Monday, 15 September 2014

Vatan sog'inchi...



Whatsapp'imga dugonamdan kelgan ushbu hikoya meni juda ta'sirlantirdi. Muallifini bilmayman...


"Ta’tilda edim. Universitetda ishlaydigan faylasuf do‘stimqo‘ng‘iroq qildi: “Bugun ochiq dars bo‘ladi... Vatan tuyg‘usi... Vatan mavzusida! Talabalar seni taklif qilishayapti”. (Shu yeri yolg‘on bo‘ldi, talabalar emas, o‘zi taklif qilayapti...). U desam bu dedi, ke, kelmasang
bo‘lmaydi, deb turib oldi.Kelining ishdan qaytmadi, bolalarga ta’til bo‘lgani uchun
birinchi sinfda o‘qiydigan qizimga o‘zim “enaga”likqilayapman desam ham ko‘nmadi. “Soat o‘n birda. Kech qolma! Qizingni ham ola kel. Shuncha qorako‘z seni kutib turibdi, uyat bo‘ladi...”
Ha, mayli, uyat bo‘lmasin. Mashinani o‘t oldirdim, orqa o‘rindiqda qizim, rulda o‘zim — Universitetga yo‘l oldik. Manzilga yaqin bo‘lish uchun katta aylana yo‘l orqali
yurib, Qoraqamish dahasining qoq belidan qiyibchiqdim. Chorrahaga yaqinlashgach, orqa o‘rindiqdagiqizim yelkamdan turtkilay boshladi.
— Nima deysan? Xalal berayapsan. Bir pas jim o‘tir!
— Dada... dadajon, manavi anhorga kelganmiz-a? Akam cho‘milganlar... Anavi... anavi, qarang, bog‘cha. Men shu bog‘chaga qatnaganman-a?.. Dadajon, ana, svetofor,ana-ana... “Tabassum” magazini, bu-bu, bu esa bizning uyimiz. 
Biz shu uyda yashaganmiz-a? Ana to‘rtinchi qavatdagi ochiq deraza... 
Biz shu uyda yashaganmiz. Men derazadan ko‘chalarni tomosha qilardim-a...Dadajon, to‘xtating, mashinani to‘xtating...
Qizim yig‘lab yubordi... Yo‘l chetida to‘xtadim. Oyoq-qo‘lim bo‘shashib ketdi. Ichimdan nimadir uzilganday bo‘ldi. Qizim bo‘ynimdan mahkam quchoqlab olib hiqillab yig‘layapti:
— Dadajon, jon dada, tushaylik. — U eshikni ochib tashqariga chiqdi. Uy tomon yurdi. A’zoyi-badanim titrab, noiloj ortidan ergashdim.
— Dadajon, uyimizning yoniga borib qaytamiz, xo‘pmi,dadajon...
— Mayli ena qizim, mayli enajon!
Qizim qo‘limdan ushlab meni yetaklab oldi. Yo‘l chetidagi to‘rt qavatli uyga yaqinlashayapmiz. Oyoq- qo‘lim titrayapti. Shu mitti jondagi, mushtdekkina qizaloqdagi hayajon, uning qo‘lchalaridagi taft mening tomirlarimga ham ko‘chdi. Yuragimda allanechuk sog‘inch tuyg‘ulari olovlanib, bo‘g‘zimga nimadir tiqildi...Shaharning o‘ziga xos turmush tarzi taqozosi bilan
farzandlarim tug‘ilib o‘sgan uyni sotib, uch yil muqaddam ko‘p xonali uy olgandim. Olti yoshga kirib-kirmagan qizimning yodiga bunchalar singib o‘rnashgan bu aziz go‘sha qarshisida ayni dam o‘zimni gunohkorday his qilayotgandim. Qizim yetaklayapti, noiloj uning ortidan ergashayapman. Mana, nihoyat uyning yo‘lagiga keldik, ichkari kirdik.Men beixtiyor qizimning ortidan ergashayapman, zinapoyalardan yuqori ko‘tarilayapmiz, yuragim entikib ketayapti, ko‘ksimga og‘irlik qilayapti. To‘rtinchi qavatga chiqdik, so‘l tomondagi o‘sha eshik, 60 raqami ham o‘sha-o‘sha shaklda, almashtirishmabdi. Samodil jajji barmoqlari bilan sarg‘ish dub eshikni siypalay boshladi. Ohista qayrilib munchoqday yoshli ko‘zlarini menga
qadadi:
— Dadajon, ichkariga kirmaymizmi? — dedi ohista, xuddi birov eshitib qolmasin, deganday pichirlab.
