Bobomni oldilariga borganimda har safar kitob, yangiliklardan o'qib beraman. Hozir ham kun.uz'da chiqqan xabarni o'qib berdim. O'sha mash'um sohil... O'sha go'dak haqida...
Rasmlarini ko'rib ko'zlarimdan yosh oqdi, bobom ham ko'rdilar... Va...
Yelkalari titrab yig'laydi bobom,
Ko'zlari jiqqa yosh soqollari xo'l
Deydi, qirg'oqlarda qoldingmi bolam
Uch yil jannatlarga izladingmi yo'l...
Ko'zim o'ngidan hech ketmaysan qo'zim,
Qaroqlaring artay lablarim ila
Oh jonim bolama yashirding yuzing
Endi qolganlarga ofiyat tila...
Nur balqqan chehrangdan silab ohista
Xayollarda sohildan ko'tarib oldim
Ohh, dardlaring dilim etdi shikasta
Bag'rimga bosiblar ovutib oldim...
Jajji qo'llaringda o'pdim avaylab,
Oyoqlaring ko'zlarimga surtdim bolajon
Xayolan ko'zingga bosganimda lab
Oh deya o'rtanib qiynalar bu jon...
Murg'akkinam, non ushoqdek aziz bolam,
Jannatlarda ko'rgin endi quvonchni sen.
U yerlarda bilmagaysan dardu alam
Bilmam qaydan izlay yupanchni men...
Bobojon yig'lamang deya bo'zlayman,
O'kinchla jilmayib, boshim silaydi
Shukrni o'rgandim deya so'zlayman
Bobom yig'lab elga tinchlik tilaydi...
Urush! Noming o'chsin jahondan
Tinchlik kezsin dunyoyu dunda
Shodliklar taralsin har bir makondan
Bolalar baxtli bo'lajak shunda...
P.S. Xayolimda Ozodbek Nazarbekov aytgan qo'shiqning shu misralari yangramoqda: Tug'ilsayding o'zbek degan millatda
Yashar eding minnati yo'q rohatda...
misralar aynan shunaqamidi yodimdayam yo'q...
P.s.s. she'rni turoqlari tekshirilmagan.
P.s.s.s. bolakayni rasmini qo'yishga na jur'at, na toqat topdim o'zimda...
Friday, 4 September 2015
Friday, 26 June 2015
Organizmning sirli sandig'i
Inson yaralibdiki, o‘zining tuzilishiga,
qanday yaratilganidan tortib barmoqlarining sonining nega aynan o‘ntaligigacha
qiziqadi. Qiziq, nega odam ajdodlariga o‘xshaydi? Odamning xarakteri ham,
hattoki e’tiqodi ham ota-onaga o‘xshaydi ba’zan. Bu qanday ro‘y beradi? Axir
ajdodlardan shu belgilarni olib o‘tadigan “nimadir” bo‘lishi kerakku. Ota-ona
bilan bolaning qon gruppasi har xilu sochlarining rangi bir xil bo‘lgan
holatlar ham mavjud.O’sha bizning irsiy axborotlarimiz saqlanadadigan “nimadir”
qamday tuzilgan? Bu qanday jarayon o‘zi?
Bugun
litseyni bitirganimizdan buyon na meni, va na boshqa sinfdoshlarni
yo’qlaydigan, sinfdoshlar bilan yig’ilsak ham kelmaydigan bir sinfdoshimiz
yo’qlab kelibdi mani, Universitetga, yuqoridagi savollarga javob izlab. Shu sabab ham shu blogpostni yozishga azm qildim. Menimcha
shu sinfdoshimni qiziqtirgan ushbu
savollar sizni ham qiziqtirgan. Aslida, meni Biokimyo yo‘nalishini tanlashimga
turtki bo‘lgan narsa mana shu savollar,
mo‘jizalar, O‘Zni ilmiy o‘rganishga bo‘lgan
ishtiyoqdir.
Bilaman, meni o‘qiyotganlar ichida
biologlar kam. Shu boisdan ham ajdodlardan bizga irsiy axborotlarni olib o‘tadigan
o‘sha “nimadir” haqida ilmiy emas dehqonchasiga tushuntirishga
harakat qilaman.
Har soniya sayin kashfiyotlar qilinmoqda.
Shunday buyuk kashfiyotlardan biri fan olamida DNK(dezoksiribonuklein kislota ) ning tuzilishini
kashf etilishi bo‘ldi desak adashmaymiz.
Avvalombor shuni e’tirof etish kerakki, DNK jamiki
tirik mavjudotda va bir qancha viruslarda topilgan. DNK –irsiyatning
moddiy asosi hisoblanadi. Irsiyatning moddiy asosi deganda shuni tushunish
kerakki, DNK da irsiy axborot saqlanadi, va mana shu irsiy axborot nasldan
naslga beriladi. Ota – onada uchraydigan xislatlarning, o‘xshashliklarning
farzandda ham takrorlanishi mana shu DNKda saqlangan axborotga bog‘liqdir.
Farzandlarga tashqi tuzilish, intellect, xarakter kabi hislatlar bilan bir
qatorda hatto organizmda kechadigan qon
aylanish, ovqat hazm qilish kabi
fiziolgik jarayonlarda uchraydigan kasallik yoki holatlarning o‘tishi
ham mana shu irsiy axborotning tashilishiga bog‘liq. DNKda yozilgan axborotlar sig‘imi olimlarni ,
butun insoniyatni hayratda qoldiradigan darajada kattadir. Ma’lum bo‘lishicha,
insonning bitta DNK molekulasida yozilgan axborot million jildli ensiklopediyani to‘ldirishga yetarkan. Tasavvur
qilyabsizmi atigi qondagi yadroda joylashgan mittigina “ipchalar” da shuuuncha
ma’lumotni saqlanishini?! Organizm va hujayra haqidagi barcha informatsiyalar
hujayra yadrosidagi DNKda yozilgan bo‘ladi. Shu sabab ham , DNKni majoziy ma’noda “Organizmning
sirli sandig‘i” deb ataladi. Men “ip”ga o‘xshatayotgan
DNK qo‘sh spiralga o‘xshaydi. Buni tasavvur qilish uchun xayolingizga ikkita
ilonning bir biriga zanjirsimon chirmashib yotganini tasavvur qiling.
