Friday, 10 April 2015

Kundalikning bir sahifasidan: Bugun va Blogerlar haqida

Soat 00:33. Dars qilyabman. Hozirgina Telomerlar va telomerazalar haqida maqola yozib tugatdim. Umuman olganda bu hisobotga o’xshagan maqoladan hozircha ko’nglim to’lmadi. Ommaviy madaniyat haqida ham yozish meni jilmayib kutib turibdi. Hali bugunga o’qishim uchun rejalashtirganlarimni 40 fozini ham o’qib ulgurmadim. Ammo shunga qaramasdan bugungi kun uchun shukr. Bugun Sog’uniy hazratlari hayotlari haqida ajoyib diplom ishining xomaki nusxasini topib oldim, keyin uni manga sovg’a qilishlariga majburladim. O’qigim kelyapti. O’qib tugatsam kichikroq qilib maqola yozsammikin? Ularning nabiralari - domlamning xotiralari bilan sayqallab yozsammikin… Darvoqe, bugun uch marta “qizardim”. 
Birinchi qizarishni nomini “hijolatchilik” deb nomlayman, domlamdan kitob olgandim shuni qaytarib olib borganimda vaqtliroq qaytarmaganimdan hijolatdan qizarib ketdim. Ustozim shunday ajoyib “dakki” berdilarki, beixtiyor ichimda “Sog’uniy hazratlarini nabiralarida, tanbehlari ham erkalashdek, shirin nasihatdeka” deb yubordim. Vaqtliroq qaytarmoqchidim, u kitobning ayrim joylarini yozib qoldim, shu sabab ulgurmadim… Axir u kitobni boshqa yoqdan topolmadim, elektron versiyasi ham yo’q. Buni ustiga tarixni asl ranglarining bir qismchasi ochib berilgan bu kitobni yaxshi ko’rib qoldim.  Bundan ytashqari men o’zimga ilinganim shu kitobni, ukalarimga ham ilindimda. Ammo, shunga qaramasdan, yana kitob berib turadigan bo’ldilarJ.
Ikkinchi qizarishni nomini “uyatdan qizarish” deb nomlayman. (: . Qandli diabetga javobga genlar haqida ikki uchta maqolani o’qishni aytgandila ustozim, yodimdan ummuman chiqib qolibdi, bugun laboratoriyada ish yo’qku deb qo’shiq eshitib, tennislar o’ynab qaytib kelsam, ustozim xonalariga chaqirib, xulosalarimni so’rasalar bo’ladimi?!(( Biofizik ustozimni gaplari yodimga tushib ketdi: “Eh Dilnavoz, dangasa tomirlaringiz har doim faol” derdilar. Darvoqe ustozim oktyabrda  chet eldan keladilar, kelgunlaricha bir dunyo maqolalarni yozib IELTSni olib, dissertatsiya ishimni yozib bo’lib ularni LOL qilib qo’yishni maqsad qildim. Shu maqsadlarni qildimuuu yana ularni: “Dilnavoz siz doim kelasi zamonda gapirasiz, o’tgan zamonda gapirganizni, “shu ishni mana vaqtida qildim” degan gapizni eslolmayman” deganlari yodimga tushib qoldi)). Umuman olganda ayb mandayam emasda, maksimal darajada harakat qilsam ham ulgurmasam nima qilay axir?! J
            Uchinchi qizarishni nomini “Jaxldan qizarish” deb nomlayman. Bugun marshrutkada bir qiz “yo’l puli qancha” deb so’raganda haydovchini “ko’rga hassadek qilib yozilgan ko’rmayabsizmi?” degan so’zlaridan “kechirasiz amaki, ko’zim o’tmaydi” deb ma’yus tortgan qizni ko’rib haydovchidan jaxlim chiqib qizarib ketdim… Ammo, hech narsa demadim((. Halimlik, muloyimlik qilishga buyurilganmizku, oddiy so’zlargada e’tiborliroq bo’lishimiz kerak ekan… Ba’zan, odamlarni ranjitib qo’yaman… Ba’zan men ham qo’pollik bilan mehrli dillarni yaralaganman… Muloyimroq, yaxshiroq bo’lishim kerak. Bandasi haqqidan kechmaydi…
            Darvoqe, bugun blog.telegraf.uz’ga kirsam Blogerlar tanlovining keyingi bosqichiga o’ta olmabman. Umuman olganda buni kutgandim (: . Chempionat haqida ikki og’iz. Bu chempionat uchun birinchi Blogerlar chempionatiga qaraganda ancha ko’proq  mehnat qilingani sezilib turibdi. Tanlov uchun berilgan blogpostlar ham ajoyib, ayrimlari odamni ilhomlantirsa, ayrimlari hayajonga soladi. Ba’zi blogpostlardan esa olam olam ma’lumot olsa, nimanidir o’rgansa bo’ladi. Masalan Sanjar Said akaning, Muzaffar Qosimovning, Jamshid Xoliqulovning, Otabek Yo’ldoshevning blogpostlarini shu jumlaga kiritaman.  Ayrim blogpostlarning hikoya janrida ajoyib “tilda” yozilishi esa  adabiyotimiz kelajagida yangi quyosh chiqayotganidan darak bergandek odamni shodlantiradi, “Soyabon” va “Tantiboyvachcha” kabi blogpostlarni fikrimni dalili sifatida keltirishim mumkin. Odamni yaxshilikka undaydigan, ibratlanishga chorlaydigan, fikrlarini charxlaydigan blogpostlarni o’qib ham mazza qildim. Bularni Jumlasiga Gulruxsora Xudoyberdiyevaning “G’urra”, Iqboljon Yusupovning “Hayot surati”,  Feruz Muhammadning “O’lim meni da’voladi” kabi blogpostlarini kiritishim mumkin. Hattoki blogpostlarga yozilayotgan kommentlar ham ajoyib. O’z o’rnida bildirilayotgan tanqidlar, maslahatlar, fikrlar beiz ketmasligiga ishonaman. Men uchun ushbu bosqichning champion blogposti esa Zilola Bahorni “Dadamga” blogposti. Men dunyodagi eng yig’loqi qiz bo’lsam kerakki, bu blogpostni o’qiganimdan buyon shu blogpostni eslasam ko’zimda yosh halqalanadi, yuragim entikadi. Faqatgina dugonam bo’lgani uchun emas, blog ochishimha turtki bo’lgan insonlardan biri bo’lgani uchun ham Zilola Bahorga, Zilola qatorida blogpostlari bilan doim bizni zeriktirmaydigan, men doimiy o’quvchilari bo’lgan Bamaylixotir, Dilrabo, Gulruxsora, Sanjar Said aka, Kama Noir, Abror Qodirov, Diyor Imomxo’jayev, Aziz Qarshiyev, Sherzod G’aybullayev va boshqa yarim finalga yo’l olgan blogerlarga omad tilayman. Biz sizni o’qiyabmiz, va ajoyib blogpostlar kutib qolamizJ.
            Tanlov tashkilotchilariga, hakamlarga o’z minnatdorligimni bildiraman. Vaqt oltin, Ana shu oltin vaqtlari ayamasdan blogpostimni o’qiganlarga esa vaqtingiz uchun rozi bo’lingizlar deyman.
Assalomu alaykumJ
9-apreldan 10- aprelga o'tar kechasi. 2015.
Soat: Tun 01:15

