Thursday, 6 November 2014

Tirik murda...


6.11.2014.
Na darsga va na laboratoriyaga bora oldim bugun.
Havo Betxovenni eshitib dodlab yig’lasa bo’ladigan havo.
Jun Sang Yujinni olib boradiyu: “Yig’lab ol, bu yerda seni hech kim eshitmaydi” deb. Xop, dardingizni hech kimga aytmasdan, yig’laganingizni hech kimga ko’rsatmasdan dodlamoqchimisiz? Maslahatim,  Chorsu tarafdan Navoiy ko’chaga o’tishda most borku, o’shani usti eng eng qulay, mashinalar shovqinidan hech kim hech narsani eshitmaydi. Ham manzara wonderful. Maftuna aytganlaridek o’sha most’dan pastlab ketgan oq betonni ustiga yurish istagi tug’ilib qolsa bu istakni darrov quving, chunki qancha g’am, qancha alam bo’lmasin hali yashash kerak: farzlar, burchlar, baxt uchun. Hali jannatni hidini hidlaydiganlar safidan bo’lmay turib o’lishni kim ham xohlaydi deysiz. Hayot sinovlardan iborat muddat! Eyyy. Nimala deyabmana?! Aslida, tiriklay ko’milganlar mavzusida yozmoqchi edimkuu…
Biz har qadamda turfa odamlarga duch kelamiz, turlicha munosabatda bo’lamiz. Qaysidir kuni, adashmasam Yakshanbada edi, “Yoshlar” telekanalida “Bir qadam” degan ko’rsatuv qo’yilayotgan ekan. Nomi yoqdi manga. Haqiqatda, bir qadamni o’ylab bosmaslik qanchalik odamlarni dillariga bitmas yaralarni soladi. Shunday qadamlar bo’ladiki bu qadam odamlarning hayotini o’zgartirib yuboradi, ruhini, orzu umidlarini sindirib qo’yadi. Irodali odamlar albatta bu ko’yga tushmaydi. Lekin ming marotaba kuchli bo’ling, irodangizni hech kim bukolmaydi deb o’ylang, ammooo bittagina dilingizga yaqin deb bilgan odamingiz sizni bir lahzada sindirib qo’yishi mumkin. Ko’zlarda quvonchini qayta yonmaydigan qilib qo’yishi mumkin. .Ana o’sha sindirganning o’rnida ham, sindirilganning o’rnida ham bo’lishingiz mumkin.   Biz esa beparvomiz, dillarni og’ritib qo’yib “Yashab ketadi, o’lmaydi” deb vijdonimizni ovutamiz. Biz o’zimizcha adolatlimiz. Kutish yoqmaydiyu soatlab kuttiramiz.  Adolat so’zini million marta aytamizu, amalimizda zig’ircha ko’rinmaydiya?! Biz o’zimizcha, haqiqatgo’ymiz, faqat bu haqiqat niqoblarning ustida xolos. Yo’lda ketayotgan gadoylarga rahmimiz keladiku, yaqinlarimizga bir og’iz shirin so’zimizni ayaymiz. Uf tortib qalblarini og’ritamiz. Kuniga , xaftasiga bir marta xabar olmaymiz?! Hay, Odamizod, bu dunyo qaytar dunyo, siz xabar olmayotganingiz kabi, bir kun kelib sizdan ham xabar olishmay qolishsa chidarmikinsiz?! Yoki dillar shu qadar qotib ketganmi?! To’g’ri, hammanii hurmatini joy joyiga qo’yib qo’yamiz, ammo, lekin biroq mana shu hurmatni orqasida mehr ham undirsak qanday go’zal bo’ladi. Qalb bilan til bir emas ekan sukut saqlang. Niqoblarni yechaylik yaxshilar. Yonimizdagilarga o’zimizdan ortiq bo’lib ko’rinmaylik. Atrofimizdagi odamlarni yaxshi ko’raylik, ishonaylik, dardlarini tinglaylik. Malham bo’laylik ularga. Hech bo’lmaganda, jim bo’lib ularga ozor yetkazmaylik. Yuzlaridagi nurni so’nib qolishiga sabab bo’lmaylik. Bu qadaaarr beparvo bo’lmaylik, bu qadar o’zimizni yaxshi ko’rmaylik… Hayotda o’zimizdan ortiq yaxshi