U shunday qizki, uning kulgusida bahor yomg’irining ifori taraladi.
U shunday qizki, uning ko‘z yoshlarida quyoshning zarrin nurlari ko‘rinadi .
U shunday irodaliki, darddan ham baxt topa oladi
Muhabbatini yo‘qotib jannatda diydordan umid ila hamd aytgan umidvorim u.
Jigari otgan tuxmat toshiga, boshini egib, shunda ham akasini kechira olgan qalbi ummonim u.
Orzu-umidlarini tinglamagan padariga qarab “siz rizo bo‘lsangiz bas” deya umrini otasining rizoligiga sarf etgan munisam u.
Farzandini tuproqqa qo‘yib, “Yo‘q nega yig’lay axir Soliham mendan ko‘ra mehribonroq ZOTni oldiga ketdi” deya taqvo qila olgan mushtiparim u.
Yolg’iz, odamlardan uzoqda bo‘lgan o‘z olamiga yolg’iz meni kiritgan do‘stim u.
“Faqat siz o‘lmasligingizni so‘rayman” deya mening yo‘qligimdan qo‘rqadiganim Madinam u.
Butun olami dard bilan to‘la bo‘lganda ham do‘stining ko‘zlarida quvonch ko‘ray deb baxt haqida yolg’on gapira olgan, lablari kulib yuragi yig’lagan, yelkasidagi dardlarni buyuk bir iroda, kuchli bir sabr, ulkan bir muhabbat bilan ko‘tara olgan muslimam mening.
Duolarida o’zidan oldin meni eslaydigan, Alloh yo’lida do’stlashgan, samimiyim, birodarim mening.
Qadrliligim Madinam! Tavallud ayyom muborak bo‘lsin. Sizga aytar so‘zlarim, duolarim ko‘p. Judayam ko‘p. Sizga dunyoning jamiki yaxshi tilaklarini tilayman.
Ilohim, baxtingizdan munavvar bo‘lsin bu olam.
Ilohim, siz qoldiradigan nasllardan olamlarga ibrat bo‘ladigan olimlar yetishsin.
Ilohim, ko‘zlaringizdagi quvonch abadiy va haqiqiy bo‘lsin.
Ilohim, umidlaringiz, orzularingizning komil ro‘yobini ko‘ring.
Ilohim, kam bo‘lmang, g’am bilmang. Men sizni ikki dunyoda ham soadatmand ko‘rishni xohlayman.
Umringizni ilm, taqvo, iymon nurlari hamisha yoritib tursin.
Ha, doimgidek, yoningizdaman va in shaa Allah hali o’lmayman.
Hali hayot butunligicha oldinda. Ishonamanki, baxt oldinda. Shiorimiz yodingizdami?! Allohga suyangan insonni kim ham, nima ham muvozanatdan chiqara olardi. :)
Wednesday, 22 June 2016
Wednesday, 11 May 2016
Tilimdan kofir qilmang
Bemorimning
onasi telefon qildilar. “Iltimos bir kelib keting”. Oyog’imni qo‘limga olib
yugurdim. Shifokorlar uyiga ruxsat
berishibdi, “odatiy hol, dorilarini davomiy iste’mol qilsin” deya… Shundoq uyiga kirishim bilan qorinchasi
shishgan, qovoqlari osilgan ammo yuzlarida beg’uborlik, issiq istara mavjud bo‘lgan
7 yoshli qizaloq “Ana opajonim keldilar, ana” deya quvonib ketdi. O‘rnidan
turishga harakat qilar, madori yetmasdi. Boriboq qo‘llarini ushladim…
Yuzlarimni silab “opajon katta bo‘lsam manam sizga o‘xshab mehribon, chiroylii qiz bo‘laman
” deydi… “Sen mendan ham yaxshi bo‘lasan”
deyman ko‘zlaridan o‘pib.
Ikki xafta oldin shifokorlar “qizingizga
psixolog yollang” deyishganda moddiy ahvoli sabab yollay olmagan o‘ychan ona
bilan tanishib qoldim. Hali shogirdman.