P.S: Shundoq blogpostni joylayman deb internetni yoqishimni bilaman, trafigim tugab qolibdi. Shu sabab ertaga kunduzi joylashga qaror qildim)

Sunday, 5 April 2015

Salom bahor :) : “apshu” :(



Bahorning tashrifi ko‘ngillarni quvontiradi, gullarning ifori, kurtaklarning ochilishi, guldan gulga quvnab yurgan kapalaklar odamning bahri dilini ochadi. Ammo, shunday go‘zalliklardan bahra olishga “allergiya” nomli “dushman” halaqit beradi. Fevralni boshlaridanoq meni o‘ylantirgan mavzu shu: Allergiyadan xalos bo‘lish. Chunki o‘ylashimcha har qanday darddan halos bo‘lishga intilish bu shukronalikning ko‘rinishi. Sizni bilmadimu, daraxtlarning gullashi bilan shu aksirish men bilan dugona bo‘lib oladi. Gullarning changlanish davridaku asti qo‘yavering. Avval ham allergiyadan qutulish haqida o‘ylagandimu ammo chora ko‘rmagandim hech. Bu yil chorani kitob o‘qib, allergiyani sabablari va kelib chiqishidan boshladim birinchi qadamni. Hozirgi kunda dunyoning 37 foiz aholisi allergiyadan azob chekadi.
Allergiya — kishi organizmida tashqaridan ta’sir qiluvchi allergenlik xususiyatiga ega bo‘lgan har xil yot moddalarga nisbatan paydo bo‘ladigan o‘ziga xos reaksiyadir. Allergiya immun sistemaning pastligi ya’ni immunodefitsit sababli kelib chiqadi.
Allergiya organizmga turli yo‘llar bilan, og‘iz, nafas yo‘llari, teri orqali va nasliy moyillik bilan kirib keladi. Allergiyaning kelib chiqishiga asosan allergenlar sabab bo‘ladi. Allergenlar allergiya keltirib chiqaruvchi genlar hisoblanib ular ikki xil bo‘ladi: ekzoallergenlar(turli xil bo‘yoqlar hidi, o‘simliklarning gul changlari, hayvon mo‘ynalari) hamda endoallergen(oziq-ovqat mahsulotlari:qovurilgan go‘sht, tuxum oqsili, baliq, shokolad, sitrus mevalari, dorilar antibiotiklar, zardoblar, sulfanilamidlar va b.sh.) lar.
Allergiya yuqumli kasallik degan tushuncha hozir juda ommalashgan. Ammo,  allergiya yuqumli emas. Allergiya asosan hayot davomida orttirib olinadi. Bunda yuqorida ta’kidlaganimizdek asosan immunitetning passiv holati  sabab bo‘ladi.
Allergiya nasldan naslga beriladigan xastalik hisoblanadi. Farzandlar allergiyaga moyillik bilan tug’uladilar,ko’p hollarda.
Bahorgi allergiya sabab nafas bo‘g‘ilishi,tomoq qirilishi, burun qichishishi va bitishi, aksirish, yo‘tal, ayniqsa, nafas olishi va chiqarishi og‘irlashadi, shamollashga o‘xshab ketadi. Yuqoridagi sabablardan ham ko‘rishimiz mumkinki, allergiya to‘laqonli hayot tarziga putur yetkazadi. Hayot go‘zalliklaridan bahra olishga halal beradi. Bundan tashqari, aytganimizdek nasldan naslga o‘tishi mumkin. Allergiyadan xalos bo‘lish uchun allergologlar turlicha tavsiyalarni berishadi. Men sizga hayotda qo‘llanilgan, o‘z effektiga ega bo‘lgan allergiyadan xalos bo‘lish choralari haqida maslahat bermoqchiman. Roppa rosa bir oy davomida qilgan parhezim va allergiyaga qarshi kurashim beiz ketmadi. Bugun ataydan, gullagan daraxtlarning taglaridan piyoda yurdim, oduvanchik pufladim, momoqaymoqning “par”lari uchib yurgan joylardan kezdim. Ishonasizmi, g’inq etmadim)) Yo‘talmadim ham, aksirmadim ham. Faqat burnim baribir sal pal bitdi. L
Ushbu natija ham yaxshi natija men sizga aytsam, bunga erishish uchun kun tartibim va taomnomamga e’tiborimni qaratdim.
Buning uchun eng avvalo immunitetni oshirish talab qilinadi. Keksalarimiz ayni bahorni “ilik uzdi payt” deyishadi. Bu bejizga emas. Bahorda immunitet pasayadi. Shu sababdan immunitetim zo‘r ishlayabdi deganlar ham bahorda ba’zam kasalliklarga taslim bo‘ladilar. Immunitetni oshirish uchun vitaminga boy mahsulotlar jumladan Sut, Qatiq, Olma, Sabzi, Piyoz va sarimsoq piyozi
Sedana yog'i (kuniga 1 choy qoshiq), Turshak, olma qoqisi va ularning damlamalarini istemol qilishni tavsiya qilinadi. Eslatib o‘taman ushbu immunitet oshirish usuli faqat allergiya bilan og’rigan bemorlar uchun. Keyin, men sedana yog’ini ikki kunda bir 0,5 choy qoshiq icholdim. Sedana yog’ida o‘limdan boshqa hamma narsani da’vosi bor deyishadi. Sedana yog’ini ovqatdan 10 minut oldin 10 kun davomida iching.   
Allergiyadan xalos bo‘lish uchun bir muddat parhez qilish talab qilinadi. Ushbu parhez asosan allergic reaksiyalarni kamaytirish uchun qilinadi. Parhez uchun sitrus mevalar, yong‘oqlar yeryong‘oq, bodom, xandon pista, yangi va tuzlangan, ikra, konservalar, parranda go‘shti, shokolad va uning turlari, o‘ksus, qalampir, mayonez, xren, tomat, baqlajon, qo‘ziqorin va tuxum, qaynatilmagan sut, dukkakli mahsulotlar, alkogol va alkogolli, rangli ot go‘shti va uning mahsulotlari, qizil rangli mahsulotlar, qizil lavlagi, qizil olcha va hokazolar taomnomadan olib tashlanadi.