ko’rgan odamlarimiz ham bo’lsin. Onamizni bizga qilayotgan mehribonliklari, shirin shirin ovqatlari uchun emas, shuunchakiii ta’masiz mehr bilan yaxshi ko’raylik, Otalarimiz ham biz ularni pullari, moddiy ta’minlaganliklari uchun emas, qalbimizga solingan muhabbat bilan sevishimizni his qilsinlar. Do’stijonimiz bo’lsinki, ularni manfaatlar uchun emas, shunchaki borliklari uchungina mehr qo’yaylik. Ayolingiz faqat farzandlaringizni onasi sifatida emas, Haqdan inoyat bo’lgan mehr bilan ardoqlashingizni anglasinlar. Hayotimizni osonlashtiraylik. Oddiy, samimiy yaxshi ko’raylik, Ta’masiz mehr qo’yaylik va uni bildiraylik, zotan sunnatlarda yozilgan bu.  Bizni yaqin olgan odamlarni sindirmaylik. Qalblarida qora dog’ qoldirmaylik. Beg’ubor, pok tuyg’ularini, umidlarini o’ldirmaylik.  Kelajaklariga daxl qilmaylik. Bu faqatgina bitta narsani talab qiladi, niqobsiz yashash va o’sha bir qadamni bilib tashlash. Yana, o’zingiz ishonmagan narsaga o’zgani ishontirmang. O’sha bir qadam tufayli, butun bitta umrni xarob qilib qo’yishimiz mumkin. Qaytmas balki, balki rozi bo’lib ham ketar o’sha dilini og’ritganlarimiz ammooo…uning hayotidagi quvonchlarini o’g’irlab qo’yib turib qanday qilib o’zimiz ko’zimizda quvonch ko’ra olamiz?!  Qanday qilib, bemalol uxlay olamiz, qanday vijdon bilan ularni azoblanishini tomohsa qilamiz?! Boshliqlarimizga yoki g’irt begonlarga ming tavoze bilan turlanamizkuu, atrofimizdagi bizni jonidan ortiq yaxshi ko’rganlarimizga ozor beramiz. Oddiygina, “jim tur”, “bor”, “ko’p gapirma” deb gapirganimiz ham aslida jarohatlarga sabab ekanligini, faqat boshimizga tushsagina bilamiz. Bu so’zlarni ukamizga, singlimizga aytamiz a?! Ularda og’riydigan qalb yo’qmi. Yana bemehr deb dod solamiz olamga. Avval o’zimizni isloh qilaylik. Bir qadamimiz tufayli boshqalar jarohatlanib qolmasin. O’zi kamgina yashaymizkuu. Boring ana yuz yil yashaylik, lekin yuz yill nima bo’pti tarixni oldida. Hammamiz bir birimizga omonatmiz, erta ko’ramizmi yo’qmi bir birimizni, yaralamaylik odamlarni. Hozir yonimizdagilarni avaylaylik. Odamlarni qalbidagi odamlarga ishonchni o’lishiga biz sabab bo’lib qolmaylik. Jarohatlar yetkazmasdan, malham bo’laylik... Odamlarni tirik murda qilib qo’ymaylik. Eng dahshatlisi mana shu! Yashaydi, nafas oladi, kuladi. Yashaganida halovat yo’q. Nafasida armon hidi ufuradi. Kuladi kulgusida baxt yo’q. Umidini yo’q qilib qo’ymaylik odamlarni. Tiriklay ko’milganlardan ham tirik murda bo’lib yashab qolishdan panoh so’raylik. Bir birimizni ardoqlaylik.
Gaplarim ag’dar to’ntar bo’b ketdi-ya?!
Eyy xullasda. 
Behzod Fazliddinni quyidagi she'ri kechadan buyon tilimda aylanadi:
Meni tushunmadi tushunganlarim... 
Ularni tingladim, o'zimni tiydim. 
Ishonmay qiynadi ishonganlarim, 
Mitti ozorlarini kechirdim qo'ydim... 
Har xasga berkitdim quloqlarimni, 
Haqgo'y ko'zlarimni atadim g'anim. 
Shamoli o'chirdi chiroqlarimni, 
Mendan kechib ketdi kechmaganlarim. . .


P.S: Ensangiz qotsa o’qimang. O’yladim. His qildim. Yozdim.

BDT.

No comments:

Post a Comment