Shu sabab eplolmayman deb o‘yladim ammo O‘ZI yordamchim bo‘lishiga qattiq
ishonib qizaloq bilan ishlay boshlagan edim.
Sentyabrda
kiygan maktab formachasi aprelda kalta bo‘lib qolgani, moddiy yetishmovchilik
tufayli uzunrog’idan olib berolmaganda tizzalarini quchoqlab “tizzalarim
ochilib qoldi, uyalib ketayabman onajon” deb yig’lagan qizaloq, umidlari
osmoncha bo‘lgan, tabiatni, qushlarni, gullarni yaxshi ko‘rgan, umrining ko‘p
qismini shifoxononaning devorlariga qarab o‘tkazgan bolakay, onasining doriga
puli yetmay qolganini bilib joni og’risida sezdirmaslikka uringan go‘dak, bu
hayotni tark etishga ko‘zi qiymayotgan tirik jon…
O‘zidan, umridan
norozi, “Nega ammamni o‘g’liga turmushga
chiqdim-a?” deb so‘lib borayotgan bolasiga qarab ko‘z yoshlarini tiya
olmayotgan mushtipar ona…
Kuniga ming
azobda 40 000 sumlik dori topib kelib ham farzandining yuzlaridan uning
xastaligini arita olmayotgan, o‘shanda jur’atli bo‘lib “Tog’amni qiziga
uylanmayman” deya olmabman deya ich etini yeyayotgan ota…
Salgina ovqat
yesa, non tishlasa qorni shishib hansirab qolayotgan,umrining so‘nggi
soniyalari yuzlarida zohir bo‘lgan farzandiga qarab ado bo‘layotgan ota-onalar…
O‘ylayman men
ikki xafta shuncha mehr qo‘yib ulgurganim
bu qizaloqning holi yurak bag’rimni o‘rtayabdiku, ota-onalarining ahvollarini
yoritishga mening qalamim ojiz…
Tashxis:
Mukovitsidoz.
Sabab: Ota-onasi
qarindosh.
Bu kasallikning
7 ta asosiy tipi bo‘lib, kasallik juda og’ir kechadi. Uglevodlar almashinuvi
faoliyatining buzilishi bilan bog’liq kasallik bu. Har qaysi TIPIning oxiri o‘lim
bilan yakunladi. Statistik ma’lumotlar va ilmiy izlanishlar natijasiga ko‘ra maksimal yashash vaqti 20 yosh.
Bu kasallikka
asosan qarindoshlar orasidagi nikoh sabab bo‘ladi.
Har doim
aytganman, va yana takror aytaman naslingiz haqida qayg’urishingizning birinchi
qadami genetic jihatdan uzoq bo‘lgan insonlar bilan turmush qurishingizdir. Shu
gapni qayerda aytmay xoh ijtimoiy tarmoqlar, xoh auditoriya bo‘lsin bir xil
tipda savol beriladi. “Nima siz Payg’ambarimiz s.a.v ga qarshi chiqmoqchimisiz,
ular qizlarini amakilarini o‘g’illariga turmushga berganlarku”. Eng jaxlimni chiqaradigan joyi, ular men
dinimdagi pozitsiyamni bila turib, agar sahih ma’lumotlar keltirilsa har qanday
bahsda “men yengildim” deya olishimni bilib shunday savol beradilar. Boisi,
hali hech ko‘rmadim dini musulmon bo‘lmagan shifokorga yuqoridagi savol bilan
murojaat etilganini.
Avvalo shuni
bilingki, hozir ham, bundan oldin ham bundan keyinham Payg’ambarimiz s.a.v
hazratlarining nasllaridek toza nasl bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Toza nasldan
toza nasl kelib chiqadi. Tenglashishga urinmang. Bundan tashqari, Payg’ambarimiz
s.a.v davrlarida genetic modifikatsiyaga olib keluvchi mutagenlar hozirgi
vaqtdachalik bo‘lmagan. Hozirgi texnika, ekologik buzilishlar u davrda bo‘lmagan.
Hozir mutagenlar sabab turli irsiy kasalliklar yuzaga chiqmoqda. Qarindoshlar
orasida nikoh tuzilganda esa yashirinib yotgan
(geterozigot holatdagi ) xastalikka mutagen ta’sir etadi va kasallik
avlodda o‘zini nomoyon qiladi.