Nafas yo‘llari bilan bog’liq allergiyalar juda xavfli bo‘lib, allergik xastalik bilan og‘rigan bemor o‘z vaqtida davolanmasa, bronxial astmaga aylanib ketishi mumkin. Burun bitgach, odam to‘liq nafas ololmaydi, kislorod yetishmasligi natijasida boshda ham og‘riq boshlanadi. Kislorod yetishmovchiligi ko'plab kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Agar sizda allergiya yangi boshlangan bo‘lsa, yuqorida taqiqlangan mahsulotlarni bir oy umuman iste’mol qilmang. Ertalab uyg’ongandan kamida 100 ml suv iching va mumkin bo‘lgan mahsulotlar bilan 15 minutdan keyin nonushta qilasiz, tushlik ham xuddi shu tarzda olib borilishi kerak. Kechqurun uxlashdan oldin ham suv yoki qatiq ichish tavsiya qilinadi. Nafas yo‘llari bilan bog’liq bir qancha mashqlar olib borilishi tavsiya qilinadi. Ertalab yugurish. Yugurganda hansirab qoladigan darajada emas. Sport to‘g‘ri ovqatlanish bilan birga olib borilmasa, foydasi sezilmaydi. Kuniga 4-5 marotaba toza suv bilan burunni va tomoq yo‘llarini chayish kerak. Ertalab va kechqurun chuqur nafas olib chiqarish mashqlarini qilish tavsiya qilinadi. 
"Siz bizga sog'lom keraksiz" deydiyu bir reklamada, shunga o'xshash -  biz hammaga sog'lom kerakmiz, avvalo o'zimizga :). Berilgan omonatni o'zimiz ehtiyot qilaylik.

         

Friday, 6 March 2015

Sensiz qoldirma...



Yomg’ir yog’yabdi. Yomg’irni, uning ko’ngillarga huzur baxsh etuvchi shitir –shitirini, dillarni yayratuvchi iforini  yaxshi ko’raman. Yomg’ir men uchun ilhom manbayi. O’ylab ko’rsam ko’pgina kreativ g’oyalar ham yomg’ir vaqtida xayolimga kelgan ekan. Yomg’ir yoqqanda o’zim uchun vaqt ajratar ekanman ko’proq. Yomg’ir yog’sa o’zimga, zanjirlangan tuyg’ularimga quloq solar ekanman ko’proq..Tiriklik ulkan mas’uliyat… xohlagancha yashash degan so’zning o’zi yo’q.. Hayot mas’uliyatlar, vazifalar , burchlar ustiga qurilgan. Yomg’ir yoqqanda esa hayot faqat orzular, chiroyli xayollar, yorug’ istaklar, ulkan umidlar va ularning ijobati uchun berilgandek tuyularkan manga… Shu tobda xuddi nomozshomgul shom vaqtida chars chars etib ochilgandek, qalbimda nurli, nurli orzular, istaklar egallay boshladi… Miyamga esa mana shu satrlar quyila boshladi…

Sensiz qoldirma…
Tonglarim shomlarga o’xshatib qo’yma,
Yuragi muzlarga uchratib qo’yma,
Dunyo qora rangin ko’rsatib qo’yma,
Seningsiz qoldirma…Sensiz qoldirma…

Ismingsiz otmasin hech qaysi tongim,
Ilmingla bezalsin bu  muhtoj ongim,
Oddiy yashagimmas,keladi yongim,
Seningsiz qoldirma…sensiz qoldirma..

Ishqingsiz bemador,bir g’arib holman,
Sensiz o’zimgada o’zim malolman,
Qudrating oldida ojizu lolman,
Seningiz qoldirma, sensiz qoldirma…

Umrimni xayoling etsin nurafshon,
Yolg’iz qo’yma bir lahza,  bir on,
Baxtning manzillari bo’lmasin armon,
Seningsiz qoldirma, sensiz qoldirma…

Qonimda, jonimda, borimda bo’lgin,
So’zimda,ko’zimda, qalbimda turgin,
Munojotim eshit, eshitib turgin…

Ismingsiz o’ldirma, ishqsiz o’ldirma…

BDT.

Monday, 2 March 2015

Rishta...




...©... Jahon adabiyotidan: "Rishta..."