DNKning qo‘sh spiral ekanligi ma’lum bo‘lishidan oldin
DNKning tuzilishi haqida juda ko‘p
muammoli savollar bor edi, jumladan irsiy axborot DNKni qayerida joylashadi?
Yadro shikastlanganda irsiy axborotlar ham buzilib ketmaydimi va hokazo.
DNKning qo‘sh spiral tuzilishini insoniyatga tushuntirish
ham juda murakkab hodisa bo‘ldi. Shuning uchun Uotson va Krik (DNKning qo’sh
spiral tuzilishini kashf etgan ushbu kashfiyotlari uchun Nobel mukofotiga
sazovor bo‘lishgan olimlar) o‘sha kezlari yangi qurilayotgan uylarning
quruvchilari bilan uchrashib, ularga uy zinlarini aylana spiral shaklda
qurishini iltimos qilishadi. Va olimlarga ana shu zinalar yordamida DNK
zanjirining qaysi qismida azot asoslari, qaysi qismida uglevod,fosfor
qoldiqlariyu irsiy axborot joylashganini ko‘rsatib tushuntirib berishadi. Bunga
ko’ra zinani qo’l bilan ushlanadigan tutqichlari borku shu joy DNKning tashqi
qismi bo’lib uyerda DNKning uglevod, fosfor qoldiqlari joylashadi. Zinani
yuradigan joylarida nuklein kislotalar bor deb tasavvur qilvorsa bo’ladi.
Aytganimdek , zinani spiral holini aynan tasavvur qilish uchun quyidagi rasmga
qarang:.
Yuqoridagi rasmga qaraydigan bo‘lsak, qo‘sh zanjirning ichida
A(Adenin)ning qarshisida T(timin), G(Guanin)ning to‘g‘risida esa C(sitozin) joylashgan.
DNKda saqlanadigan axborot aynan mana shu azot asoslarida yozilgan bo‘ladi.
Azot asoslari spiralning ichida turli ta’sirlardan holi qilib joylashtirilishi
hali fan yecha olmagan sinoatlardan biridir. Mo‘jizani qarangki irsiy axborot aynan DNKning ichki qismida
saqlanadi. Vaholanki, dezoksiriboza(uglevod) va Fosfor qoldiqlari zanjirning
chetida joylashib turli ta’sirlarga uchrashi ma’lum. Irsiyatning yuqoridagi
holatda saqlanib avlodlarga turli o‘zgarishlarsiz,mutatsiyalarsiz o‘tishi bu
ham olam yaratilishining mo‘jizlaridan biri desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Ushbu saqlangan axborotning
naslga naslga berilishida, shakllanishida biologic
dogma(replikatsiya-transkripsiya-translatsiya) bosqichlari bosilib o’tiladi. Bu
haqida batafsil yozish niyatim bor albatta.
Ha yana ko’pchilikni
qiziqtiradigan savol: “DNKni qo’l bilan ushlab, ko’z bilan ko’rib bo’ladimi?”.
Ha, albatta. DNKni turli organizmlardan:o’simlikdan, hayvon(qoni)dan,
odam(qoni)dan ajratib olinganda bemalol ko’rishimiz mumkin. J
DNK tahlili tufayli irsiy kasalliklarning aniqlanishi,
da’volash chora tadbirlarining yo‘lga qo‘yilishi jamiyatda sog‘lom muhitning
shakklanishiga olib kelmoqda. Hattoki zamonaviy texnologiyalar asosida homila
xorionidan ajratib olingan suyuqlikni DNKsi o‘rganilishi natijasida tug‘ilajak
bolaning irsiy kasal yoki sog‘lom tug‘ilishi aniqlanmoqda.
DNK to‘g‘risida qiziqarli
faktlar:
1. DNK har bir tirik hujayradan topilgan.
2. Har bir hujayra ichidagi DNK spirali tekislansa
uzunligi 2 metrga yetadi.
3. Genetik o‘xshashlik: Odamning DNKsi tarkibidagi
nukleotidlar ketma ketligi Ichak tayoqchasi bakteriyasi bilan 7 %, chuvalchang
bilan 21 %, Sichqon bilan 90 %, Shimpanza bilan 94-98% o‘xshash bo‘ladi.
4. DNK hujayra yadrosidan tashqari mitoxondrya va
plastidalarda ham mavjud bo‘lib , lekin irsiy axborotni o‘zida saqlamaydi.
5. Butun odamzotning DNKsi 99% bir biriga o‘xshash bo‘ladi.
Faqat 1 %gina bir biridan farq qiladi. Ota-onalarga esa bolaning DNKsi 99,8
foizgacha o’xshaydi.
P.S: DNK haqida ko'p va xo'p yozish mumkin, maqolaga o'xshab qolmasin deb qisqartirdim.
P.S.S: DNK haqida batafsilroq yozilgan maqolam "Ma'rifat" gazetasida chop etilgan edi.
Monday, 8 June 2015
O'zligimizni asraylik...
Hayosizlikni demokratiya
deydiganlar o‘qimasin.
“Manim mezonim
vijdonim bo‘lib keldi, bundan so‘ng ham jilovim uning qo‘lida” degan edilar ustoz
Abdulla Qodiriy.
Fikrimcha har bir odamning yashash
prinsipi, amal qiladigan mezonlari mavjud. Bu mezonlar etiqoddan, tarbiyadan,
dunyoqarashdan, bilimdan kelib chiqqan holda shakllanadi. Erk oliy tushunchaki
unga ko‘ra inson ana shu mezonlar asosida harakatlanadi, bilganicha,
anglaganicha yashaydi. Bu yashash
harakatlarda, imidjda, odamlar bilan munosabatlarda bo‘y ko‘rsatadi. Ha, men
bugun ana shu siyqasi chiqqan mavzu haqida – madaniyatimizni dunyoga ko‘rsatishda
ilg‘or vakillarimiz bo‘lgan qo‘shiqchilar haqida, aynan o‘sha mashhurlar haqida yozmoqchiman. Yozish men uchun bugun ehtiyoj emas, majburiyat,
Yoshligimdan juda ko‘p savol
berib o‘rganganman. Qiziq, O‘zbeknavo degan tashkilot nega mana shunday
kiyimlarda xalq ko‘ziga ko‘rinishga ruxsat beryabdi ekan? Ajabo, qaysiduram qo‘shiqchi(nomi
yodimda yo‘q, Botir Qodirovmidi..) chet elga ruxsatsiz ketgan deb litsenziyadan
mahrum qilinadiyuu, axloqsiz kiyimlarda omma ko‘ziga ko‘rinishdan uyalmayotgan,
ma’naviyatimizga zarar yetkazayotgan odamlardan litsenziya olib qo‘yilmaydi?! Balandparvoz
gaplardek tuyular ehtimol, lekin men juda qo‘rqaman, kelajakdan juda qo‘rqaman.