Endi qarang,
bizga dinimiz nimani buyuradi: Muhammad s.a.v ummatlarini ko‘paytirishni.
Shunday emasmi? Biz Muhammad s.a.v ummatlarini sog’lom, ilmli qilib
tarbiyalashimiz kerak emasmi? Buning uchun biz naslimiz haqida qayg’urishimiz,
bo‘lish ehtimoli yuqori xastaliklarni oldini olishimiz kerak emasmi?
Keyin, men sizga
Payg’ambarim s.a.v xato qilganlar demayabman, demayman ham. Buni mani tilimdan
eshitishga ishtiyoqmand bo‘lmang. Va, azizim, bilingki, Payg’ambarimiz s.a.v
qilgan hech bir ish Allohning iznisiz bo‘lmagan, hech bir ishlari behikmat bo‘lmagan,
hamma amallarida Allohning xohishi bo‘lgan. Sizda shunday xabar bormi?!
Va yana, hatto
oddiy amallarida sunnatga amal qilmaydiganlar, dinimni pesh qilib manga shu
savolni bermang. Tilimdan kofir qilishga urinmang iltimos. Bu o‘zingiz uchun foyda
bo‘lmaydi.
Odamlar, bolalarni
faqat urushlar qurbon qilmaydi! Ularni kasallik ham nobud qiladi va qilmoqda.
Har kimni sog’lom
nasl bilan rizqlantirsin.
Tuesday, 26 April 2016
Xavf ostidagi irsiyat
Hali o‘zligini anglamay turib telefonga tikilgan, hali
o‘smirlik yoshiga yetmayoq hayosizlikka o‘rganayotgan avlod; soatlab vaqtini
televizor qarshisida, kompyuterdagi bema’no o‘yinlarni o‘ynab umrini sarf
etayotgan, ko‘zlarida kasallik, tanasida tuz, ongida beparvolik yig‘ilib qolgan,
yelkalari tekis emas - qunushib qolgan, kitobsiz yashashga o‘rganayotgan nasl… Xavf
ostidagi irsiyat…
Ekologiya haqida ma’ruzada o‘tirar ekanman ularga
qarab yuqoridagi fikrlar xayolimdan o‘tdi. E’tibor berib turibman. Hamma o‘z ishi bilan
band. Mavzu zerikarli emas, zero ma’ruzachi o‘z vazifasini ado etmoq uchun jon
jahdi bilan terlab ma’ruza qilmoqda. Eshitayotgan, e’tibor berayotganlar kam. Qo‘qqisdan
lektor savolim bor deya auditoriyaga murojaat etdi:
-
Kim
nosog‘lom farzandli bo‘lmoqchi?
Hamma e’tiborini lektorga qaratdi va auditoriyada shunday xitoblar
yangradi:
-
Hech
kim, albatta.
-
O‘ylab
savol beryabsizmi?
Lektor jilmaydi va ikkinchi savolini berdi:
-
Kim
nasl qoldirmaslikni istaydi?
Yuqoridagi so‘zlar yana auditoriyani to‘ldirdi.
“Unda meni eshiting, zotan men ekologiya haqida emas naslingiz,
kelajagingizga xavf solayotgan muammolar xususida gapirayabman. Onggi past,
jismonan nosog‘lom nasl istamasangiz meni tinglang”
Auditoriya tinchlandi. Telefonlar yig‘ishtirildi, yuzlarga jiddiylik
kirdi. Ha, inson uchun nasl masalasi, kelajak avlod masalasi eng birinchi o‘rinda
turadi. Sog‘lom avlodni voyaga yetkazish - eng katta maqsad bo‘lib turgan
vaqtda iqlim o‘zgarishlarining, ekologik havf xatarning irsiyatga ham ta’sir
etishini blogpost sifatida yoritishni men ham joiz deb bildim.
Ekologik muammolarni
sanashga hojat yo‘q, hamma yod biladi. Ammo, tashqi bo‘layotgan ekologik
muammolar genga qanday ta’sir qila oladi, naslni qanday buza oladi, qanday
qilib tashqi muhit insonning irsiyati buzilishiga sabab bo‘ladi degan savollar
ko‘pchilikni qiziqtiradi.
