Saturday, 23 May 2015

Odamning kuchlisi...


#np #Sevara_Nazarxon - "Bag'ri dunyo otajonimsiz..."
I Qism.
Insonning hayotida shunday lahzalar bo’ladiki, choy damlab berib dadasining yuziga termulib gaplashib o’tirgisi keladi. Ayni lahzada shunday kayfiyatdaman. Juda sog’indim. Tun. Negadir judayam tong otishini intiq bo’lib kutyabman bugun. Tong otishi bilan qo’ng’iroq qilaman. Ulg’ayish. Bitta qiz bo’lib bir olam erkaligu sho’xlik qilamanu, dadamga ayni damda bir choynak choy damlab bera olmayman. Kuniga 4 mahal telefon qilib, “begona taksiga chiqma, ovqatlandingmi, puling bormi, mustahkam bo’l” deydigan padarimni yelkalariga bosh qo’yib “jamiki tirik odamlar ichida sizni eng eng ko’p yaxshi ko’raman” degim kelyabdi.
Kichik ukam har kungidek telefon qildilar. Ovozi juda dardchil, hayratlandim, yerga ursa ko’kka sapchiydigan, kurashlarda yelkasi yer ko’rmagan paxlavonim, ko’chamizdan o’tgan har bolaga madhiyani ayttiradigan, bilmasa kitob olib chiqib yodlatadigan, shundayam bo’yin egmasa kuchini ishga soladigan ishkalim, yuragi, tanasi pozitivlikka, mehrga to’la ukamga qaydan bu dard?! “-Tinchlikmi, Shoh?(Uning ismi Shahzod, men Shoh deyman). Kimdir xafa qildimi?
-         Yo’q, opa. Bugun yana bir ishkal qiluvdim, dadam tanbeh berayotib aytgan gaplari yuragimni tilka tilka qildi… Dadam: “Bolam, yana ko’p tanbeh berasiz deb ichingda og’rinma, otaning tanbeh berishi baxt. Menda tanbeh beradigan, yiqilsam turgizadigan otam bo’lmagan”…dedilar, Opa biz eng baxtlimiz- a ota onamiz bor…”
Yig’ladim, hanuz yig’layabman.
1963-yil 6-yanvar. Yetimlik tamg’asi bilan dunyoga keldilar. Onalarining qornida olti oylik vaqtidayoq bolalik baxtidan – otalaridan ayrildilar. 5 bola yetim, bir ayol beva, ota-onalari bo’zlab qolishdi.
“Rais bolam allayo” deb qon yig’lab alla aytgan ekanlar buvim. Bobom rahmatli rais bo’lganlar. Ularning o’limi sabab oilani boqishni katta bobom(dadamjonimning bobolari) va amakim zimmasiga olganlar, Dadam va kichkina ammam hali bola bo’lishgan.
5 yoshlarida dasht(bizda paxta bug’doy ekiladigan joy shunday ataladi, bu joy uyimizdan 10 kilometrcha uzoq )dan borib mollarga o’t olib kelar, eshakka bo’ylari yetmasdan chiqolmaganliklari uchun uydan ammam eshakka mindirib yuborar ekanlar, dashtda esa amakim kutib olib eshakdan tushirar ekanlar. O’sha yili baxtsiz xodisa sabab katta ammam ham qazo qiladilar. Ismlari Gulchehra bo’lgan. Chap yonoqlarida xoli bo’lgan. Meni buvim ham, ammalarim va amakim ham bolalaridan ko’proq yaxshi ko’rishlarini sabablaridan biri rahmatli ammamga juda o’xshaganim uchundir ehtimol…
