o‘zimizni sinfdoshladan boshladik qo‘rqitishni. Madina sinfdosh
qizlarimizni xonasiga choyshabni yopinib kirib, har xil ovozlar chiqardi.
Shunda, Xoliqova degan kursdoshimiz bechora Madinaginamni bir tepsala
bo’ladimi?! Ular qo’rqishini o’rniga biz qochib qolishga majbur bo‘ldik. Tayoq
ostiga qolmaylik dedikda.
Keyin
10-sinf qizlani dars qiladigan xonasiga bordik, borsak bittagina qiz, kitobga
boshini qo‘yib uxlayotibdi, sham ham yo‘q. Biz shamimizni o‘chirdikda. d sekin
kirib derazalani taqillatib, ovozla berdik. Shunda u qiz uyg’onib
“-Kimsanla? Hozir ustal(stol,)
bilan bir solaman”
deb stolni qo’liga olib quvlab
ketsa bo’ladimi?! Ularga ham nomerimiz o’tmagandan so’ng 6-sinflani oldiga
bordik. Ularni hammasi jo‘jachalarga o‘xshab sham yorug‘ida qunishibgina dars
qilib o‘tirishardi. Choyshabga o‘ralgan Manga sezdirmasdan yugurib borib shamni
o‘chirish vazifasini yuklatildi. Qayda?! Yo’lda oyoq kiyimga qoqilib
yiqilib urdim, shunaqangi yiqildimki… Qizchachala: “Opajon, nima qildi, suv
beraymi” deb yongan yuragimizni yondirishdida.
14-fevral.
Direktorning qo’lida so’lib qolgan gullar.
Bizning litseyda, sevgi qattiq
taqiqlangan edi. Yaxshi ko‘rdim degan odam “xayr litsey” deb haydalish kuyini
tinglashga majbur bo’lardi. Lekin ko‘ngil ekanda, baribir kimlardir kimgadir
mehr qo‘yardi. Yashirincha. Yodimda, 14-fevral Zahiriddin Muhammad Bobur
tug‘ilgan kunlariga atab kecha tashkil qilish bizni sinfimizni chekiga
tushgandi. G’azallar yodlab tursak, Xudoyberdi degan kursdoshim yugurib kelib:
“Murodilla bilan G‘iyos qo‘lga tushib qoldi. 14-fevralga sovg‘a olishgandi
qizlarga” dedi. Bizni shu tobda qo‘lga tushgan sinfdoshlarimiz emas, ularni
kimga sovg‘a olgani qiziqtirib, sinf sardorini savollarga ko‘mib
tashladik. Sinf sardorimiz:
- Murod Guloyimga olgan
dedi. Shunda Umida : “G’iyoschi”
deb so’radi. Xudayberdi ko‘zlarini mo‘ltiratib, jaxli chiqmasa aytaman dedi.
Hamma birdan manga qaradi. Chunki, bu mavzuda hech kim faqat manga hazil ham
chin ham gapirolmasdi (maqtandim, rostiyamda.). Bu boradagi hazillarni ham
tinglamasdim. Bu ham mayli. Direktorimiz “kimga oluvding sovg’ani” degan savoliga
“Dilnavozga” degani uchun ham rosa jaxlim chiqqandi. Bechora G‘iyos o‘shandan
keyin hecham ko‘zimga qarolmay yurdi. Qo‘rqibmi, uyalibmi qaydam. Shundan buyon
har direktorni xonasiga kirib chiqsak, “Essiz, xazon bo‘lgan muhabbatu xazon
bo‘lgan gullar” deb kulardik…
Otilgan supurgilar.
Navbatchilik ro‘yhatini man
tuzardim. Qizlar sinfda 10 ta edik. Shu bois har kuni 2 o‘g‘il bola va bir qiz
bola navbatchi bo‘lardi. Istisno tarzida, Umida bilan Nurbekni ataydan
navbatchi qilib qo‘ydik. Sababi, Nurbek Umidani yaxshi ko‘rardi. O‘zining
aytishicha, u bir soat soniyama soniya o‘ylab Umidani yaxshi ko‘rishga qaror
qilgandi. Biz ataydan ikkalasini navbatchi qilib qo‘ydik. Bir kun sinfga kirsak
ikkalasi urushishyabdi “San supur, man supur” qilib. Supurgi Nurbekni qo‘lida.
Umida:
- “Man o‘tgan safar
supurganman, endi san supur”
Nurbek:
- “Qachon ko‘rgansan o‘g‘il bolani
supurganini?”
Umida:
- “Mana endi ko‘raman” deyishi bilan
supurgini Nurbek Umidaga qarata otdi. Umidayam qaytarib otdi.