Haqiqat shuki, bizning
irsiyatimiz juda kuchli muhofazalangan. Yaxshiyamki,
irsiy belgilar tashqi muhit ta`siriga chidamli bo`ladi. Biroq, befarq bo‘lmang, organizm yashayotgan
muhit sharoitiga qarab irsiy
belgilarning sifati o`zgarishi mumkin. Ya’ni turli xil mutatsiyalarga
uchragan(kasal) genotip shakllanadi.
Avvalo,
ekologiyaning fenotip(tashqi belgilar yig‘indisi
fenotip deyiladi)ga ta’siri xususida to‘xtalib o‘taman. So‘ngi 25 yil davomida
havo haroratining keskin isib ketishi natijasida aholi orasida teri raki
kasalliklari ortdi. Iqlimning isishi gormonologik o‘zgarishlarni keltirib
chiqarayotgani holda bolalarda voyaga yetish muddatdan oldin ro‘y berayotgani
ham kuzatilmoqda. Buni olimlar gormonologik faollikning oshishi va moddalar
almashinuvining tezlashuvi bilan izohlashmoqda. Hali 10 yoshga kirmayoq voyaga
yetib qolgan bolalarning ko‘payishi dahshatini anglayabsizmi?! Demak ko‘rayabmizki fenotipik o‘zgarishlar ham
bizning naslimizni xatarda qoldirmoqda.
Genotipik(ichki belgilar yig’indisi) mutatsiyaga esa olib keladigan sabablar turlichadir. Har
xil turdagi ionlashtiruvchi nurlar, rentgen nurlari, ba'zi kimyoviy moddalar, ultrabinafsha
nurlar mutatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Xop, tabiatdagi nurlarga qarshi biz
hech narsa qila olmaymiz. Biroq, e’tibor bering yaxshilar, zararli nurlar chiqaradigan smartfonu
planshetga termulayotgan bolangizga befarqligingiz nafaqat uning sog‘ligiga
balki kelajagiga ham befarqligingizdur. Turli xildagi ionlovchi nurlar irsiyatga
bevosita xavf soluvchi omillardir. Axir
kim naslining nosog‘lom, nuqsonli, imkoniyati cheklangan bo‘lishini xohlaydi?! Shubhasiz,
hech kim!
Ammo, oxirgi yillarda irsiy kasalliklar keng tarqalayotgani haqiqat.
Hozir ularning ikki mingdan ortiqroq turi malum. Bolalar o‘limining sabablari
orasida irsiy sabablarga aloqador o‘lim hollari 42 foizni tashkil etadi.
Homiladorlikning birinchi uch oyi davomida ko‘riladigan bola tashlash
hollarining ko‘p qismi tashqi muhitning o‘zgarishlariga
bog‘liqdir.
Iqlimni o‘zgarishi irsiyatni o‘zgarishiga sabab bo‘layotganini
ko‘rib chiqdik. Ekologiyaga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘linsa, iqlim o‘zgarishlari
va oqibatlari kamayadi. Ammo shunday ekologik buzilishlar borki biz texnika asrida bu ekologik muammolarni hal
qilishga ojizmiz. Masalan, zavod va konlardan
chiqayotgan turli zararli moddalar nafas yo‘llarining nasldan naslga o‘tadigan
xastaliklarini(masalan allergiya, astma) , suyak raki kabi kasalliklarni
keltirib chiqarayotgani kelajagimiz nechog‘lik xavotirda ekanini isbotlaydi. Bu
zararlarni kamaytirish uchun ter to‘kayotgan ximik-u biologlarning ilmlariga
ilm so‘rab qolamiz. Biz esa hech bo‘lmaganda nasldan-naslga o‘tadigan
kasalliklarni rivojlantirmaslik uchun bolalarni jismoniy sog‘lamlashtirish,
ovqat sifatini yaxshilash, chiniqtirish, yuqimli kasalliklardan saqlash, kuchli
charchashni oldini olish, tabiiy muhit yaratib berish, turli nurlardan holi
qilish masalalariga katta e’tibor berishimiz lozim.
