Muhabbatni ko’rdim…
Ha, ishonmayabsizmi… Bugun men uni ko’rdim. Muhabbatni rangini, tuzilishini, qanaqaligini ham ko’rdim hatto…
Ha, men muhabbat haqida eshitgandim, o’qigandim, hatto gapirgandim ham… Ammo ko’rmagan edim.. Bugun uning munis nigohlarida mo’ltirab turgan muhabbatni ko’rdim…
“Shifoxonamizda bir kasal bor, yoshi 35 lar atrofida. O’lolmayabdi. Kimdandir umidvor shekilli. Narkoman bo’lgan ekan”, bilasanmi Dilnavoz, yurakni muzlab qolishini his qildim shunda. Qotib qoldim. Bo’g’zimda bir gap aylandi: “Yo, Rabbiy faqat U bo’lmasin”.
Yosh edim, o’zimni faqat kelajakdagi inson uchun asrardim. Kursdosh yigitlarni ham tanimas edim, hatto. Sen ta’riflagan “manaman degan qorilar orzu qiladigan insonsiz” degan ta’rifingga o’shanda juda mos edim. Ota-onam aytgan har so’zni jon qulog’im bilan tinglar, ilm olish uchun tunu kun harakatdagi inson edim. Aspiranturaga kirgan yilim, turmushga uzatishdi. Men otamning tanloviga ishonardim. Men eng yaxshi, ezgu niyatlar bilan yangi xonadon ostonasiga qadam qo’ydim. Muhabbat tushunchasini angladim. Alloh yo’lida taqdirim bitilgan insonga ko’ngil qo’ydim. U narkoman edi… Buni bilganimda dunyo torlik qilib qoldi. 4-etajda yashardik. Birinchi farzandim qornimda edi, balkonga chiqib o’sha yerdan o’zimni tashlagim keldi. Ammo men dunyoda yagona qo’rqadiganim Allohning qahridan qo’rqdim. Norasidamni dunyo yuzini ko’rmasdan nobud bo’lishidan qo’rqdim. O’lsam, o’lsam…Uni qamab qo’yishlaridan qo’rqdim. Yaxshi odam edi, narkotik iste’mol qilmagan vaqtlarda faqat mendan kechirim so’rar, oyoqlarimga tiz cho’kardi. Hadsiz sevardi. Ammo o’sha og’udan kecholmasdi, da’volash kor qilmaydi der, narkotikka o’rgangani o’sha yillar (1990-yillar) haqida gapirib berar, yig’lar, kechirim so’rardi… Uni behad sevardim. Bu shunday muhabbat ediki, ota-onamga aytsam uni qamatib yuborishadi deb qo’qib urganlariyu bergan azoblari haqida aytolmasdim. Bu shunday muhabbat ediki, urib ko’kartirgan joylarining og’rig’idan emas uning cho’kib borayotganidan iztiroblanardim. Bu ilk muhabbat edi, Layli Majnunni bu qadar sevganmas deb o'ylaydigan darajada mehr qo'ygandim unga. Har shanbada qizlik uyimga borardim. Taksida uyimni oldigacha yig’lab borib, uyga kirguncha esa ko’z yoshimni artib kulib kirardim. Farzandli bo’ldik hamki hammadan yashirardim. U og’u ta’siridan chiqolmasdi. O’sha mashum moddani qabul qilgan vaqtda hech kimni, hech nimani bilmasdi. Shu qadar urardiki, bir safar tepganida bo’g’zimga nafas yetmay qolib, shifoxonaga tushdim. Ota-onamga shunda ham aytmadim. Qaynotam otamni oldiga borib aytmaganlarida, balki tayoqlar ostida o’lib ketarmidim. “Quda qizingizni olib keting, o’g’lim uni o’ldirib qo’yadi” deb bor gapni aytib berganlar. Oilamdagilar bu gapga ishonmagan. “Unaqa bo’lishi mumkin emas, qizim doim kulib yuradiku, baxtliman deydiku, kelsinchi gaplashaylik” deydilar. Men har doimgidek kulib kirdim, gap nima haqidaligini bilmasdim. Otam menga qarayolmay ovqatga qarab so’z boshladilar, va “shu rostmi?” deb tugatdilar. “Yolg’on, unaqa emas. Baxtliman turmush o’rtog’im yaxshilar, iltimos unga tegmanglar” deb yig’lardim. Onamni hay-haylashiga qaramay yana uni yoniga ketdim. Axir unga kerak edim. Ammo, yana tayoq yeb shifoxonagac tushgach, ota-onam vaziyatni bilgach, o’ldirib qo’yishidan qo’rqishdi. Otam “bolam ketamiz, bolalaringni va narsalaringni olib chiq’ dedilar. Ishonasanmi, uyda igna ham olib ketmadim, tuflilarimni ham tashlab ketdim, sotsa biror kuniga yarar dedim. Qo’limda nikoh uzugim bor edi, yechib turyumoni oldiga qo’yganimda yuragim chok chokidan uzilib ketdi. Xotira sifatida olib ketgim keldiii, lekin unga kerak edi pul… Sotib biror kuniga ishlatar. Ketar vaqtimda uni aytgan so’zlari hech qachon yodimdan chiqmaydi: “ Allohga aytganim bor ekanki, Alloh qaysidir jihatimni yaxshi ko’rgan ekanki menday nopok insonga senday pok qizni uchratdi. Sendaylar bor uchun ham hali dunyo uzoq turadi. Kechir. Ketma…” Ammo ketdim… Ko’p keldi uyimizga. Ammo kech edi. So’ngra chet elga ketganini eshitdim. Onasi “uylan” deganda, “meni xotinim, bolalarim bor” deb uylanmabdi boshqa… Shundan buyon xabar yo’q… Ishqilib o’sha kasalxonadagi inson Ular emasmikin deb bahalovatman, qayerda bo’lsa ham omon bo’lsinda, men undan ming ming roziman, O’ZI kechirsin…”
O’ylayman, shu qadar azob bergan odamni nafrat bilan emas muhabbat bilan o’ylay olgan insonning qalbi ummonmikan?
Men
Demak, muhabbatdan nafrat qadar bir qadam yo’l degan so’z yolg’on…
Men muhabbatni bunchalik oliyjanob tuyg’u ekanligini bilmagandim…
Muhabbat insonni bu qadar kuchli qilishini anglamagan edim…
Muhabbatda bu qadar mas’umlik bo’lishini his qilmagan edim…
Muhabbat bu qadar qurbonlikka arzishini tasavvur qilmagan edim…
Alloh hammaga xayrli inson bilan xayrli muhabbat ato etsin..
Xayolimda esa shu misralar muallifini topgandekman go’yo:
“Ҳар оқшом сабримга тиланиб тўзим,
Мен сенга бахтларни соғиниб,
Ўзим-
Кўнглимни музларга бериб яшадим…
Йиқилсам ортимдан суяди тақдир,
Йиғламоқ ёлғондир,
Кўникмоқ ҳақдир!
Сенга умр тилаб,
Кўксимдан бир-бир-
Сен отган тошларни териб яшадим…
Тиканни гул атаб,
Аламни суйиб,
Армоннинг отини Муҳаббат қўйиб…
Исмингни айтганда пичирлаб,
Куйиб…
Кўнглимга бир муштлаб,
Уриб яшадим…
Ачинма!
Қошингда титрамоқ бекор,
Пойингга сочилса-
соғинчлар беор!
Сен бахтдан барқ уриб кулганингда ёр-
Мен дарддан сарғайиб,
Қуриб яшадим…
Ўкинма!
Тушингда изғисам дайдиб,
Ўксинма!
Ҳушингга келмайман қайтиб…
Исмингни минг бора такрорлаб айтиб-
Сувратинг сурмадек суриб яшадим…
Фалакни тарс ёрди лабдаги титроқ…
Дил қаттиқ. Ер қаттиқ.
Осмон ҳам йироқ…
Сочилдим.
Тўкилдим…
Билмадинг, бироқ!
Мен ишқдан юзимни буриб яшадим!
Сўз дема…
Сўрама шу ҳаста ҳолим.
Игнанинг учида турибди жоним…”
Assalomaleykum. Bu yozganlariz kimmi hayoti?
ReplyDeleteAssalomaleykum. Bu yozganlariz kimmi hayoti?
ReplyDelete