Avvalo, Allohim O‘zi tarbiya qilgan farzandlar bilan siylasunkuya, lekin ularni
bunday hayosizliklardan qanday himoya qilarkanmiz a?! Ajab, kelajagimiz
vakillarini ko‘zlari, qalblari qotib qolmasmikan? Hayosizlik oddiy holatga aylanib
qolgan jamiyatda vatanini, oilasini himoya qiladigan avlod shakllanarmikan?!
Milliylik deb bong urayotganimizda milliyligimizni dunyoga taratadigan vakillarimiz yarimyolong‘och holda bizni
tanitadilarmi?! Tasavvur qiling, oldingizdagi qizingiz siz bilan bemalol choy
ichib Lolani kiyimini muhokama qilsa?! Dahshat emasmi bu?! Yigitlarku mayli,
qizlar ham qarashga botina olmaydigan bu kiyimlarni kiyib chiqishga
uyalmayotgan, vijdonlari yo‘l qo‘yayotgan MA’NAVIYATIMIZ TARANNUMCHIlarini yo‘lga
solib qo‘yadigan tashkilot yo‘qmi?! Nafsoniyatimiz shu qadar pastmiki, dunyoda
bizni shunaqa kiyinadigan deb o‘ylashsa, chidasak…Yoxud Abror Qodirovning ushbublogpostidek holatlar ko‘payib ketsa ham
ko‘z yumib ketaversak?! Ajab deyman.. .
Xop, uyda xohlaganicha
kiyinsin, lekin xalq e’tiboridagi odam bu toifa kiyimlarni ko‘chada, sahnada kiyishdan
ozgina bo‘lsada yuzi qizarsa, hech bo‘lmaganda yubkasini pastga tortib-tortib qo‘ysa
bo‘lmasmikan?! Shim kiyishsa ham mayli, faqat tanalarini ozroq yopishsin…Qanday
chiroyli milliy liboslarimizni zamonaviylashtirilgan fasonlari bor, shularni
kiyib chiqsa yarimyolong‘ochlikdan chiroyli ko‘rinmaydimi? ! Hech bo‘lmaganda
sog ‘liklarini o‘ylashsin.
Ochiq kiyimlar tanadagi
pigmentatsiyani buzadi, epifiz degan bez ishlab chiqaradigan gormon – melotonin o‘z
vazifasini bajarmay qoladi. Yozda kunduzgi soat 9 dan keyingi quyosh nuri
xavfli, tanada teri o‘smalarini yuzaga
chiqaradi, terini qaritadi. Mana nima uchun ayollar tez qariydi degan
savollaringizga javob! Tor kiyimlar esa oshqozon ichak faoliyatini buzadi,
mushaklarni erkin harakatini kamaytirishi evaziga nafas xastaliklari kelib
chiqadi…
Bir tanishim bor, ko‘zining
zreniyasi -8 va -9. Ishdan juda kech
qaytadi, ko‘p ko‘rib qolaman ochkisiz yuradi, yo‘lni xira ko‘radi… Doim unga,: “ochki taqishdan uyalma? Joningda qasding
bormi, bunaqa yurma” deyman.. Oxiyri bir kuni yorildi: “Dilnavoz, hech kim
menchalik shukrona qila olmasa kerak ko‘zining ko‘rmasligiga, ishda ochki
taqaman, ammo ko‘chada taqmayman, sababi ko‘chadagi yarimyalong‘och qizlarni ko‘ra
olmayman, ularga tikilishdan bebahraman. Nigohlarim pok qoladi, kechqurun
vijdonim bilan bemalol gaplashib yotaman, oriyatim tinch” deydi… Jiiim qolaman,
kiyimimga qarayman…
2010-yil Ispaniyada edim. Biz
turli davlat vakillari vatanimiz haqida taqdimot qildik, urf-odatlarimiz to‘g‘risida
gapirdik. Ularning ko‘pchiligi uchun O‘zbekiston degan davlat, o‘zbek degan
millat notanish edi. Bizni taqdimotimizdan keyin ularda biz haqimizda tushuncha
paydo bo‘ladi. Ispaniyada qo‘l berishib, o‘pishib ko‘rishish oddiy holat, do‘stona
holat. Biz bu haqida, bizda unaqa ko‘rishish uyatligi xususida gapirganimizdan
so‘ng ular bizni odamovi degan xayoldan kechishgan. Juda yaxshi kirishib
ketganmiz. Hattoki qo‘l berishmasdan “Que tal?” deb ko‘rishadigan, millatimni,
urf-odatimni hurmat qilgan ana shu do‘stlarimni qalbimda cheksiz hurmat bilan
eslayman hanuz…
Bir kuni ispan tili darsidan hamma o‘z
davlatidagi mashhur odamlar va qo‘shiqlar haqida gapirdi. Jumladan men ham
gapirdim va “ Do‘ppi tikdim” qo‘shig‘ini aytib berdim. Videosini ham ko‘rishni
xohlashdi, youtube’dan shu ashulani izlarkanman, ichimda “Ey Xudoyim sharmanda
qilma, ishqilib yarimyolong‘och kiyingan birortasi chiqib qolmasinda” deb o‘tirdim,
harqalay sharmanda qilmadi… Youtube ushbu ashulani videosini ko‘rishib havas
qilishgani shundoq yuzlaridan bilinib turardi.. Savollar tagida qoldim “Sizlarda
shunaqa kiyinishadimi? Hamma qizlar ham yuzga tik qaramay gapiradimi? Sizlarda
erkaklar kosa yuvmaydimi? Ovqat qilmaydimi?” kabi… G‘ururlaniiib gapirib
ketdim, biz haqimizda, millatimiz haqida… havas qilishdi, yashagilari keldi O‘zbekistonda,
hatto Andrew degan bir kursdoshim muhabbat izhor qilib qoldi:). U menga emas, go‘zal
