Friday, 4 September 2015

Murg'akkinam...

Bobomni oldilariga borganimda har safar kitob, yangiliklardan o'qib beraman. Hozir ham kun.uz'da chiqqan xabarni o'qib berdim. O'sha mash'um sohil... O'sha go'dak haqida...
Rasmlarini ko'rib ko'zlarimdan yosh oqdi, bobom ham ko'rdilar... Va...


Yelkalari titrab yig'laydi bobom,
Ko'zlari jiqqa yosh soqollari xo'l
Deydi, qirg'oqlarda qoldingmi bolam
Uch yil jannatlarga izladingmi yo'l...

Ko'zim o'ngidan hech ketmaysan qo'zim,
Qaroqlaring artay lablarim ila
Oh jonim bolama yashirding yuzing
Endi qolganlarga ofiyat tila...

Nur balqqan chehrangdan silab ohista
Xayollarda sohildan ko'tarib oldim
Ohh, dardlaring dilim etdi shikasta
Bag'rimga bosiblar ovutib oldim...

Jajji qo'llaringda o'pdim avaylab,
Oyoqlaring ko'zlarimga surtdim bolajon
Xayolan ko'zingga bosganimda lab
Oh deya o'rtanib qiynalar bu jon...

Murg'akkinam, non ushoqdek aziz bolam,
Jannatlarda ko'rgin endi quvonchni sen.
U yerlarda bilmagaysan dardu alam
Bilmam qaydan izlay yupanchni men...

Bobojon yig'lamang deya bo'zlayman,
O'kinchla jilmayib, boshim silaydi
Shukrni o'rgandim deya so'zlayman
Bobom yig'lab elga tinchlik tilaydi...

Urush! Noming o'chsin jahondan
Tinchlik kezsin dunyoyu dunda
Shodliklar taralsin har bir makondan
Bolalar baxtli bo'lajak shunda...


P.S. Xayolimda Ozodbek Nazarbekov aytgan qo'shiqning shu misralari yangramoqda:  Tug'ilsayding o'zbek degan millatda
Yashar eding minnati yo'q rohatda...
misralar aynan shunaqamidi yodimdayam yo'q...

P.s.s. she'rni turoqlari tekshirilmagan.

P.s.s.s. bolakayni rasmini qo'yishga na jur'at, na toqat topdim o'zimda...

No comments:

Post a Comment