Atrofdagi hamma qizlarda bordek tuyulgan pushti rangli römolcham bölishini xohlardim. Shuning uchun, bir kuni otamning chöntagidan 50 sent pul ög'irladim. Otam buni bilib qolgach, nihoyatda darg'azab böldi. U meni va mendan uch yosh kichik ukamni devor yoniga turg'azib qöyib, bambukdan yasalgan xivichni qöliga oldi.
- Pulni kim ög'irladi,- söradi bizdan.
Qörqqanimdan miq etmay turardim. Ikkimizdan ham sado chiqmagach, otam shunday dedi:
- Yaxshi, hech kim tan olmasa, ikkalangiz ham kaltaklanasiz!
U xivichni havoga kötarganida, tösatdan ukam uning qöllariga yopishdi:
- Ota, pulni men olgandim, - dedi u qat'iy ohangda.
Bir zumda uyni uning badaniga ketma-ket urilayotgan kaltak ovozi tutib ketdi. Otam charchaguncha ukamni savaladi va keyin polga ötirib, unga shuday dedi:
- Halitdan öz uyingdan ög'irlashni örgangan bölsang, kelajakda qanday yomon ishlar qilishing mumkinligini öylashga ham qörqaman. Aslida, ölguningcha urishim kerak edi. Uyatsiz!
Öshanda tun böyi, oyim bilan men ukamning jarohatga tölib ketgan va qon oqayotgan tanasini bog'lab chiqdik. Yarim tun bölganida, men ovoz chiqarib yig'lab yubordim. Ukam kichkina qöllari bilan og'zimni tösdi va shunday dedi:
- Opa, boshqa yig'lama. Hammasi ortda qoldi. Boshqa og'rimayapti...
Haligacha öshanda qilgan ishimni tan olmaganim uchun vijdonim qiynaladi. Köp yillar ötgan bölsada, meni himoya qilgan ukamning kaltakdan qizarib ketgan tanasi köz öngimdan ketmaydi. Ösha yili ukam 8, men esa 11 yoshda edim...

Ukam örta maktabni tugatgach, shahardagi yuqori maktabga qabul qilindi. Shu bilan bir vaqtda men ham universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli ötdim. Ösha tunda, otam rosa köp öylanib qoldi, ketma-ket sigareta tutatdi.
Oyimdan shunday deb sörayotganlarini eshitdim:
- Ikkala farzandimiz ham yaxshi ball oldimi? Juda yaxshi ball-a?
Oyimning közlariga yosh quyildi va söradi:
- Endi nima qilamiz? Qanday qilib ularning ikkisini ham bir vaqtda moliyaviy ta'minlaymiz?
Shu vaqtda tashqaridan ukam kelib qoldi. U otamning qarshisiga kelib shunday dedi:
- Ota, men öqishni davom ettirishni xohlamayman. Keragicha öqib böldim.
Otam unga tarsaki tushirdi.
- Shunchalik ham noshukr bölasanmi? Agar köchada tilanchilik qilishimga tög'ri kelsa ham, ikkalangizga kerakli pulni topib beraman, toki öqishingiz tugagunicha...
Keyin otam qishloqdagi hamma eshikni taqillatib qarz sörab chiqdi.
Ukamning qizargan yuzini silab, unga shunday dedim:
- Ög'il bolaning öqishi, qiz bolanikidan köra muhimroq, chunki ög'il bola qachondir bir oilani boqishi kerak böladi...
Shu bilan, universitetda öqimaslikka qaror qildim. Ertasi kuni tong saharda ukam bir necha zarur kiyimlari va ozroq quritilgan loviya olib uydan ketib qolganligini hech kim sezmay qoldi. U yostig'im ustida xat qoldiribdi:
- Opa, universitetga kirish oson emas. Men ish topaman va senga pul yuborib turaman...
Xatni qölimdan qöymay, ovozim chiqmay qolgunicha yig'ladim... Ösha yili ukam 17, men esa 20 yoshda edim...

Otam qishloqdagilardan qarz olgan va ukam sement zavodida ishlab, menga yuborib turgan pullar evaziga öqishimning uchinchi yiliga ham yetib bordim. Bir kuni xonamda dars qilib ötirganimda xonadoshim kirib keldi va tashqarida meni bir hamqishlog'im sörayotganligini aytdi. Nega meni hamqishlog'im qidirib keldi ekan, deb öylab tashqariga chiqdim va ukamni kördim. Uning ust-boshi kir bölib ketgan, hammayog'i sement changiga qoplangan edi. Undan söradim:
- Nega xonadoshimga ukam ekanligingni aytmading?
U jilmayib qöydi va javob berdi:
- Körinishimga qara. Ular ukang ekanligimni bilishganida nima deb öylashardi? Ustingdan kulishlarini xohlamadim...
Közlarimga yosh quyildi. U sezib qolmasligi uchun egnidag changlarni qölim bilan supurgan böldim va bög'iq ovozda shunday dedim:
- Menga odamlar nima deyishining ahamiyati yöq. Körinishing qanaqa bölishidan qat'iy nazar sen mening ukamsan.
U paketdan kapalak shaklidagi sochga qadaladigan tög'nag'ichni olib, sochlarimga qadab qöydi:
- Shahardagi hamma qizlarda shunaqasi bor ekan. Sen ham taqsang, yarashadi, deb öyladim...
Ortiq chidab turolmadim. Uning qöllarini quchib yig'lab yubordim... Ösha yili ukam 20, men esa 23 yoshda edim...