odatlarimizga, inja kiyimlarimizga, beg‘ubor, chiroyli hayotimizga oshiq bo‘lib
qolgandi aslida… Rosti, o‘sha darsdaa vijdonim simillab qo‘ygandi, axir hamma
ham aytganimdek emas, hammamiz ham unday emasmiz…
Mana shunday chiroyli
odatlarimizni ko‘rsataylik dunyoga, “uzbek girl” deganda googledan ochiq
oyoqlar emas atlas kiygan qizlar chiqib kelsin. Yoqimli ovoz Yaratganning ne’mati,
shunday chiroyli qo‘shiqlar aytayotgan qo‘shiqchilarimiz ozgina liboslariga ham
e’tibor berishsin. Ochiq aytaman, men Lola Yo‘ldoshevaning muxlisasi edim, “Qolaymi
aytgin”, “Sog‘indim” degan ashulalari playlistimda o‘chirilmaydigan
ashulalardan… Oxirgi vaqtlardagi kiyimlari…Ammo, lekin, biroq, ustoz Tohir
Malik aytganlaridek “Biz hayosizlikni san’at deb bilmaymiz”… Ko‘nglimiz qoladi
hayosizlik targ‘ibotchilaridan… O‘zlariga kelishsin, o‘zlarini anglashsin…
Nigohlar zinosi og’ir gunohdir
Behayo qizlardan yuragim “oh”
der
Razolat degani balki
shundoqdir
O‘zligingiz asrang o ‘zbek
qizlari…
Siz bo‘lajak ona, Sharqning
ayoli
Siz O‘zbek qizisiz bo’ling
hayoli,
Axir yomon bo‘lgan behayo holi
O‘zligingiz asrang, o‘zbek
qizlari…
Ibola sindiring shayton qo‘lini
Tutingiz siz mahkam iymon yo‘lini
Mag‘rur ayting O‘zbek so‘zini
O‘zligingiz asrang, o‘zbek
qizlari…
Dilnavoz B.T.
Tuesday, 2 June 2015
...
Go'zallik umrning sog'inchi dedim.
Sen uchun jonimni beraman dedi.
Qani, bir yonimda o'lingchi dedim.”
Umrimga
quyoshsan deydi jilmayib
Quyoshdan
zerikar odamlar dedim
Ko’zlarim
sendadir deydi xo’mrayib
Qani, ko’zlaringiz
sug’uring dedim…
“Sensiz
baxt yolg’on” deya ertaklar aytar
Mutlaq baxt
aslida yolg’onku dedim.
Kiprik
qoqmay: “Hayot poyingda” deyar
Hayotingiz
shunchalar arzonmi dedim.
“Dunyoyim
baxshida” deydi tap tortmay
Dunyo siznikimas
deyman o’ylanib…
Berahmsan
der o’zga gap topmay
Yuragim
muzlagan deyman o’rtanib...
Menga
dunyolarni baxsh etmang sira
Sevsangiz duo-la
saodat tilang
Bag’ritosh
deb qilmang o’pkayu gina
Allohdan
mendanda yaxshi qiz so’rang.
Berdiyeva
D.T.
Saturday, 23 May 2015
Odamning kuchlisi...
#np #Sevara_Nazarxon - "Bag'ri dunyo otajonimsiz..."
I Qism.
Insonning
hayotida shunday lahzalar bo’ladiki, choy damlab berib dadasining yuziga
termulib gaplashib o’tirgisi keladi. Ayni lahzada shunday kayfiyatdaman. Juda
sog’indim. Tun. Negadir judayam tong otishini intiq bo’lib kutyabman bugun.
Tong otishi bilan qo’ng’iroq qilaman. Ulg’ayish. Bitta qiz bo’lib bir olam
erkaligu sho’xlik qilamanu, dadamga ayni damda bir choynak choy damlab bera
olmayman. Kuniga 4 mahal telefon qilib, “begona taksiga chiqma, ovqatlandingmi,
puling bormi, mustahkam bo’l” deydigan padarimni yelkalariga bosh qo’yib
“jamiki tirik odamlar ichida sizni eng eng ko’p yaxshi ko’raman” degim
kelyabdi.
Kichik
ukam har kungidek telefon qildilar. Ovozi juda dardchil, hayratlandim, yerga
ursa ko’kka sapchiydigan, kurashlarda yelkasi yer ko’rmagan paxlavonim, ko’chamizdan o’tgan har bolaga madhiyani
ayttiradigan, bilmasa kitob olib chiqib yodlatadigan, shundayam bo’yin
egmasa kuchini ishga soladigan ishkalim, yuragi, tanasi pozitivlikka, mehrga
to’la ukamga qaydan bu dard?! “-Tinchlikmi, Shoh?(Uning ismi Shahzod, men Shoh
deyman). Kimdir xafa qildimi?
-
Yo’q, opa. Bugun yana bir ishkal
qiluvdim, dadam tanbeh berayotib aytgan gaplari yuragimni tilka tilka qildi…
Dadam: “Bolam, yana ko’p tanbeh berasiz deb ichingda og’rinma, otaning tanbeh
berishi baxt. Menda tanbeh beradigan, yiqilsam turgizadigan otam bo’lmagan”…dedilar,
Opa biz eng baxtlimiz- a ota onamiz bor…”
Yig’ladim, hanuz yig’layabman.
1963-yil
6-yanvar. Yetimlik tamg’asi bilan dunyoga keldilar. Onalarining qornida olti
oylik vaqtidayoq bolalik baxtidan – otalaridan ayrildilar. 5 bola yetim, bir
ayol beva, ota-onalari bo’zlab qolishdi.
“Rais bolam allayo” deb qon
yig’lab alla aytgan ekanlar buvim. Bobom rahmatli rais bo’lganlar. Ularning
o’limi sabab oilani boqishni katta bobom(dadamjonimning bobolari) va amakim
zimmasiga olganlar, Dadam va kichkina ammam hali bola bo’lishgan.