— Endi ichkarida boshqalar yashayapti, qizim, — dedim. Samodil uf tortdi. So‘ng:
— Mayli, dadajon! Mayliga, faqat mana shu yerda,zinapoyada ozgina o‘tiraylik.
O‘tirdik. Sukunat. Biroq bu sukut botinidagi “chinqiriq”mening yurak-bag‘rimni ezib yuborayapti. Qizim sekingina qo‘limdan tortdi, o‘rnidan turdi:
— Dada, Siz boravering, men hozir yetib olaman.
— Noiloj, zinapoyalardan pastlay boshladim. Yelkamdan nimadir ezib turganday edi. Uchinchi qavatda to‘xtab uni kuzatdim, jajji barmoqlar eshikka tutash devorlarni siladi, so‘ng qizim eshikni o‘pib qo‘ydi... va ortga burilib zinadan pastlay boshladi. Men shaxdam qadamlar bilan
pastga, birinchi qavatga yetib, tashqariga otilib chiqdim...Mashinaga o‘tirdik. Ko‘zim jimirlashdi. Biroz o‘zimga kelgach, yo‘lga tushdik. Qizim o‘girilib mashinaning orqa oynasidan uyga qo‘l silkib xayrlashayapti. Mashina muyulishga kelganda qo‘l telefonim jiringladi. Faylasuf
do‘stim qo‘ng‘iroq qilayotgan ekan.
— Qayerlarda yuribsan?! Butun boshli auditoriya seni kutayapti... Hech shu bemalolchiliging qolmadi-da...
— Men o‘zi qayerga bormoqchiman? — dedim tutaqib.
— Hoy, esing joyidami? Universitetga, Vatan tuyg‘usi,Vatan haqida...
— Yo‘q, men borolmayman... Biz bu mavzuda gapirishga tayyor bo‘lishimiz, ma’nan tayyor bo‘lishimiz kerak ekan... Men borolmayman...Mashinani boshqa ko‘chaga burdim. Yana telefon
jiringladi. Tag‘in faylasuf:
— Hoy, sen qip-qizil shoir ekansan-ku, xayoling joyidami, hozir qayerdasan, o‘zi?
— Qaytib ketayapman.
— Nega?
— Vatan haqida yuzaki gapirmaslik uchun?
— Bu nima deganing?
— Tushunib ol o‘zing! Ulkan Vatan haqida gapirishdan avval kichik ostona — kindik qoning tomgan uyni ziyorat qilishing, o‘sha uyni yuraging¬ga joylashing kerak ekan...
— Ol-a, gaplaring buncha havoyi bo‘lmasa.
— Bu havoyi gap emas... Buni hozir o‘rgandim.
— Hozir o‘rgandim deysanmi?.. Kimdan o‘rganding? —
dedi faylasuf kesatib.
— Qizim! Birinchi sinfdan o‘qiydigan qizimdan!
— O‘lay agar, jinni bo‘p qopsan. Shu turishda boradigan joying ham tayinga o‘xshaydi.
— Ha, tayin. Hozir vokzalga boraman. Bilet olaman.
Kechqurun poyezdga chiqaman. O‘zimning Mo‘min¬qul qishlog‘imga boraman, ota uyim, ena ostonamga bosh egib ta’zim qilaman, hovlimiz devorlariga yuzimni bosaman... Bilasanmi, ko‘nglimda nimadir uyg‘onganga o‘xshayapti...
Qo‘l telefonimdan ovoz keldi:
— Ovozingni o‘chir! Masxaraboz ekansan! Men seni odam deb hurmat qilib o‘tiribman-a! Ah...
Telefon tugmasini bosib qo‘ydim. So‘ng ukamga, Tali polvonga qo‘ng‘iroq qilib, kechqurun yo‘lga chiqishimni aytdim.
— Yaxshi o‘ylabsiz, aka! Samodil qizingiz toy-toy qilib endi-endi yura boshlaganda keluvdingizlar! Hozir katta qiz bo‘lib qolgandir.
— Xudoga shukr, katta qiz bo‘lib qolibdi, bugun bildim. Mana, gaplash o‘zi bilan...
Ortimga o‘girildim. Samodil orqa o‘rindiqda oynaga
boshini qo‘yib, go‘yoki uxlayotgan kabi ko‘zlarini yumib olgandi... U ko‘z yoshlarini ko‘rsatmay ich-ichidan yig‘lardi."

Hikoyani o'qib turib, hayolimdan o'tgan so'z: "Har bir odam o'z Vatanida chin baxtlidir
"..

1 comment:

  1. Адашмасам, Қўчқор Норқобил ёзган ушбу воқеани.

    ReplyDelete