Monday, 25 April 2016
Niyat
Uchta odam. Uchalasi
tanish, yaqin do‘stlar.
Ammo, o‘ylari
turlicha. Maqsadlari farqli. Niyatlari o‘zlariga yarasha.
Uchalasi bemor
qarindoshini ko‘rgani yo‘l olgan.
Birinchi kishining o‘yida:
“Borib yo‘qlab kelay. Ertaga ko‘z ko‘zga tushadi, bormasam ming’irlab yotadi,
gina qilib”. Niyati - qarindoshi tuzalganida uning gina qilmasligi uchun borib
xabar olib kelish.
Ikkinchi insonning
xayolida: “Salomat bo‘lsinda, ahvoli qanaqa ekan?! Boraychi biror yordamim
tegib qolar. Tuzalib qolsin ishqilib”. Niyati - qarindoshini yo‘qlash, yordam
berish.
Uchinchi insonning fikrida: “Alloh “men kasal bo‘ldim, borib ko‘rmading”
deganda nima deyman?! Birodaring yordamga muhtoj edi holidan xabar
olmading deyayotgan vijdonimga javobim bo‘lsin.
Imkonim bo‘la turib uning holidan xabar olmasligim insonlikka, mo‘minligimga to‘g’ri
kelmaydi”. Niyati- Allohning rizosi uchun qarindoshidan xabar olish, qodir
qilgani qadar yordam berish.
Uchta odam. Uch
toifa. Uch xil niyat. Hammasi vaqt sarflamoqda. Hammasi bir manzilga bormoqda.
Kim yutuqda bo‘ladi?!
Saturday, 20 February 2016
Otamning yoniga chopgim keladi
*****
Tushunmay qolsam
gar o‘zimni o‘zim
Sog’inchdan sarg’ayib
ketsalar yuzim
Tomchi yoshga muhtoj bo‘lganda ko‘zim
Otamning
yoniga chopgim keladi
Adolatsiz
adolatlar bo‘ynimdan tutsa
Yiqilsam qo‘limdan
dushmanim tutsa
Ko‘nglimdamaslar
ko‘nglimni kutsa
Otamning yoniga chopgim keladi.
Anduhlarni makon qilsa gar yurak
Ijobat bo‘lishga shoshmasa tilak
O‘ylayman, qayerga borishim kerak?
Otamning yoniga chopgim keladi.
Dilimda hasratlar minora qursa,
Asossiz g’iybatlar qalbimni tilsa
Yig’lasam
qarshimda o‘z do‘stim kulsa
Otamning yoniga chopgim keladi.
Yuragimda to‘lib ketsa alamlar
Ichimdagin yozolmasa qalamlar
Butun dunyo bo‘lolmasa
malhamlar
Otamning yoniga
chopgim keladi
Soxtalikni
anglasam gar so‘zimda
O‘ZIga ishq ko‘rinmasa
ko‘zimda
Imon nurin sezmasam gar yuzimda
Otamning yoniga chopgim keladi.
Thursday, 4 February 2016
Ichimdagi "qoralovchi" va "oqlovchi"
Dunyo
shunday yaralgan.
Har kimning
ichida ikkita “men”I bor. Bu “men”larning biri “qoralovchi” biri “oqlovchi”
vazifasini o‘taydi. Sizda qanday bilmadim, men garchi “qora” o‘zagi bo‘lsada “qoralovch”imdan
baraka topaman. Garchi u qora bo'lsada o'zimdan ko'proq o'zgalarni o'ylaydi, xudbinroq "oqlovchim"ga aql o'rgatadi, mening ichimdagi vijdonimmikin shu "qoralovchim". Juda vaqtli uyg‘ondim. Har doimgidan vaqtliroq. Ko‘nglim g‘ash bo‘lib
uyg‘ondim. “Nega” buni faqat mening ichimdagi advokatim va prokurorim biladi. O‘zim
ham anglamay qolaman ba’zan. Garchi kayfiyatni ko‘taradigan mahsulotlardan iste’mol
qilishimga qaramay mahzunlik tark etmadi… Angladimki, kitobni, ziyoni sog‘ingan
ruhim… Azon ovozini qulog‘im sog‘inibdi, Qur’onning yuraklarni oppoq qiluvchi
nurli tilovatiga muhtoj bo‘libdi tanam, ko‘zlarimga qancha bo‘ldi ushbu kitobni
surtmaganim-mushtoq aylabman ko‘zlarimni. Ichimdagi menlarim shu zahoti bahsni
to‘xtatdi. Go‘yoki anglagandek. Go‘yoki bu ikki “men”dan boshqa “men” bordek.
Ikki tomchi yosh mana shu yosh bilan chiqib ketdi hamma o‘ylovlaru qayg‘ularim
go‘yo, ikki tomchi yosh mana shu yosh bilan ifodalandi o‘zimga sog‘inchim go‘yo,
ikki tomchi yosh mana shu yoshgina qalbimdagi hamma mahzunlikni chiqarib
tashlay oldi, mana shu yoshgina “qoralovchim”ning nurli oppoq so‘zlari kabi
qalbimni yoritdi, garchi yengilgan bo‘lsada “oqlovchim” jilmayib yengilganidan
xursandligini to‘kilgandek bu yoshlar. Bu ikki yosh Mushaf’ning muqaddas
sahifalarini tanigandek, anglagandek unga talpindi…
Axir bugun
Juma…
Muborak bo‘lsin.
Yig'lamang sinovlar yog'sa paydar-pay,
Yig'lamang dard sizni qiynasa tinmay,
Yig'lang, Shahodatsiz to'xtasa zabon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
Yig'lamang dard sizni qiynasa tinmay,
Yig'lang, Shahodatsiz to'xtasa zabon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
Yig'lamang tuhmatlar boshingiz egsa,
Nomard otgan paykon nishonga tegsa,
Yig'lang, nafsni deya sotilsa vijdon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
Nomard otgan paykon nishonga tegsa,
Yig'lang, nafsni deya sotilsa vijdon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
Yig'lamang, sevgan yor aylasa jafo,
Yig'lamang, dunyoni tark etsa vafo,
Yig'lang, o'g'il ota bag'rin qilsa qon
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
Yig'lamang, dunyoni tark etsa vafo,
Yig'lang, o'g'il ota bag'rin qilsa qon
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
Yig'lamang, olamni suv bossa butkul,
Yig'lamang, shaharlar yonib bo'lsa kul,
Yig'lang, qabrni cho'g' aylasa makon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
Yig'lamang, shaharlar yonib bo'lsa kul,
Yig'lang, qabrni cho'g' aylasa makon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
Yig'lamang, boy berib qo'yib mansabni,
Yig'lamang ey do'stim, asrang asabni,
Yig'lang, zalolatga yuz tutsa zamon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
Yig'lamang ey do'stim, asrang asabni,
Yig'lang, zalolatga yuz tutsa zamon,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
Yig'lang fahshu zino bo'lsa hukmron,
Yig'lang sajda qilish bo'lganda armon,
Yig'lang har ishda bosh bo'lsa shayton,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
Yig'lang sajda qilish bo'lganda armon,
Yig'lang har ishda bosh bo'lsa shayton,
Yig'lang, ajal yetsayu kirmasa iymon.
P.S. She’r
muallifini bilmayman, afsuski.
Tuesday, 19 January 2016
Uyqudagi "aqlli" genlar
Uzoq
yillardan buyon bolalar intellekti ajdodlardan merosmi yoki tarbiyaning mahsulimi degan
muammo ko‘tarilib keladi va bu xususda bir qancha olimlar ilmiy muzokaralar o‘tkazadilar. “Queensland” Universiteti ilmiy xodimlari Genetik
ma’lumotlar va IQ darajasini bilish uchun 4 mamlakatdan 1000 ta bolalarni atrof
muhit ta’sirlaridandan ajratib qo‘yib o‘rganishga harakat qilishdi.
Ular aniqlashichai, 20
va 40 foizli bolalar orasida IQ genetik
faktorlarga bog’liq. Ilmiy izlanishlar shuni ko‘rsatadiki 40-50 foizi esa
tarbiyaning mahsuli hisoblanadi.
"Queensland" Universiteti doktori Beben Benyamin
ta’kidlashicha: “ Bu DNK dagi ma’lumotlari juda qimmatli bo‘lib, buni biz
aslida qobiliyat deb ataymiz, ammo bu bolalarning intellegenti meros qilib
olinishi muhit bilan bevosita bog’liq” deb xulosa qiladi. U bu genlarni haqli
ma’noda “smart genlar” deydi.
Doktor Benyamen va
uning kasbdoshlari Oddiy DNK analizini 18 ming Avstraliyalik, Nederlandiyalik,
Buyuk Britaniyalik, AQSHlik bo‘lgan bolalarda o‘tkazishdi ularning IQ
darajasini bilish maqsadida. Tadqiqodlar shuni ko‘rsatdiki turli yosh toifa
vakillari orasida IQ darajasi bir xil emas. Ularning ota onalari DNK tekshiruvdan
o‘tkazilganda ularda IQ darajasi ota onalari orasidagi farqqa juda o‘xshashligi
aniqlandi. Doktor Benyamen, faqat IQ bo‘yicha emas, organizmda ketadigan
moddalar almashinuvi, fiziologik holatlarni ota onalar va ularning bolalarida o‘rgandi.
Uning aniqlashicha otadagi 70 foiz fiziologik holatlar qiz farzandga o‘tar
ekan, Onadagi fiziologik holatlar esa o‘g’il farzandga o‘tadi. Hatto u
talabalarga bir ma’ruzasida hayajon bilan buni isboti tarzida o‘zi onasi
uchragan oddiy kasalliklarni hammasiga chalinganini aytib o‘tgan. Uning tadqiqodlari esa, IQ ko‘p hollarda
otadan meros bo‘lishini, fiziologik holatlar esa onadan o‘tishini aytib o‘tdi.
Fan yana shuni
isbotlaydiki, jamiki odamzotda smart genlar mavjud bo‘lib u genlar “uxlagan”
holatda bo‘ladi. Chunki , har bir odamzotni 7- va hatto undan oldingi ajdodida
albatta bu genlar mavjud bo‘lgan, va ularni shakllantirilmasligi sabab ular
“uxlagan” holatga kelgan. Bu smart
genlarni uyg’otish uchun o‘qish va harakat kerakligini, tinimsiz intilishlar
orqali har qanday qobiliyatni shakllantirishni, har qanday “qattiq uyqudadi” genni “uyg’otish”
mumkinligini olimlar
ta’kidlamoqda. Buning uchun kunning birinchi yarmida qaysi qobiliyatni o‘zida
shakllantirmoqchi bo‘lsa shu soha bilan
shug’ullanishni tavsiya qilganlar Ular o‘z fikriga dalil sifatida sportga
iqtidorim yo‘q deb hisoblaydigan qanchadan qancha sportsmenlarni mehnat orqali
eng cho‘qqi darajalarini egallaganini misol keltiradilar. Bundan tashqari,
otasi kuchli matematik yoki sport ustasi bo‘la turib farzandlariga bu
holatlarni kuzatilmasligi ham tabiiy. Bunda boshqa bir gen uning iste’dodini
nomoyon qiluvchi gendan ustunroq bo‘ladi va u istedod sifatida shakllanadi.
Masalan, Buyuk futbolchi Peleni o‘g’li kuchli biznesman bo‘lib, u futbol sport
turi bo‘yicha hech qanday natijaga erishmaganligini misol qilishimiz mumkin. Sportdagi yutuqlarning,
xususan,
tananing energetik imkoniyatlari, mushaklar kuchi, nafas olish tizimi, yurak
qon-tomir tizimi faoliyati va boshqalarning 80-90% genetik izohga egaligi qator
ilmiy ishlarda o‘z tasdig‘ini topgan.
O'zingizdagi smart genlarni uyg'oting va ularni uyg'oq holda avlodlaringizga meros qoldiring :)
P.S: Ushbu blogpostning kengaygan shakli "Ma'rifat" gazetasida chop etilgan.
Subscribe to:
Posts (Atom)



