Sunday, 20 September 2015

Shukr qilish odobi

Katta tennis o'rganishga qatnayabman. Murabbiysiz o'rganish va murabbiy bilan o'rganishning farqlari yaqqol sezilyabdi. Katta tennisni ilk mashqlari bu tennis koptogini ma'lum trayektoriya bo'yicha otish va tennis raketkasi bilan koptokni harakatlantirishni turli usullarini o'rganish ekan.
Seshanba kuni mashq qilgani ustozimni oldilariga bordim. Tennis koptogini uloqtirish edi shu kungi dars. Tennis koptogini uloqtirishda butun tana ishtirok etishi kerak ekan, ya'ni yuklama koptok otadigan qo'lda qolib ketmasligi kerak, bunda kuch teng taqsimlanadi ekan.
Xullas, shu mashqni amallash qiyin kechdi manga, qo'lim va tanam bilan birga harakat qilmasdan qo'lim chaqqonlik qilaverdi. Evaziga yiqilib tushdim va o'ng oyoq payim cho'zildi. Shundan buyon sekin yuribman, oyog'imni avaylab sal cho'loqlantiribroq tashlashga to'g'ri kelyabdi. Pay o'zini tiklaguncha shu ahvol endi.
Chorshanba kuni "Ilm yulduzlari" tanlovi sabab ko'p yurdim va oyog'imga nagruzka tushdi. Qaytguncha arang yurayotgandim.
Metroda qaytdim uyga. Metroga tushib poyezdni kutish uchun 1- vagonni oldiga qarab yurayotgandim (deyarli doim 1- yoki oxirgi vagonga chiqaman ) uchta ayol suhbati behos qulog'imga chalindi: "Essizgina oydekkina qiz cho'loq ekanda",
"Xudoga shukr to'rt muchamiz but"
"Xudo asrasin". Bu gaplarni faqat men emas, atrofdagilar ham eshitib menga "achinish" nigohlari bilan qarashdi. G'alati bo'lib ketdim. Ichimda "Shu tennisni o'rganmasamam bo'lardiyu" deb o'yladim. Avvalo Alhamdulillahki, sog'lomman, oyoqlarim ham cho'loq emas, payi cho'zilgan xolos. Shuni bilib turib ham qandaydir kayfiyatim tushunarsiz holga tushdi. Maniku oyoqlarim sog', agar chindan oyoqlarida nuqson bor odam bo'lsayu u shu gaplarni eshitsa qanday holga tushardi. Pessimistik kayfiyatga, o'zini yomon ko'rish, o'zidan qoniqmaslik holatiga tushib qolmasmikin?!
Shukr va Sabr iymonning ustunlari hisoblanadi. Albatta har olgan nafasimiz uchun behad shukrlar qilmog'imiz lozim. Shukrning ham odobi bo'larkan nazdimda, yuqoridagidek holat yuz berganda "Alhamdulillah" deb ichimizda aytganimiz go'zalroq. Axir qalbimizdan o'tgan har shukronamizni Samiy bo'lgan ZOT eshitadiku.
Odamlarni ayash kerak.

No comments:

Post a Comment