         Dadam maktabda eng yaxshi o’qiganlar, fikrimcha dadamni bu qadar zo’r o’qishlariga ajdodlaridan o’tgan smart genlar ham sabab bo’lganJ chunki katta bobom ham, dadamning dadalari ham katta olim bo’lganlar. Uyimizda arab tilida yozilgan nodir kitoblar ham bundan dalolat beradi. Katta bobom Buxoroga otda qatnab o’qigan ekanlar. Katta bobomni oq ot ustida, oppoq yaktakda ,yuzlaridan nur taralgan holda tasavvur qilaman, bu tasavvurni ammam uyg’otganlar. Dadamjonim yoshliklaridan og’ir mehnat qilganlar. Qo’llaridagi qadoqlar so’zlarimning isboti… Boshoq terganliklaridan qavarib qonab ketar ekan. O'tin olib kelish uchun katta mashinalari yo'qligi uchun kilometrlab yo'lni eshak aravada bosib o'tin olib kelar ekanlar...Ammo eng buyuk maqsad: o’qish va xalqqa xizmat qilish bo’lgan. Shu sabab mol boqib kitob o’qiganlar, mardikorlik qilib misol masala ishlaganlar, uxlamasdan til o’rganganlar. 6 yoshdan Yakkabog’ tumanidagi 34-sonli maktabga borganlar. Maktabda shashka shaxmatda, futbolda dadamga teng keladigani bo’lmagan. O’sha vaqtlarda shaxmatda yutgan odamga ko’p hollarda shaxmat taxtasi sovg’a qilingan ekan. Uyimizda dadamjonim yutgan shaxmat taxtalarining turlichasi bor.  Dadam yutgan shaxmat taxtalarini sotib puliga kitob sotib olib o’qiganlar, o’sha kitoblar hanuz uyimizda, har safar ularni ayam changlarini arta turib, dadangni tinimsiz mehnatlari evaziga olingan kitoblar deb avaylaydilar. . U vaqtlarda kitob olishgada pullari bo’lmagan ekanligi sababmi dadam uchun eng yaxshi sovg’a doimo kitob hisoblangan. Esimni taniganimdan buyon dadam va ayamni kitob o’qimasdan o’tgan kunlarini eslolmayman. Ular kitob o’qib dam oladigan, xordiq chiqaradigan insonlar. Bizni ham kitobga mehr qo’yishimizga sababchi bo’lgan Jannatimiz ular. Ertalab maktabga, tush vaqtidan kechgacha dalada ishlagan dadam, kechalari chiroq yorug’ida kitob o’qigan ekanlar.  Hozir ham ishdan tush vaqtda ovqatlanishga kelsalar, birrov bo’lsada kitob mutolaa qiladilar. Ha, dadamda baxtli bolalik bo'lmagan. Ammo shunday deb biror marotaba noliganini eshitmaganman. Shukr qilishni Qiblagohimdan o'rganganman... Qiyinchiliklar bilan 1979-yilda maktabni tugatgan dadamni Institut quchoq ochib kutib olmaydi. Ikki yil o’qishdan yiqiladilar. U vaqtlarda imtixon uch bosqichli bo’lib og’zaki olingan va uch kunda bo’lgan ekan. Birinchi  yilda ikkita imtihondan a’lo baho bilan o’tgan dadam, uchinchi imtihonlarida apenditsit bo’lib bora olmagan va o’qishdan yiqilgan ekanlar. Ikkinchi yilda  esa o’qishga topshirmaganlar, chunki ammam o’qir ekanlar, ammamni qiynalishlarini istamagan dadam va amakim o’qishga topshirmay oila boqqan ekanlar. Uchinchi yilda imtihonga borgan dadam imtihon oluvchi domla bilan tortishib qolgan ekanlar, matematikadan bo’lgan bir masalani to’g’ri ishlagan dadamga” to’g’ri ishlamagansiz” deb pas baho qo’ygan, isbotlarni qabul qilmagan ekan o’sha domla. Keyinchalik dadam Institutga kirganlaridan keyin dadamdan bu odam o’shanda xatolik o’tganini aytgan va dadamga barcha bilganlarini o’rgatgan ekanlar. Vanihoyat dadam to’rtinchi yili  Xalq xo’jaligi va Iqtisodiyoti Instituti hozirgi Toshkent davlat Iqtisodiyot Universitetiga