5 yoshlarida dasht(bizda paxta
bug’doy ekiladigan joy shunday ataladi, bu joy uyimizdan 10 kilometrcha uzoq
)dan borib mollarga o’t olib kelar, eshakka bo’ylari yetmasdan chiqolmaganliklari
uchun uydan ammam eshakka mindirib yuborar ekanlar, dashtda esa amakim kutib
olib eshakdan tushirar ekanlar. O’sha yili baxtsiz xodisa sabab katta ammam ham
qazo qiladilar. Ismlari Gulchehra bo’lgan. Chap yonoqlarida xoli bo’lgan. Meni
buvim ham, ammalarim va amakim ham bolalaridan ko’proq yaxshi ko’rishlarini
sabablaridan biri rahmatli ammamga juda o’xshaganim uchundir ehtimol…
Dadam maktabda eng yaxshi o’qiganlar, fikrimcha dadamni bu
qadar zo’r o’qishlariga ajdodlaridan o’tgan smart genlar ham sabab bo’lganJ
chunki katta bobom ham, dadamning dadalari ham katta olim bo’lganlar. Uyimizda
arab tilida yozilgan nodir kitoblar ham bundan dalolat beradi. Katta bobom
Buxoroga otda qatnab o’qigan ekanlar. Katta bobomni oq ot ustida, oppoq yaktakda
,yuzlaridan nur taralgan holda tasavvur qilaman, bu tasavvurni ammam
uyg’otganlar. Dadamjonim yoshliklaridan og’ir mehnat qilganlar. Qo’llaridagi
qadoqlar so’zlarimning isboti… Boshoq terganliklaridan qavarib qonab ketar ekan. O'tin olib kelish uchun katta mashinalari yo'qligi uchun kilometrlab yo'lni eshak aravada bosib o'tin olib kelar ekanlar...Ammo eng buyuk maqsad: o’qish va xalqqa xizmat
qilish bo’lgan. Shu sabab mol boqib kitob o’qiganlar, mardikorlik qilib misol
masala ishlaganlar, uxlamasdan til o’rganganlar. 6 yoshdan Yakkabog’ tumanidagi
34-sonli maktabga borganlar. Maktabda shashka shaxmatda, futbolda dadamga teng
keladigani bo’lmagan. O’sha vaqtlarda shaxmatda yutgan odamga ko’p hollarda shaxmat
taxtasi sovg’a qilingan ekan. Uyimizda dadamjonim yutgan shaxmat taxtalarining
turlichasi bor. Dadam yutgan shaxmat
taxtalarini sotib puliga kitob sotib olib o’qiganlar, o’sha kitoblar hanuz
uyimizda, har safar ularni ayam changlarini arta turib, dadangni tinimsiz
mehnatlari evaziga olingan kitoblar deb avaylaydilar. . U vaqtlarda kitob
olishgada pullari bo’lmagan ekanligi sababmi dadam uchun eng yaxshi sovg’a
doimo kitob hisoblangan. Esimni taniganimdan buyon dadam va ayamni kitob
o’qimasdan o’tgan kunlarini eslolmayman. Ular kitob o’qib dam oladigan, xordiq
chiqaradigan insonlar. Bizni ham kitobga mehr qo’yishimizga sababchi bo’lgan
Jannatimiz ular. Ertalab maktabga, tush vaqtidan kechgacha dalada ishlagan
dadam, kechalari chiroq yorug’ida kitob o’qigan ekanlar. Hozir ham ishdan tush vaqtda ovqatlanishga
kelsalar, birrov bo’lsada kitob mutolaa qiladilar. Ha, dadamda baxtli bolalik bo'lmagan. Ammo shunday deb biror marotaba noliganini eshitmaganman. Shukr qilishni Qiblagohimdan o'rganganman... Qiyinchiliklar bilan
1979-yilda maktabni tugatgan dadamni Institut quchoq ochib kutib olmaydi. Ikki
yil o’qishdan yiqiladilar. U vaqtlarda imtixon uch bosqichli bo’lib og’zaki
olingan va uch kunda bo’lgan ekan. Birinchi yilda ikkita imtihondan a’lo baho bilan o’tgan
dadam, uchinchi imtihonlarida apenditsit bo’lib bora olmagan va o’qishdan
yiqilgan ekanlar. Ikkinchi yilda esa
o’qishga topshirmaganlar, chunki ammam o’qir ekanlar, ammamni qiynalishlarini
istamagan dadam va amakim o’qishga topshirmay oila boqqan ekanlar. Uchinchi
yilda imtihonga borgan dadam imtihon oluvchi domla bilan tortishib qolgan
ekanlar, matematikadan bo’lgan bir masalani to’g’ri ishlagan dadamga” to’g’ri
ishlamagansiz” deb pas baho qo’ygan, isbotlarni qabul qilmagan ekan o’sha
domla. Keyinchalik dadam Institutga kirganlaridan keyin dadamdan bu odam
o’shanda xatolik o’tganini aytgan va dadamga barcha bilganlarini o’rgatgan
ekanlar. Vanihoyat dadam to’rtinchi yili Xalq xo’jaligi va Iqtisodiyoti Instituti hozirgi Toshkent davlat Iqtisodiyot Universitetiga o’qishga qabul
qilinadilar. Ammo o’qish oson emas. Shaharda nafas olish ham “pul” edi. Amakim
yordam bera olmas edilar, o’zlari jo’jabirday jon, kichkina ammamning
o’qishlariga qarashganlar. O’sha yili katta ammam o’qishni tugatadilar va endi
yordam berish navbati ammamjonimga keladi. Zulfiya ammam dadamni boshqacha mehr bilan yaxshi ko’radilar, hozirgacha har
kun bir martadan ko’rmasa, ovozlarini eshitmasa “uxlolmaydilar”. Qishda dadamni ko’rgani Toshkentga kelgan
ammam dadamni qo’llari qora mehnatdan
qonab ketgani holda ko’radilar. Dadam mardikorlik qilib pul topganlar, kitob sotib olganlar... Ammam yig’lab
yig’lab qaytadilar. Qaytiboq, uchta ishga kiradilar. “Men ishlayman, tanamda
jonim qolmaguncha ishlayman, ammo ukam boshqa qora mehnat qilmaydi” deb jon
jahdi bilan pul topishga harakat qilganlar. Birinchi maoshlaridan onalariga
ya’ni buvimjonimlarga emas, dadamga ustbosh qilib Toshkentga boradilar. Bunday
oqibatni ko’rib buvim rosa yig’lagan ekanlar, duo qilib. Ammam hech kimdan kam
bo’lmasin deya, dadam o’qishni bitkazgunga qadar dadamga yordam beradilar.
Dadam ammamni shu qadar ardoqlaydilarkiii. Ayamjonim esa o’zlariga biror narsa
olsalar, ammamga ham oladilar, o’ziga iliganlar har narsani ammamga ham
ilinadilar. Ardoqlaydilar, avaylaydilar…Arziydilarda…
Shu
o’rinda yaqinda bo’lgan voqea yodimga tushdi. Har safar qishloqqa borsam, men
hali ulgurmasimdan ammam ko’rgani keladilar, har doim sumkalarida man yaxshi
ko’rgan shokolad bo’ladi. Gap shokoladda emas, bolalaridan ko’proq menga
ilinganliklarida… Bu safar ammamnikiga o’zim borishimni aytib telefon qildim.
“Kutaman, jonimbolam kel” dedilar… Oh, qanday bag’ritoshmanki, boshqa ishlar
bilan chalg’ib shomga yaqin ukam bilan bordim… Ammam bechora kechgacha
dasturxonni yig’masdan, sovugan ovqatni o’rniga yangi ovqat qilib
“Novotjonim(buvim,ammam, amakim erkalab shunday deydilar) baribir keladi” deb
kutib turgan ekanlar. Dasturxon esa faqat Dilnavoz yaxshi ko’radigan qilib
bezalgan… Yo Robbiy, bunchalar mehrni qanday qaytaraman?!
Allohim dadamni shu qadar
yaxshi ko’rgan, yordam bergan, meni farzandlaridanda ortiqroq suyadigan ammamga
, hanuz yosh boladek erkalaydigan amakimga uzoq umr bersin, farzandlarini
kamolini ko’rsin ilohim.
Dadam Institutni 1989-yilda tugatadilar. Qishloqqa qaytadilar. Buvim rosa yig’lagan
ekanlar, rais bolam keldi deb… 1990-yil 6-yanvarda dunyodagi eng go’zal
mehribon inson ayamjonimga uylanadilar. O'sha yili dadam Sharof Rashidov jamoa xo'jaligiga iqtisodchi mutaxassis bo'lib ishga qabul qilinadilar. Ishlab ham ilm o'rganishdan charchamaydilar. Maqsadlari sari dadil qadam tashlashni boshlaganlar. Bu esa muvaffaqqiyatni ta'minlagan. Dadam
doim yorug’ kelajakka ishonganlar, intilganlar. Orzulari ro’yob bo’lishini doim
kutganlar.
P.S: Blogpostni davomi keyinroq, u avtobiografik
shaklda)
Friday, 10 April 2015
Kundalikning bir sahifasidan: Bugun va Blogerlar haqida
Soat 00:33.
Dars qilyabman. Hozirgina Telomerlar va telomerazalar haqida maqola yozib
tugatdim. Umuman olganda bu hisobotga o’xshagan maqoladan hozircha ko’nglim to’lmadi.
Ommaviy madaniyat haqida ham yozish meni jilmayib kutib turibdi. Hali bugunga
o’qishim uchun rejalashtirganlarimni 40 fozini ham o’qib ulgurmadim. Ammo
shunga qaramasdan bugungi kun uchun shukr. Bugun Sog’uniy hazratlari hayotlari
haqida ajoyib diplom ishining xomaki nusxasini topib oldim, keyin uni manga
sovg’a qilishlariga majburladim. O’qigim kelyapti. O’qib tugatsam kichikroq
qilib maqola yozsammikin? Ularning nabiralari - domlamning xotiralari bilan
sayqallab yozsammikin… Darvoqe, bugun uch marta “qizardim”.
Birinchi
qizarishni nomini “hijolatchilik” deb nomlayman, domlamdan kitob olgandim shuni
qaytarib olib borganimda vaqtliroq qaytarmaganimdan hijolatdan qizarib ketdim.
Ustozim shunday ajoyib “dakki” berdilarki, beixtiyor ichimda “Sog’uniy
hazratlarini nabiralarida, tanbehlari ham erkalashdek, shirin nasihatdeka” deb
yubordim. Vaqtliroq qaytarmoqchidim, u kitobning ayrim joylarini yozib qoldim,
shu sabab ulgurmadim… Axir u kitobni boshqa yoqdan topolmadim, elektron
versiyasi ham yo’q. Buni ustiga tarixni asl ranglarining bir qismchasi ochib
berilgan bu kitobni yaxshi ko’rib qoldim. Bundan ytashqari men o’zimga ilinganim shu
kitobni, ukalarimga ham ilindimda. Ammo, shunga qaramasdan, yana kitob berib
turadigan bo’ldilarJ.
Ikkinchi
qizarishni nomini “uyatdan qizarish” deb nomlayman. (: . Qandli diabetga
javobga genlar haqida ikki uchta maqolani o’qishni aytgandila ustozim, yodimdan
ummuman chiqib qolibdi, bugun laboratoriyada ish yo’qku deb qo’shiq eshitib,
tennislar o’ynab qaytib kelsam, ustozim xonalariga chaqirib, xulosalarimni so’rasalar
bo’ladimi?!(( Biofizik ustozimni gaplari yodimga tushib ketdi: “Eh Dilnavoz,
dangasa tomirlaringiz har doim faol” derdilar. Darvoqe ustozim oktyabrda chet eldan keladilar, kelgunlaricha bir dunyo
maqolalarni yozib IELTSni olib, dissertatsiya ishimni yozib bo’lib ularni LOL
qilib qo’yishni maqsad qildim. Shu maqsadlarni qildimuuu yana ularni: “Dilnavoz
siz doim kelasi zamonda gapirasiz, o’tgan zamonda gapirganizni, “shu ishni mana
vaqtida qildim” degan gapizni eslolmayman” deganlari yodimga tushib qoldi)). Umuman
olganda ayb mandayam emasda, maksimal darajada harakat qilsam ham ulgurmasam
nima qilay axir?! J
Uchinchi qizarishni nomini “Jaxldan
qizarish” deb nomlayman. Bugun marshrutkada bir qiz “yo’l puli qancha” deb so’raganda
haydovchini “ko’rga hassadek qilib yozilgan ko’rmayabsizmi?” degan so’zlaridan “kechirasiz
amaki, ko’zim o’tmaydi” deb ma’yus tortgan qizni ko’rib haydovchidan jaxlim
chiqib qizarib ketdim… Ammo, hech narsa demadim((. Halimlik, muloyimlik
qilishga buyurilganmizku, oddiy so’zlargada e’tiborliroq bo’lishimiz kerak ekan…
Ba’zan, odamlarni ranjitib qo’yaman… Ba’zan men ham qo’pollik bilan mehrli
dillarni yaralaganman… Muloyimroq, yaxshiroq bo’lishim kerak. Bandasi haqqidan
kechmaydi…
Darvoqe,
bugun blog.telegraf.uz’ga kirsam Blogerlar tanlovining keyingi bosqichiga o’ta
olmabman. Umuman olganda buni kutgandim (: . Chempionat haqida ikki og’iz. Bu
chempionat uchun birinchi Blogerlar chempionatiga qaraganda ancha ko’proq mehnat qilingani sezilib turibdi. Tanlov uchun
berilgan blogpostlar ham ajoyib, ayrimlari odamni ilhomlantirsa, ayrimlari
hayajonga soladi. Ba’zi blogpostlardan esa olam olam ma’lumot olsa, nimanidir o’rgansa
bo’ladi. Masalan Sanjar Said akaning, Muzaffar Qosimovning, Jamshid
Xoliqulovning, Otabek Yo’ldoshevning blogpostlarini shu jumlaga kiritaman. Ayrim blogpostlarning hikoya janrida ajoyib “tilda”
yozilishi esa adabiyotimiz kelajagida
yangi quyosh chiqayotganidan darak bergandek odamni shodlantiradi, “Soyabon” va
“Tantiboyvachcha” kabi blogpostlarni fikrimni dalili sifatida keltirishim
mumkin. Odamni yaxshilikka undaydigan, ibratlanishga chorlaydigan, fikrlarini
charxlaydigan blogpostlarni o’qib ham mazza qildim. Bularni Jumlasiga
Gulruxsora Xudoyberdiyevaning “G’urra”, Iqboljon Yusupovning “Hayot surati”, Feruz Muhammadning “O’lim meni da’voladi”
kabi blogpostlarini kiritishim mumkin. Hattoki blogpostlarga yozilayotgan
kommentlar ham ajoyib. O’z o’rnida bildirilayotgan tanqidlar, maslahatlar,
fikrlar beiz ketmasligiga ishonaman. Men uchun ushbu bosqichning champion blogposti
esa Zilola Bahorni “Dadamga” blogposti. Men dunyodagi eng yig’loqi qiz bo’lsam
kerakki, bu blogpostni o’qiganimdan buyon shu blogpostni eslasam ko’zimda yosh
halqalanadi, yuragim entikadi. Faqatgina dugonam bo’lgani uchun emas, blog
ochishimha turtki bo’lgan insonlardan biri bo’lgani uchun ham Zilola Bahorga,
Zilola qatorida blogpostlari bilan doim bizni zeriktirmaydigan, men doimiy o’quvchilari
bo’lgan Bamaylixotir, Dilrabo, Gulruxsora, Sanjar Said aka, Kama Noir, Abror
Qodirov, Diyor Imomxo’jayev, Aziz Qarshiyev, Sherzod G’aybullayev va boshqa
yarim finalga yo’l olgan blogerlarga omad tilayman. Biz sizni o’qiyabmiz, va
ajoyib blogpostlar kutib qolamizJ.
Tanlov
tashkilotchilariga, hakamlarga o’z minnatdorligimni bildiraman. Vaqt oltin, Ana
shu oltin vaqtlari ayamasdan blogpostimni o’qiganlarga esa vaqtingiz uchun rozi
bo’lingizlar deyman.
Assalomu alaykumJ
9-apreldan 10- aprelga o'tar kechasi. 2015.
Soat: Tun 01:15
P.S: Shundoq blogpostni joylayman deb internetni yoqishimni bilaman, trafigim tugab qolibdi. Shu sabab ertaga kunduzi joylashga qaror qildim)
Sunday, 5 April 2015
Salom bahor :) : “apshu” :(
Bahorning tashrifi ko‘ngillarni
quvontiradi, gullarning ifori, kurtaklarning ochilishi, guldan gulga quvnab
yurgan kapalaklar odamning bahri dilini ochadi. Ammo, shunday go‘zalliklardan
bahra olishga “allergiya” nomli “dushman” halaqit beradi. Fevralni
boshlaridanoq meni o‘ylantirgan mavzu shu: Allergiyadan xalos bo‘lish. Chunki o‘ylashimcha
har qanday darddan halos bo‘lishga intilish bu shukronalikning ko‘rinishi.
Sizni bilmadimu, daraxtlarning gullashi bilan shu aksirish men bilan dugona bo‘lib
oladi. Gullarning changlanish davridaku asti qo‘yavering. Avval ham
allergiyadan qutulish haqida o‘ylagandimu ammo chora ko‘rmagandim hech. Bu yil
chorani kitob o‘qib, allergiyani sabablari va kelib chiqishidan boshladim
birinchi qadamni. Hozirgi kunda dunyoning 37 foiz aholisi allergiyadan azob
chekadi.
Allergiya — kishi organizmida
tashqaridan ta’sir qiluvchi allergenlik xususiyatiga ega bo‘lgan har xil yot
moddalarga nisbatan paydo bo‘ladigan o‘ziga xos reaksiyadir. Allergiya immun sistemaning
pastligi ya’ni immunodefitsit sababli kelib chiqadi.
Allergiya organizmga turli yo‘llar
bilan, og‘iz, nafas yo‘llari, teri orqali va nasliy moyillik bilan kirib keladi. Allergiyaning kelib chiqishiga
asosan allergenlar sabab bo‘ladi. Allergenlar allergiya keltirib chiqaruvchi
genlar hisoblanib ular ikki xil bo‘ladi: ekzoallergenlar(turli xil bo‘yoqlar
hidi, o‘simliklarning gul changlari, hayvon mo‘ynalari) hamda endoallergen(oziq-ovqat
mahsulotlari:qovurilgan
go‘sht, tuxum oqsili, baliq, shokolad, sitrus mevalari, dorilar antibiotiklar,
zardoblar, sulfanilamidlar va b.sh.) lar.
Allergiya
yuqumli kasallik degan tushuncha hozir juda ommalashgan. Ammo, allergiya yuqumli emas. Allergiya asosan hayot
davomida orttirib olinadi. Bunda yuqorida ta’kidlaganimizdek asosan
immunitetning passiv holati sabab bo‘ladi.
Allergiya
nasldan naslga beriladigan xastalik hisoblanadi. Farzandlar allergiyaga
moyillik bilan tug’uladilar,ko’p hollarda.
Bahorgi
allergiya sabab nafas bo‘g‘ilishi,tomoq qirilishi, burun qichishishi va
bitishi, aksirish, yo‘tal, ayniqsa, nafas olishi va chiqarishi og‘irlashadi,
shamollashga o‘xshab ketadi. Yuqoridagi sabablardan ham ko‘rishimiz mumkinki,
allergiya to‘laqonli hayot tarziga putur yetkazadi. Hayot go‘zalliklaridan bahra
olishga halal beradi. Bundan tashqari, aytganimizdek nasldan naslga o‘tishi
mumkin. Allergiyadan xalos bo‘lish uchun allergologlar turlicha tavsiyalarni
berishadi. Men sizga hayotda qo‘llanilgan, o‘z effektiga ega bo‘lgan
allergiyadan xalos bo‘lish choralari haqida maslahat bermoqchiman. Roppa rosa
bir oy davomida qilgan parhezim va allergiyaga qarshi kurashim beiz ketmadi.
Bugun ataydan, gullagan daraxtlarning taglaridan piyoda yurdim, oduvanchik
pufladim, momoqaymoqning “par”lari uchib yurgan joylardan kezdim. Ishonasizmi,
g’inq etmadim)) Yo‘talmadim ham, aksirmadim ham. Faqat burnim baribir sal pal
bitdi. L
Ushbu
natija ham yaxshi natija men sizga aytsam, bunga erishish uchun kun tartibim va taomnomamga e’tiborimni qaratdim.
Buning uchun eng avvalo immunitetni oshirish talab qilinadi. Keksalarimiz
ayni bahorni “ilik uzdi payt” deyishadi. Bu bejizga emas. Bahorda immunitet
pasayadi. Shu sababdan immunitetim zo‘r ishlayabdi deganlar ham bahorda ba’zam
kasalliklarga taslim bo‘ladilar. Immunitetni oshirish uchun vitaminga boy
mahsulotlar jumladan Sut,
Qatiq, Olma, Sabzi, Piyoz va sarimsoq piyozi
Sedana yog'i (kuniga 1 choy qoshiq), Turshak, olma qoqisi va ularning damlamalarini istemol qilishni tavsiya qilinadi. Eslatib o‘taman ushbu immunitet oshirish usuli faqat allergiya bilan og’rigan bemorlar uchun. Keyin, men sedana yog’ini ikki kunda bir 0,5 choy qoshiq icholdim. Sedana yog’ida o‘limdan boshqa hamma narsani da’vosi bor deyishadi. Sedana yog’ini ovqatdan 10 minut oldin 10 kun davomida iching.
Sedana yog'i (kuniga 1 choy qoshiq), Turshak, olma qoqisi va ularning damlamalarini istemol qilishni tavsiya qilinadi. Eslatib o‘taman ushbu immunitet oshirish usuli faqat allergiya bilan og’rigan bemorlar uchun. Keyin, men sedana yog’ini ikki kunda bir 0,5 choy qoshiq icholdim. Sedana yog’ida o‘limdan boshqa hamma narsani da’vosi bor deyishadi. Sedana yog’ini ovqatdan 10 minut oldin 10 kun davomida iching.
Allergiyadan xalos bo‘lish uchun bir muddat parhez qilish talab
qilinadi. Ushbu parhez asosan allergic reaksiyalarni kamaytirish uchun
qilinadi. Parhez uchun sitrus mevalar, yong‘oqlar yeryong‘oq, bodom, xandon pista, yangi va tuzlangan, ikra, konservalar,
parranda go‘shti, shokolad va uning turlari, o‘ksus, qalampir, mayonez, xren, tomat,
baqlajon, qo‘ziqorin va tuxum, qaynatilmagan sut, dukkakli mahsulotlar, alkogol va alkogolli, rangli ot go‘shti va uning mahsulotlari, qizil rangli mahsulotlar, qizil lavlagi,
qizil olcha va hokazolar taomnomadan olib tashlanadi.
Nafas yo‘llari bilan bog’liq
allergiyalar juda xavfli bo‘lib, allergik xastalik bilan og‘rigan bemor o‘z vaqtida davolanmasa, bronxial
astmaga aylanib ketishi mumkin. Burun bitgach, odam to‘liq nafas ololmaydi, kislorod yetishmasligi
natijasida boshda ham og‘riq boshlanadi. Kislorod yetishmovchiligi ko'plab kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Agar
sizda allergiya yangi boshlangan bo‘lsa, yuqorida taqiqlangan mahsulotlarni bir
oy umuman iste’mol qilmang. Ertalab uyg’ongandan kamida 100 ml suv iching va
mumkin bo‘lgan mahsulotlar bilan 15 minutdan keyin nonushta qilasiz, tushlik
ham xuddi shu tarzda olib borilishi kerak. Kechqurun uxlashdan oldin ham suv
yoki qatiq ichish tavsiya qilinadi. Nafas yo‘llari bilan bog’liq bir qancha
mashqlar olib borilishi tavsiya qilinadi. Ertalab yugurish. Yugurganda hansirab
qoladigan darajada emas. Sport
to‘g‘ri ovqatlanish bilan birga olib borilmasa, foydasi sezilmaydi. Kuniga 4-5 marotaba toza suv
bilan burunni va tomoq yo‘llarini chayish kerak. Ertalab va kechqurun chuqur
nafas olib chiqarish mashqlarini qilish tavsiya qilinadi.
"Siz bizga sog'lom keraksiz" deydiyu bir reklamada, shunga o'xshash - biz hammaga sog'lom kerakmiz, avvalo o'zimizga :). Berilgan omonatni o'zimiz ehtiyot qilaylik.
Subscribe to:
Posts (Atom)