Axiyri yarim yarim qilib
supurishdi. KeyinNurbek Umidani arazini yozaman deb bir necha marta supurishga
majbur bo’ldi sinfni ).
Madhiya.
Sizlarda qanaqa bilmadimku, bizni
litseyda dushanba kuni darslar hammaning sinf sinfida madhiya aytishi bilan
boshlanadi. Biz har safar madhiyani
“Olamni mahliyo aylagan diyor”
degan joyidagi “diyor” so’zini shu qadar baland aytardikki, butun litseyu
ko‘chalar ham eshitardi. Direktorimizni esa jaxldan ko‘zlari katta katta
bo‘lib ketardi. Direktorimizni familyasi- Diyorov edida)
Agar do‘zah
yerda bo’lsa…
11-sinfda Yangi yilni
qiziqarli sahnalarini asosan 11-sinflar tayyorlashardi. Biz yaxshi sahnalar
chiqardik. Domlalarga rahmatlar aytdik. Va quyidagi o‘zgartirish kiritilgan
qo’shiq bilan kechani yakunladik.
Olisdagi mahmadana, ikkichi qochoq,
Menga qadam tashlamoqni o‘rgatmagin
sen!
O‘zingga boq, keyin, mayli,
nog‘orangni qoq,
Menga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin
sen!
Hurlik deya yurak bag‘ri kuyik
sinfdir bu,
Yaratganning qoshida eng suyuk
sinfdir bu,
O‘tmishi ham, ertasi ham buyuk
eldir bu,
Menga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin
sen!
Tosh agarotlar o‘z-o‘zidan Eram
bo‘lmagan,
Lekin sendan bir shirin so’z karam
bo‘lmagan,
Bizning sinf hech kimsaga qaram
bo‘lmagan,
Menga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin
sen!
Agar jannat ko‘kda bo‘lsa,
ostidadir O’n birinchi “B”,
Agar do’zah yerda bo‘lsa,
ustidadir O‘n birinchi “B”!(
Sinfimiz direktorning tepasida, ikkinchi qavatda joylashgandi)
Sinfimizda matematik daholar bordir,
Devoringda o’n bir “B”ning
izlari bordir,
Mag‘rur sinfning etu tirnoq
do‘stligi bordir,
Menga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin
sen!
Yaltiragan hamma narsa emas tilla,
hey,
Hayfdir senga Naqshbanddan qolgan
salla, hey,
Ey Xudoni tanimagan chalamulla, hey,
Menga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin
sen!
Xali baland dovonlarga ot
qo‘yadurmiz,
Kerak bo‘lsa osmonlarga ot
qo‘yadurmiz,
Loqaydligu nodonlikka o‘t
qo‘yadurmiz,
Bizga qanday o’qimoqni o‘rgatmagin
sen!
Agar jannat ko‘kda bo‘lsa,
ostidadir O’n birinchi “B”,
Agar do’zah yerda bo‘lsa,
ustidadir O‘n birinchi “B”!
Hozir esa litsey tugatilib ketgan.
Biz baribir litseyni sog‘inamiz. Paxtaga chiqib 3 kishilashib 8 kilogramm paxta
terganlarimiz, direktorni “Muttaham, tekinxo‘rlar” deb urushganlari,
“A”sinfimizni “VTP”, “KOM” deb atab kulganlarimiz, o’zimizni “ZAM” deb ataganlarimiz,
paxtaga qora yubkada chiqqanlarimiz, SOSTAV bilan Shahrisabzni aylanganlarimiz,
Yumshoq supurgining “Yangi yil kelyabdi qor ko‘rinmaydi, Hamma bor bazmdda yor
ko‘rinmaydi” degan she’rini aytib uyaltirganlarimiz, qornimiz och qolganda esa
devordan oshib o‘tib G‘iyos va Fazilatlarnikidan ovqat yeb kelganlarimiz,
“ZAKOVAT”(litseyda har xafta oxirida tashkil qilinardi) o‘yinlarining
savollarini o‘g‘irlab g‘olib bo‘lganlarimiz, “A” sinfimizni zinasini ataydan
sirpanchiq qilib qo‘yganlarimiz, Futboldan sinfdoshlarimiz yutishini istab
kechasi bilan sham yoqib duo qilib chiqqanlarimiz, lyustrani sindirganlarimiz,
arqon tortish o‘yinlarida eng birinchi bo‘lganlarimiz va hokazo hokazolar…
Litseyni yomon ko‘rib sog‘inamiz, sog‘inib sog‘inib yaxshi ko‘ramiz… Qalbim
ardog‘ida yashaysan litsey…
Berdiyeva Dilnavoz Toshkan qizi.
No comments:
Post a Comment