o’qishga qabul qilinadilar. Ammo o’qish oson emas. Shaharda nafas olish ham “pul” edi. Amakim yordam bera olmas edilar, o’zlari jo’jabirday jon, kichkina ammamning o’qishlariga qarashganlar. O’sha yili katta ammam o’qishni tugatadilar va endi yordam berish navbati ammamjonimga keladi. Zulfiya ammam dadamni boshqacha  mehr bilan yaxshi ko’radilar, hozirgacha har kun bir martadan ko’rmasa, ovozlarini eshitmasa “uxlolmaydilar”.  Qishda dadamni ko’rgani Toshkentga kelgan ammam dadamni qo’llari  qora mehnatdan qonab  ketgani holda ko’radilar.  Dadam mardikorlik qilib pul topganlar, kitob sotib olganlar... Ammam yig’lab yig’lab qaytadilar. Qaytiboq, uchta ishga kiradilar. “Men ishlayman, tanamda jonim qolmaguncha ishlayman, ammo ukam boshqa qora mehnat qilmaydi” deb jon jahdi bilan pul topishga harakat qilganlar. Birinchi maoshlaridan onalariga ya’ni buvimjonimlarga emas, dadamga ustbosh qilib Toshkentga boradilar. Bunday oqibatni ko’rib buvim rosa yig’lagan ekanlar, duo qilib. Ammam hech kimdan kam bo’lmasin deya, dadam o’qishni bitkazgunga qadar dadamga yordam beradilar. Dadam ammamni shu qadar ardoqlaydilarkiii. Ayamjonim esa o’zlariga biror narsa olsalar, ammamga ham oladilar, o’ziga iliganlar har narsani ammamga ham ilinadilar. Ardoqlaydilar, avaylaydilar…Arziydilarda…
Shu o’rinda yaqinda bo’lgan voqea yodimga tushdi. Har safar qishloqqa borsam, men hali ulgurmasimdan ammam ko’rgani keladilar, har doim sumkalarida man yaxshi ko’rgan shokolad bo’ladi. Gap shokoladda emas, bolalaridan ko’proq menga ilinganliklarida… Bu safar ammamnikiga o’zim borishimni aytib telefon qildim. “Kutaman, jonimbolam kel” dedilar… Oh, qanday bag’ritoshmanki, boshqa ishlar bilan chalg’ib shomga yaqin ukam bilan bordim… Ammam bechora kechgacha dasturxonni yig’masdan, sovugan ovqatni o’rniga yangi ovqat qilib “Novotjonim(buvim,ammam, amakim erkalab shunday deydilar) baribir keladi” deb kutib turgan ekanlar. Dasturxon esa faqat Dilnavoz yaxshi ko’radigan qilib bezalgan… Yo Robbiy, bunchalar mehrni qanday qaytaraman?!
Allohim dadamni shu qadar yaxshi ko’rgan, yordam bergan, meni farzandlaridanda ortiqroq suyadigan ammamga , hanuz yosh boladek erkalaydigan amakimga uzoq umr bersin, farzandlarini kamolini ko’rsin ilohim.
Dadam Institutni 1989-yilda tugatadilar.  Qishloqqa qaytadilar. Buvim rosa yig’lagan ekanlar, rais bolam keldi deb… 1990-yil 6-yanvarda dunyodagi eng go’zal mehribon inson ayamjonimga uylanadilar. O'sha yili dadam Sharof Rashidov jamoa xo'jaligiga iqtisodchi mutaxassis bo'lib ishga qabul qilinadilar. Ishlab ham ilm o'rganishdan charchamaydilar.  Maqsadlari sari dadil qadam tashlashni boshlaganlar. Bu esa muvaffaqqiyatni ta'minlagan. Dadam doim yorug’ kelajakka ishonganlar, intilganlar. Orzulari ro’yob bo’lishini doim kutganlar.


P.S:  Blogpostni davomi keyinroq, u avtobiografik shaklda)

No comments:

Post a Comment