Yigitimni birinchi marta uyga taklif qilganimda uyimizning singan derazasi ta'mirlanganligini payqadim. Hovlimiz ham astoyidil tozalangan edi.
Yigitim ketgach, oyimning yonida yosh qizlarga öxshab raqsga tushdim:
- Oyi, hovlini tozalash uchun buncha vaqtingizni sarflash shart emasdi!
Oyim kulib javob berdi:
- Buni ukang qildi. Ishdan atay erta kelibdi. Deraza oynasini almashtirayotganida qölini kesib oldi, hali körmadingmi?
Ukamning xonasiga bordim. Uning yuziga qarab yuragimda osmon qadar mehr tuydim. Uning qöliga ozroq malham qöyib, bint bilan bog'ladim.
- Og'riyaptimi,- söradim undan.
- Yöq, bilasanku, beton zavodida oyog'imga köp marta tosh tushib ketadi. Örganib qolganman bunaqa hodisalarga...
U gapirishdan töxtagach, ögirilib yana yig'lab yubordim. Öshanda ukam 23, men esa 26 yoshda edim...


Turmushga chiqqanimdan söng, shaharda yashay boshladim. Turmush örtog'im köp marta ota-onamga biz bilan yashashni taklif qilidi, biroq ular unamadi. Qishloqdan ketish ular uchun qulay emasligini aytishdi. Ukam ham ularning fikriga qöshildi:

- Opa, sen hozir qaynona-qaynotangni xizmatini qil. Ota-onamizga özim shu yerda qaray olaman.

Turmush örtog'im fabrikada direktor bölib saylangach, ukamdan fabrikada menejer bölib ishlashini söradik. Ammo u taklifimizni rad qildi.

Bir kuni u ishlaydigan zavodda köngilsizlik yuz berib, ukam kasalxonaga tushib qoldi. Turmush örtog'im bilan uni körishga borganimizda, oyog'i gipslangan ukamni körib hasrat qildim:

- Nega menejer bölishni istamading, bunaqa xavfli ishdan ming marta yaxshiku? Ahvolingga qara!

U jiddiy tabassum bilan javob berdi:

- O'zing öylab kör, pochcham endigina direktor böldi, men bölsam öqimaganman. Meni menejerlikka tavsiya qilsa, atrofda har xil gaplar köpayardi. Kelajagingizni xavf ostiga qöygim kelmadi.

- Biroq, sen faqat men tufayli öqiy olmading-ku?!

- Ötmish haqida gapirib nima qilasan,- kulib qöydi u.

Ösha yili ukam 26, men esa 29 yoshda edim...



Vaqt ötdi. Bir yili ukam qishloqdagi fermerning qiziga uylandi. Töy marosimida, boshlovchi undan söradi:

- Kimni hammadan ortiq sevasan va hurmat qilasan?

U öylab ham ötirmasdan "Opamni" deb javob berdi va yig'ilganlarga men umuman eslolmagan bir voqeani aytib berdi:

- Bolaligimizda boshlang'ich maktabga borish uchun boshqa qishloqqa qatnashimizga tög'ri kelardi. Har kuni opam bilan men maktabga borish va uyga qaytish uchun 2 soat piyoda yurardik.

Bir kuni qölqopimning bir poyini yöqotib qöydim. Shunda opam özining bir qölidagisini yechib menga berdi va uzoq yölni bir poy qölqop bilan bosib ötdi. Uyga kelganimizda, uning qöllari sovuqdan shishib ketgandi. Keyin u ancha vaqt qalam ushlay olmadi. Ösha kundan boshlab umrimning söngigacha opamga g'amxörlik qilishga va doim unga yaxshi bölishi uchun harakat qilishga özimga söz berdim...

Yig'ilganlar örinlaridan turib qarsak chaldilar va ögirilib menga qaray boshladilar.

Zörg'a shu sözlarni ayta oldim:

- Butun hayotim uchun eng köp ukamga rahmat aytishim kerak...

Közlarimga quvonch yoshlari quyilib kelardi.

Ösha yili ukam 30, men esa 33 yoshda edim...

––––––––––––––––––––––––––––

Hind saytidan olindi. Inglizchadan Z. Ayubov tarjimasi

P.S. Yoqtirgan hikoyalarni, kitoblarni, she'rlarni, maqolalarni to'playdigan odatim bor. Bugun laptopimdagi "Sevimli hikoyalar" papkasida shu hikoyani qayta o'qib qoldim... O'shanda ham ta'sirlangandim. Yana bir nafasda o'qidim. Sizlarga ham ilindim. 

Friday, 23 January 2015

Puankare va men.


Bu qissa haqida yozmoqchi emasdim toki bugun fakultetga borib bir ustozimni xonalariga kirib uning ko‘zlaridagi yoshni ko‘rmagunimcha. Yozish men uchun ehtiyoj ekanligini ana shunda anglab qoldim.
Vaqt oqimi bo‘ylab shiddat bilan suzib ketayotgan bir vaqtimda  "Puankare" qissasini o‘qishni tavsiya qilib qolishdi. Bu qissani ikkinchi marta tavsiya qilishgandi. O‘qidim. Va bu asar meni Voynichni “So‘na”sidek xayolparast qilib qo‘ydi, xuddi "So‘na"dek anduhga botirdi. 
Men ana shu sochlari to‘kilgan, portfeli eskirib ketgan, bir umr moddiyatdan qochib yashagan odamni yaxshi ko‘rib qoldim. Uning shijoatida o‘zimni ko‘rdim: butun dunyo olimlari “isbotsiz gipoteza” deb tan bergan bir vaqtda  uning  rudalar uyilib yotgan tog’dan oltin kukunini izlashga kuch topa olganini o‘qib men ham xuddi ana shu Quvvatni his qilardim tanamda, yuragimda…Xuddi shijoatim abadiydek, xuddi bir umr navqiron bo‘lib qoladigandek o‘ylardim o‘zimni. Men uchun maqsad ZO‘R bo‘lish emas, duolarda yashash,odamlarni, bashariyatni rozi qilish edi, xolos. Ishonasizmi men xayollarimda, orzularimda OITSga qarshi tomchi vaksinalar o‘ylab topardim, Gepatit C ning qondan ketmaydigan xilini qonga Gepatit C virusini o‘ziga yopishtirib olib ingibirlaydigan(faoliyatini cheklaydigan) turli sun’iy oqsillar olar  edim. Orzularimda bu dardlardan xalos bo‘lgan insonlarning minnatdorona nigohlarini tasavvur qilib metroyu avtobuslarda jilmayib ketardim.
Keyin esa, xuddi shu olimdek xafsalam pir bo‘ldi.  Yana unda  o‘zimni ayni holatimni ko‘rdim. To‘g’ri mening portfelim eskirmagan, to‘g’ri sochlarim to‘kilmagan, to‘g’ri telba emasman, to‘g’ri odamlar mendan kulmaydilar ammo mana shu navqiron holatimdayoq tan berdim-ilmning sermashaqqat yo‘lidan kechdim?! Bunga also moddiyatning aloqasi yo‘q. Farqimiz shunda.
Farq vaziyatlarda. Ba’zi bir domlalarning oldiga soatlab bosh egib mana shuni o‘rgating deyishdan emas, “Programmada yo‘q savol bilan boshimni qotirmang” deyishlaridan charchadim, biror bir ishga ruxsat olganimda esa yana birovlarning hasadona nigohlaridan bezidim, bu tirmizak o‘zidan katta ishlarga bosh qo‘shadi degan g’iybatlar jon jonimdan o‘tdi.  Bilasizmi qanday davrda yashayabmiz? Bilasizmi hozir kim ilm yo‘lida jadallayabdi?!  Men anglab yetdim! Birinchi o‘rinda hamelionlik ilmini o‘rganish kerak ekan, tilyog‘lamalik qilib maqtabgina ilm yo‘lida bardavom bo‘la olar ekansiz. Yodlab olgan ikkita so‘zingizni qiymati yuqoriroq sizning fikrlaringizdan ko‘ra. Ikkita yangi gap aytsangiz tamom, mavzuga qayting deb bug‘ishadi. Ba‘zan-ba‘zan o‘zimdan qoidachi deb kulaman, chunki ayrim narsalarni xuddi ona tilidan qoida yodlagandek sharillatib yodlab beraman. Ishonasizmi, oqsil bilan aminokislotani farqini bilmaydigan dotsentlarning borligi ilmni saviyasini tushurgandek yuragimni ezadi. Hali tezis yozishni bilmaydigan talabaning ilmbozlik vasvasasiga chalinib maqolalar yozdirib o‘z nomi bilan chop ettirayotgani hayratimni oshiradi. O‘ylaab qolaman,  bizni ilm emas xuddi ilmbozlik vasvasi chulg’ab olayotgandek. Maqsadlar ilm olish emas diplom olishdek tuyuladi goho menga. Ajabo, bu pessimistlik qayerdan… Yo‘q, deydi ichimda meni boshqaradigan yuragim, sen ilmni o‘rganishdan to‘xtama, ko‘zlaringni yumib yashashga o‘rganib qolma deydi u… Xop, hozir to‘xtadim deylik bu yo‘ldan, ertaga kim bo‘laman, mana shu bitta leksiyani yodlab olib qayta qayta o‘qib beramanmi men ham? Men ham 50 yil avvalgi bilimlarni o‘rgatamanmi talabalarga?! Maqsadim shumi? Dod deb yuboradi ichimda nimadir. O'zimni hanuz o'z kuyini topa olmayotgan MTJmizga o'xshataman. Ko‘zlarim oldiga esa ustozim Valixonov domlamning nurli chexralari keladi, “Biokimyoning kelajagini sizda ko‘raman” degan edilar Xudo rahmat qilgur ustozim.
Men kelajak bo‘la olamanmi? Meni kurashlarga kuchim yetadimi? Ilmim yetadimi? Qobilyatim,shijoatim yetadimi? Biotexnologiya jadal rivojlanib ketayotgani sabab yaxshi ustozlarim biotexnologiya yo‘nalishini tanlashni taklif etishdi. Yo‘q, men tanlay olmadim. Hattoki qiziqishim kuchli bo‘lishiga, hattoki ishim biotexnologiya bo‘lishiga qaramasdan biokimyoni tanladim. Bunga faqat va faqat mana shu so‘z sabab: “Biokimyoni kelajagini sizda ko‘raman”.  Yo‘q,yo‘q ilm olishdan to‘xtash nafas olmaslik bilan barobarku axir.
         Ikki yo‘l orasidagidek his qilaman o‘zimni. Ilmdan ketdim ham deylik, ertaga men ham Puankare gepotezasini isbotlamoqni jon jaxdi bilan izlagan odam kabi “Meni orqaga qaytar Xudoyim” deb afsuslanmasmikinman. Yo‘q to‘xtamaslik kerak. Intilish, olg‘a yurish lozim. To‘g’ri, meni qarashlarimni tushunmaydigan, intilishlarimga ensa qotiradiganlar bor! Ammoo Dilnavoz, o‘ylab ko‘r axir ularning soni bitta bo‘lsa sening ilm olishing uchun mashaqqat chekkan odamlar mingta,ilm o‘rgatayotganlar,  seni quvvatlaydiganlar,yaxshi ko‘radiganlar ulardan ko‘pku?! Mana shu so‘zlarni takrorlar ekanman, ko‘z oldimga Poulo Coelhoning “Alkimyogar” asaridan olgan motivatsiyamni bu asardan ham ola olgandek bo‘laman. Axir butun olami qarshi bo‘lganda ham O‘sha olim isbotlaydiku Puankare gipotezasini…  Ha U daho edi, faqat daholargina jinnixonada bo‘lsada yangi izlanishlarni olib boradi, yangi gepotezalar haqida bosh qotiradi. Ha, umidlar aslida intixoda ham o'lmaydi.

         “Ayollardan daholar chiqmaydi. Ular daholarni dunyoga keltiradi” mazmunida gap o‘qigan edim. Kamida, Alloh inoyat qilib bersa farzandlarim daho bo‘ladi degan gap yuragimni orziqtiradi. Ha, Naqadar haq gap! Naqadar Ishonchli gap! Naqadar umidbaxsh gap! Naqadar ovuntiradigan gap! Naqadar niyatbaxsh gap! In shaa Allah deb orzu qiladigan gap!

P.S: Blogpostda keltirilgan linklarga kirib ko'rasiz va ular haqida fikrlaringiz bilan o'rtoqlashasiz degan umiddaman.

Dilnavoz Berdiyeva Toshkan qizi.

Thursday, 15 January 2015

Haydalish kuyi yoxud Musiqasini topolmayotgan MTJ...

       Ichimga dunyolar sig`mayapti. Men o`zimga o`zim dedim, futboldan kechdim. MTJimizni o’yini hech qachon qayta ko’rmayman. Keyin yig`lagim keldi. O`zimni ovutdim, birinchisimasuuu. Eng kuchli mag’lubiyatga Qatarni 5:1 ga yutganimizda uchraganmizku, g’olib mag’lub bo’lgandik o’shanda. Hozirgi holat o’shandan durust, har holda umid borku deya o’z o’zimga o’zimcha dalda berdim. Ammooo qachongacha?! Tomog`im qurshadi. Suv ichgim keldi. Asta sovuq suv jumragini buradim.  Sovuq suv ketipti. Sekin gaz plita ustida turgan  suv qaynatadigan idishni oldim. Unda iliq suv bor ekan. MTJmizni shu ilimsiq suvga o`xshatdim undan na choy damlab chanqoq qondira olasan va na  muzdek suvni ichganing kabi ichingdagi tashnalik qonadi. Gap bitta mag’lubiyatda emas, odamlar. Shunchaki, keyingi safar, keyingi safar yutamiz deb o’zimni aldashdan charchadim. Xuddi keyingi safar aslo bo’lmaydigandek. Xuddi, manam buvamga o’xshab MTJimizni JCHlarda ishtirokini ko’rmay o’lib ketadigandek.

        Devorda osiqliq soatga qarayman. o`n ikki.  Nima soat millari to`xtab qolganmi. Sira yurgani bilinmaydi. Nimadir qilib vaqt o`tkazishim kerak bo`lmasa vaqt oralig`idagi vaqtda o`zligimni yo`qotaman. Kundaligimni qo`lga olaman.  Qachondir yozilganu ammo hattoki o`zim ham o`qimagan yozuvlar ustida ko`z yugirtiraman. Nimadir qo`shmoqchi bo`laman.  Birinchi kallamga kelgan yozuvni yozaman: Hali hammasi yaxshi bo’ladi, hali muvaffaqqiyatlar oldinda. Hali Jahon chimpionatiga chiqamiz. Biz shuncha mablag‘, shuncha kuch sarflanayotgan VATANIMIZ O’G’LONLARI hali ko’p narsalarga erishadi. Ularga , MTJmizga ishonamiz. Kundalikni yopaman ikki yuzlamachilik qilib yozgan gaplarimdan uyalaman. O`sha yozilgan varoqni yirtib tashlash uchun qaytib kundalikni ochaman. Unda oldin ham yirtib olingan varoqni ko`rib shashtimdan qaytaman. Nima bo`lganda ham bu umid, nim, yolg’on umid . Hamma yolg`onlarni yulib tashlasam unda bor yo`g`i muqova qoladi.
                   Doim jaxlim chiqqanda yaxshi xaloskorim bo`lgan kitoblar saqlanadigan javon oldiga boraman. Bir odatim bor istalgan kitobni olib xoxlagan betini ochaman. Unda qanday so`z uchrasa tushkin holatdan manashu so`z orqali chiqib ketishga harakat qilaman. ,,O`tgan kunlar,, romanini bu gal qo`limga olaman. Asta varoqlamayman. Ko`zim shu jumlaga tushadi: ,, Menga haydalish kuyini chalib bering… ,,
                   Buni qarang Hatto Otabek ham o`ziga kerakli kuyni bilgan. Haydalish kuyi…  MTJmizdagilar ham o’zlariga loyiq kuyni topvolishsa qanday yaxshi bo’lardi. Ammo biz muxlislar o’zimizga munosib kuyni bilib bo’ldik. Alam kuyi, mag’lubiyat kuyi, toshoynalarning sharaq sharug‘i. Balki umuman olganda bu kuymasdir noilojlikdan bo`g`izdan chiqqan yoqimsiz xirgoyidir.
                 Hayolimga quyidagi misralar quyilib kela boshladi:
“Nomus uchun nomni emas, ruhni o’stir
Og’ir kunda yovdan qochgan yovga do’stdir
Yurt chorlasa suvlarni kech, o’tlarga kir
Fidoyilar kerak bizga , fidoyilar.”

Siz nima deysiz bilmadimu, ammo men Odil Axmedov, Vitaliy Denesov, Jeparov, Nesterov, Kapadzelarni Jahon Chimpionatiga borishga arziydigan futbolchilar orasida ko’rganman doim. Ammo 4 yildan keyin…
Hay, mayli u boshqa masala, man tushunmayman shekilli futbolni. Darvoqe, tarkib borasida... Kim bilsin balki ukamga o’xshagani uchun  Sardor Rashidovni asosiy tarkibda tushishini xohlagandirman. Kim bilsin balki Jamshid Iskandarov termamizga nimadir qilib bera oladi degan fikrim sabab uni o’yinni birinchi daqiqalaridanoq ko’raman deb o’ylagandurman. Jasur Xasanovni ham ilk daqiqalardanoq kutgandurman.
Yutqizish alamli emas, agar futbolchilarimizni ko’zida o’t ko’rsak, oxirgi daqiqalargacha yonib o’ynaganini, ishtiyoq bilan olg'a intilganini his qila olsak, bunday mag'lubiyatlarni ko'tarish qiyin emas, O'zimizni "Futbolchilarimiz jon jaxdi bilan harakat qilishdi yutishga" deb ovuntirsak bo'lardida har holda.. Yo’q men ulardan domangir emasman, xafsalasiz o’ynaganliklari sababini o’zimcha mushoxada qilib ko’raman. Muhit deb qo’yaman o’zimga o’zim. Hayolan, MTJmiz murabbiyi o’rniga o’zimni qo’yib ko’raman. Haliyam Murabbiyimiz KUCHLI odam ekan. Men bu kabi mag’lubiyatlarni ko’tara olmasdim. Abiturientlar tayyorlardim. Har yili abiturientlarimni 80-90 foizi kirardi, ammo bu yil 7 ta o’quvchimdan 3 tasi o’qishga kira olmadi. Ularni bilmadimkuya, ammo men 10 kun yig’ladim, o’zimni aybdor deb bildim kira olmaganliklarida. Mayli, taqdirda deb o’zimni yupatdim. Lekin boshqa abiturient tayyorlay olmadim. Bu ulkan mas’uliyat, shaxs oldidagi, shaxsning bir yili, umri oldidagi mas’uliyat ekanligini birdan anglab qolganim bunga sababdir ehtimol. Yaxshi qildim. Har qanday odam o’z o’rnini yaxshi bilishi kerak.  Obro’yi borida ketgan yaxshida menimcha xuddi Puyoldek. Puyol qancha kuchli o’yinchi edi, lekin klubni tark etdi, u yana o’ynashi mumkin edi, lekin xohlamadi futbol, muxlislar  uni uloqtirib, chetlashtirib tashlashini. Chunki baribir yo o’zi ketardi, yoki 2-3 yilda Barca’da obrusizlana boshlardi. Kuch, yosh chegaralangan xohlaymizmi yo’qmi.  Yaxshi qildi. Mana qarang, uni sog’inamiz, “shu joyda Puyol bo’lganda gol bo’lmasdi” deb o’ylaymiz. TV’larda ko’rinsa, Puyol molodes, rahmat senga deb qo’yamiz, o’yinlarini sog’inamiz. Bezmaymiz. Xullasda.
 Baribir,MTJni o’yinini boshqa ko’rmayman deb yana ko’raveraman… Jabr, jabr muxlislarga jabr.
“Yurt chorlasa suvlarni kech, o’tlarga kir
Fidoyilar kerak bizga , fidoyilar.”

14-yanvar.
Osiyo Kubogi 2015.
Xitoy -Uzbekistan:
2        :   1

Monday, 15 December 2014

Antropometrik ko'rsatkichlar.

 Men bilgan yagona go’zallik
busalomatlik”dir
  G.Geyne

Normal holatdagi odammizmi?
Ajoyib savol a?
Ya’ni o’sish va rivojlanish ko’rsatkichlarimiz normal hisoblanadimi? Bo’yimiz? Vaznimiz? Tana kuchimiz? Oyoqlarimiz uzunligi?
Normal holatdagi o’sish va rivojlanish organism uchun juda muhim hisoblanadi. Tezda charchash, pessimistlik, metabolizmdagi kamchiliklar ham mana shu o’sish va rivojlanishni normal holatda emasligi tufayli vujudga keladi.
Biz o’z tana ko’rsatkichlarimizni shifokor nazoratisiz ham o’zimiz bajara olamiz. Quyida shu bo’yicha bir qancha ko’rsatkichlarni keltirib o’taman. Bu ko’rsatkichlarni o’lchaydigan yo’nalish ANTROPOMETRIYA deb ataladi.
Antropometriya  -  (yunoncha anthrōpos – inson,  + metreō – o’lchash) — ya’ni insondai asosiy ko’rsatkichlarni o’lchashni nazarda tutadi.

1.     Oyoqlarning nisbiy uzunligini aniqlash.
(A-B)*100/B
A-  Bo’y uzunligi - tik turganda o’lchaysiz
B-   Bo’y uzunligi – o’tirganda o’lchaysiz. (Bunda stulda qomatni tik tutib o’tirgan holatda o’lchash tavsiya qilinadi)
O’lchangandan keyin yuqoridagi formulaga qo’yib hisoblaysiz.
Me’yorlar:
86-92 foiz- o’rtacha oyoqlar
86 foizdan past- kalta oyoqlar
92 foizdan yuqori natija esa uzun oyoqlarni bildiradi.



2.     Tana massa ko’rsatkichini aniqlash.
P/H2 *1000
 P- Tana massasi (kilogrammda)
H- Tana uzunligi
  Va yuqoridagi formulaga qo’yib hisoblanadi, agar natijalar:
18,5 dan kam bo’lsa- tana massasi me’yordan oz.
18,5-24,9 bo’lsa me’yoriy tana massasi;
25-29,9 bo’lsa I darajali semirish;
30,0-34,9 bo’lsa II darajali semirish;
35,0-39,9 bo’lsa III darajali semirish;
40 dan ortiq bo’lsa IV darajali semirish.(Gormonal kasalliklar sababli bo’lishi mumkin. Bu semirish xavfli. Buqoq tekshirish va da’volanish, parhez tavsiya qilinadi)

3.     Tana kuchini aniqlash. Pinye indeksi deb ham ataladi.
A-(B+C)
A-  Bo’y uzunligi
B-   Tana massasi(kg)
C-   Nafas chiqarilayotganda ko’krak qafasining aylanasi(sm)
Baholash:
10 dan kam – Baquvvat tana tuzilishi;
10-20 –Y axshi tana tuzilishi;
21-25 –O’rtacha kuchli tana tuzilishi;
26-35 –Kuchsiz tana tuzilishi;
36 dan ortiq –Juda kuchsiz tana tuzilishi.
 

Yuqoridagi ko’rsatkichlarini dangasalik qilmasdan tekshirib ko’ring, Agar qiziqarli va foydali bo’lsa keyingi blogpostlarda ham Antropometrik boshqa ko’rsatkichlar haqida yoritib boraman.