Tuesday, 25 November 2014

Qadarimga roziman...






Aslida ushbu yozilayotganlarini tvit shaklida yozmoqchi edim. Uzilib uzilib yozilsa hozirgidek ishtiyoq bilan yoza olmasam kerak deb o’ylab blogpost yozib qo’ya qoldim.
Men umrimning har lahzasi mo’jiza ekanligini his qilganman. Kasbim tufayli esa anglaganman. Ammo bugun shunday mo’jizalardan biri ro’y berdikiiii…
Opam(amakimning qizi)ning 3 ta qizi bor. Shahrizoda, Beg’ubor, Kumushbibi… Muhammad Ibrohim ismli farzandlari esa chaqaloqligida vafot etgan. Opam judayam o’g’il farzandli bo’lishni xohlar edilar.
Bahorda Toshkentga keldilar. Homilador ekanlar. Jinsini aniqlatmoqchi ekanlar. Yakkabog’da, Shahrisabzda ham qiz deyishganini aytdilar. Agar Toshkentda apparatda ham qiz deyishsa abort qildirmoqchi ekanliklarini aytdilar.  Opamga tikilib qoldim, chunki men bilgan opamni bu ish qo’lidan kelishiga ishonmasdim.
Ertasiga opam bilan shifoxonaga bordim. Vrach qizaloq deb tashxis qo’ydi.  Opam xafa bo’lganday bo’ldilar. Opamni tanimasdim. Bira to’la abort qildirish uchun boshqa vrach oldiga kirdilar. Man kutib turadigan bo’ldim. Chamasi 15 minutlardan keyin opam ko’zlarida yosh bilan qaytib chiqdilar va:
“Men qotillik qila olmayman, yurakchasi duk duk etib turgan odamchani o’ldira olmayman. Men bu qadar yovuz emasman. Qiz bo’lsa ham mayli Taqdirimga roziman” Dedilar… Opamni tanidim! Bu mening opam edi, o’zim bilgan ko’ngilchanim!
Oylar shiddat bilan o’tdi. Opam Xudodan sog’lom farzand so’rardilar. 9-oyda ham UZI ga tushishga to’g’ri keldi. Vrach qizaloqcha debdilar yana. Opam xafa bo’ladilar deb opamning onalari ovutishga uringanlarida : “Avval ham shunaqa deyishgan xafa emasman, qadarimga roziman” debdilar. Pochcham esa, buvim(amakimning ayolini buvi deyman)ga “Qadariga rozi b’lgan ayoldan men ham roziman, siz bizdan havotir olmang” debdilar…
Bugun ertalab ayam telefon qildilar, ovozlarida titroq… Opam o’g’il farzandli bo’libdilar… Yig’lab yubordim…Lol edim yana bir mo’jizadan… Oh… Qanday mo’jiza bu a?! Qanday karomatu rahmat bo’ldi bu…
Opamga telefon qilsam xursandlikdan faqat “shukr. Shukr” deydilar.

Bunaqa hikoyalarni ko’p o’qigandim, eshitgandim. Ammo hayotimda birinchi marta guvoh bo’lyabman. Ha, Sabr va shukr iymonning ustunlari…Har nafasimiz  mo’jiza… 

3 comments: