Friday, 10 January 2014
Saboqlarim...
Saboqlarim…
Assalomu alaykum, ko’ngil odamlari…
Bugun uyda pech yonida , issiqqinada o’tirib hayolga berilib ketdim… Bolalagimdan toki bugunga qadar juda ko’p nasihatlar ichida ulg’aydim, har qadamimda saboq berishdi, shu boisdir ehtimol kam qoqildim, vijdonim bilan yolg’iz qolishdan qo’rqmayman, vijdonimning sasini eshita olaman, xatolarimdan saboq chiqara olaman… Bu borada, yana aytamanki , Ota onamdan qarzdorman. Ular mening ustozlarim. Shunday qarzlar bo’ladiki, hech qachon uza olmaydi inson ularni, mening shunday qarzlarim bor - Ota-onamdan… Ota onamning menga o’rgatgan, o’rgatayotgan saboqlari bilan o’rtoqlashmoqchiman. Agar kimdir o’qib nimanidir o’rgansa ota onam uchun duoda bo’lasizlar degan umiddaman. Ilohim hammamizning ham Padaru volidalarimiz hamisha omon bo’lsinlar..
***
Mening Ayam mandarin yemaydilar:
Rahmatli buvim va bobom(ayamning ota onalari, Alloh qabrlarini nurga to’ldirsin) juda hokisor va fayzli inson edilar. Bizni uyimiz buvimlani uyidan ozgina uzoqroq edi, shu bois har kuni bora olmas edik. Har kuni bora olmasakda , lekin kunora ovqat qilib hollaridan xabar olgani borardik. Bir kuni ayam Buvam yoqtirgan ovqat No’xot sho’rva qildilar, va dadam ayam va meni buvamlarnikiga olib bordilar. Buvamlar kichkina tog’am bilan yashardilar. Negadir buvamlarga tog’amlar yaxshi e’tibor berishmayotgandek tuyulaverardi bizga. Yangamning muomalasi bunga isbot bo’lardi. Shundanmi ayam juda havotirlanardilar. O’sha kuni bordik, ovqat ichdilar buvamlar, Qari bo’lsalar ham ovqat, shirinliklarni juda yaxshi ko’rardilar. Suhbatlashib turganimizda buvim: “Dilijon (ayamni ismlari Dilorom) haligi usti sariq meva borku, mandalinmiyey, limonga o’xshash, otangni o’sha mevadan yegisi kepti, kecha Ilhom(tog’am) bolalariga olib kelib bergan ekan , juda havasi keldida, oshxonada po’chog’ini ko’rib qolib, shundan olib kelib ber bolam “ – dedilar… Ayam borib oshxonaga qaradilar, mandarinning po’choqlari turardi… Ayamning ko’zlarida yosh ko’rdim… Nafratlandim Ona otasini qiynagan kelinlaru farzandlardan. Dunyo ko’zlarini ko’r qilib qo’ygan insonlarni yomon ko’rib ketdim. Bir mandarin ekanku, qari odam shuni yarmini bersa ham o’ksimasdi, qaysi vijdoni yo’l qo’ydi ekan ota onasini uyida yashirib bolalariga mandarin berishga… Yo’q, ularga mandarindan ham bir chimdim mehr afzalku… Qari odam yosh bolaga o’xshab qoladi. Sizning zarracha e’tiboringizdan quvonib duolar qiladi. Qarisi bor uyning parisi bor deb bekorga aytishmaydi axir. G’animatmizku bir birimizga…Ayam: “ Qizim bilib qo’y, bir kun sen ham kelin bo’lasan, agar meni rozi qilmoqchi bo’lsang, qaynonangni rozi qil” dedilar… Dilimda shu so’zlar kechdi: “ Onajon sizni qizingiz kimnidir yig’latishi mumkinmi?! Men dunyodagi eng soliha, eng yaxshi , eng mehribon kelin bo’laman”…
Mana shu voqeaga ham 4 yil bo’ldi… 3 yil oldin buvim, roppa rosa bir yildan keyin ayamning yelkalariga bosh qo’ygancha buvam qazo qildilar…
Ayam hanuz mandarin yemaydilar…
Vaqtida qadrlaylik…
***
Universitetda 1-kursda o’qiyotgan vaqtim Opam(amakimning qizi)ning nikoh to’ylari bo’ldi. To’y kuni hamma albatta eng go’zal bo’lishga urinadi, ayniqsa qizlar, sochining turmagiyu kiyimning betakrorligiga alohida e’tibor beradilar. Jumladan men ham. To’y kuni, kechqurun oqshomga tayyorlanar ekanman, yangi ko’ylak sotib olgandim shuni kiydim, rosti oynadan ko’rib o’zimniyam o’zimga havasim keldi. Haqiqatda juda yarashgandi. Faqat ozgina tor va kalta edi… Modasi shunaqa tikilgan edi. Shunda ayam manga qarab turdilarda: “O`ziga juda oro berib, tanasini ko`z-ko`z qilgan qizlar chin sevgiga umid qilmasalar ham bo`ladi. Undaylar atrofida asosan faqat nafsini o`ylagan erkaklar o`ralashadi, hayo qil…” dedilar... Titrab ketdim. Qanday qilib Hamma havas qilgan insonning Berdiyevning qizi shu kiyimda hammani oldida yura olardi?! Qanday qilib ko'zlarimda ham hayo yashasin degan qiz shunday kalta va tor kiyim kiya olishi mumkin?! Munofiqlik emasmi bu?! Nahotki shuncha yillik tarbiya uvol ketgan bo’lsa?! O'zimdan og'rindim darrov Boshqa kiyim kiydim. Men Otamning Ori, onamning nomusiman...
Ko’pam kiyimimga qadama ko’zing
Nomimni eshitib yorishsin yuzing
Faqat Haqdan topgin o’zingni o’zing
Meni Alloh uchun seva olsang sev...
***
Universitet talabasi nomiga sazovor bo’lganimdan keyin chin dildan o’qidim. Hamma narsada, har sohada eng zo’r, eng yaxshi bo’lishni istardim. 1-semestrni yopayotgan vaqtimda hamma fanlarimdan a’lo baho chiqdi, faqat Oliy Matematika fanidan 86 ballga ozroq ball yetmay qoldi. Kurganov Karim domla kirardilar. Hurmatim baland edi. Chunki haqiqatda fanining bilimdoni edilar. Faqat shu fandan bahoyim chiqmay qolganini bilgan yaqinlarim “Dadanga ayt, dadangni tanishlari kazoo kazolaru bir minutda hal qilib berishadi” deyishdi. Bilmayman qaysi kalla bilan dadamlarga telefon qildim va muammoni aytdim: Dadam eshitib kuldilar va : “ Meni qizim halol o’qimaydimi?! Meni g’ururim bo’lgan Qizim , g’ururimni egib boshqadan yordam so’rashimni xohlayabdimi?!” dedilar... yig’lavoray dedim. Uyaldim. Uyaliblar ketdim.. Nahotki arzimas bir baho bilan o’lchadim qiymatni, bilimni, g’ururni?! Chunki , dadam doi m “ Inson bolasi, har doim, hatto eng muhtoj holida ham birovdan biror narsa so’rab bosh ekkanda 72 ta tomiri titrab ketadi, hech kimga muhtoj qilmasin” deb o’rgatardilar... Ilohim hammani 72 tomiri titramaydigan umr bilan siylasin.
P.S: Bu yozganlarim juda oddiy, hech qanday mubolag’asiz, qo’shimchalarsiz hayotimdan olingan saboqlar… Hayot buyuk muallim. Yuqorida keltirganlarim albatta bir o’tirishda hayolimdan o’tganlari, xotiralarim.. Hayotda juda ko’p narsani o’rganadi inson, ularni bir lahzada , bir yozishda yorita olish qiyin… Balki, yana yodimga nimalardir tushsa davomi sifatida yozarman…
Berdiyeva Dilnavoz Toshkan qizi.
Subscribe to:
Post Comments (Atom)
Рахмат
ReplyDelete